Qahramonlik eposlari. “Toʻmaris va “Shiroq” rivoyatlari.
Markaziy Osiyo aholisining chet el bosqinchilari tajovuziga qarshi olib borgan mardona kurashining badiiy ifodasidir. Eramizdan avvalgi VI asrda bir necha mamlakatlarni istilo qilgan ahmoniylar shohi Kir Markaziy Osiyoga bostirib kiradi. Markaziy Osiyo aholisi, ayniqsa Toʻmaris boshchiligidagi massaget qabilalari kirga qarshi mardona kurash olib boradilar. Kir qoʻshini engiladi va uning oʻzi 529 yilda jang maydonida oʻldiriladi. Shu voqealar Toʻmaris tarixiy-qahramonlik eposining mazmunini tashkil etadi. Afsuski, bu eposning asli bizgacha etib kelmagan; uning mazmuni grek tarixchisi Gerodotning (484-425) «Tarix» kitobida hikoya qilib qoldirilgan.
Toʻmaris boshliq massagetlar qattiq jangga kirib Kir qoʻshinini yengadilar, uning oʻzini oʻldiradilar. Toʻmaris Kirning boshini qon bilan toʻlgʻazilgan meshga solar ekan, oʻz kurashiga yakun yaasb: «Ey nomard, sen meni-jangda seni halollik bilan engib chiqqan bir ayolni-makkorlik bilan oʻgʻlidan judo qilib, farzand dogʻida kuydirding, sen umring boʻyi qonga toʻymading, men oʻz ontimga amal qilib seni qon bilan sugʻordim. Birovning yurtiga zoʻrovonlik bilan bostirib kirganlarning jazosi shu!» deydi.
Toʻmarisning keyingi soʻzlari eposning gʻoyasiga yakun yasaydi, bosqinchilarga qarshi xalqning qat’iy hukmini ifodalaydi. Bu eposda osoyishtalik urushni, adolat zulmni, mardlik va shijoat hiylakorlik va razillikni engadi. Kishilarning eng yaxshi xislatlari va ezgu niyatlari xalq qahramoni Toʻmaris qiyofasida mujassamlashadi.
Gerodot, Kteziy va boshqa tarixchilar Markaziy Osiyo qabilalarida, jumladan massagetlarda ijtimoiy hayotning turli sohalarida xotin-qizlarning katta oʻrin tutganini soʻzlaydilar. Shuningdek, Xitoy sayyohi Chjan Syanü (eramizdan avvalgi II asr) Davan (Fargʻona)dagi xotin-qizlarning mavqei haqida soʻzlab, «erkaklar biror qaror qabul qilar ekanlar, ular oʻz xotinlarining maslahatiga quloq solar edilar»deydi.
“Shiroq” eposi ham, «Toʻmaris» kabi Markaziy Osiyo aholisining chet el bosqinchilariga qarshi qahramonona kurashi voqealari zaminida vjudga keldi.
Qahramon massagetlar Kir qoʻshinini tor-mor qildilar. Lekin keyingi ahmoniy shohlari bundan saboq olmadilar, ular Markaziy Osiyoga bostirib kirish va el-yurtni talashni davom ettirdilar. Doro I (521-485) shunday yovuz shohlardan biri edi. Shak qabilalari Doroga qarshi 513 yilda katta qoʻzgʻolon koʻtargan edilar. Shu voqea «Shiroq» eposiga asos boʻlgan boʻlsa kerak.
«Toʻmaris» kabi «Shiroq»ning ham asli saqlanmagan. Uning qisqacha mazmuni grek tarixchisi Polien (eramizdan avvalgi II asr)ning «Harbiy hiylalar» kitobida hikoya qilinadi.
Doro baland qoyaga chiqib Appolon (quyosh xudosi)dan yomgʻir soʻraydi. Yomgʻir yogʻib, qolgan-qutgan askarlar meshlarini suvga toʻldirib, choʻl dahshati va halokatidan zoʻrgʻa omon qoladilar.
Shiroqning dushmanni bepoyon choʻl-biyobonga olib borishi Markaziy Osiyo aholisining qadim zamonlarda dushmanlarga qarshi qoʻllagan harbiy taktikasini eslatadi. Grek tarixchilarining ma’lumotlariga koʻra, oʻrta osiyoliklar Aleksandr Makedonskiy qoʻshiniga qarshi kurashda ham ana shunday taktikani qoʻllagan ekanlar.
Jonajon qabila va ona tuproq Shiroqqa mislsiz kuch va temir iroda baxsh etgan edi. Eftalit eposida ham vatanining dushmanlari ustidan gʻalaba qozonish uchun oʻzini halokatga mahkum etgan Zopir obrazi yaratilgan shunga oʻxshash hikoya Beruniy tomonidan ham keltirilgan.











