Qonun ustuvorligi tushunchasi, mohiyat – mazmuni.
Qonun ustuvorligi tushunchasi, mohiyat – mazmuni. Ma’lumki, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin o‘ziga xos bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini – ya’ni bozor iqtisodi tamoyillariga asoslangan erkin, ochiq demokratik davlat qurish vazifasini asosiy maqsad qilib belgilab oldi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlab o‘tganidek: «Biz shunchaki demokratik jamiyat emas, demokratik odil jamiyat qurmoqchimiz… Adolat va haqiqat g‘oyasi ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarini qamrab olmog‘i darkor. Adolat va haqiqat g‘oyasi qonunchilik faoliyatimizning zamini, bosh yo‘nalishi bo‘lmog‘i shart.
Darhaqiqat, adolat tushunchasi bilan qonun ustuvorligi tushunchasi chambarchas bog‘liqdir. Birinchi Yurtboshimiz belgilab berganlaridek, qabul qilinayotgan qonunlarimizning zamirida adolat yotishi lozim. Adolatga asoslangan qonunlarning hayotga tatbiq etilishi adolatning tantana qilishiga olib keladi.
Demokratik jamiyat qurish uchun mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlar adolatli bo‘lishi, o‘zida xalq manfaatlarini ifoda etishi shart. Bunday qonunlarga og‘ishmay itoat etilsagina, jamiyatda demokratiya qaror topadi va mustahkam bo‘ladi. Chunki barcha demokratik institutlar, inson huquq va erkinliklari qonun vositasida joriy etiladi.
Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri – jamiyat a’zolarining qonun oldidagi tengligini, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta’minlanganligidir. Shu bilan birga Konstitutsiya va qonunlarning pirovard maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
«Qonun ustuvorligini ta’minlash, shaxs, oila, jamiyat va davlatning huquq va manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, fuqarolarni qonunga bo‘ysunish va hurmat ruhida tarbiyalash – bu rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan chinakam demokratik, huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurishning nafaqat maqsadi, balki uning vositasi, eng muhim sharti hisoblanadi».
Qonun ustuvorligining mohiyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qator moddalarida belgilab berilgan. Konstitutsiyaning III bobi ikkita 15 va 16-moddalaridan iborat bo‘lib, Konstitutsiya va qonun ustunligiga bag‘ishlangan.
Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar».
O‘z faoliyatini Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq amalga oshirish sanab o‘tilgan sub’ektlarning konstitutsiyaviy burchi bo‘lib hisoblanadi. Agarda davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, mansabdor shaxslar yoki fuqarolar o‘zlarining bu burchlarini bajarmasalar, ularga nisbatan tegishli javobgarlik choralari qo‘llanishi mumkin.
Konstitutsiya va qonunlarga rioya etmagan shaxslarning javobgarligi Konstitutsiyaning o‘zida yoki tegishli qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan bo‘ladi. Masalan, Konstitutsiya 93- moddasining 12-bandiga muvofiq Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan tuman va shahar hokimlarini Respublika Prezidenti o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli.
Bu borada shuni ham aytib o‘tish lozimki, Konstitutsiyaning normasi boshqa qonunlarning normalariga nisbatan ustunlik xarakteriga ega. Chunki Konstitutsiya barcha boshqa qonunlar uchun poydevordir.
Shuning uchun ham Konstitutsiya 16-moddasida mustahkamlangan qoidaga binoan «Birorta ham qonun yoki boshqa normativ huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas». Agarda birorta normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaga zid keladigan bo‘lsa, u bekor qilinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasida normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga mosligini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqilgan va amalda qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunining 26- moddasi birinchi qismiga muvofiq «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan bekor qilinadi».
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 1-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti «fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishining kafilidir».
Bu normaga ko‘ra Prezident birinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ- huquqiy hujjatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilayotganligini, ikkinchidan esa, ularning Konstitutsiyaga mosligini nazorat qilib boradi.
Qonunlarga qat’iy rioya etilishi jinoyatchilikning oldini olishning, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikning zarur shartlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Qonunning kuchi, obro‘si, ta’siri, amaliy ahamiyati hayotda uning halol, haqiqiy, odilona tatbiq etilishidadir. Agar qonun ijrochilari burchlari va mas’uliyatlariga xolisona odilona yondashib, to‘g‘ri yo‘ldan toymay Vatan, davlat manfaati va taqdirini o‘zlari uchun oliy maqsad deb hisoblab qonunlarni turmushga adolatli qo‘llasalar, bundan davlat va jamiyat ham, xalq ham naf ko‘radi.
―Qonun – ijrosi bilan kuchli‖ – degan iboraga urg‘u beradigan bo‘lsak, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatida qonunlarni ijro etishda halollik va adolat asosida ish yuritish mutasaddilar uchun asosiy maqsad, jamiyat, xalq va Vatan oldidagi buyuk insoniy burch, yuksak mas’uliyat bo‘lmog‘i lozim.
Demokratik huquqiy davlatni shakllantirish jamiyatda qonunning hukmronligini qaror toptirishni taqozo etadi. CHinakam huquqiy davlat barpo etmoq uchun mamlakatda adolatli, insonparvar demokratik qonunlar tantana qilmog‘i lozim. Qonunning oliyligi davlat va jamiyat hayotining muqaddas prinsiplaridan biridir. Ijtimoiy siyosiy turmushda qonun muqaddas sanalib, uning yuksak nufuzga ega bo‘lishining boisi shuki, unda xalqning irodasi, xohish va istaklari, manfaat va intilishlari o‘zining ifodasini topadi.
Shunisi diqqatga sazovorki, mamlakatda bozor munosabatlariga o‘tishning O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I. Karimov tomonidan e’lon qilingan besh prinsipi orasida qonunning hamma narsadan ustun bo‘lishi va qonunga itoatkorlik prinsipi alohida o‘rin tutadi. Qonun ustuvorligining ahamiyati haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, xalqning manfaatlari, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar, davlat ishini tashkil etish va shunga o‘xshash boshqa masalalarda muhim ahamiyatga ega.
Qonun ustuvorligiga erishish uchun avvalambor ularni qabul qilish jarayonida puxta va mukammal qilib, jamiyatda kelajakda uzoq vaqt o‘z foydasini bera oladigan darajada ishlab chiqish lozim. Bundan tashqari qonunlarni qabul qilish jarayonida shuni e’tiborga olish lozimki, ya’ni jamiyat, xalq ushbu qonunga ehtiyoj sezayaptimi yoki yo‘qmi. Aynan shu masala ham qabul qilinadigan qonunning hayotda qay darajada jamiyatga naf keltirishi keltirmasligini belgilab beradi.
Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda noroziliklar ham bo‘lmaydi, chunki barcha soha vakillari qonun asosida faoliyat yuritar ekan norozilik va tushunmovchilikning o‘zi bo‘lmaydi. Qonunlarning ustuvorligi jamiyatdagi barcha fuqarolar uchun shu jumladan, davlat xizmatida ishlovchi shaxslar uchun, shuningdek jamiyatdagi barcha sohalarga taalluqli bo‘lganligi uning yanada mukammal tus olishigi olib keladi. Qonun ustuvorligi haqida so‘z yuritganda uning ustuvorligini ta’minlovchi davlat organlari haqida ham unutmasligimiz lozim. CHunki qonun qabul qilinishining o‘zi bu uning jamiyatda o‘z-o‘zidan ustuvor xususiyatga ega degani emas, buning uchun davlat organlarining bu borada hizmatlari va mehnatlari talab etiladi.
Qolaversa, qonunlarga itoat qilishda, uning ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan kishilar har doim oddiy fuqarolarga―etalon‖ bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Ular tomonidan qonunlarning buzilishiga qaratilgan har bir kichik xatti-harakatlar nafaqat umumiy taraqqiyotga, shuningdek fuqarolarning hokimiyatga ishonchining barbod bo‘lishiga olib keladi. Qonun ustuvorligi tushunchasi, mohiyat – mazmuni.
Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.







