Qudrat Hikmat – bolalar shoiri haqida.
Qudrat Hikmatning bolalr shoiri sifatidagi qirralari rang-barang. Uning badiiy olami nihoyatda boy. Shoirning so`z va topilmalari, o`z fikrini badiiy tamsillar yordamida obrazli ifodalash orqali betakror badiiy nutq yarata olish mahorati o`ziga xos uslubini belgilaydi.
Qudrat Hikmatning bolalar uchun yozgan ko`pgina she`rlarida obrazlilik yetakchi. Xususan, shoirning badiiy san’atlar va tasviriy ifodalar vositasida manzara yaratish mahorati diqqatga sazovor. Aytaylik, 3-sinf o`qish kitobida shoirning “Ayamajiz” she’ri keltirilgan.O`qituvchi o`z kasbiy mahorati va adabiy-nazariy bilimi hamda tajribasiga ko`ra she`rni turli usul, yoxud o`yinlar vositasida maroqli o`tishi mumkin. Ammo, Q.Hikmat she`rlariga xos badiiy bo`yoqdorlik o`quvchidan dastlab, so`z san`ti mo`jizalarini ilg`ay bilishni taqozo etadi. E’tibor berilsa, she’rning har bir misrasida obrazli detal va tasviriy ifoda uchraydi: Biyday cho`lu dalalar, Bo`ralar qor kapalak.
Bog`lar sokin, mizg`ishar
Misoli oq kapalak
Ta’kidlangan so`zlar ham lugaviy ma’nosi, ham obrazli ifodasiga ko`ra muhim. “Biyday” so`zining lug`aviy ma’nosini 3-sinf o`quvchisi anglab yetishi gumon. Shu sababli bu she’rda “ochiq”, “yalang”, “keng” ma’nosida qo`llanayotgani, yana, o`z va ko’chma ma’no ifodalayotgani oydinlashtirilishi lozim. Haqiqatan, qishda dala-dasht hosildan bo`shab, ancha keng bo`ladi, ochilib qoladi. Ammo shoir shiddat bilan qor yoqqandagi (bo`ralar) holatga ko`proq urg`u berayotir. Oppoq qor hamma yoqni qoplaganda bir tekisdagi yalanglik ko`zga tashlanadi. Badiiy so`zning jarangi shunda aks etgan. Shoir qorning kapalaksimon yog`ishiga muvoziy oqqa burkangan bog`lar tasvirini chizib, uning “mizg`ishi”ni-da, (ozgina uxlagan, ko’z ilintirgan) kapalakka qiyoslaydi. Shoirning topilmasi shundaki, bog`larning qor yoqqan vaqtdagina sokinlashuvi, yilga nisbat olganda “mizg`ish”dir. Kapalak uyqusini-da, hech kim ko`rmagan. O`quvchi bu kabi ramziy detallar mohiyatini teran anglasagina, she’rning badiiy tas’sirchanligi, estetik zavqi oshadi. Binobarin, she’rdagi “muz oyna”, “sumalak shodalari”, ayamajiz–qishning eng sovuq kunlarini yalmog`izga o`xshatilishi kabilar nafaqat badiiy topilma, balki xalqona ifodasiga ko`ra ham e’tiborni tortadi.
4-sinf O`qish kitobida Q.Hikmatning “Qish tozg`itar momiq par” nomli yana bir she’ri berilgan. Bunda har bir so`z ustida ishlash muhim. Ya’ni so`z va iboralar o`z yoki ko`chma ma’noda qo’llanayotganini o`quvchilar anglab yetishi zarur. Masalan, she’rning birinchi to`rtligi shunday boshlanadi:
Savab bulut to`shagin Qish to`zg`itar momiq par. Yerga serbar oq namat Yozilganday yaltirar.
Ta’kidlangan so`zlar ko`chma ma’noda obrazlilik kasb etgan. Shuningdek, bunda she’riy san’at namunalarini kuzatish mumkin. Tashxis – jonlashtirish bolalar she’riyatida eng ko`p uchraydigan san’at. Q.Hikmat o`xshatishlari esa mantiqiy asosga ega bo`lishidan tashqari, sodda va betakrordir. To`shakni yumshoq qilish uchun momiq paxta savab solish, ostiga namat tashash (yungdan bosib ishlangan palos, kigiz) insoniy xislatlarga xos. Tabiat hodisasi insondagi ana shu holatlarga o`xshatilmoqda. Bunda momiq parni to`zg`itib savash– qishda qorning mayin, ezg`ilab yog`ishi (o`xshatilayotgan narsa)ga ko`chirib o`tkazilgan.
Ushbu she`rda lirik qahramonning qishdan zavqlanish kechinmasi, ayni paytda qor ko`p yog`ib, sovuq izg`irinning ziyoda bo`lishi tufayli bolalarga xos arazi ko`zga tashlanadi. Hamchunun yosh lirik qahramon qorga:
– Namuncha
Zeriktirding uchqunlab? Yog`masding-ku ilgari
Surunkasi uch kunlab…
Yetar shuncha yog`ganing
Uzoq dala qirga bor! –deya murojaat qiladi.
Bu jihat apostrofa –ya`ni narsa yoki hodisaga xuddi jonli mavjudotga kabi murojaat etish asosida yuzaga kelgan. Shunga o`xshash, Q.Hikmatning “Bahor” she`ri obrazli ifodalarga boy.
Uchib yurar mayin shamollar
Yelpib- yelpib anhor yuzini
Qirg`oqlarda soyabon tollar
Oyna suvda ko`rar o`zini
She`rni o`qigan yosh kitobxon uning estetik zavqi va jozibadorligini darrov ilg`aydi. Bolalar she`riyati uchun badiiy yuksak tasvir va obrazlilik kamyob hodisa. Shoir chizgan bahor manzarasi umumadabiyotga, nozik tuyg`ularga boy chinakam she’r namunasi bo`la oladi:
“ Ko`kni quchgan teraklar tinmas, Oro berar kulrang po`stiga” misralari jonlashtirishning hamda noyob badiiy topilma namunasi. Bu bolalarning yosh xususiyatlariga juda mos.
Ammo bilamiz-ki, mumtoz adabiyotimizda jonlantirishning ikki turi keng qo`llangan. Biri tashxis (shaxsga bog`liq)- jonsiz narsalarni jonlantirish; ikkinchisi intoq (nutq bilan bog`liq) – nutqsiz narsalarni nutq egasi sifatida tasvirlash. Qudrat Hikmat she`rlarida intoq ham ko`p ishlatiladi. (masalan “Temirjon bilan telefon” she`rida telfonning insondek shikoyat qilishi ,”Eshak nega hangraydi” she`ridagi sher, fil, tulki, kiyik, eshak va cho`chiqalarning majlisda she`rva eshakning savol javobi kabi…), ammo yuqoridagi “Bahor” she`rida shoir tashxis usulidan mohirona foydalanib, ko`klam obrazini san`atkorona tasvirlaydi. Shu sababli, bu she`rda Bahor o`ziga oro, zeb berib, husnidan sarxush , go`zal qiz sifatida gavdalanadi; tonggi shabboda, tol, maysa , o`t, chinor va teraklar xuddi odamdek bir- birlarini kuzatadilar, ilhomlanadilar, yoki o`zlarini yelpiydilar va h.k. Binobarin, shoir bahordagi dov-daraxtlarni, shamolni insoniylashtiradi.
Umuman, Qudrat Hikmat she`riyatning badiiy xususiyatlari serjilo, shoir fikrlarni rassom singari chizayotganga o`xshaydi. She`r xoh bolalar o`yinlari, xoh boshqa mavzularda yozilgan bo`lmasin , ular eng avvalo bollarni tevarak atrofdagi voqealar va hodisalar bilan tanishtiradi.
Zotan, Qudrat Hikmat she`rlaridagi voqeabandlik obrazlilik qofiyalarning ixchamliligi, hatto sodda tuzilishi, til xususisyatlari barcha-barchasi shoir she`rlarining g`oyaviy- badiiy ematsionalligini oshirishga xizmat qiladi.
V.G.Belenskiyning bolalar bilan obrazlar vositasida gapirish lozimligi haqidagi fikrlari baayni Q.Hikmat ijodiga xosligini uqish mumkin. Zero, Qudrat Hikmat she`rlarni o`qib ulg`aygan o`quvchi o`z ona tilimiz boyliklaridan voqif bo`lib, badiiy so`z qudratini teran his etadi, Vatan va yurt iftixori bilan yashaydi.











