Sakkokiy ijodiy merosi va Sakkokiy she’riyati.

0

Sakkokiy ijodiy merosi va Sakkokiy she’riyati.

Sakkokiy ijodiy merosi va Sakkokiy she’riyati.

Ulugʻ shoirimiz Alisher Navoiygacha boʻlgan davrda turkiy tilda ijod etgan bir qancha shoirlar yetishib chiqdi. Ana shulardan biri Sakkokiydir.

Sakkokiy XIV asrning oxirgi choragi  va XV asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab ijod etgan. Bu haqda Navoiy shunday yozgan edi: «…

Uygʻur iboratining fusahosidin va turk alfozining bulagʻosidin Mavlono Sakkokiy va Mavlono Lutfiy… kim, birining shirin bayoti ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyoti intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdurur, ham devonlari mavjud boʻlgʻoy». Demak, Sakkokiyning shuhrati Turkistonda ancha mashhur boʻlgan. Shoirning yashagan davri, asosan, Movarounnahrda Xalil Sulton va Ulugʻbek hukmronligi yillariga toʻgʻri keladi.

Sakkokiyning hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlar juda oz. Bu haqda uning oʻz qoʻlyozma devoni va boshqa mualliflar asarlarida ma’lumotlar uchraydi. Navoiy oʻzining «Majolis un-nafois» asarida Sakkokiy haqida quyidagilarni yozadi: «Mavlono Sakkokiy Movarounnahrdandir. Samarqand ahli anga koʻp mu’taqiddurlar va bagʻoyat ta’rifin qilurlar». Yaqiniy oʻzining «Oʻq va yoy» munozarasida Sakkokiy nomini tilga oladi. U shunday yozadi: «… yana Sakkokiykim, turk shoirlarining mujtahididir (gʻayratlisi). Mening munosib holimga aytur:. Nazm:

Jonim fido boʻlsin saning gʻamzang oʻqiga nechakim,

Har necha qoshing egmasi oʻqtek boʻyimni yo qilur.»

Sakkokiyning 1407-1408 yillarda Xalil Sultonga qasida yozganligini e’tiborga olsak, u  XIV asr oxirgi choraklarida tugʻilgan deb taxmin qilish mumkin. Xalil Sulton davlat tepasidan chetlashtirilgandan soʻng, Sakkokiy Ulugʻbek saroyida ijod qiladi. Shoir ijodi Ulugʻbek davrida kamolga etadi. Sakkokiy Ulugʻbekka atab qasidalar yozadi. Uni adolatli, ilm-ma’rifatli hukmdor sifatida ulugʻlaydi. Uning xalqparvarligini alohida ta’kidlaydi:

Raiyyat qoʻy erur, sulton anga choʻponu yo boʻri,

Boʻri oʻlgʻoyu, qoʻy tingoy, chu Musotek shubon keldi.

Sakkokiy XV asr oʻrtalarida vafot etgan. Navoiy Samarqandda boʻlganida uning muxlislari bilan uchrashadi. Tirik boʻlganda ularning uchrashishi ehtimoldan xoli emas edi. Sakkokiy asarlari Xalil Sulton, Arslon Xoʻja Tarxon, Xoʻja Muhammad Porso va Ulugʻbeklarning tiriklik chogʻlarida yozilgan. Sakkokiy she’rlari orasida Ulugʻbekning oʻlimi haqida hech narsa uchramaydi. Bu esa Sakkokiy Ulugʻbek fojiasidan oldin vafot etgan degan taxminga olib keladi.

Sakkokiy lirik shoirdir. U oʻzidan oldin oʻtgan oʻzbek, fors-tojik shoirlari asarlarini puxta oʻrgangan. Ulardan ijodiy foydalangan. Sakkokiyning toʻliq devoni bizgacha yetib kelmagan. Bizgacha yetib kelgan she’rlari uning iste’dodli shoir boʻlganidan dalolat beradi.

Sakkokiy devonining bir necha qoʻlyozma nusxalari mavjud. Londonda,

Britaniya muzeyida uning taxminan XVI asr oʻrtalarida koʻchirilgan bir nusxasi, Toshkentda Sharqshunoslik institutida 1937 yilda Shoislom kotib tomonidan qandaydir nusxa asosida koʻchirilgan nusxasi saqlanadi. Ular shoir asarlarining bir qismi. Sakkokiy devoni oʻz davrining an’analariga  muvofiq, xudoga bagʻishlangan hamd, na’t bilan boshlanadi. Keyin 10 qasida beriladi. Bir qasida naqshbandiy shayxlaridan Xoja Muhammad Porsoga, bir qasida Xalil Sultonga, toʻrt qasida Arslonxoʻja Tarxonga, toʻrt qasida Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlanadi. Qasidalardan keyin gʻazallar boshlanadi.

Sakkokiy merosining asosiy qismini gʻazallar tashkil etadi. Fazallarining asosiy mavzui muhabbatdir. Ba’zi oʻrinlarda ilohiy ishqni, tasavvufiy gʻoyalarni ham tasvirlaydi. Insonning dard alamlari, orzu tilaklarini, tabiat tasvirini beradi. Shoir yor va unga sadoqat, hayot lazzatlaridan bahramand boʻlish, oshiqdagi hijron va ayriliq azoblari, visol nashidasini ta’sirchan tarzda, sodda va ohangdor holatda ifodalaydi: Jon hajr oʻtina tushdi, yana bizni unutma, Zulfing kabi qad boʻldi duto, bizni unutma. Yoʻq erdi rizo ketgali bir lahza qoshingdin, Sendin chu yiroq soldi qazo bizni unutma… Sakkokiy ul oy manzilina xud eta bilmas, Sen etsang agar anda, sabo bizni unutma.

Lirik qahramon ma’shuqa zolimligidan, vafosizligidan shikoyat qiladi:

Koʻzlaring qattol erur, kipriklaring qon toʻkkuchi,

Oʻzga ne oʻrgansun ul jallodning hamsoyasi?

Qildi Sakkokiy qaro zulfing bila savdo base

Ilkida holi parishonlik erur sarmoyasi…

Yoki:

Tosh bagʻirlik dilbarim Sakkokiy koʻngli ka’basin

Yiqti yolgʻon va’da birla ham imorat qilmadi.

Sakkokiy gʻazallarida uch obraz: oshiq, yor va raqib obrazlari koʻzga tashlanadi. Oshiq shoirning oʻzi. U yorning visoliga oshiqadi. Oshiqlik iztirob va mashaqqat ekanligini tan oladi:

Ishq ishin Sakkokiy avval bilmayin oson koʻrib,

Oxiri oʻz jonining ishini dushvor ayladi.

Farhod – oshiq inson. U Shirin yoʻlida togʻ qazishga majbur boʻldi. Sakkokiy lirik qahramoni esa yori uchun jondan kechishga, «jonkan» boʻlishga rozi:  Agar Shirin uchun Farhod ishqi koʻhkan boʻlsa,

Netong Sakkokiy ham, jono, yoʻlungda jonkan boʻldi.

Oshiq ma’shuqasi yonida boʻlsa, har qancha mashaqqat boʻlsa, chidashga qodir. Yori bilan birga boʻlsa u har qanday gʻamdan qutiladi:

Agar qoshimda oʻshal gul uzor boʻlsa edi,

Fame yoʻq erdi, gʻamim gar hazor boʻlsa edi.

Lirik qahramon ma’shuqasidan jafo qilmaslikni, va’daga vafo qilishini istaydi:           Bilursankim kechar dunyoyi foniy

Qulunga qilmagil javru jafoni.

Base koʻp va’dalar qildingu bording

Kel emdi va’daga qilgil vafoni…

Sakkokiy oshiq va ma’shuqaga xos ichki va tashqi sifatlarni yoritishda turli an’anaviy obrazlar, xalq maqollari, hikmatli soʻzlar, iboralardan keng foydalangan:  Koʻzung karashma birla, ey yoruqli Sakkokiy,  Seni oʻltirurman teb, etti turkona.

Yoki:

Yuzi qaro boʻlsun koʻzum, ondin koʻrarmen bu balo

Yoʻq boʻlsun ul koʻnglum mening, hech kirmadi farmonima.

«Devorning ham qulogʻi bor», «devor orqasida odam bor» maqoli mana bu baytda singdirilgan:

Nedin bilur el meni «ul oy oshiqidur teb»,

Chun soʻzlamadim hech daru devor qoshida.

Shoir gʻazallarining koʻpi 7 baytlidir.

Sakkokiy devonining muhim bir qismini qasidalar tashkil etadi. Qasida elementlari oʻzbek adabiyotida ancha ilgari  paydo boʻlgan boʻlsada, maxsus adabiy janr sifatida XIV-XV asrda vujudga keldi. Sakkokiy oʻzbek qasidachiligining asoschilaridan biri boʻldi. Manbalarda uning 10, ba’zi manbalarda esa 11 qasidasi yetib kelganligi ta’kidlanadi. Shoir qasidalarining hajmi 11 baytdan 54  baytga qadar. Shoirning Ulugʻbekka bagʻishlangan qasidasi e’tiborlidir. Shoir Ulugʻbekni ilm, hunar va she’riyatni sevgan olim, adolatli shoh sifatida tasvirlaydi. Uni Aristotel, Platon, Ptolemey, Galen, Ibn Sino va boshqalarga qiyos qiladi. Sulaymon, Noʻshiravon, Muso va boshqalarga oʻxshatadi:

Jahondin kyetti tashvishu mabodiyi amon keldi,

Xaloyiq, aysh eting bu kun sururu jovidon keldi…

Raiyyat qoʻy erur, sulton anga choʻponu yo boʻri,

Boʻri oʻlgʻoyu qoʻy tingay, chu Musotek shubon keldi…

Sakkokiyning Arslon Xoʻja Tarxonga bagʻishlangan qasidasi ham xarakterli. Ulugʻbekning Amiri kabiri boʻlmish bu kishi Turkistonning Shimoli Sharqiy tomonida joylashgan Sabron shahrida hukmronlik qilardi. U ilmli, shoirtabiat kishi boʻlgan. She’r yozgan. Sakkokiy uni mohir qilichboz, soʻz bilimdoni, shoir sifatida ulugʻlaydi.

Umuman, Sakkokiy gʻazallari ham, qasidalari ham sodda yozilgan. Xalq ogʻzaki ijodining ta’siri aniq seziladi. Shoir asarlari oʻzbek adabiyotini yanada boyitdi.

Mavzular.

manba