SAYFI SAROYI IJODIY MEROSI-«Guliston-bit turkiy»ning mavzulari.
Sayfi Saroyi XIV asrda yashab ijod qilgan turkiy adabiyot vakillaridan biridir. U adabiyotimizda shoir va tarjimon sifatida oʻz oʻrniga ega.
Manbalardan ma’lum boʻlishicha, Sayfi Saroyi 1321 yilda Qamishli yurtida tugʻilgan. Qamishli-Xorazmdagi qishloqlardan birining nomi. Ammo u nom Volga boʻyida ham koʻp uchraydi. U Qamishlidan bilimini oshirish uchun Saroyga keladi. Saroy-Oltin Oʻrda davlatining poytaxtidir. Muhammad ibn Arabshohning yozishicha, «Saroy tutgan oʻrni va xalqining juda koʻp boʻlishi bilan eng katta shaharlarning birisi edi. U fan markaziga aylandi. Oz vaqti ichida bu yerda koʻplab atoqli, mashhur kishilar toʻplandi». Ular orasida Qutbiddin ar-Roziy, Ma’sud Taftazoniy, Kamoliddin at-Turkmaniy, Hofiz ibn Bazzoziylar bor edi. Shuningdek, mashhur shoir Kamoliddin Xoʻjandiyning ham XIV asr oxirlarida Saroyda yashab ijod etganligi yaxshi ma’lum. Shoir shu erda yashab turgan davrida «Saroyi» degan taxallusini olgan. Sayfi-uning ismi boʻlib, «Qilich» degan ma’noni bildiradi. /B.Toʻxliev. 9-sinf. 189-190-betlar/.
Sayfi Saroyining yashab ijod qilib oʻtgan davri tarixda Oʻzbekxon oʻgʻli Tinibek va Jonibeklarning hukmronligi davriga toʻgʻri keladi. XIII asrdagi moʻgʻullar istilosi mamlakatni izdan chiqargan edi. Bu bosqin tufayli koʻplab kishilar qirildi. Koʻplab shoirlar oʻzga yurtlarga kyetib qoldi. Sayfi Saroyi ham shulardan biri edi. U shunday yozadi:
Oʻsib tuprogʻim uzra nayzalar, men evdin ayrildim,
Vatandin benishon oʻldimda, oʻzga yurtga evrildim.
Nechun menga falak javr ayladi, qanday gunohim bor?
Iloho ayla kam jabring, men elga sodiq ul erdim.
Demak, Sayfi Saroyi Movarounnahrda, Oltin Oʻrda davlatining poytaxti Saroyda yashab ijod qilgan. Misr va Turkiyada ham yashagan. «Guliston bit-turkiy» kitobidagi quyidagi misralar shoirning Misr maliklaridan birining xizmatida boʻlganligi, qarib qolganligi tufayli oʻz vataniga kyetish uchun malikdan ruxsat soʻraganidan dalolat beradi:
Ilohiy bu qari miskin qulingni,
Bagʻishla koʻrguzub toʻgʻri yoʻlingni.
Maliklar rasmidir dilshod qilmoq,
Qarisa qullarin ozod qilmoq.
Qari yorli quling Sayfi Saroyi,
Faqiru benavo lutfing gadoyi.
Ani lutfing bilan dilshod qilgʻil,
Bagʻishlab yozuqin ozod qilgʻil.
Adib taxminan 1396 yilda vafot etgan.
Sayfi Saroyining oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi bebahodir. Undan bizgacha, bir qancha gʻazal, qasida, qit’a, ruboiylar, «Suhayl va Guldursun» dostoni, «Sinbondnoma», «Guliston» kabi asarlarining erkin tarjimalari yetib kelgan. Bulardan tashqari, Sa’diy «Guliston»i tarjimasiga kiritilgan original she’riy parchalar, masnaviylar ham Sayfi Saroyi qalamiga mansubdir. Shoir gʻazallarida shakl va mazmun birligini birinchi oʻringa qoʻyadi. Shoirning «Shoirlar ta’rifida» degan masnaviysida ijodkorlarga talabchan munosabatda boʻladi:
Jahon shoirlari, ey gulshani bogʻ,
Kimi bulbuldurur soʻzda, kimi zogʻ.
Kimi toʻti tegin chaynar shakarni,
Kimi lafzi bilan oʻrtar durarni.
Kimining soʻzlari mavzunu shirin,
Kimining loyiqi ta’rifi tahsin.
Kimi oʻzganing ash’orin menim der,
Kimi hayvon kabi shalgʻam choʻpin er.
Kimi ma’ni tuzub vaznin tuzotur,
Kimi vaznin buzub, san’at kuzotur.
Sayfi Saroyining lirik she’rlari miqdor jihatdan juda oz. Devon tariqasida tartib berilmagan. Bizgacha undan faqat «Gulistoni bit-turkiy» asarining kirish qismidagi va soʻnggi varaqlaridagi «Koʻngul», «Topulmas», «Koʻzlaring», «Taolalloh zehi surat», «Ul yuzi oy», «Yangi oy», «Qamar yuzingdin», «Erur», «Tutar», «Meningtek nechalar hayron», «Koʻrinur» kabi gʻazallari va bir «Bahor tasviri» she’ri yetib kelgan. Shu she’rlar ham shoir she’riyati haqida ma’lum tasavvur uygʻotadi.
Sayfi Saroyi she’rlariga nazar solsak, mavzu jihatdan turlicha ekanligini koʻramiz. Ishq-muhabbat, vafodorlik va sadoqat mavzulari yetakchilik qilgani holda, odamiylik, inson qadr-qimmati, ijtimoiy mavzular ham uchraydi. Shoir soʻz oʻyinlaridan mahorat bilan foydalanadi. «Erur» radifli gʻazali bu jihatdan xarakterlidir:
Dilbarimning zulfi sunbul, chehrasi gulzor erur,
Boʻyina oshiq sanubar, yuzina gul, zor erur.
Ogʻzi fistuq, koʻrki tangsuq, oʻzi mushfiq yor erur,
Husnining chovi Xitou Chin ichinda bor erur.
Asli alchin, soʻzlari chin, koʻzlari totor erur,
Ming yashar har kim dudogʻi sharbatin totor erur…
Vasfina Sayfi Saroyining ishi ash’or erur,
Andin oʻzga birla oshiqqa emak osh, or erur.
Sayfi Saroyi gʻazallari oʻzining ohangdorligi, sodda va oʻynoqiligi bilan ham ajralib turadi.
Yangi oydur qoshing, ey koʻrka boyim,
Qilur ta’zim yuzungni koʻrsa oyim.
Su ichkanda dudogʻingdan su tomsa,
Bitar qandu shakar ul erda doyim…
Shoir yaxshilikni ilgari suradi. Yomonlik qilganga ham yaxshilik qil deydi:
Yamonlik qilgan erga, ezgulik qil,
Qopar it ogʻzini luqma otadur.
Sayfi Saroyining bunday qarashlari «Gulistoni bit- turkiy»da keltirilgan baytlarda ham koʻrinadi.
etganicha kuching koʻngul yopqil,
Kim xaloyiq senga duo qilgʻay.
Tushgan er hojatin ravo qilsang,
Haq sening hojating ravo qilgʻay.
Yoki:
Sindirur boʻlsa urib oltin qadahni katta tosh,
Sinmas oltin qiymati, ortmas bahosi toshning.
Sayfi Saroyi shoir Xorazmiyning tabiat goʻzalligini madh qilgan bir gʻazaliga nazira tariqasida yigirma toʻrt baytlik qasida ham yozgan. Uning bu qasidasi Iskandariya hokimiga bagʻishlangan. U bizgacha yetib kelgan oʻzbek tilida yozilgan XIV asr qasidasining ilk namunasidir.
Sayfi Saroyining «Suhayl va Guldursun» dostoni ham xarakterlidir. Bu doston haqida manbalarda ma’lumot yoʻq edi. 1966-67 yillarda fargʻonalik Kamolxon Sultonov degan kishining qoʻlida saqlangan qoʻlyozma asosida u topildi. Bu qoʻlyozmada Sayfi Saroyiga zamondosh Tugʻlixoja Xorazmiy, Mavlono Ishoq Xorazmiy, Mavlono Ahmad Urganjiy kabi shoirlarning bir qancha gʻazallari berilgan. Soʻnggida Sayfi Saroyining ikki bayti, uch qit’asi va 82 bayt-164 misradan iborat
«Suhayl va Guldursun» dostoni berilgan. Bu liro-epik asardir. Doston asosida dunyoviy ishq yotadi. Sevgida vafodorlik, mardlik tarannum etiladi. Manbalarda qayd etilishicha, doston 1394 yilda yozilgan. Asar Nizomiyning «Xisrav va Shirin», Navoiyning «Mehr va Suhayl» asarlarini eslatadi. Dostonning qisqacha syujeti shunday: Amir Temur Urganchga hujum qiladi. Koʻp kishi asir olinadi. Ular orasida Suhayl ham bor edi. Temurning qizi Guldursun Suhaylni koʻrib sevib qoladi. Guldursun qorovullarni mast qilib, Suhaylni banddan ozod qiladi. Ular qochadilar. Sahroda ochlik va suvsizlikdan Guldursun holsizlanib qoladi. Uzoq qishloqqa suv izlab ketgan Suhayl qaytib kelganda Guldursun vafot etgan boʻladi. Dahshatga tushgan Suhayl shunday qarorga keladi:
Menga yaxshi bukun yor birla oʻlmak,
Na lozim gʻam bilan dunyoda qolmak.
U oʻziga tigʻ sanchadi va halok boʻladi. Shamol boʻlib, ularning jasadini qumlar bilan koʻmadi.
Suhayl oh urdi, shu dam qoʻpdi boʻron,
Aningtekkim, buzuldi charxi davron.
Alar uzra toʻkildi, koʻmdi tuproq,
Bu sirni tanho sahro bildi koʻproq.
Sayfi Saroyining bulardan tashqari, Sa’diyning «Guliston» asarini tarjimasi hisoblangan «Gulistoni bit-turkiy» asari ham yetib kelgan. Olimlarimizning qayd etishicha, hijriy 793, melodiy 1390-91 yillarda tarjima qilingan bu asar fors-tojik shoiri Sa’diy Sheroziyning «Guliston» asarining oʻzbek tilidagi eng birinchi ijodiy tarjimasidir. Sa’diy bu asarni 1258 yilda yozgan edi.
Sayfi Saroyi «Gulistoni bit-turkiy» asarining jahon boʻyicha birdan-bir nusxasi
Leyden universitetining kutubxonasida saqlanmoqda. Bu qoʻlyozmaning fotonusxasi
Moskva va Toshkentda ham saqlanmoqda. Fargʻonada topilgan «Yodgornoma»da bor.. Sayfi Saroyi «Guliston»ning asosiy magʻzini olib uni oʻz zamonasi ruhini aks ettiruvchi yangi hikoyatlar, qit’a va baytlar bilan toʻldirib, ona tilida xalqiga taqdim etadi. Sayfi Saroyi «Guliston»idagi hikoyatlar quyidagi boblarga boʻlingan: Birinchi bob-sultonlar haqidagi hikoyatlar.
Ikkinchi bob-faqirlar axloqi haqidagi hikoyatlar.
Uchinchi bob-qanoatning foydasi haqidagi hikoyatlar.
Toʻrtinchi bob-sukutning foydasi haqidagi hikoyatlar.
Beshinchi bob-ishqdagi yigitlik sifati haqidagi hikoyatlar.
Oltinchi bob-qarilikdagi zaiflik sifatlari haqida.
Yettinchi bob-tarbiyaning ta’siri haqida.
Sakkizinchi bob-suhbat odoblari haqida.
Har hikoyatning oxirida masal yoki falsafiy chekinishlar mavjud. Masallar, toʻrtlik, baytlar shoirning mulohazalarini tasdiqlash uchun xizmat qilgan.
Asardagi hikoyatlar mavzulari rang-barang boʻlganidek, obrazlar ham xilmaxildir. Shohlar, vazirlar, amaldorlar, ruhoniylar, olimlar, hunarmandlar, dehqonlar, darveshlar, oʻgʻrilar, pahlavonlar, savdogarlar va boshqalar. Shartli tarzda nomlanuvi
«Asir, podsho va vazir» haqidagi (asir podshoni soʻkishi, ikki vazir ikki xil talqin etishi), («Podsho va uch oʻgʻli») kichik oʻgʻilning koʻrimsiz, ammo jasurligi),
«Malik, qul va kema», «Noʻshiravon va kiyik ovlash», «Tosh bilan bogʻliq hikoyat», «Pahlavon va shogirdi» (shogirdning xiyonati va 360 usul), «Pahlavon va soʻkish», «Oʻgʻri, shoir va itlar» kabi hikoyatlar xarakterlidir.
Umuman, «Gulistoni bit-turkiy»dagi hikoyatlarni oʻqish, undagi mazmun va mohiyatni anglash, hikoyatlardagi qiziqarli tasvirlar har bir oʻquvchini oʻziga rom eta oladi.











