Sifatlarning yasalish turlari haqida umumiy ma’lumotlar.

0
Sifatlarning yasalish turlari haqida umumiy ma'lumotlar.

Sifatlarning yasalish turlari haqida umumiy   ma'lumotlar.

Sifatlarning yasalish turlari haqida umumiy ma’lumotlar.

Sifatlar asosan, affiksatsiya va kompozitsiya usullari bilan yasaladi.

     1-§.Affiksatsiya usuli. So‘zning o‘zak yoki negiziga sifat yasovchi qo‘shimchalar qo‘shish orqali narsaning belgisini bildiradigan yangi so‘zlar yasash usulidir. Sifat yasovchi qo‘shimchalar o‘zakka qo‘shilib kelish o‘rniga ko‘ra ort va old yasovchilarga bo‘linadi. Bu yasovchilar ko‘pincha ot yoki fe’l asosli o‘zak va negizlardan sifat yasaydi.

  1. Otdan sifat yasovchi affikslar:
    • li: ot asosdan anglashilgan narsaga egalik belgisini anglatadi: miltiqli, uchli, kuchli, sutli; ba’zan bu affiks fe’lning harakat nomi shaklidan: yeyishli, o‘tirishli hamda sifatdosh shaklidan ham sifat yasaydi: tushunarli, qiziqarli.
    • siz: asosdan anglashilgan narsaga ega emaslik belgisini anglatadi: sutsiz, suvsiz, kuchsiz. be-: bu qo‘shimcha – siz affiksining sinonimidir: beminnat, betinim, beparvo, beg‘am.

         no-: ot va sifat turkumiga mansub so‘zlardan sifat yasaydi: noumid, noiloj, noo‘rin, noto‘g‘ri, nomunosib, noma’qul.

  • chan: asosdan anglashilgan xususiyatga moyillik belgisini ifodalovchi sifat yasaydi: ishchan, uyatchan , sinovchan, ta’sirchan.
  • chil: asosdan anglashilgan narsa belgisini ifodalaydi: dardchil, izchil, epchil.
  • iy\-viy: asosdan anglashilgan narsaga oidlik, tegishlilik belgisiga ega sifat yasaydi: tarbiyaviy, ommaviy, oilaviy, g‘oyaviy. Mazkur affiks bilan birga arab tilidan kirib kelgan lug‘aviy, maishiy, jinoiy, jiddiy, madaniy kabi so‘zlar o‘zbek tilida ma’noli qismlarga ajralmaydi. Shu bois ular tub so‘z hisoblanadi.
  • gi, -ki, -qi: asosdan anglashilgan narsaning payt va o‘ringa ko‘ra belgisini ifodalaydi: yozgi, qishki, kechki, ichki, tashqi.
  • simon: asosdan anglashilgan narsaga o‘xshashlik belgisini ifodalaydi: odamsimon, kumushsimon, tuxumsimon.
  • shumul: asosdan anglashilgan darajaga egalik belgisini anglatadi: olamshumul, jahonshumul. – dor: asosdan anglashilgan narsaga egalik belgisini hosil qiladi: mazmundor, bo‘ydor, unumdor, puldor, rangdor.
  • mand: asosdan anglashilgan narsaga egalik belgisini anglatadi: davlatmand, orzumand, kasalmand.
  • kor: asosdan anglashilgan xususiyatga kuchli darajada egalik belgisini hosil qiladi: fidokor, ehtiyotkor, isyonkor, omilkor, naqshinkor.
  • i: asosdan anglashilgan narsaning millat, joy yoki vaqtga oidligini bildiruvchi sifat yasaydi:

qozoqi, qishloqi, bahori.

  • cha: asosdan anglashilgan narsaning millat, joy yoki miqdorga oidligini bildiruvchi sifat yasaydi: o‘zbekcha, farg‘onacha, otiqcha, erkakcha.
  • parvar: shaxsning asosdan anglashilgan narsani sevishi, unga sadoqati belgisini bildiruvchi sifat yasaydi: xalqparvar, vatanparvar, adolatparvar.
  • aki: asosdan anglashilgan narsaining harakat usuliga ko‘ra belgisini ifodalaydi: og‘zaki, zo‘raki, xomaki, qalbaki.
  • namo: narsadan anglashilgan xususiyatga egalik belgisini ifodalaydi: majnunnamo, avliyonamo, darveshnamo.

Bulardan tashqari  -kash (dilkash, hazilkash), -gar(ishvagar, sitamgar), -chil (dardchil, xalqchil), don (gapdan, bilimdon), -msiq (qarimsiq), -m (qaram), –lom (sog‘lom), -qa (qisqa), lik(ko‘rpalik,ko‘ylaklik mato), -omuz (hazilomuz, ibratomuz) kabi kam unum affikslar orqali ham sifat yasaladi.

  1. Fe’ldan sifat yasovchi affikslar:

-choq\-chaq\-chiq. O‘zlik nisbatdagi fe’llarga qo‘shilib, harakat bajarishga moyillikning kuchliligini ifodalovchi sifat yasaydi: maqtanchoq, tortinchoq, kuyinchak, erinchoq, sirpanchiq, qizg‘anchiq. -gir\-qir\-g‘ir\-kir. Fe’ldan anglashilgan harakatning kuchliligini ifodalovchi sifat yasaydi: topqir,  uchqur, chopqir, olg‘ir, sezgir, keskir.

-ma. Narsaning fe’ldan anglashilgan harakat vositasida yuzaga kelishini anglatuvchi sifat yasaydi: qaynatma (sho‘rva), burma (ko‘ylak), ko‘chma (ma’no), ag‘darma (etik).

       -k\-q\-iq\-uk\-uq\-ak. Harakatning natijasi bo‘lgan holat belgisini ifodalovchi sifat yasaydi: iliq, siniq, yig‘loq, chirik, oqsoq, yumshoq, bo‘lak.

       -ki\-qi. Fe’l va taqlid so‘zlardan sifat yasaydi: sayroqi, buzuqi, yig‘loqi, jizzaki, jirtaki.

       -kin\-qin-\-g‘in. Fe’l asosiga qo‘shilib, holat, xususiyat ma’nosidagi sifat yasaydi: tushkun, jo‘shqin, ozg‘in, turg‘un.

       -mon. Asosdan anglashilgan harakatni bajarish qobiliyati kuchli ekanligini anglatuvchi sifat yasaydi: bilarmon, o‘larmon, yeyarmon.

        -ag‘on. Fe’ldan anglashilgan harakatni bajarish qobiliyati kuchli ekanligini anglatuvchi sifat yasaydi: topag‘on, bilag‘on, chopag‘on.

        -mas. Harakatning inkoriy belgisi bo‘lgan sifat yasaydi: yengilmas, o‘tmas, qo‘rqmas, ajralmas, qaytmas, buzilmas.

-ch. faqat fe’ldan sifat yasaydi: jirkanch, tinch, shoshilinch, tiqilinch.

  • qoq\-g‘oq: harakatni bajarishga moyilligi kuchli ekanligini anglatuvchi sifat yasaydi: qochqoq, yopishqoq, urushqoq, tirishqoq.
  • Taqlid so‘zlardan sifat yasaydi: likildoq, shaqildoq.

      2-§. Kompozitsiya usuli. Turli turkumlarga oid so‘z shakllarining tilda mavjud bo‘lgan sintaktik qoliplar asosida qo‘shilishi orqali bitta belgi ifodalashga xoslangan yasama sifatlardir. Bu usul ham  hozirgi o‘zbek tilidagi  mahsuldor yasalish usullaridan bo‘lib, qismlarning sintaktik aloqasiga ko‘ra quyidagicha guruhlarni tashkil qiladi:

1) aniqlovchi-aniqlanmish:  olachipor, ochsariq, to‘q qizil, qiziqqon, ochko‘z, kaltafahm;  2) to‘ldiruvchi-to‘ldirilmish: tinchliksevar, izquvar, muzyorar, ishbilarmon;  3)  hol-hollanmish: ertapishar, tezoqar.

Qo‘shma sifatlar tarkibidagi qismlarning tub yoki yasama ekanligi bilan ham o‘zaro farqlanadi. Masalan: 1) ikkala qismi ham tub so‘zlardan:xom semiz, kamgap, nimjon, ommabop, izquvar; 2) tub va yasama so‘zlardan tuziladi: souqqon, tezoqar, erksevar, ishyoqmas.

Bundan tashqari tilimizda qismlari qo‘shma sifatlardek zich bog‘lanib ketmagan gapga usta, ko‘zga yaqin, og‘zi bo‘sh, qo‘li ochiq, bodom qovoq, katta og‘iz kabi birikmali murakkab sifatlar ham mavjud.

3-§.Semantik usul. Boshqa turkumga mansub so‘zlarning ma’no o‘zgarishi natijasida sifatga ko‘chish hollari ham uchraydi. Sifatga ko‘chish, ya’ni adyektivatsiya hodisasi quyidagi so‘zlar asosida sodir bo‘ladi:  a) otning sifatga ko‘chishi orqali: tilla bola, asal qiz, oltin davr, kumush qish; b) fe’lning sifatdosh shakllarining sifatga ko‘chishi orqali: kelishgan yigit, turar joy, oqar suv, kelasi yil, o‘tgan zamon; g) ravishning sifatga ko‘chishi orqali: o‘zbekcha kitob, oqilona maslahat, tez odam. Bundan tashqari so‘zlarning ma’no o‘zgarishi natijasida sifatga ko‘chish hollari juft va takror qo‘llanishi asosida ham yuz beradi: oldi-qochdi gap, tolim-tolim yoki tol-tol soch, yo‘l-yo‘l ko‘ylak.

Sifatlarning yasalish turlari haqida umumiy ma’lumotlar.

Mavzular.

manba