Sobiq Ittifoq davrida O’zbekistonda iqtisodiy geografiya.
Sobiq Ittifoq davrida iqtisodiy geografiya fanining rivojlanishida Moskva, Peterburg, Kiyev, Qozon, Perm, Irkutsk, Voronej, Boku, Tbilisi, Toshkent, Almati va boshqa shaharlardagi universitetlarning roli muhim bo’lgan. Ayniqsa, bu xususda, N.N. Baranskiy, N.N. Kolosovskiy, B.N. Semevskiy, O.A. Konstantinov, V.V. Pokshishevskiy, Yu.G. Saushkin, I.A. Vitver, I.M. Mayergoyz, S.B. Lavrov, A.T.Xrushev kabilar juda samarali xizmat qilishgan.
O’zbekistonda, asosan ToshDU ning iqtisodiy geografiya kafedrasida ikki ilmiy yo’nalish: qishloq xo’jaligi va aholi geografiyasi mutaxassisligi shakllangan. Ushbu yo’nalishlar bilan aloqador bo’lgan iqtisodiy rayonlashtirish, shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiya jarayonining mintaqaviy muammolari, aholishunoslik (demografiya) masalalari ham keng tadqiq qilib borilgan, qator ilmiy va ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etilgan. Respublikada asta-sekin ilmiy maktab va markazlar ham shakllanib borgan va bu borada Z.M. Akramov, M. Qoraxonov, O.B. Otamirzayev, A.S. Soliyev, A.N. Ro’ziyev, X.S. Salimov, A.A. Qayumov va boshqa olimlarning xizmatlari kattadir.
O’rta maktabga doir darsliklar avval N.G. Sapenko va N.V. Smirnov, keyinchalik Z. Akramov va P. Musayevlar hammuallifligida yozilgan. Toshkent, Farg’ona, Nukus, Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi universitet va institutlari o’rta va oliy maktablar uchun ko’pgina mutaxassislar tayyorlab berishgan. Sobiq Ittifoq davrida yuqoridagi olimlardan tashqari, T. Raimov, G.Asanov, T. Egamberdiyev, S. Saidkarimov, O. Abdullayev, M.Yangiboyev, T. Mallaboyev, T. Jumanov, Ye. Umarov, I. Safarov, M. Bo’riyeva, M.Yusupov, T.R. Tillayev, Sh. Imomov, N. Sultonov, A. Sodiqov va boshqa bir necha o’nlab mutaxassislar ilmiy izlanishlar olib borganlar.
Ko’rilayotgan davrda iqtisodiy geografiya fanining ta’rifi ham o’zgarib, zamon talabiga moslashib borgan. Masalan, agar u, avval turli mamlakat va rayonlar xo’jaligini, ishlab chiqarish kuchlarini joylanish xususiyatlarini o’rganuvchi fan hisoblansa, keyinchalik uning predmeti hududiy ishlab chiqaruvchi majmualar, jamiyatni hududiy tashkil etish va boshqarish bilan tavsiflandi.
O’tgan asrning yetmishinchi yillarida iqtisodiy geografiya sobiq Ittifoqda rasman “iqtisodiy va sotsial geografya” nomini oldi. Tabiiyki, uning ilgarigi ta’rifi, ishlab chiqarish geografiyasi ekanligi endigi sharoitga to’g’ri kelmay qoldi. Shuning uchun an’anaviy iqtisodiy geografiyaning ta’rifi ijtimoiy, noishlab chiqarish sohalari, aholining turmush sharoiti va tarzining hududiy jihatlari bilan boyitildi.
Mustaqillik davrida iqtisodiy va ijtimoiy geografiya yangi siyosiy va iqtisodiy sharoitda rivojlanib kelmoqda. Eng avvalo ta’kidlash lozimki, mazkur fanning asosiy g’oya va tushunchalari hududiy mehnat taqsimoti, iqtisodiy rayonlashtirish, hududiy ishlab chiqarish majmualari va boshqalar ilmiy ahamiyatini hozir ham saqlab qolgan, ularga faqat «kommunistik» dunyoqarash, o’ta markazlashgan totalitar tizimni planlashtirish prinsiplaridan holi holda yondashuv kerak, xolos.












