Bosh sahifa mavzular So’nggi bronza va ilk temir davri yodgorliklari va ularning o‘rganilishi.

So’nggi bronza va ilk temir davri yodgorliklari va ularning o‘rganilishi.

0
So’nggi bronza va ilk temir davri yodgorliklari va ularning  o‘rganilishi.   

So’nggi bronza va ilk temir davri yodgorliklari va ularning  o‘rganilishi.   

So’nggi bronza va ilk temir davri yodgorliklari va ularning  o‘rganilishi.

O’rta Osiyoda ilk temir davri miloddan avvalgi I ming yillik bilan belgilanadi. Anov, Dalvarzin,

Daratepa, Quyisoy kabi o’nlab yodgorliklar Turkmaniston Respublikasining janubiy, O’zbekistonning Qashqadaryo va Zarafshon vohasi, Farg’ona vodiysi hamda Toshkent va Xorazm viloyatlari hududlarida o’rganilgan.

Miloddan avvalgi I ming yillikning boshlariga oid yodgorliklardan 46 tasi Janubiy Turkmaniston hududlaridan topilgan. Anov, Yoztepa, Yelkantepa, Uchtepa, Cho’rnoq kabi qadimgi qishloq xarobalaridagi madaniy qatlamlar temir asriga mansubdir. Temir asri yodgorliklaridan biri Yoztepa bo’lib, uning quyi qatlamini Yoz I miloddan avvalgi 900-650 yil bilan sanalanadi. Ushbu davrda yodgorlik 16 ga maydonni egallagan qishloq turar joylaridan va to’g’ri burchakli katta imoratqo’rg’ondan iborat bo’lgan. Qo’rg’on o’rnida 8 m keladigan xom g’ishtli sahn ustiga qurilgan saroy qoldiqlari topilgan. Xonalar uzun va to’rtburchak shaklda bo’lgan. Yoz I davri sopol idishlarining ko’pchiligi qo’lda yasalgan. Idishlar sariq angob bilan bo’yalgan va angob ustidan jigarrang va qizil bo’yoq bilan geometrik shaklli naqsh solingan. O’zbekiston hududida ham i lk temir davriga oid bo’lgan ko’plab yodgorliklar topilgan. Afrosiyob, Daratepa, Ko’zaliqir, Uygarak, Chust, Dalvarzin, Oqtom, Kuchuktepa, Yerqo’rg’on, Sangirtepa yodgorliklari shu davrga mansubdir.

Kuchuktepa Qadimgi Baqtriya xududida so‘nggi bronza davriga oid yodgorlik xisoblanadi. U Surxandaryo xududidagi Ulanbuloqsoy sohilida joylashgan. Yodgorlikni 1962 yilda L.I.Albaum tomonidan topilgan va 1963–1967 yillar davomida tadqiqot ishlari olib borilgan.  Bu tadqiqotlar natijasida uning 2 ta rivojlanish  bosqichi ko‘rsatilgan edi. Lekin keyingi yillarda O‘zbek–Olmon Baktriya arxeologik otryadining olib borgan tadqiqotlari natijasida yodgorlik sanasi ancha qadimiylashdi va quyidagi bosqichlari aniqlandi:

Kuchuk I          -miloddan  avvalgi  1300-1000  yillar;

Kuchuk  II       -miloddan  avvalgi  1000-850  yillar;

Kuchuk  III       -miloddan  avvalgi  850-650  yillar;

Kuchuk  IV      -miloddan  avvalgi  650-450  yillar;

Ilk antik davrga o‘tish -mil. av.  450-350  yillar;

 

Arxeologik qazishmalar natijasida turli davrlarga oid qurilish qatlamlari aniqlandi. Kuchuktepada  8 metr qalinlikdagi g‘isht supa ustiga qurilgan atrofii mudofaa devorlar bilan o‘ralgan qasr ochildi. Uning quyi uch qatlami so‘nggi bronza davri oid. Bu qatlamlardan qo‘lda ishlangan naqshsiz sopollar va Sopolli madaniyatiga oid charxda ishlangan sopol idishlar topildi. Toshdan, terrakotadan ishlangan urchuqlar, suyakdan ishlangan igna, bigiz, uchburchak shaklidagi bronza o‘q uchlari  xam topilgan.

Kuchuk II qatlamidan asosan qo‘lda ishlangan  qora va oqish ranglarda turli geometrik naqshlar berilgan sopol buyumlar topilgan. Bu erda birinchi bor ikki parrakli asosi zo‘g‘atasimon qilib ishlangan bronza paykonlar topilgan. Shuningdek, kulolchilik charxida ishlangan sopol idishlarning yangi formalari paydo bo‘ladi. Ular bankasimon, silindr–konus shaklida bo‘lib, gardishi qarmoqsimon qilib ishlangan. Bunday sopol xillari so‘nggi bronza yodgorliklarida umuman uchramaydi. Shu sabab  Kuchuk II qatlamini olimlar so‘nggi bronza davridan ilk temir davriga o‘tish davri deb hisoblaydilar. 1977 yilda olib borilgan tadqiqotlar natijasida Kuchuk II qurilish bosqichida u 4 qator mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Bu devor bronza davridagi devorlardan  2 metr uzoqlikda qurilgan. 4–devor 4,5 metr qalinlikdagi madaniy qatlam ustiga qurilgan. 3–devorda esa aylana shakldagi burjlar bilan mustaxkamlangan.  Kuchuktepaning yuqori qatlamlari, ya’ni Kuchuk III  va IV qurilish bosqichlari ilk temir davriga oiddir. Bu davrlarda sopol idishlari faqat kulolchilik charxida ishlangan.

Bronza davri Kuchuktepa arxeologik kompleksi Bandixon qishlog‘idagi Maydatepadan ham topilgan. Bu yodgorlikda E.V.Rtveladze tadqiqot ishlari olib borib, Kuchuk I  va Kuchuk  II komplekslari Maydatepada mavjudligini isbotladi.  Kuchuk I  va Kuchuk  II komplekslariga tegishli yodgorliklar Jarqo‘tonning yuqori qatlamidan, Sho‘rchi rayonidagi  Qiziltepa, Bo‘yrachitepa, Mirshodi yodgorliklaridan ham topilgan. Mirshodi makonini qazish  vaqtida qadimgi dehkon jamoalarining diniy–e’tiqod tuchunchalari bilan bo‘lgan predmetlar topildi. Ular qora toshdan ishlangan  4 ta g‘altaksimon  mitti ”vazachalar”, o‘g‘ir dastasi va qizil qumtoshdan yo‘nilgan erkak kishi kallasining xaykalchasi edi. Bu mitti predmetlarni G.A.Pugachenkova tabiatda hosil beradigan va uni qayta ishlab chiqaradigan kuchlar g‘oyasi bilan, tosh xaykalchani esa, hosildorlik bosh xudosi bilan bog‘laydi. Shunga o‘xshash predmetlar Kuchuktepadan ham topilgan. U erdan qo‘shaloq vazasimon mitti isriqdonlar ham topilgan. Ularda olov izlari saqlangan. Ehtimol, bu predmetlarning barchasi dehqon jamoalarining diniy-e’tiqod dunyoqarashi bilan bog‘liqdir.

Umuman, Kuchuktepaning bronza davri moddiy madaniyati monumental arxitekturasini hisobga olmaganda, Chust madaniyatini eslatadi. Bu esa ular o‘rtasida madaniy–xo‘jalik va etnik birlik borligini ko‘rsatadi.

Sug‘diyona o‘lkasida dehqonchilik madaniyati ilk temir davridan shakllana boshlagan. Bu madaniyat Ko‘ktepa, Sangirtepa, Daratepa, Uzunqir, Lolazor kabi qadimgi dehqonchilik madaniyatlari yodgorliklari misolida hamda To‘rtkultepa, Afrosiyob va Erqo‘rg‘onning quyi qatlamlari asosida o‘rganilgan.

Umuman, Sug‘diyonaning ilk temir davri yodgorliklari daryo vohalarida tarkib topgan. Bu ayniqsa, Qashqadaryo vohasida aniq ko‘zga tashlanadi.  Bu erda ilk temir davriga oid bir necha vohalarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Manzilgohlarni hajmi va vazifalariga ko‘ra quyidagi tiplarga ajratiladi.

1.Ark va mudofaa devorlarga ega bo‘lgan shaxar xarobalari ( Uzunqir, Erqo‘rg‘on).

  1. Qishloqlar (Daratepa, Chiroqchitepa, Beshqo‘tontepa).
  2. Mudofaa devorlari bilan o‘ralgan alohida vazifalarni bajaruvchi manzilgohlar (Ibodatxona bo‘lishi mumkin) (Sangirtepa).

Erqo‘rg‘on– Sug‘dning madaniy–iqtisodiy markazlaridan biri hisoblanadi. Uning maydoni 34ga teng. Manzilgohning quyi qatlamidan mil.avv.VIII––VII asrlarga oid uy–joy va xo‘jalik imoratlarining o‘rni aniqlangan.  Mil.avv. VI asrda uning ichki tomoni kengaytirilib, mudofaa devori bilan o‘rab olinadi.  Ichki tomonida xashamatli ma’muriy binolar barpo etiladi, lekin ark izlari topilmagan.

            Uzunqir- yodgorligi Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan bo‘lib, u ilk temir davriga oid. Hozirgi paytda uning mudofaa devorining bir qismi saqlanib qolingan. Mudofaa devorining pastki qismi guvaladan, yuqori qismi esa paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan. Devor qalinligi 1,85 metr bo‘lib, uning tashqi tomonidan to‘g‘ri burchakli minora–burjlar bilan mudofaalangan. Devorlarda shinaklar mavjud.

Sug‘diyonaliklar sug‘orma dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganlar. Dehqonlar bug‘doy, arpa, javdar ekkanlar.

Qashqadaryo vohasida topilgan kulolchilik buyumlari ikki guruhga bo‘linadi. 1. Kulolchilik charxida ishlangan naqshsiz idishlar–kosa, tovoq, xumchalar. 2. Qo‘lda yasalgan va geometrik naqshlar bilan bezatilgan idishlar. Ular asosan tog‘oldi xududlaridan topilgan.

Sangirtepa yodgorliklari Qashqadaryo o‘rta oqimidagi Sho‘rob daryosi bo‘yida joylashgan.

Sangirtepaning umumiy maydoni 3 gektardan iborat bo‘lib, uning janubiy va g‘arbiy tomonlarida mudofaa devorlari bo‘lgan. Yodgorlikning ko‘p qismi keyingi davrlarda dehqonchilik qilish uchun tekislanib yuborilgan. Tadqiqotlar natijasida u erdan 6,85 metrga teng madaniy qatlam  ochilib, 4 ta qurilish davri aniqlangan. Sangirtepaning ilk shakllangan davri mil.avv.IX––VIII  asrlar hisoblanadi.

Baqtriya va Sug‘diyona iqtisodiy va madaniy hayotining shakllanishida qadimgi sharq sivilizatsiyasining ta’siri kuchli bo‘lgan. Shuning uchun ham  bu o‘lkalarda so‘nggi bronza va ilk temir davridanoq qadimgi shaharlar shakllanib, ilk  davlatchilik vujudga kelgan.

Qadimgi Xorazmda esa, uning tabiiy geografik sharoitidan kelib chiqib, sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik madaniyatini yaratadilar. Bu fanda Amirobod madaniyati deb nomlanadi. Keyinchalik mil.avv. I ming yillikning o‘rtalarida dehqonchilik vohalarining  qal’a–shaharlari tarkib topadi (Ko‘zaliqir, Qal’aliqir, Dingilji).

Amirobod madaniyati  so‘nggi bronza davri oid yodgorlik bo‘lib, u 1940 yilda

Amudaryoning quyi xavzasidagi Amirobod kanali havzasidan topilgan. 1950 yillarga kelib, Amirobod madaniyatiga doir bir necha yodgorliklar topildi. Ularning orasida eng yaxshi saqlangan va boy arxeologik materiaalar bergan yodgorlik Yakka –Porson 2 makoni hisoblanadi. Makonni qazish vaqtida 20 yaqin erto‘la tipidagi kulbalar topildi. Kulbalar maydoni va atrofidan g‘alla o‘ralari, omborlar, o‘choq, gulxan qoldiqlari, sopol parchalari, tosh yorg‘uchoqlar, bronzadan ishlangan bir tig‘li pichoqlar, o‘roq, bigiz va ko‘plab hayvon suyaklari topildi. Xar bir kulbaning o‘rtasida o‘choq bor. Ular bir juft oilaga tegishli ekanligidan dalolat beradi.

Sopol idishlari charxsiz, qo‘lda yasalgan. Ularning shakli, tipi va turi ham kamchilikni tashkil etadi.   Xurmacha, kosa, bankasimon idish va sopol qozonlardan iborat bo‘lgan. Idish sirti qizg‘ish qoramtir rangda pardozlangan, yuqori qismi esa geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Amirobod madaniyati ichida bronzadan ishlangan quloqli ignalar, ikki parrakli bronza paykonlari  va bronza mexnat qurollari yasaydigan tosh qoliplar, tosh yorg‘uchoq, bronzadan ishlangan o‘roqlar ko‘plab uchraydi.

Amirobod yodgorliklari atrofida shu davrlarga oid irrigatsiya izlari va qadimgi ekinzor maydonlari ham ko‘plab uchraydi.   Bu esa ularning hayotida chorvachilik bilan birga dehqonchilik yuksak darajada rivojlanganligini ko‘rsatadi.

Amirobod madaniyati X–VIII asrlarga tegishli bo‘lib, bu davrda chorvador qabilalar orasida ijtimoiy – iqtisodiy tengsizlik vujudga kela boshlagan edi.

Tegisken mozor–qo‘rg‘onlari  Orol dengizining sharqiy qismida joylashgan. U erdan 70dan ortiq mozor–qo‘rg‘onlar topilgan bo‘lib, tadqiqotlar jarayonida ularning ba’zilari bronza davriga, ba’zilari esa, ilk temir davriga oid ekanligi aniqlandi. Tegisken mozor–qurg‘onlari murakkab konstruksiyali monumental inshootlar bo‘lib, yirik hajmdagi xom g‘isht va yog‘ochdan qurilgan. Ular o‘z formalariga ko‘ra o‘tovga o‘xshaydi.

Mozor –qo‘rg‘onlarning har biri urug‘ oqsoqoli yoki qabila boshlig‘iga tegishli bo‘lib, ularning ichidan sopol, bronza, oltindan ishlangan buyumlar va hayvon suyaklari topilgan. Hayvon suyaklari qurbonlikka so‘yilgan hayvon go‘shtining bir qismi bo‘lib, chorvadorlar odati bo‘yicha uni marxum bilan birga qo‘yishgan.

So‘nggi bronza va ilk temir davrida Choch (qadimgi Toshkent vohasi) Qadimgi Farg‘ona singari o‘ziga xos rivojlanish yo‘lidan bordi. Bu erlarda dehqonchilik  kichik–kichik soy etaklarida yoki buloq suv yoqalarida vujudga  kelib, ibtidoiy usul asosida olib borilgan. Zaminning tabiiy geografik sharoitidan kelib chiqib, sug‘orma dehqonchilik xo‘jaligi rivojlangan. Chirchiq, Ohangaron va ularning irmoqlari Toshkent vohasining eng qadimgi dehqonchilik markazlariga aylangan. Masalan, Ohangaron daryosining o‘rta oqimida joylashgan Burg‘uluksoy havzasida ilk dehqonchilik madaniyati tarkib topgan. Uni birinchi bor 1940 yilda A.I.Terenojkin aniqladi va unga Burg‘uluk madaniyati nomini berdi, lekin u burganlisoy madaniyati nomi bilan ham ataladi.   

Burg‘uluk madaniyati ikki bosqichda rivojlangan: 1 bosqich mil avv. IX–VIIIasrlarga oid bo‘lib, bunda aholi yarim erto‘la, chaylalarda yashab dehqonchilik qilganlar. 2 bosqich mil.avv.  YI –IY asrlarga tegishli bo‘lib, bunda aholining ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Endilikda aholi guvala va xom g‘ishtdan kulbalar qurganlar, ular oval, aylana, to‘g‘ri to‘rt burchak va kvadrat shaklida bo‘lib, ularning o‘rtacha maydoni 12–15 kv.m. bo‘lgan.  Kulbalar asosan bir xonali bo‘lib, 2 xonali kulbalar kam uchraydi. Qishloqlarning atrofini mudofaa devorlari bilan o‘rab olganlar va dehqonchilikda sun’iy sug‘orishdan foydalanganlar.

Keyingi davrlarda X.Duke va M.Filonovichlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida uning davrlari aniqlandi. 1972 yilda X.Duke Tuyabo‘g‘iz suv omborining qurilishi munosabati bilan Ohangaron daryosining chap sohilida taqiqot ishlari olib bordi va shu madaniyatga tegishli 14 ta qishloq va 60ga yaqin yarim erto‘la va chayla tipidagi kulbalarning qoldiqlarini topib o‘rgandi. Olim tadqiqotlar natijasida Burg‘uluk madaniyatining birinchi bosqichini aniqladi. Mazkur madaniyatning ikkinchi bosqichi esa, 1978–1982 yillarda Shoshtepada olib borilgan keng stratigrafik qazishmalar natijasida M.Filonovich tomonidan aniqlandi.

1981 yilda shu madaniyatga tegishli bir qabr topildi. Unda marxum oyoq–qo‘llari buklagan holda chap yoni bilan boshi shimolga qaratib yotqizilgan. Mozordan bitta sopol idish chiqqan. Skelet ustida bir qator xom g‘ishtlar qo‘yilgan.

Burg‘uluk madaniyati qishloqlarini qazish vaqtida behisob sopol parchalari, qumtoshdan yasalgan o‘roqsimon pichoqlar, bronzadan yasalgan o‘roq va pichoqlar, bigiz, oyna, ignalar topilgan. Tosh qurollari nihoyatda ko‘plab topilgan, ular orasida yorg‘uchoqlar, tosh o‘g‘ir va o‘g‘ir soplar ko‘plab uchraydi. Sopol idishlar ko‘pol va mo‘rt bo‘lgan, chunki ular qo‘lda yasalib, ochiq gulxanlarda pishirilgan. Ularning turi ko‘p bo‘lmagan. Ular osti yassi qilib ishlangan kosalar, tuvakcha va xurmachalardan, quloqli sopol qozonlardan iborat bo‘lgan. Sopol idishlarning sirtiga och qizil angob berilib, so‘ng pardozlangan. Uning ustidan  idishlarning gardishi bo‘ylab och qora yoki och qizil rangda oddiy chiziqlardan iborat gullar solingan.

Burg‘uluq 2 bosqichidan qadimgi Toshkent vohasi dehqon jamoalari olovga  e’tiqod qilishgan. Burg‘uluk madaniyati Toshkent voxasining eng qadimgi dehqon jamoalarining madaniyati bo‘lib, ana shu madaniyat asosida keyingi asrlarda Toshkent vohasida urbanizatsiya protsessi rivojlandi. Sirdaryoning o‘rta xavzasida so‘nggi bronza va ilk temir davrida burg‘uluk madaniyati shakllanib, uning asosida antik davrga kelib qadimgi Choch dehqonchilik vohasi vujudga keldi.

Chust madaniyati  qadimgi Farg‘onadagi ilk dehqonchilik madaniyati yodgorligi hisoblanadi. Bu madaniyatni yaratgan aholi dastlab chorvachilik bilan  shug‘ullangan, keyinchalik esa  o‘troq hayot tarziga o‘tishgan. Ularning ilk qishlog‘i 1951 yilda M.E.Voronets tomonidan Chust shahri yaqinidagi Buvanamozor  deb atalgan buloq yonidan topilgan. Arxeologlar bu yodgorlikka shartli ravishda Chust madaniyati nomini berganlar, chunki u yodgorlikka yaqin yirik aholi punki Chust shahri bo‘lgan.

Chust madaniyati  so‘nggi bronza va ilk temir davriga oid bo‘lib, u mil.avv. II ming yillikning oxiri va   I ming yillikning birinchi choragida shakllangan. Olimlar olib borilgan tadqiqotlar natijasida uning rivojlanish davrini 2 davrga bo‘lib ko‘rsatadilar.

1.So‘nggi bronza davri bo‘lib,  mil.avv. II ming yillikning oxiri              va I ming yillikning birinchi choragidan to mil.avv. VIII        davom qilgan.

  1. Ilk temir davri bo‘lib, mil.avv. VIII – VII asrlarni o‘z ichiga                       oladi.

Bugungi kungacha  Farg‘ona vodiysidan bu madaniyatga oid 80 dan ortiq yodgorlik topilgan. Shuningdek, uning izlari Namangan, Andijon, Samarqand va Qashqadaryo hududlaridan ham topilgan. Hozirgacha ularning 10dan ortiq yodgorliklarida arxeologik qazishmalar o‘tkazilgan.

Chust madaniyatiga oid yodgorliklar tog‘ oldi soy etaklarida, ularning o‘rta oqimida, vohaning tekis rayonlarida uchraydi. Qoradaryo havzasi va uning irmoqlari bo‘ylab esa, Chust madaniyatiga oid qishloqlar uchraydi.

Chustda M.E.Voronetsdan keyin V.I.Sprishevskiy, B.Matboboev, Yu.A.Zadneprovskiylar tadqiqot ishlarini olib bordilar. Qazishmalar Dalvarzintepa, Qoraqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on, Tergovchi, Yaztepa, Go‘rmiron, G‘ayrattepa, Chimboy, Ashkaltepa kabi yodgorliklarda olib borildi. Ularda madaniy qatlam 1,5––3 metrgacha qalinlikda saqlanib qolgan, bu ham chust madaniyati axolisining o‘troq hayot kechirganligidan dalolat beradi.

Chust madaniyati yodgorliklari tarixiy–topografik tarkibiga ko‘ra 2 tipga bo‘linadi:

  1. Maydoni bir gektargacha bo‘lgan mayda qishloqlar. Ularning har birida bir oila jamoasi yashagan.

2.Maydoni  10 va undan ortiq gektarga teng bo‘lgan qishloqlar. Ular har bir sug‘orma dehqonchilik rayonidan 1tadan  uchraydi. Ularning atrofida o‘nlab mayda qishloqlar   bo‘lgan (Dalvarzintepa, Ashkaltepa) .

Chust madaniyatining ikkinchi davrida  ilk shaharlar vujudga kela boshlagan. So‘nggi bronza davri yirik qishloq tarzida tarkib topgan aholi punktlarida  dastlab mudofaa devorlari barpo etiladi, ularda otashparastlik diniy qarashlari rasmiylashadi. Ular ikki qismdan iborat bo‘lib, uning birinchi – O‘rda  qismida hukmdorning qarorgohi bo‘lib, uning atrofi ham mudofaa devori bilan o‘ralgan. Mudofaa devori qoldiqlari Chust qishlog‘ida va Ashkaltepadan topilgan. Chustda xom g‘ishtdan ishlangan devorning qalinligi 3 metr, uning balandligi 3,5 metrga teng.

Chust madaniyati yodgorliklarini  qazish jarayonida ularning quyi qatlamidan doira shaklida qurilgan ko‘plab o‘ralar topilgan. Masalan, Chust makonida 60 ta, Chimboyda esa 16 ta shunday o‘ralar ochilgan. Bu o‘ralarning qanday maqsadda qurilganligi to‘g‘risida har xil fikrlar mavjud. Ba’zilari kulba desa, ba’zilari uni g‘alla o‘ralari deb talqin qiladi. Akademik A.Asqarov ham uni g‘alla o‘rasi deb hisoblab, ularning maydoni kulba uchun juda noqulay ekanligini ta’kidlaydi.              Chust madaniyati aholisi dastlabki bosqichda yarim erto‘la va chaylalarda yashaganlar, ikkinchi bosqichda esa, guvala va xom g‘ishtdan qurilgan kulbalarda yashaganlar.

Chust madaniyati oid qabriston hali topilgani yo‘q. Lekin makonlardagi uylarni qazish vaqtida bir necha tartibsiz qo‘milgan mozorlar topilgan. Ularda odamlar yoni bilan g‘ujanak holatida qo‘yilgan. Mozorlarda sklet atrofida sopol buyumlar yoki taqinchoqlar uchramaydi. Faqat Chust makonida bir mozordagina skelet bosh suyagi yonidan bitta gulli sopol kosa topilgan. Ba’zi yodgorliklarda yosh bolalar sopol idishlarga solib ko‘milgan. Lekin chust madaniyati yodgorliklarida dafn marosimi bilan bog‘liq bo‘lgan aniq bir tartib kuzatilmaydi. Chunki  ba’zi hollarda odam suyaklari xo‘jalik o‘ralarida va  ko‘p xollarda esa, bir chuqurchada o‘ntalab odam boshi suyaklari topilgan. Bu masala hozirgacha o‘z echimini topgan emas.

Chust madaniyatida metall bilan bog‘liq hunarmandchilik yaxshi rivojlangan.   Masalan, Chust makonidan 80 dan ortiq, Dalvarzintepadan 60 dan ortiq metall predmetlar topilgan. Shuningdek u erlardan  tosh qoliplar ham topilgan bo‘lib, ularda oyna, o‘roq, pichoq va bigizlar quyilgan.  Metall esa, sopol idish–tigellarda eritilgan. Chust madaniyati yodgorliklarining yuqori qatlamidan bronza buyumlar bilan birga temirdan ishlangan pichoq ham topilgan. Yodgorliklarda temir shlaklari ko‘plab uchraydi.

Chust madaniyati yodgorliklarida tosh va suyakdan yasalgan mehnat qurollari ham topilgan. Masalan Dalvarzintepadan 1500 ga yaqin tosh qurollari topilgan. Ular orasida qum–toshdan yasalgan o‘roqsimon pichoqlar alohida diqqatga sazovordir. Ularning 400ga yaqini topilgan.

Suyakdan taroq, moki, bigiz, urchuq va boshqa buyumlar ishlangan. Urchuq toshlari, moki va suyak taroqlarning topilishi aholining to‘qimachilik bilan ham shug‘ullanganligidan darak beradi.  Suyakdan yasalgan buyumlar orasida qo‘y va echki oshiqlari nihoyatda ko‘p. Ularga tegishli chuqurchalar yasab, chuqurchalarga bronza quyilgan. Oshiqlarning deyarli ko‘pchiligi juda silliq, ustki qismi to‘q qizil tusda  va ularga pardoz berilganligini tufayli tovlanib turibdi. Tadqiqotchilar fikricha, bular bilan chust aholisi qimor o‘yinini o‘ynagan.

Chust aholisi kulolchilik idishlarini qo‘lda yasaganlar, ular hali charxni bilishmagan.

Ularning xo‘jaligining asosini sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik tashkil qilgan.  Dehqonlar bug‘doy, tariq, arpa ekkanlar. Ikkinchi o‘rinda xonaki chorvachilik turgan. Xo‘jalikda ot, qoramol boqqanlar. Dehqonlar g‘allalarini o‘ralarda saqlaganlar. Har bir o‘rada 200 kgdan to 2 tonnagacha g‘alla saqlash mumkin bo‘lgan. Erni haydashda  va ekinlarni yanchishda hayvon kuchidan foydalanishgan. Bu haqda Qirg‘iziston xududida joylashgan Soymalitosh qoya toshlari  darak beradi. Uning suratlari Chust madaniyatiga oid bo‘lib, unda qo‘shga qo‘shilgan ho‘qizlarning tasviri bor.

Chust madaniyatiga oid sopol parchalari Samarqand xududida joylashgan Afrosiyob yodgorligining quyi qatlamidan, janubiy Sug‘diyonaning bosh shahri bo‘lgan Erqo‘rg‘on shaxri xarobasining pastki qatlamidan, Shaxrisabz xududida joylashgan ilk o‘rta asrlar davriga oid bo‘lgan To‘rtkultepa yodgorligining quyi qatlamidan va qadimgi Baqtriya xududidagi Kuchuktepa,

Bo‘yrachi, Qizilcha, Maydatepa kabi yodgorliklardan topilgan. Lekin Chust madaniyati qadimgi Baqtriyada keng rivojlana olmadi, chunki bu erda sharq sivilizatsiyasi ta’sirida rivojlangan dehqonchilik madaniyati  ularni o‘ziga singdirib yubordi. Shuningdek, bu erdagi Chust maladaniyati    izlari  Farg‘ona va Sug‘diyonadagi madaniyatdan tubdan farq qilar edi. Bu erdagilar kulbalarda iste’komat qilib, kulolchilik charxini o‘zlashtirgan va qumtosh o‘roqsimon pichoqlardan foydalanmas edilar.

Chust madaniyati mil.avv. II ming yillikning oxiri va   I ming yillikning birinchi choragida Farg‘ona vodiysida qadimgi dehqonchilik madaniyati tarkib topganligi ko‘rsatadi. Bu madaniyat aholisi O‘rta Osiyoning tub erli axolisi bo‘lib, ular jismoniy tuzilishi va antropologik tip jihatdan Evropa tipiga mansub bo‘lgan.

Chust madaniyatidan so‘ng qadimgi Farg‘onada ularning vorislari sifatida Elatan madaniyati shakllandi.

Elatan madaniyati  ilk temir davriga oid bo‘lib, u mil.avv.VII–V asrlarga oiddir. Elatan madaniyatiga doir yodgorliklar Farg‘ona vodiysining deyarli barcha xududlaridan aniqlangan. Ulardan Elatan manzilgohida keng ko‘lamli qazish ishlari olib borilgan. Bu manzilgoh uchburchak shaklda bo‘lib, mudofaa devori bilan o‘ralgan (eni 4m).Mudofaa devorlarining bir necha joyida va darvoza burchagida burjlar aniqlangan. Qurilishda paxsa,  xom g‘isht va guvaladan foydalanganlar. Dehqonchilikda asosan bug‘doy, arpa, sholi ekishgan. Chorvachilik xam taraqqiy qilgan bo‘lib, asosan kichik tuyoqli chorva mollari boqilgan.

Sopol idishlar qo‘lda va kulolchilik charxida ishlangan.  Bu davrdan temirdan buyumlar yasash keng tarqala boshlagan. To‘qimachilik ham rivojlangan.

Qadimgi shaxarlar tarkib topishi, albatta, aholining o‘troq dehqonchilik madaniyati bilan bog‘liq bo‘lib, dehqonchilik vohalarining markazlari sifatida shaharlar qad ko‘targan.

Mavzular.

manba