So`zlar bog`lanmasi va uning turlari.Frazeologizmlar haqida tushuncha.
Frazeologiya tilshunoslik fanining mustaqil sohasi deb tan olingan. Frazeologik birliklarning o`ziga xos xususiyatlarini to`liq anglamoq uchun, avvalo, so`zlar bog`lanmasi haqida tushunchaga ega bo`lish kerak.
Frazeologiya yunoncha: iboralar haqidagi ilm demakdir.
Tilshunoslikning frazeologik birikmalari va ularning barcha xususiyatlarini tekshiruvchi sohasi frazeologiya deyiladi
Frazeologiya termini tilshunoslikda ikki ma’noda qo`llanadi: 1) tildagi frazeologik birliklarning jamisi; 2) shunday birliklarni o`rganuvchi soha (fan) ma’nosida.
Frazeologiya dastlab adabiyotshunoslikda paydo bo`lgan. Ma’lum bir asarni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilganda, turg`un so`zlar bog`lanmasini aynan tarjima qilish mumkin bo`lmay qolgan. Bunda o`sha tillarda mavjud bo`lgan frazeologizmlar o`rganila boshlangan. Frazeologiya termini dunyo filologiyasida 1558-yilda ingliz adabiyotshunos olimi Neandr tomonidan birinchi marta qo`llangan. U badiiy asarlarni tarjima qilar ekan, shu terminni ishlatishga majbur bo`lgan.
Rus tilshunosligida frazeologizmlarni o`rganish XIX asrdan boshlandi. Bu sohada akademik Shaxmatov, V.V.Vinogradov, A.I.Yefimov, N.M.Shanskiy kabi olimlarning xizmati katta.
O`zbek tilshunosligida esa iboralarni o`rganish 1950-yillardan boshlandi. Bu sohada Sh.Rahmatullayev, Y.Pinxasov, M. Husainov, I.Qo`chqortoyev kabi olimlar ilmiy ish olib bordilar, Jumladan, Sh.Rahmatullayev «O`zbek frazeologiyasining ba’zi masalalari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shunday qilib, o`zbek tili frazeologiyasini o`rganish hozir ham davom etmoqda. Jumladan, B.Yo`ldoshev “Hozirgi o`zbek adabiy tilida frazeologik birliklarning funksional – uslubiy xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Frazeologik birliklar turli olimlar tomonidan turlicha talqin qilingan. Jumladan, prof. Sh.Rahmatullayev o`zining «Hozirgi o`zbek adabiy tili», Toshkent, 1965-yil kitobida frazeologik birliklarni alohida tadqiq etmay, leksik hodisalar qatorida ular bilan birga o`rganadi: leksik sinonimlar va frazeologik sinonimlar va frazeologik Sinonimiya yoki leksik antonimiya va frazeologik antonimiya kabi.
O`zbek tiliga oid boshqa darslik va qo`llanmalarda esa iboralar semantik jihatdan qo`shilma, birlashma, chatishma, morfologik jihatdai ot, sifat, fe’l, ravish, frazeologik iboralar, deb tasnif qilinganini ko`ramiz. «Hozirgi o`zbek adabiy tili» (Toshkent, 1980) kitobida esa bunday tasniflar uchramaydi va bunday klassifikatsiyalarning ahamiyati yo`q deb qayd etiladi. Frazeologizmlarda hech qanday «qo`shilish», «natishish» kabi hodisalar yo`q deyilgan. Balki uning o`rniga frazeologik ma’no strukturasi, iboralardagi polisemiya, omonimiya, sinonimiya va antonimiyalar alohida tadqiq qilingan. Bizningcha ham, shu yo`l to`g`riga o`xshaydi.
So`z ham, frazeologizm ham lug`aviy birlik sanaladi, Tilning lug`at boyligini tashkil etadi.
Frazeologizmlar so`z birikmasi yoki gaplar singari nutq jarayonida hosil bo`lmaydi, balki ular xuddi so`zlar kabi tilda tayyor holda bo`ladi. Demak, frazeologizmlar nutq hodisasi emas, balki til hodisasidir.
Frazeologizmlar ham xuddi so`zlar kabi, shakl va ma’no butunligiga ega. So`zning shakliy tomonini tovushlar hosil qilsa, frazeologizmning shakliy tomonini so`zlar hosil etadi: rahmdil-ko`ngli bo`sh, xursand-boshi osmonga etdi. Frazeologizm tarkibidagi so`zlar ma’no butunligiga ega emas. Iboralar so`zlar yig`indisining ko`chma ma’nosiga asoslanadi. Shuning uchun ibora tarkibidagi bir necha so`z bir butunligicha gap bo`lagi vazifasida keladi; Ko`z ochib-yumguncha necha ming piyoda va suvoriy kishilar paydo bo`ldi. (A.Q) (Ma’nosi tez-hol vazifasida),
Lug`aviy birlik sifatida esa frazeologizmlar so`zlarga xos bir qator xususiyatlarga ega.












