SUYAKLARNING ONTOGENEZI VA FILOGENEZI.
Past tabaqali hayvonlar skeleti biriktiruvchi to`qimadan, yuqoriroq tabaqali hayvonlar skeleti esa tog`ay moddalardan tuzilgan bo`ladi. Umurtqali hayvonlar skeleti esa suyak moddalaridan tashkil topgan.
Filogenezdagi takomillashuv holati, ontogenezda qaytariladi. Ontogenez holatida skelet suyaklari 3 xil holatni o`taydi:
1) biriktiruvchi to`qima holati; 2) tog`ay holati; 3)suyaklanish holati. Skeletni tashkil etgan suyaklarning ko`pchiligi ko`rsatilgan 3 holatni o`taydi. Lekin ba’zi suyaklar (kalla gumbazini tashkil etuvchi suyaklar, yuz suyaklari va o`mrov suyagining bir qismi) tog`ay holatini o`tmasdan, biriktiruvchi to`qima holatidan suyak holatiga o`tadi va bunday suyaklarni – birlamchi Suyaklar deyiladi. Ikkilamchi suyaklar esa taraqqiyotda uch holatni (biriktiruvchi to`qima, tog`ay va suyaklanish) o`taydi.
Embrion taraqqiyotining boshlang`ich davrida skelet biriktiruvchi to`qimadan iborat bo`ladi. Taraqqiyotining keyingi bosqichida biriktiruvchi to`qima tog`ay moddasi bilan almashinadi. Embrion taraqqiyotining 2-oyidan boshlab suyaklanish nuqtalari paydo bo`ladi. Bu suyaklanish nuqtalari suyaklarning tana qismida (diafiz sohasida), hamda suyak tanasining uchlarida (metafiz sohasida) hosil bo’ladi. Bunday suyaklanish nuqtalarini birlamchi suyaklanish nuqtalari deyiladi. Embrion taraqqiyotining oxirgi oylarida yoki homila tug`ilganidan so`nggi birinchi yillarda ikkilamchi suyaklanish nuqtalari suyaklarning bo`g`im uchlarida (epifiz qismida) hosil bo’ladi. Oxirgi hosil bo`ladigan suyaklanish nuqtalari suyak o`simtalarida (apofiz qismida) joylashadi.
Suyaklarning diafiz qismi suyaklanganidan so`ng, ularning epifiz qismlari ham suyaklanadi. Suyaklarning diafiz va epifiz sohalari orasida tog`ay moddasi o`sish davrida saqlanib qoladi. Bu tog`ayli soha hisobiga suyaklar uzunasiga o`sadi. Suyaklarning o`sishi tugagach tog`ay halqa ham suyaklanib ketadi va aksincha diafiz hamda epifizlar orasida tog`ay yo`qolmasa suyak o`sishdan to`xtamagan hisoblanadi. Suyaklarning qalinlashuvi esa suyak ust pardasi hisobiga bo`ladi.
Suyaklarning shakli, qalinligi va uzunligi ular atrofidagi mushaklarga bog’liq bo`ladi. Atrofidagi mushaklar kuchli va katta bo`lib, suyaklarga og`irlik hamda ta’sir kuchi ko`proq tushsa — suyaklar ham uzunroq va qalinroq bo`ladi.
Aksincha nozik mushaklar joylashgan sohadagi suyaklar ham kichikroq bo’ladi.
Suyaklar o`sishdan to`xtagan holatda ham, ular ichida doimiy yangilanish davom etadi. Shu sababli suyaklarning yangj sharoitga moslashuvi katta yoshda ham davom etadi. Odam kasbining o`zgarishi, jismoniy ta’sir (og`ir atletika bilan shug`ullanish) etish jarayonida suyaklarning strukturasi ham o`zgarib boradi.
Har bir suyakning hosil bo`lishida mezenximadan hosil bo`ladigan biriktiruvchi to`qima hujayrasi osteoblastlar faol ishtirok etadi.
Suyaklanish jarayoni bir necha turda o`tishi mumkin.
- Endesmal suyaklanish (en – ichida, desmos – boylam) birlamchi suyaklarda, biriktiruvchi to`qima ichida boradi. Biriktiruvchi to`qimali suyak shakli ichida osteoblast hujayralari suyaklanish nuqtalarini tashkil qiladi. Bu suyaklanish nuqtasida suyaklar nursimon shaklda suyaklarning chetiga qarab suyaklanib boradi. Suyaklarning biriktiruvchi to`qima bilan qoplangan tashqi yuzasi suyak ust pardasiga aylanadi va shu parda hisobiga suyaklar qalinlashadi.
- Perixondral suyaklanish (peri – atrofi, chondros – tog`ay) tog`ay moddasidan iborat bo`lgan suyaklarda osteoblastlardan suyaklanish nuqtalari hosil bo`lib, tog`ay moddasi suyaklarga aylanadi. Suyaklarning qalinlashuvi suyak usti pardasi hisobiga davom etadi. Suyak usti pardasi hisobiga . suyaklarning hosil bo`lish jarayoni periostal suyaklanish deyiladi.
- Endoxondral suyaklanish (endo – ichidan, chondros – tog`ay) suyaklarning tog`ayli shakli ichida boshlanadi. Tog`aylar ichida suyaklanish nuqtasi hosil bo’ladi. Bir paytning o`zida tog`ay moddalar so`rilib, suyaklarga almashinadi. Tog`aylar ichida suyaklanish natijasida suyaklarning g`ovak qismi hosil bo`ladi.
Embrion taraqqiyotining 2- oyida (homilada) suyaklarning diafiz (tana sohasi) qismida birlamchi suyaklanish nuqtalari hosil bo`ladi. Naysimon suyaklarning diafiz va metafiz sohalari perixondral va endoxondral suyaklanish holatida rivojlanadi.
Homila tug`ilishidan biroz avvalroq va tug`ilganidan so`ng ikkilamchi suyaklanish nuqtalari hosil bo’ladi. Bu nuqtalardan endoxondral suyaklanish shaklida suyaklar uchi epifiz sohalari rivojlanadi.
Bolalarda, o`smirlarda, katta yoshda ham qo`shimcha suyaklanish nuqtalari hosil bo`lib, ulardan mushaklar, boylamlar birikadigan o`simtalar (apofizlar) taraqqiy etadi.
Asosan g`ovakli tuzilishga ega bo’lgan suyaklar (umurtqalar, to`sh suyagi. kaft ust suyaklari, naysimon suyaklarning epifiz qismi) endoxondral holatda suyaklanadi. Tarkibida zich (kompakt) va g`ovak moddalar bo`lgan suyaklar (kalla asosidagi suyaklar, naysimon suyaklarning diafiz qismi) endoxondral va perixondral shaklda suyaklanadi.
Suyaklarning ko`ndalang kesimida, ularning tashqi yuzasi kompakt (zich) moddadan, ichki yuzasi esa g`ovak moddadan hosil bo`lganligini ko`rish mumkin. Naysimon suyaklarning g`ovak moddasida qizil ilik (epifiz sohasida) va sariq ilik
(diafiz sohasida) moddalari bo’ladi. Suyaklarning tashqi yuzasi suyak ust pardasi (periosteum) bilan qoplanib, bu parda orqali qon tomir va nervlar yo`naladi. Suyaklar og`irligining 50% ini suv hosil qiladi. Qolgan qismi esa organik moddalar (12,4%), neorganik moddalar (21,85%), hamda yog` moddasidan (15,75%) tashkil topgan. Suyaklarning organik moddasini ossein hosil qilsa, neorganik moddalarni esa kalsiyning fosforli va karbon tuzlari hosil qiladi.
Yosh bolalarda organik moddalar miqdori biroz ko`proq bo`lib, shu sababli ular suyagi egiluvchan bo`ladi. Aksincha katta yoshdagi odamlarning suyagida organik moddalar kamayib, neorganik moddalarning miqdori oshib boradi. Shu sababli ular suyagi mo`rtroq bo`ladi.
Suyaklar turi (tasnifi).
Odam skeleti joylashishiga ko`ra quyidagi guruh suyaklarga bo`linadi:
- Tanadagi suyaklar: umurtqalar, qovurg`alar, to`sh suyagi.
- Kalla suyaklari: yuz qismi suyaklari, miya atrofidagi suyaklar.
- Yyelka kamari suyaklari: kurak suyagi, o`mrov suyagi.
- Qo`l suyaklari: yyelka, tirsak, bilak va qo`l panjasidagi suyaklar.
- Chanoq suyaklari.
- Oyoq suyaklari: son, katta boldir, kichik boldir va oyoq panjasidagi suyaklar.
Suyaklar shakli (tuzilishi), vazifasi va taraqqiy etishiga ko`ra 4 guruhga, ajratiladi.
- Naysimon suyaklar: uzun va kalta guruhlarga ajratiladi. Ular naysimon shaklga ega bo`lib, tashqi zich, qattiq (kompakt) moddadan va ichidagi g`ovaksimon moddadan tuzilgan. Bu suyaklar tayanch, himoya va harakat vazifasini bajaradi.
Uzun naysimon suyaklar (yyelka, tirsak, bilak; son, katta boldir, kichik boldir suyaklari) da diafiz qismi va ikkita endoxondral suyaklanadigan epifiz qismlari mavjud .
Kalta naysimon suyaklar (kaft va barmoq falangalari) da endoxondrial suyaklanish bitta epifizda bo`ladi .
- G’ovak tuzilishga ega bo`lgan suyaklar: bu suyaklarning ichi g`ovak moddadan iborat bo`lib, tashqi yuzasi yupqa zich (kompakt) modda bilan qoplangan bo`ladi.
Uzun g`ovakli suyaklar turkumiga qovurg`a va to`sh suyaklari, kalta g`ovakli suyaklar turkumiga umurtqa, kaft usti suyaklari kiradi.
Mushaklar qisqarishini muvofiqlashtiradigan, ularning paylari ichida taraqqiy etadigan sesamasimon suyaklar (tizza qopqog`i suyagi, no`xatsimon suyak va h. k) ham g`ovakli suyaklar guruhini tashkil qiladi.
III.Yassi suyaklar: a) asosan himoya vazifasini bajaradigan kallaning yassi suyaklari. Bu suyaklar biriktiruvchi to`qima holatidan suyaklanib (birlamchi suyaklar), ichki va tashqi yuzalari zich (kompakt) moddadan tashkil topib, o`rtasida g`ovak modda bo`ladi.
- b) tog`ay moddalik holatidan suyaklanadigan kurak va chanoq suyaklari
ham yassi suyaklar guruhini tashkil etadi.
IV. Aralash suyaklar: bu guruh suyaklar bir necha bo`laklardan taraqqiy etib, qo`shilib ketadi (kalla asosidagi suyaklar). Aralash suyaklar guruhiga qisman endesmal va qisman enxondral taraqqiy etadigan o`mrov suyagini ham kiritish mumkun.










