Tarixiy adabiyotlar eftalitlar davri va Turk xoqonligi tarixining yoritilishi.
O‘rta Osiyo xalqlarining Arab xalifaligi tarkibiga kirishi arafasidagi va undan keyingi ahvoli haqida gap borganida, arabcha, forscha va qadimgi turkiy-runiy yozuvlarga murojaat qilamiz. Tarixda uch joydan O‘rta Osiyo xalqlari tarixiga doir hujjatlar arxivi topilgan: hozirgi Turkmanistonning Niso shahrida – Parfiya davlati (miloddan avvalgi I asr) hujjatlari, Tuproqqal’ada (III asr) Xorazm davlati hujjatlari, Mug‘ togida (Samarqand) So‘g‘diyona hujjatlari (VII asr) topilgan. Bundan tashqari, ko’p erlardan juda ko‘plab epigrafik yodgorliklar – toshdagi bitiklar, ro‘zg‘or buyumlari va san’at asarlari topilgan. O‘rta Osiyo tarixidan daliliy ashyolarga boy ma’lumotlarni o‘rta asrda yashashgan muarrix Tabariy asarlaridan, shu asarning Bal’amiy tuzgan forscha-tojikcha nusxasidan, jahonshumul qomusiy olim Beruniy asarlaridan topishimiz mumkin. Shu ma’noda o‘rta asrning buyuk shoiri Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma» dostoni ham ibratlidir. Binobarin, Sharq xalqlari madaniyati muammolariga oid hozirgi tarixiymonografik tadqiqotlarning qo‘lyozma manbalarga bevosita aloqadorligi tabiiydir.
V asr o‘rtalarida Eftalitlar davlati shakllanishi oxiriga etdi. Eftalitlar davri bo‘yicha asosiy manbalar rimlik tarixchi Ammian Marselin (IV asr), vizantiyalik tarixchi Prisk Paniyskiy, Prokopiy Kesariyskiy va Feofan Vizantiyskiy asarlaridir. Shuningdek, mazkur davr tarixshunosligida suriyalik yozuvchi Zenon Glakning «yunoncha» yozilgan «Eftalit podshohlari tarixi» asari ham asosiy manba hisoblanadi.
Eftalitlar tarixi bilan shug‘ullanuvchilar ko‘pchilikni tashkil etsada, ularning etnik tarkibi, tabiati haqida nuqtai nazar mavjud emas. Eftalitlar turli tillarda turlicha nomlanadi: kitoblarda e-da yoki i-da, armanlarda – xeptal, idal, tetal, arablarda – xaytal, yaftal, yunonlarda – adel, eftalit, suriya manbalarida – abdel, eftalit, o‘rta fors tilidagi manbalarda – eftal, xeftal, tojik-fors tilidagi manbalarda – xetal, xaytal.
Xitoy manbalarda eftalitlarning kelib chiqishi haqida juda ko‘p tahminlar bor, lekin ular bir-biriga qarama-qarshidir. Xitoy manbalaridagi ma’lumotlarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
- eftalitlar – yuechjilarni bir tarmog‘i;
- eftalitlar – gaogyuy turk qabilalarini bitta bo‘lagi;
- v) eftalitlar – geshi (turfon) qabilalaridan kelib chiqqan;
- g) ular qang‘ vorislaridir.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, eftalitlarning kelib chiqishi va etnik nomning ma’nosi to‘g‘risida tarixchilar o‘rtasida yagona fikr yo‘q.
VI asr o‘rtalariga kelib, Markaziy Osiyoda yirik ko‘chmanchilar davlati – Turk xoqonligi tarkib topdi (551-744 yillar). Bu davlatning hududi Koreyadan to Kora dengiz bo‘yigacha, O‘rta Osiyo va Xitoyni ham o‘z ichiga olar edi. Bu davrga oid ma’lumotlar etarli, biroq ular bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib, aniq ma’lumotlar bermaydi.
Turk hoqonligi tarixi haqida o‘rta asr tarixchilaridan Tabariyning «Tarix ar-rasul va-l mulk» va Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarlarida muhim ma’lumotlar beriladi. Shuningdek, turk hoqonligi tarixi rus olimi L.N.Gumilev tadqiqotlarida ham o‘z aksini topgan. Ayniqsa, uning «Qadimgi turklar» asari bu borada yirik tadqiqot hisoblanadi. O‘zbek olimi Nasimxon Raxmon «Turk xoqonligi» asarida turklar tarixi, yozuvlari, afsonalari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Turk xoqonligi bilan ba’zi masalalar I.Bichurin, V.V.Bartold, A.Yu. Yakubovskiy, A.Bernshtam va boshqa olimlar asarida keltirilgan.
Avvalo, turk atamasi etnik mazmunni anglatmay, bir necha qabila va xalq birlashuvini bildiruvchi siyosiy atama sanalgan. S.P.Tolstoy «Turk» so‘zi «yosh uylanmagan jangchi» ma’nosini anglatadi, deydi. So‘ng bu so‘z qabila an’analari va nihoyat siyosiy jihatdan birlashgan xalqlarning umumiy nomiga aylangan.
Tabariy yozishicha, turklarning eng kuchli, jasur va qudratli hoqoni Sinnabu Yobg‘u bo‘lib, uning qo‘shini ham juda ko‘p edi. Turk hoqonliginipg O‘rta Osiyoni qo‘lga kiritish niyati oshkor bo‘lgach, eftaliylar o‘zlarining turklar va sosoniylar eroni orasida qolganligini angladilar. Sinnabu Yobg‘uning juda ko‘p lashkari bo‘lgan eftaliylar bilan urushib, ularning podshosi Varzuni o‘ldirdi. U Varzuning barcha qo‘shinini, ularning boyligini va mamlakatini qo‘lga kiritdi. Eftaliylar yurtining ilgari Xusrav 1 tomonidan zabt etilgan qismi bundan mustasno edi. Eron Xusrav I Anushirvon zamonida (531-579) yiriklashib, kuchli davlatga aylangan va shuning uchun eftaliylarga xiroj to‘lamay qo‘ygan edi
O‘rta Osiyo eftaliylariga qarshi ikkala qo‘shnisi kim oldin hujum qilishga shaylanib turishardi. Chamasi, eftaliylar ikkala davlatga qarshi jang qilishgan. Tarixiy ismlarga kelsak, arab manbalaridagi Sinjabu, Rum-Vizantiya manbalaridagi Salzibulga to‘g‘ri keladi. Tarixiy manbalarni sinchiklab o‘rgangan E. Gavenining fikricha, turklar eftaliylarni 563 va 587 yillar orasida tor-mor keltirganlar. Bu voqeani A. A. Mendel’shtam 563 yilga yaqin, G. Moravchik esa 560 yil atrofida deb hisoblaydilar.
Sanasi qachonligi juda aniq bo‘lmasa-da, bu urush oqibatida, Firdavsiy yozganidek, «Chochda, Terakda (Chirchiqda S. T.), Samarqand va So‘g‘dda juda ko‘p joylar vayrona bo‘lib, boyqushlar makoniga aylandi. Chag‘aniyon, Bomiyon, Xuttalon va Balx aholilari boshiga qora kunlar keldi».
Tabariyning yozishicha, turklar Erondan ilgari eftaliylarga to‘plab turgan xirojlarini (Turonga) to‘lashni talab etganlar. Eron-Turon munosabatlari qanchalik keskinlashganidan qat’iy nazar, shunday tarixiy vaziyat vujudga kelganki, O‘rta Osiyoning janubidagi viloyatlar, xususan, hozirgi O‘zbekistoniipg janubi, Tojikiston va Turkmaniston sosoniylar Eroni qo‘l ostida, O‘rta Osiyoning shimoliy viloyatlari esa Turk hoqonligi ixtiyoriga o‘tib qoldi. Zarafshon vodiysida qolgan eftaliylar esa turklarga xiroj to‘lashni davom ettirdilar.
Shuningdek, Tabariy Erondagi siyosiy vaziyat, xususan, Mazdak qo‘zg‘aloni haqida ham ma’lumotlarni berib o‘tadi. Tabariyning yozishicha, «oddiy fuqaro fursatdan foydalanib, Mazdak va uning tarafdorlariga qo‘shilib, ular atrofida uyushdilar». Bu fikrni Beruniy xam tasdiqlaydi: «Son-sanoqsiz odamlar ularga ergashdilar». Eron shohi Qubod I siyosiy vaziyat taqozosi bilan, ko‘nglida xohlamasa xam o‘zini Mazdak tarafdori deb e’lon qiladi. Haqiqatan ham 528-529 yil voqealari shundan dalolat beradi. Lekin keyinchalik Qubod tarafdorlari Mazdakni o‘ldirib, markaziy hokimiyatni qaytarib olishdi va mazdakchilarning etakchilarini qirib tashladilar va ularning izdoshlarini shafqatsiz kaltaklab, quvg‘in qildilar.











