Tarixshunoslikning davrlanishi va turlar.Metodologiyasi.
Jahon tarixi tarixshunosligi insoniyat sivilizatsiyasi va tarixiy tafakkur darajasi harakteriga qarab bir necha bo‘limlarga bo‘linadi. Bular qadimgi, o‘rta asrlar (medievistika), yangi va eng yangi davr tarixi tarixshunosligidir.
O‘rta Osiyo xalqlari tarixining tarixshunosligi deganimizda, O‘rta Osiyo xalqlarining eng qadimgi zamonlardan hozirgacha bo‘lgan tarixiga manba bo‘lib xizmat qiluvchi tarixiy tadqiqot , ya’ni tarixshunoslik asarlarini tushunamiz.
O‘zbekiston tarixi tarixshunosligi ham shartli ravishda davrlar va tarixiy tafakkur hamda tadqiqot usullaridan kelib chiqib davrlarga bo‘lish mumkin. Bular: O‘zbekistonning qadimgi, o‘rta asrlar, Rossiya mustamlakachiligi, sovetlar davri va mustaqillik davri tarixshunosligidir.
Tarixshunoslik fanining metodologiyasi. O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I.A.Karimov asarlari tarixshunoslik fanining metodologik asosi bo‘lib xizmat qiladi. I.Karimov «Tarixiy xotarasiz kelajak yo‘q» asarida shunday yozadi: Modomiki, o‘z tarixini bilgan undan ruhiy quvvat oladigan xalqni engib bo‘lmas ekan, biz haqqoniy tariximizni tiklashimiz xalqimizni millatimizni ana shunday tarix bilan qurolantirishimiz zarur. Tarix bilan qurollantirish, yana bir bor qurollantirish zarur.
Bugungi kunda o‘zbek xalqining keng ommaga etkazishga arziydigan haqqoniy tarixini yaratish tarixshunoslarimiz oldida turgan dolzab masaladir. I.Karimov ta’kidlaganidek: «Sovetlar davrida yozilgan tarixni men tarix sanamayman. O‘zgalar yozib bergan tarixni o‘qishga mutloqo qarshiman. Mustamlakachi o‘ziga qaram bo‘lgan xalq haqida qachon xolis, adolatli fikr aytgan? Ular bor kuch-g‘ayratlarini Turkistonning o‘tmishini kamsitishga bizni tariximizdan judo qilishga sarflaganlar». Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz, milatimizning haqqoniy ilmiy tarixini yaratish jamoatchiligimiz uchun g‘oyat muhim va dolzarb masalaga aylanishi lozim.
Tarixiy asarlar mafkuradan holi, ob’ektiv, haqqoniy yozilishi kerak. Ammo har doim ham bunday bo‘lmagan. Tarixiy asrlarni tarixshunoslik nuqtai nazardan tadqiq etish, tarixni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimiz tarixiga oid juda ko‘p tadqiqot va asarlar mavjud bo‘lib, ularning o‘rganish yozilish uslubi, ilgari surilgan muammolari, xarakterli xususiyatlaridan xabardor bo‘lish foydadan holi emas.
Tarixshunoslik va manbashunoslik tarix fanining muhim yo‘nalishlaridan biri, uning nazariy asosi hisoblanadi. Bugungi kunda tarixni o‘rganishda tarixshunoslik o‘zining uslubiy va texnik doirasidan chiqqan. Muammoning tarixshunosligini bilish tarixchi tadqiqodchining metodologiyasini aniqlab bersa, muammoga oid manbalardan xabardorlik unga adabiyotlar bilan qiyosiy solishtirgan holda xolis (ob’ektiv) xulosalarni chiqarishga imkon beradi.
O‘tgan yillar mobaynida tadqiqotlarning metodologik bazasi ham yangilandi, tarix fani bilan arxeologiya, etnologiya, san’atshunoslik, sotsiologiya kabi yondosh fanlar o‘rtasida o‘zaro metodologik tajriba almashinuvi yuz berdi.
Tarixshunoslik tadqiqotlarining bir qancha tahlil usullari mavjud:
Qiyosiy tarixiy usul – turli tarixiy davrlarda tarixiy ma’lumotlar qanday paydo bo’ldi, harakatlandi, o’zgardi va rivojlandi, jamiyat taraqqiyotida tarixiy fikrlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi jarayonini aniqlashda qo’llaniladi;
Aniq tahliliy usul – olib borilgan tarixshunoslik tadqiqoti voqea-hodisalar tafsilotini kelib chiqish sabablari, rivojlanish jarayonini nazariy va faktik materiallarning o’zaro aloqasida taxlil qiladi, ularning fanda qanday yoritilganligini o’rganadi;
Mantiqiy tahliliy usul – tarixshunoslikda katta imkoniyatlarga ega bo’lib, tarixiy muammoning o’ziga xos xususiyatlari, tuzilishi, boshqa tarixiy hodisalar bilan bog’liqligini o’rganishda qo’llaniladi. Boshqacha aytganda, ma’lum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yo’nalishi bilan bog’liqlikda ifodalaydi;
Xronologik usul – voqea-hodisalar haqida turli bosqich yoki davrda to’plangan tarixiy faktlarni o’zaro bog’liqlikda o’rganishda qo’llaniladi. Bu esa turli zamonda ilmiy fikrlarning harakatini, muammoga yondashuvda konsepsiyalar, qarashlar, g’oyalarning o’zgarib borishini xronologik tartibda takroriy yoki xilma xil jihatlarini ochib beradi; davriylashtirish usulida ma’lum bir tarixiy davriy chegarada tarix fanining sifat, uslub va xususiyatlarining o’zgarishiga ijtimoiyiqtisodiy munosabatlarning ta’siri, har bir yangi bosqichda vujudga kelgan ilmiy g’oyalarni harakatlantiruvchi omil va yo’nalishlar aniqlanadi;
retrospektiv tahlil – har bir ilmiy adabiyot o’z davriga taalluqli bo’lib, uning kuchli va kuchsiz jihatlarini o’zida aks ettiradi.
Tarixshunoslikning davrlanishi va turlar.Metodologiyasi.











