Tasavvuf namoyondalari komil insonni tarbiyalash haqida.

0
Tasavvuf namoyondalari komil insonni tarbiyalash haqida.

Tasavvuf namoyondalari komil  insonni tarbiyalash haqida.

Tasavvuf namoyondalari komil insonni tarbiyalash haqida.

Tasavvuf namoyondalari komil insonni tarbiyalash haqida. Islom madaniyatining tarkibiy qismi  bo’lgan  tasavvuf islom musulmon Sharqi mamlakatlarida falsafa, axloq, madaniyatni  targ’ib etishga, Qur’on va Hadislarning mohiyatini  ochib berishga, ilohiy ilmlar bilan dunyoviy ilmlarni o’zaro bog’lashga intilgan  insonparvar  va halqsevar  ta’limot  sifatida VIII asr o’rtalaridan  boshlab o’z nazariyasi va amaliyoti, ilm  sifatida  shakllandi va  rivojlandi.

Tasavvufning tub mohiyati inson qalbi va ruhiyatini, axloqini poklash, shaxsiy  hayotda halol yashash, zahiran  va botinan  pok bo’lish, pok qalb va ruh kuchi bilan Alloh visoliga etishga  kishilarni  targ’ib-tashviqot  etishdan iboratdir.

Birinchidan,  tasavvuf ta’limot  sifatida  g’oyat murakkab va ko’pqirrali ijtimoiyma’anaviy hodisa bo’lib, uning murakkabligi  va ko’pqirraliligi  tasavvufiy yo’nalishlarning turli  tumanligidan, metod-uslublarining rang-barangligida,  bilish ob’ektining  tadqiqot va targ’ibot  qilgan masalalar doirasining qamrovi juda kengligi, xilma-xilligi va teranligida ifodalanadi.

Ikkinchidan, mazmunan va mohiyatan  inson  qalbini poklashga  qaratilgani, jaholat va xudbinlikka  qarshi  bo’lgani, mehru  shafqat, himmat va mardlik ko’rsatishni targ’ibot etgani, Allohga bo’lgan ishqni  birinchi  o’ringa chiqargani,  ilohiyat yo’lida  dunyodan yuz o’girishini, jismini shu yo’lda qurbon etishni da’vat etgani sababli ham tasavvuf azalazaldan ilmu ijod ahliga yaqin bo’lgan.

N.Komilov ta’kidlaganidek: “…tasavvuf garchi islom  ta’limoti hikmatidan oziqlangan, ko’p hollarda lekin shu diniy aqidaparastlik va mutanosiblikka hamda hokim  tabaqalarning ayshu ishratga g’arq turmush tarzi, talonchilik va maishatparastlikka  zid o’laroq  mehnatkash xalq noroziligini ifodalab keldi. Ushbu ta’limotning el orasiga yoyilib, fikriy yangilanishlarga qanot bergani, haq va haqiqatga tashna ziyolilar yuragini band etganini  sababi shu. Qolaversa, tasavvufning ayni shahar hunarmandlari, qadimdan madaniyati  rivojlanib kelgan ilm-ma’rifat markazlarida taraqqiy etgani ham bejiz emas”.

Tasavvuf ta’limotining mazmun va mohiyatini tushunib etmoq uchun olimu fuzalolarning tasavvufga bergan ta’riflaridan xabardor bo’lmoq lozim. Ilmiy va diniy adabiyotlarda tasavvuf  tushunchasi turlicha ta’riflanadi:

  1. Tasavvuf g’oyalarining ilm sifatida ta’riflanishi: tasavvuf – insonning ruhiyati va ma’naviy olamidagi jarayon bo’lib, uni aqliy hamda axloqiy kamolotga etkazuvchi ilmdir. Bunda bir qator fikrlar ilgari suriladi.

Xususan, “Tasavvuf va tariqat” masalasi o’tmishdagi kabi bugungi kunda ham ko’p bahslarga sabab bo’lgan mavzulardan biridir. Uning o’ziga xos ilm sohasi, amaliy, nazariy, ruhiy va tajribaviy xususiyatlari mavjud. Jumladan, turk olimlaridan Komil Yilmas bu haqida shunday fikr bildiradi:

  • tasavvuf – tajriba orqali his qilib, yashab, anglashiladigan xos ilmdir;
  • tasavvuf amalda qo’llanadigan bir ilm bo’lgandan murshid yoki shayx (ustoz) xuzurida va uning tarbiyasi ostida o’rganiladi;
  • tasavvuf ilmining mavzusi ma’rifotullohdir;
  • tasavvuf – sirlarini o’rgangan murshid yoki shayx (ustoz) hazrati Payg’ambarimizga ulanib, uzilib qolmagan bir silsilaga sohib bo’lish kerakdir;
  • tasavvuf kitobiy bir ilm emas, ya’ni, biror kishi tasavvufga doir yozilgan kitoblarini o’qib, (pir va uning ko’rsatmasini bajarmasdan), shayx va sufiy bo’la olmaydi;
  • tasavvuf movaroi alq (aqldan ustun) bir ilmdir;
  • tasavvuf ko’z bilan ko’radigan bu shahodat va nosud (biz ko’rmaydigan) olamdan tashqari ham har zamon G’arb bahs etadi;
  • tasavvufga tariqat deb atalgan va Allohga etkazadigan o’ziga xos yo’llar kiradi.

Ibn Arabiy Fahriddin Roziyning “Tavsira qabr”i munosabati bilan yozgan maktubida o’qib o’rganiladigan ilmdan tashqari, Allohdan keladigan ilm, ilhom, kashfu hollar borligini va bu ilm, asosan, tariqat yo’li bilan qo’lga kiritilishini ta’kidlaydi.

Abdulvoriy Nadviy shunday fikr bildiradi: “Tasavvuf ruhni badaniy foneliklardan poklab, bezak va botiniy sifatlarida Janobiy Payg’ambarimizga ergashishni o’rgatuvchi ilmdir”.

Bu fikrlardan ko’rinib turibdiki, o’rta asr mutasavviflari tasavvufni o’z dunyoqarashlariga mos holatda ta’riflaganlar. Chunki, tasavvuf har bir mutasavvifning ichki olamidagi  ruhiy jarayon bo’lib, uning yashash joyi va zakovatiga taalluqli shahsiy bir sohadir. Shu bois,  har bir mutasavvif o’zining zehn – zakovatiga ko’ra, tasavvufning ma’lum jihatini bayon etganki, birining tasavvuf haqidagi ta’rifi boshqasidan farqlidir.

Darhaqiqat, yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib ta’riflaganda, tasavvuf inson qalbidagi yomon sifatlardan xalos bo’lish choralarini o’rgatuvchi, qalbdagi ezgu sifatlar va ularni qo’lga kiritish yo’llarini ko’rsatuvchi, ma’naviy martabalarni bosib o’tib, eng yuksak martaba – “komil inson” maqomiga erishmoq qoidalarini o’rgatuvchi  nihoyat, tavhid sirlarini bayon etuvchi bir ilmdir.

  1. Tasavvuf g’oyalarining harakat sifatida ta’riflanishi: “Tasavvuf haqiqatlarni qabul etmoq, insonlarning qo’llaridagi narsalarga ko’ngil bog’lamaslikdir” (Ma’ruf Karhiy); “Tasavvuf go’zal axloqdir” (Sirri Saqatiy); “Tasavvuf amr va nahy ostida sabr qilmoqdir” (Abu Amr Ismoil ibn Junaid); “Tasavvuf aqlingdagi barcha o’y – harakatlarni tark etishning, qo’lingdagi narsalarni ehson qilishning  va senga ro’para kelgan voqea – hodisalardan oh-voh chekmasligingdir” (Abu Said ibn Abil Hayir); “Tasavvuf batamom azobdan iborat” (Abul Hafis – al Haddot), “Nafs lazzatlaridan voz kechish” (Shayx Nuriy); “Nafs manzillarini bosib o’tish” (Shayx Safiy Alim Shoh); “Xudo yo’lida nafsdan kechmoq” (Shayx Ravim); “Yaxshi va oliy xulqqa kirish va past xulqdan chiqishdir” (Shayx Haririy); “Tasavvuf ikki ishdir: biri Alloh buyurgandek to’g’ri yurmoq, ikkinchisi – noshariy ishlarda boshqalardan ajralmoq. Kimki Alloh buyurganini to’liq ado etsa, yurish turishi, xulqi, odamlar bilan muammosi yumshoq va chiroyli bo’lsa, o’sha zotni sufiy deyish mumkin”.

Demak, tasavvuf o’z jozibasi, ahamiyati bilan muhimdir. U  tarbiyaviy  jihatdan  insonning ichki dunyosini  teranlashtirish va poklashga taalluqli  bo’lgani uchun muhimdir. Bu ta’riflarda  u yoki bu darajada juz’iy tafovutlar mavjud bo’lsada, tasavvuflar-ning mohiyati, uning ma’naviy  ahamiyati atroflicha ifodalangan.

Demak, bu dunyo bor ekan, insoniyat bilan birga tasavvuf ham bor.

  1. Tasavvuf g’oyalarining “tariq” ya’ni “yo’l” sifatida  ta’riflanishi bunday ulug’ mutafakkir Alisher Navoiy qalamiga mansubdir. Uning “Favoyid ul-kibor” asarida quyidagicha fikr bayon qilinadi: “Xilofu ixtilofi bo’lmagan zuhd, toat emas, riyosiz, sof tavhidga eltuvchi yo’l”. Mahmud As’ad Jo’shon  ta’rifiga  ko’ra “Tasavvuf favqulodda yuksak darajadagi yo’l bo’lib, unda shaxs barkamol  inson darajasiga ko’tariladi” yoki “dinimizning o’zagi, negizi  va uning haqiqiy ma’nosi, komil inson bo’lish yo’lidir” degan ma’noni bildiradi.
  2. Tasavvuf g’oyalarining “ta’limot” sifatida ta’riflanishi Husayn Voiz Koshifiy  tasavvuf  tushunchasini quyidagicha talqin etadi: “t” – tajriba, ya’ni, ortiqcha narsalardan holi bo’lish  (qolish), behuda ishlardan chetlanish, “s” – sidqu safo, “v” – vafo, “f” – fano18.

Agar tasavvuf nimadir deb so’rasalar aytginki, – deydi Koshifiy, – bu savolga berilgan javoblar bir qancha. Birinchidan, tasavvufning tahliya, ya’ni holi bo’lmoq, qalbni  bo’shatmoq va yaxshi maqtalgan axloqdir, deydilar. Ikkinchidan, tasavvuf tavsiya, ya’ni ruhni ag’yor-begonadan  tozalashdir, deb aytadilar. Uchinchidan, tasavvuf xuzu’, ya’ni nafsni jilovlash, xoksorlik va jonsiporlik namunasini ko’rsatishdir, deydilar. To’rtinchidan, tasavvuf da’voni  tark etish va ma’nolarni xalqdan yashirishdir deguvchilar bor. Beshinchidan, tasavvufni (yana) ibodat husniga  ishorat,  deb ta’riflaydilar.  Oltinchidan, tasavvuf  nafsni  xor tutish va amrni aziz  tutishdir deydilar. Ettinchidan, tasavvuf  barcha

uchun adabdir va kimki  faqir  (darveshlik) odobini biriga o’zini vobosta etmasa,  tasavvufdan  faqat nomgina bo’ladi, xolos deydilar……”Yuqoridagi ta’riflarni umumlashtirib, tasavvufga diniy-pedagogik  ta’limot  sifatida  qarab,  quyidagicha xulosa chiqarish mumkin: “Tasavvuf – diniy-pedagogik xususiyatga ega bo’lgan ilm-ta’limot bo’lib, insonning ma’naviy kamolotiga, barkamol inson bo’lishiga oid diniy –pedagogik bilimlarni (nafs tarbiyasi,  ruh  tarbiyasi, aqliy tarbiya) o’z ichiga oladi va insonni o’z-o’zini boshqarishga o’rgatadi”.

Bu g’oya yosh avlodning ma’nan etuk, jismonan salomat, barkamol inson bo’lib etishishida ustuvor vositalardan bo’lib hisoblanadi.

Sharq mutafakkirlarining Islom va tasavvuf ilmi allomalarining asrlar davomida insonlarni eng ulug’ maqsadlar yo’lida  birlashishiga, hamjihat bo’lishga chaqirgan g’oyalari mustaqil O’zbekiston taraqqiyoti uchun ijobiy ta’sir etmoqda.

Tasavvuf ta’limotiga ko’ra, borliqdagi hamma  mavjudotda, jumladan, insonda ham ilohiy zarralar mavjud. Ta’kidlashlaricha, Qur’on  va Hadislarda belgilangan qonunqoida va maqomlarni izchil sur’atda o’zlashtirish va amalga oshirishi, ya’ni Allohning yakkaligi va borligiga iymon keltirmoq, Alloh taoloni idrok qilmoq  va uning vasliga etmoq  uchun bir qancha maqom va manzillar mavjud: birinchi bosqich –shariat: diniy rasm-rusumlarni, shariat qoidalari  va hukmlarini  amalda qo’llash, Alloh taologa ibodat qilish bilan belgilanadi. Tasavvufchilar uchun shariat asl maqsadga –haqiqat holatiga, ya’ni Alloh taolo rahmatiga  etishishi uchun bevosita, “zinapoya” hisoblanadi. Demak, Allohni aqlu idrok bilan  tanimasdan, shariat  talablarini bajarmasdan  tariqatga o’tish mumkin emas.

Ikkinchi bosqich –tariqat: o’zini har tomonlama  tarbiyalash maqsadida pir yoki shayxga shogird  tushish, yorug’ dunyoni huzuru-halovatlaridan voz kechish, nafsni tiyish nazarda tutiladi. Shuningdek, tavba qilmoq, pirga qo’l bermoq, Alloh qahridan qo’rqish, Tangri dahshatidan umidvor bo’lish, pirning ijozati bilan so’zlamoq, jamoat ko’z o’ngida tiz bukib, tavoze bilan o’ltirmoq, o’zini birovlardan past tutmoq, shayxlar, aziz-avliyolar majlisida sukut saqlab turmoq, beijoza so’z aytmaslik, piri komil o’gitlarini dilga jo etmoq kabi maqomlardan iborat.

Uchinchi bosqich – ma’rifat: “So’fiylar nazarida ma’rifat fikrdan oldin ketadigan  va shubhaga zarracha asos botiniy deb ham yuritilgan. Chunki tasavvuf ahli dunyoviy va diniy ilmlarni birga qo’shib “zohiriy ilmlar” deb ataganlar. Ularning uqtirishicha, zohiriy ilmlar bilan Hudoni bilish qiyin…. Garchi zohiriy bilimlar Haq taolo asarini anglashga yaroqsiz bo’lsa-da, lekin dunyoni bilish Allohni bilishning birinchi bosqichi, ya’ni Allohni bilish dunyoni bilishdan boshlanishi kerak. Chunki dunyo-hasrat olami Allohning ijodi, uning sifatlari, qudratini namoyon etib turadigan ko’zgu”.

To’rtinchi bosqich – haqiqat: bunda so’fiy shaxs sifatida  tugab, Allohning haqiqyi mohiyatini qalban his qiladi. Haqiqat bosqichiga faqat mumtoz so’fiylargina erishishi mumkin. Buning uchun ilmiy laduniy – ilmni  tugal bilish kerak. Bu “Alloh taolo tomonidan

ato qilingan ilm. Unday ilmga urinish, sa’y-xarakat, riyozat chekish natijasida Alloh taolo xohlasa erishish mumkin. Chunki bu Alloh o’zi xohlagan kishilarigagina nasib qiluvchi ilohiy ilmdir.

Laduniy ilm uchga bo’linadi: vahiy, ilhom, farsat. Vahiy payg’ambarlarga, ilhom – avliyolarga, farsat – so’fiylarga Allohning izni bilan beriladi”.

Mavzular.

manba