Tilshunoslik fani va Tillarning morfologik klassifikatsiyasi.
Tillarning morfologik klassifikatsiyasi masalasi bilan G. Shteyntal (1821-1889), N. Fink Moskva tilshunoslik maktabining asoschisi F.F. Fortunatov (1848-1914) ham shug`ullangan. Shunday qilib, morfologik (tipologik) klassifikatsiyaga ko`ra, dunyodagi barcha tillar so`z strukturasining tuzilishi nuqtai nazaridan to`rt tipga bo`linadi. Quyida shu haqda fikr yuritiladi. –
- O`zakli yoki ajratuvchi tillar.
O`zakli yoki ajratuvchi tillarga xitoy, birma, tay, tibet va boshqa Janubiy-Sharqiy Osiyo tillari kiradi. Bu tillarda forma yasovchi, so`z o`zgartuvchi affikslar yo`q. Boshqacha qilib aytganda, gapda so`zlarning o`zaro grammatik aloqasini ko`rsatib turuvchi affikslar bo`lmaydi. Bunday tillarda gap sostavida so`zlarning grammatik funksiyasi va ularning o`zaro munosabati so`zning o`rniga qarab belgilanadi. Grammatik munosabat so`z tartibi, urg`u, intonatsiya va boshqa vositalar orqali ifodalanadi.
O`zakli tillarda gapda so`zlarning o`zaro grammatik munosabatlari, asosan, so`z tartibi orqali ifodalanadi. Masalan, xitoy tilida so`z tartibining o`zgarishi bilan bir gapdan boshqa Yangi gaplar hosil bo`ladi. Buni quyidagi misollarda ko`rish mumkin: shu fan tszay chjotszn-shan – Kitob stolning ustida yotibdi. Chjotszm-shan fanchjd shu – Stolning ustida yotgan narsa kitobdir. Vo jenshi chjege jen – Men bu odamni taniyman. Chjege jen va jenshi – Men taniydigan kishi shu. Xitoy tilida bir so`z turli kontekstda turlicha ma’no va turli grammatik funksiyada kela oladi. Masalan, xao so`zi turli so`z birikmalari va kontekstlarda turli xil ma’no anglatadi: xao– jen – yaxshi odam, sio xao – yaxshilik qilish, dzio xao– qadimgi do`stlik xao vo – bu kishi meni yaxshi ko`radi.
Hind-Yevropa tillarida tovushning pasayishi yoki ko`tarilishi morfologik ahamiyatga ega emas, ammo xitoy tilida tovushning pasayishi va ko`tarilishi natijasida fe’lning hozirgi va o`tgan zamon formalari yasaladi.
II. Agglutinativ tillar
Agglutinativ tillarga turkiy va fin-ugor tillari oilasidagi mo`g`ul tillari, dravid tillari, bantu tillari, yapon va boshqa tillar kiradi.
Agglutinativ tillarning boshqa tillardan ajralib turadigan asosiy grammatik xususiyatlari quyidagilar:
- Affikslar bir ma’noni ifodalaydi; so`z sostavida ishtirok etayotgan har bir affiks faqat bir ma’noni anglatgan holda birin-ketin yopishib kela beradi. Masalan, o`zbek tilida studentlarga so`zida -lar ko`plik, -ga jo`nalish kelishigi ma’nosini ifodalaydi, vengr tilida haz – uy, hazba– uyda, hazak – uylar, hazakba – uylarda.
Flektiv tillarda esa bir affiks bir vaqtning o`zida bir necha grammatik ma’no ifodalashi mumkin. Masalan, rus tilida друзьям so`zida -ям suffiksi bir vaqtning o`zida ham ko`plik, ham jo`nalish kelishigi, ham rod ma’nosini ifodalaydi.
- Affikslar o`zakka mexanik ravishda qo`shilaveradi, lekin o`zak bilan juda birikib ketmaydi; o`zakdan ajralib turadi. Flektiv tillarda esa negiz (yoki o`zak) bilan juda birikib ketadi; o`zak va affikslar mustaqil holda qo`llanmaydi. Qiyos qiling: maktablardan, вижу (o`zagi vid).
- Turkiy tillarda prefiks yo`q, grammatik ma’nolar affikslar orqali ifodalanadi. (O`zbek tilida tojik tilidan o`zlashib qolgan ayrim prefikslargina mavjud.) Affikslarning ketma-ket qo`shilishi natijasida so`zning kengayishi faqat bir tomonga, ya’ni o`ng tomonga yo`nalgan bo`ladi. Flektiv tillarda esa prefiks ham, suffiks ham mavjud: Turkiy tillarda ko`makchilar (posleloglar) otdan yoki ot vazifasidagi so`zdan keyin kelib, uni boshqa so`zga – boshqaruvchiga bog`laydi va ular orasidagi sintaktik munosabatlarni ifodalaydi. Masalan, Tinchlik uchun kurashamiz.
- Turkiy tillarda grammatik rod (jins) kategoriyasi yo`q. Shunga ko`ra gapda so`zlarning o`zaro sintaktik aloqaga kirishuvi o`zgacha: turkiy tillarda, jumladan, o`zbek tilida sifat, son, olmosh, sifatdoshlar ot bilan bitishuv munosabatiga kirishadi. Rus tilida esa bunday so`zlarning birikuvi moslashuvdir. Qiyos qiling: katta bino, beshta daftar, bu odam, o`qiyotgan bola; большойдом, втораякнига, пятькурс.
Hind-Yevropa tillarida kesimning morfologik belgilari faqat fe’lga qo`shilsa, turkiy tillarda kesim vazifasida kelgan har bir so`z turkumiga qo`shilishi mumkin. Qiyos qiling: Это здание-институт; Men ukam bilan kinoga bordim. Biz baxtiyormiz. Bu bino institutdir.
III. Flektiv tillar.
Flektiv tillarga hind-yevropa (rus, nemis, latin, hindu va boshqa tillar), som (arab, ivrit) tillari kiradi. So`zning morfologik formalarining fleksiya orqali yasalishi bu tillarning asosiy morfologik xususiyatidir. Bu tillarda har bir mustaqil so`zning dastlabki shakli ham negiz va qo`shimchalarga bo`linadi, natijada o`zak-negiz mustaqil qo`llanmaydi. Masalan, rus tilida сижу, сидишь, сидят so`zlarining o`zak-negizi сид, сиж bo`lib, bular mustaqil ishlatilmaydi. Bundan tashqari, flektiv tillarda (agglutinativ tillardan farqli o`laroq) bir qo`shimcha bir necha grammatik ma’no ifodalashi mumkin. Masalan, rus tilida: видел so`zidagi -ел qo`shimchasi zamon (o`tgan zamon), son (birlik), shaxs (birinchi), mayl, rod ma’nolarini ifodalaydi.
Flektiv tillarga so`z yasovchi va so`z o`zgartuvchi funksiyani bajaradigan ichki fleksiya xos. Bunda o`zak-negizda tovush almashuvi bilan turli grammatik ma’nolar ifodalanadi.
Ichki fleksiyada undosh tovushlar ham, unli tovushlar ham o`zgarishi mumkin. Ingliz va nemis tillarida ko`proq unli tovush o`zgarsa, rus tilida ko`proq undosh tovushlarning o`zgarishi kuzatiladi.
Ichki fleksiya yordamida nemis va ingliz tillarida otning birlik va ko`plik formalari yasalishi mumkin. Masalan: nemis tilida – Brüder aka Brüder akalar
- Polisintetik tillar.
Polisintetik tillarga Amerika hindlari, chukot, koryak va boshqa tillar kiradi. Bu tillarning asosiy morfologik xususiyatlari – ega, aniqlovchi, to`ldiruvchi va holni ifodalab kelgan so`zlar fe’l bilan birikib, murakkab tarkibli qo`shma so`z formasiga o`xshash gap hosil qilishidir. Bunda gap boshida ega, oxirida kesim, to`ldiruvchi, hol, aniqlovchilar esa ega bilan kesimning o`rtasida keladi. Masalan, chukot tilida tiata-kaa-nmi-rkiin– Men semiz bug`ularni o`ldiryapman. Tillarning yuqorida ko`rib o`tilgan to`rt tipga ajratilishi dunyo tillari so`z strukturasini qiyoslab o`rganishning natijasidir. Ammo tillarni to`rt (o`zakli, agglutinativ, flektiv va polisintetik) tipga ajratish nihoyat darajada nisbiydir. Gap shundaki, sof agglutinativ yoki flektiv til bo`lmaganidek sof o`zakli yoki sof polisintetik til ham bo`lmaydi. Masalan, agglutinativ til hisoblangan turkiy tillarda fleksiya ham uchraydi.
XIX-XX asrlarda tuzilgan mavjud morfologik klassifikatsiya hozirgacha o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q. U tillarning grammatikalarini tuzishda, ularning tarixini o`rganishda va dunyo tillarini qiyosiy-tipologik yo`l bilan tadqiq qilishda xizmat qilib kelmoqda.
Analitik va sintetik tuzumdagi tillar
Tillarning tipologik xarakteristikasida yana analitik va sintetik tuzumdagi tillar farq qilinadi.
Analitik tillarning xususiyati shundan iboratki, bu tillarda grammatik munosabatlar qo`shimchalar (affikslar) orqali emas, analitik vositalar (so`z tartibi, bog`lovchi, ko`makchi va boshqalar) yordamida ifodalanadi. Ingliz, fransuz, fors kabi tillar mana shunday tillardir.
Sintetik tillarda grammatik ma’no qo`shimchalar orqali, ya’ni so`zning sostavida ifodalanadi. Masalan, rus tilida книгу so`zi leksik ma’nodan tashqari bir necha grammatik ma’nolarni ham ifodalaydi (винительныйпадеж, birlik va женскийрод).
Sintetik tillarga qadimgi hind-yevropa tillari, hozirgi litva, nemis, slavyan tillarining ko`pchiligi kiradi. Analitik tillarga esa roman tillari, ingliz tili, daniya tili, yangi grek tili va boshqa tillar kiradi.
Shuni ham qayd qilish kerakki, sof analitik yoki sof sintetik tillar bo`lmaydi. Sintetik til hisoblangan rus tilida analitik tillarga xos xususiyatlar ham uchraydi. Masalan, kelasi zamon yordamchi fe’l yordamida yasaladi: Будуписать, будешьписать, будутписать, будемписать. Analitik til hisoblangan ingliz tilida esa sintetik tillarga xos xususiyatlar uchraydi va hokazo.











