Transport geografiyasini ayrim tushunchalari haqida.
Transport geografiyasining keng tarqalgan umumiy tushunchalari quyidagilardan iborat: magistral, yuk o’tkazish sur’ati, yuk ko’tarish quvvati, yuk oboroti, yo’lovchi oqimi sur’ati va h.k.
Texnik jihatdan yaxshi jihozlangan, juda katta yo’lovchi va yuk oqimiga ega bo’lgan yo’l-transport magistrali deb ataladi. Transport magistrali eng muhim yo’nalishlarda xo’jalik aloqalarining markazlashuvi oqibatida vujudga keladi. Bunday yo’nalishlarda yuk va yo’lovchi tashish arzonga tushadi. Masalan, Transsibir temir yo’l magistrali, Transyevropa temir yo’l magistrali, Transamerika magistrali va h.k.
Yuqorida aytganimizdek, transportning asosiy vazifasi yuk va yo’lovchi tashishdir. Quruqlik va suv yo’llaridan foydalanish darajasini belgilovchi ko’rsatkich uning yuk o’tkazish sur’atidir. Yuk o’tkazish sur’ati deganda ma’lum bir yo’lning yoki suv yo’lining muayyan joyidan ma’lum bir vaqtda har bir yo’nalish bo’yicha o’tadigan yuk oqimining tonnalarda ifodalangan miqdori tushuniladi.
Yuk ko’tarish quvvati – ma’lum bir transport vositasida tashishga mo’ljallangan yuk hajmi. To’rt o’qli temir yo’l vagonining yuk ko’tarish quvvati 62-65 t., daryo kemalariniki 7 ming t., konlarda ishlashga mo’ljallangan avtomobillarniki esa 120 t. dir. Dengiz supertankerlarining yuk ko’tarish quvvati 150-500 ming t.
Yo’lovchi oqimi sur’ati deganda esa, vaqt birligida ma’lum bir transport yo’lida tashilgan yo’lovchilar soni tushuniladi. Yo’lovchi oqimi sur’ati shaharlararo yo’llardan, shahar ichida va shahar atrofida ancha yuqori bo’ladi. Yo’lovchi oqimi kunning ma’lum vaqtlariga (shahar va shahar atrofida), haftaning kunlariga (shahar atrofi) va yil fasllariga qarab o’zgarib turadi.
Shahar ichida va shahar atrofida, qisman shaharlararo masofada yuk va yo’lovchi tashiydigan transport turi shahar transporti deb ataladi. Uning tarkibiga ommaviy transport turlari bo’lgan tramvay, trolleybus, avtobus, metropoliten, yengil avtotransport va boshqalar kiradi.
Transport ishining asosiy ko’rsatkichi yuk oborotidir. Yuk oboroti – ma’lum masofaga tashilgan yuk mig’dori yoki yo’lovchilar sonidir (yo’lovchi oboroti). Yuk oboroti t/km.da ifodalanadi.
Yo’lovchilar, yuklar va yuk tashish vositalarining jo’nash va kelish joylari orasidagi barcha bekatlar, yo’llar hamda davlatlar tranzit deb ataladi.
Bir necha transport turi yo’llari tarmoqlanib ketgan joyda transport tuguni vujudga keladi.
Yo’llarning o’tkazish imkoniyati deganda ma’lum bir yo’l turidan (dengiz, havo, temir yo’l, avtomobil yo’li) bir sutkada o’tishi mumkin bo’lgan transport vositalari miqdori (poyezd, kema, samolyot, avtomobil) tushuniladi. Masalan, ikki yo’lli temir yo’llarning o’tkazish imkoniyati sutkasiga 150 juft poyezdga, bir yo’lli temir yo’llarda esa 30 juft poyezdga yetishi mumkin. Bunga avtoblokirovka ham yordam beradi. Avtoblokirovka – stansiyalar o’rtasidagi yo’llarning avtomatik svetoforlari bo’lgan blok-uchastkalarga bo’lingan qismlaridir. Bu usul ushbu yo’ldan bir vaqtning o’zida bir necha poyezdni o’tkazish imkoniyatini beradi.
Yuk va yo’lovchi oqimi zich bo’lgan, tabiiy to’siqlar bor joylarda yo’llar tunnellar orqali o’tkaziladi. Tunnel deganda transport, piyodalar, suv o’tkazish va boshqa maqsadlarda qurilgan yer osti inshooti tushuniladi. Jahondagi eng uzun tunnel Alp tog’idagi Simplon (19,7 km) tunneli hisoblanadi.






