Undov so‘zlar va Taqlid so‘zlar haqida ma’lumotlar.
Undov so‘zlar
His–hayajon, buyruq – xitob ifodalash uchun ishlatiladigan so‘zlar undov so‘z deb ataladi. Undov so‘zlar 1) his-hayajon: eh, oh, uh, obbo, bas, marsh, hormang, rahmat, barakalla, xayr, salom kabilardan; 2) buyruq – xitob: qurey – qurey, tu -tu, pish – pish, kisht kabi so‘zlardan iborat bo‘ladi. Undovlar boshqa so‘z turkumlaridan lug‘aviy ma’noga ega emasligi bilan farqlanadi.
- His – hayajon undovlar quyidagi ma’nolarni ifodalaydi: 1) so‘roq: Men ham boraman, a? 2) ajablanish: Buni qarang, a! 3) kamsitish: E, shu ham ish bo‘ldi-yu. 4) qo’rqinch: I-i, yiqilib ketaman; 5) taajjub, hayrat: Iye, keldingizmi!? 6) ishonchsizlik: Be, qo‘ysang-chi bu gapingni; 7). achinish, norozilik: Obbo, yana ish pachava, deng; 8) norozilik: E, qo‘ying-ye; 9) mamnunlik: Ehe, ishlar joyida-ku! kabilar shular jumlasidandir.
- Buyruq-xitob undovlari biror ish-harakatni bajarishga undash yoki harakatdan to‘xtatish, tinchlantirish uchun qo‘llanadi. Bu tur undovlardan pish-pish (mushukni), behbeh, tu-tu-tu (tovuqni), bah-bah (itni) kabi undovlar hayvon va qushlarni chaqirish uchun, hayt (hayvon-larni), pisht (mushukni), kisht (tovuqni), chuh (otni), xix (eshakni), qureyqurey (qo‘yni) kabi undovlar hayvon va qushlarni haydash uchun ishlatilsa, dirr, tak (otni), xush, xuush (sigirni), huk (hukizni), ishsh (eshakni), chix (tuyani) kabi undovlar hayvonlarni harakatdan to‘xta-tish, tinchitish yoki harakatga undash uchun ishlatiladi.
Yuqoridagilardan tashqari, ko‘rsatishni ifodalovchi huv, hu kabi so‘zlar, urf-odat bilan bog‘liq: assalomu alaykum, vaalaykum assalom, hormang, bor bo‘ling, rahmat, tashakkur, balli, barakalla, ofarin kabi so‘zlar ham undovlardir.
Nutqda ba’zi mustaqil so‘zlar o‘z ma’nosini yo‘qotgan holda undovga ko‘chishi mumkin: Kel, bir miriqib dam olaylik.
Undovlarda morfologik usul bilan so‘z yasalish yo‘q, biroq ulardan fe’l yasovchi qo‘shimchalar bilan so‘z yasash mumkin: dod+la, voy-voy+la, salom+lash. Undovlar tuzilishiga ko‘ra juft va takror shakllarga ega bo‘ladi: Beh-beh, oh-oh, e-voh, voy-bo‘y kabi.
Undov so‘zlar gapda quyidagi kabi vazifalar bajaradi: 1) undalma vazifasida: Hoy, kim bor!? 2) degan, deb so‘zlari bilan birikib (qo‘shma fel hosil qiladi), sifatlovchi aniqlovchi, hol vazifasida: Olisdan ehe…he… degan ovoz eshitildi. Unga javoban u ham ehe…he… deb chaqirdi; 3) so‘z-gap vazifasida: – Assalomu alaykum, ustoz! –Va alaykum assalom; 4) ayrim undovlar egalik, kelishik va ko‘plik qo‘shimchalarini olib otlashadi va gapda bosh va ikkinchi darajali bo’qlak vazifalarini bajaradi. Masalan, a) ega: Shu payt uning qulog‘iga kimningdir ohi chalindi; b) kesim: Orqada qolganning holiga voy; v) qaratqich aniqlovchi: Ko‘rinar daxshatlar to‘la tush kabi, Mazlumlar ohining ko‘kda tutuni. (G‘.G‘.)
Taqlid so‘zlar
Taqlid so‘zlar sharpa, tovush, sho‘la, harakatlarning obrazi bo‘lgan so‘zlardir. Taqlid so‘zlar ikki guruhni tashkil qiladi: 1) tovushga taqlid so‘zlar. Tovushga taqlid so‘zlar tabat va jamiyatda uchraydigan xilma-xil tovushlarni nutqqa ko‘chirilishi asosida yuzaga keladi: inga-inga, pix-pix, vov, uv, qag‘-qag‘, taq, gurs, gumbur kabilar; 2) harakat va holatga taqlid so‘zlar. Harakat va holatga taqlid so‘zlar tabiatda uchraydigan turli narsa va hodisalarning harakat va holatlarni so‘zlar vositasida ifodalanishi asosida vujudga keladi: yalt, lip, lik – lik, yalp – yalp, bij – bij kabilar. Taqlid so‘zlar yakka va takror holda ishlatiladi. Takroriy taqlid so‘zlar asosida davomiylik, takrorlanish kabi ma’nolarni ifodalanadi. Qiyoslang: U piq etib kuldi. U piq-piq ko‘ldi. Tovushga taqlid so‘zlarga, ba’zan –ir, -ur kabi unsurlar qo‘shilib takror shaklda ishlatilganda, ularning ma’nolari kuchaytiriladi: taq+ir-tuq+ur, tas+ur-tus+ur, dup+ur-dup+ur.
Taqlid so‘zlar boshqa turkumlardan yasalmasa ham, biroq ular asosida ot va fe’l turkumiga doir so‘zlarni yasash mumkin: qars+ak, bizbiz+ak, sharshar+a, g‘arg‘ar+a, jizz+a kabi otlar, taq+illa, duk+illa, lapang+la, milt+illa, taq etmoq, lik etmoq kabi fe’llar shular jumlasidandir.
Taqlid so‘zlar gapda, asosan hol va sifatlovchi aniqlovchi vazifalarini bajaradi. Bunda ular etgan va etib kabi so‘zlar bilan birikib kelishi ham mumkin. Masalan: Sobir yaxna ko‘k choyni qult-qult yutdi. O‘rmon bo‘ylab boltaning taq-taq etgan tovushi taralib sokinlikni buzardi. Simyog‘ochga ilingan chiroq shamolda taq-taq etib ovoz chiqarardi.
Taqlid so‘zlar otlashganda ega, to‘ldiruvchi, qaratqichli aniqlovchi kabi vazifalar bajaradi. Masalan, ega: Bu yerdan to‘plarning gumbur-gumburi eshitilib turardi; to‘ldiruvch: Senlar bu yerda vag‘ir-vug‘ur bilan ovvorasanlar; qaratqich aniqlovchi: Xolmurodning kirib kelishi quvnoq qiy-chuvning bosilishiga sabab bo‘ldi.











