Voleybolning sport turining atamalari.
Voleybol bo`yicha oliy ma’lumotga ega o`qituvchi-murabbiyning kasbiy-pedagogik faoliyati quyidagi ta’lim va sport muassasalarida amalga oshirilishi mumkin:
- maktabgacha tarbiya muassasalari;
- umumta’lim maktablari;
- o`rta maxsus ta’lim muassasalari (AL, KHK);
- olimpiya zaxiralari kollejlari;
- BO`SMlar;
- Bolalar va o`smirlar olimpiya zaxiralari maktablari;
- oliy sport mahorati maktablari;
- sport klublari;
- ko`ngilli sport jamiyatlari;
- terma jamoalar;
- xususiy sog`lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya va sport markazlari; – oromgohlar va sog`lomlashtiruvchi maskanlar.
O`qituvchi-murabbiy amaldagi o`quv rejasida qayd etilgan fundamental, maxsus va ixtisoslik fanlari bo`yicha belgilangan nazariy bilim, kasbiy-pedagogik ko`nikma va malakalarni o`zlashtirgan bo`lishi, jismoniy tarbiya va sportga oid hamda aloqador huquqiy, me’yoriy va ma’muriy hujjatlar mohiyatini bilishi va ularga amal qilishi, ommaviy sport mashg`ulotlarini o`tkazish, sport zaxiralari va yuqori malakali sportchilar tayyorlash tajribasini o`rganib borishi darkor (1-andoza). SHaxs sifatida shakllangan, yuksak ma’naviy va madaniy xislatlarga ega, aqlan teran, mustaqil fikrlovchi, ijodkor, milliy va umumbashariy qadriyatlarni o`zida jo qilgan, murakkab vaziyatlarda tashabbus va mas’uliyatni o`ziga olishga qodir va keng dunyoqarashga ega inson bo`lib yetishishi talab qilinadi.
O`qituvchi-murabbiyga qo`yiladigan malakaviy talablar uning kasbiy-pedagogik faoliyatiga xos turli yo`nalishli ko`nikmalar bilan belgilanadi: boshqaruvchilik, loyihalash, tashkilotchilik, konstruktiv, kommunikativ, gnostik, targ`ibot-tashviqot, tadqiqotchilik (2andoza).
Murabbiyning loyihalash ko`nikmasi o`z ichiga ko`p yillik sport trenirovkasi tizimida yuqori malakali va sport zaxiralarini tayyorlash, yillik tayyorgarlik sikli (makrosikl), mezosikl va mikrosikllarga mo`ljallangan mashg`ulotlar loyihasini ishlab chiqish, ommaviy voleybol tadbirlarini rejalashtirish hamda sportchilarni ertalabki gimnastika va jismoniy sifatlarni rivojlantiruvchi mashqlar majmualarini mustaqil rejalashtirishga o`rgatish kabi masalalarni kiritadi.
Konstruktiv ko`nikma shug`ullanuvchilarni voleybolga oid va unga aloqador bilimlar bilan qurollantirish, mashqlarning murakkabligi va organizmga ta’sir etish xususiyati bo`yicha ularni tanlashga o`rgatish, mehnat, ta’lim olish, ovqatlanish, uxlash va dam olish jarayonlarini to`g`ri tashkil qilish ko`nikmalarini shakllantirish, sportchilarni mashg`ulot va musobaqa jarayonlarida mustaqil qaror qabul qilishga o`rgatish muammolarini o`z ichiga oladi.
Tashkilotchilik qobiliyati shug`ullanuvchilarning ko`pqirrali va ko`pyo`nalishli faoliyatini to`g`ri tashkil qilish, ta’lim-tarbiya va sog`lomlashtirish jarayonlarini maqsadli amalga oshirish kabi chora-tadbirlar bilan ifodalanadi.
Kommunikativ ko`nikma – bu murabbiyda sportchilar, ota-onalar, turli toifa va mansabga ega xodimlar, jamoat tashkilotlari bilan to`g`ri munosabat o`rnatish masalalari bilan izohlanadi.
Gnostik ko`nikma voleybolga oid turli yosh va malakali voleybolchilar mashg`ulotlari nazariyasi va uslubiyatiga xos bilimlarni o`zlashtirish, ilmiy va uslubiy adabiyotlardan foydalanish, ilmiy tadqiqotlar o`tkazish, o`z tajribasi va ilg`or tajribalar mohiyatini tahlil qilish masalalarini o`z ichiga oladi.
O`qituvchi-murabbiy faoliyatiga xos ushbu ko`nikmalar bir-biri bilan chambarchas bog`liqdir. Bundan tashqari, talabalar ta’lim jarayonida tanishtiruv amaliyoti, o`qituvchilik va murabbiylik kasbi bo`yicha malakaviy amaliyotlar talablarini bajarishi, tanlangan mavzu bo`yicha bitiruv malakaviy ish yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va IV kursda o`z malakaviy ishlarini yakuniy davlat attestasiyasidan o`tkazish o`quv rejasida belgilangan.
«Voleybol nazariyasi va uslubiyati» fanida (shu jumladan, voleybol amaliyotida ham) tez-tez takrorlanib turadigan tushunchalar va atamalar mohiyatini bilish, ularning mantiqiy ma’nosini anglab olish ushbu darslik mavzulari va materiallarini yanada chuqurroq o`zlashtirish imkonini yaratadi.
Quyida qator tushunchalar va atamalar mohiyati ochib berilgan.
Texnika – yunoncha «tehnus» so`zidan kelib chiqqan bo`lib, o`zbek tilida «san’at» ma’nosini anglatadi. Sport amaliyotida va xususan, voleybolda «texnika» harakat malakalari, o`yin usullarining tuzilish shakli, mazmuni va ijro etish tartibini ifodalaydi. Muayyan harakat (o`yin usuli – zarba, to`p uzatish, to`p kiritish va h.k.) texnikasi maxsus mashqlar yordamida qanchalik ko`p va uzoq vaqt takomillashtirilsa, u shunchalik go`zal, chiroyli, yengil, bioenergetik jihatdan tejamli, samarali, aniq va «san’at» darajasida ijro etiladi.
Taktika – yunoncha «taktikus» so`zidan olingan bo`lib, o`zbek tilida «tartiblashtirish» ma’nosini anglatadi.
Strategiya – yunoncha «strategia» so`zidan olingan bo`lib, harbiy sohada, siyosiy partiyalarda eng samarali yo`l, usul yoki vositani tanlab, g`alaba sari olib borish ma’nosini ifodalaydi.
O`yin malakalari – o`yin vositalari (to`p uzatish, to`p qabul qilish, zarba, to`siq, to`p
kiritish)ni ifodalovchi harakat turlarini anglatadi.
O`yin usullari – o`yin malakalarini turlicha usullar (yuqoridan va pastdan ikki qo`llab hamda bir qo`llab to`p uzatish, to`g`ri yo`nalishda zarba berish yoki burib zarba berish, to`p kiritish turlari va h.k.)da ijro etishni ifodalaydi.
Taktik harakat – samarali natija yoki g`alabaga qaratilgan hamda yakka, guruh va jamoa ishtirokida ijro etiladigan malakalarni anglatadi.
Texnik tayyorgarlik – texnik mahoratni shakllantirishga qaratilgan pedagogik jarayon.
Ushbu jarayonning natijasi texnik mahoratni o`sganlik darajasini ko`rsatadi.
Taktik tayyorgarlik – taktik mahoratni shakllantirishga qaratilgan pedagogik jarayon.
Ushbu jarayonning natijasi taktik mahoratni o`sganlik darajasini ko`rsatadi.
Mashg`ulot yuklamasi – muayyan hajm, shiddat, muddat, takrorlanish, yo`nalishda ijro etiladigan va sportchi organizmiga (ish qobiliyatiga) ta’sir etuvchi mashqlar yig`indisini ifodalaydi. Musobaqa yuklamasi – musobaqa davomida bajariladigan va ish qobiliyatiga ta’sir etadi gan o`yin yuklamasini anglatadi.
Tanlov va o`yin ixtisosligi (amplua)ga yo`naltirish – nasliy va hayot davomida erishilgan jismoniy (bo`yi, vazni, kuch, tezkorlik, sakrovchanlik, chaqqonlik, chidamkorlik, egiluvchanlik va h.k.) va psixofiziologik (harakat reaksiyasi, ko`rish doirasi, ko`rish o`tkirligi, diqqatni jamlanishi, eslab qolish qobiliyati, yurakni qisqarish chastotasi, nafas olish chastotasi, arterial qon bosimi va h.k.) ko`rsatkichlarni baholash asosida sport turiga saralab olish hamda boshlang`ich tayyorgarlik yakuniga borib va o`quv-trenirovka bosqichi davomida o`yin ixtisosligiga yo`naltirish jarayonlarini o`z ichiga oladi. Tanlov ko`p qirrali, keng qamrovli va ko`p bosqichli jarayon bo`lib, har o`quv-trenirovka yili yakunida o`tkazilishi tavsiya etiladi. Terma va klub jamoalariga qabul qilish (saralash.) ham tanlov asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, voleybol amaliyotida «Zarbaga qisqa, uzun, tezkor to`p uzatish»,
«Morita» (yapon o`yinchisi ismi bilan atalgan) finti, «Kesim» (krest), «To`lqin» (volna), «Ketma-ket» (eshelon) va boshqa shu kabi atamalar qo`llaniladi. Ularning mohiyati muvofiq boblarda izohlangan.












