Xalq pedagogikasi.

Xalq pedagogikasi.
Turonzamin-u Turkistonning davrug‘i olamga sig‘may, necha-necha
zamonlardan beri ellardan-ellarga, tillardan-tillarga o‘tib doston bo‘lib kelganligi tarixiy asarlarda eslatib o‘tilgan.
O‘zbek xalqining yosh avlodni ijtimoiy-maishiy hayotga tayyorlashdagi urfodati va an’analari, ta’lim-tarbiya sohasidagi ko‘p asrlar davomida qo‘llagan usul va vositalari, ibratli tajribalari dostonlar, ertaklar, asotirlar, askiyalar, latifalar, mavsumiy marosim qo‘shiqlar, naqllar, rivoyatlar, afsonalar, maqollar, laparlar, matallar, hikmatlar, aforizmlar, topishmoqlar, tez aytishlar, bolalar o‘yinlari, allalar, to‘y va aza qo‘shiqlari, erkalashlar, ovutmachoqlar, bekinmachoqlar, yalinchoqlar, hukmlagichlar, chorlamalar, cheklashmoqchalar, guldur-guplar; o‘yin-kulgulardan iborat xalq pedagogikasida mujassamlashgandir. SHu jihatdan o‘zbek xalq pedagogikasi – xalq va donishmandlarning yoshlarni davr talablariga muvofiq kishilar qilib etishtirishda, ta’lim-tarbiya ishlarini amalga oshirishda qo‘llagan usul, vosita va tajribalar yig‘indisidan iboratdir. CHunki hali maktab bo‘lmagan, pedagogika fan sifatida shakllanmagan davrdayoq qabila a’zolarining yoshlarda mehnatsevarlik, jangovarlik, axloq-odob, nafosat, do‘stlik, mehr-shafqat, insonparvarlik hislatlarini shakllantirish va o‘stirish sohasidagi aql-idroki o‘sha davrdagi hayotiy tajribaning mevasi sifatida bizning davrga qadar etib keldi va xalq pedagogikasi shaklida tarkib topdi.
O‘zbek xalq pedagogikasiga xos xususiyatlar – insonparvarlik, ochiq ko‘ngillilik, saxovatlilik, poklik, to‘g‘ri so‘zlik, haqiqatgo‘ylik, rostgo‘ylik, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevarlik, vatanparvarlik, baynalmilallik kabi fazilatlardan iborat bo‘lib, bu fazilatlar tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy shartsharoitlar bilan belgilanadi va umumbashariy xususiyat kasb etadi. SHu ma’noda xalq pedagogikasi ma’lum davrda yashagan xalq, elat, guruh madaniyati, ma’naviyati, ta’lim-tarbiya va pedagogik fikrlarining tarkibiy qismidir. Uning umumbashariylik xususiyati shundan iboratki, u demokratik yo‘nalishda rivojlanadi, xalqning ezguliklari, orzu niyatlari va g‘oyalarini ifodalaydi.
O‘zbek xalq pedagogikasidagi ilg‘or g‘oyalar – yosh avlodni aqliy va jismoniy jihatdan etuk, ma’rifatli, bilimli va kasb-hunarlarni egallagan, odob-axloq qoidalarini mujassamlashtirgan, barkamol inson qilib tarbiyalashdir.
O‘zbek xalq pedagogikasi urf-odat, an’ana va qadriyatlari bir avloddan ikkinchi avlodga og‘zaki tarzda o‘tadi, so‘ngra og‘zaki ijod va yozma adabiyot mahsuli – maqol, masal, topishmoq, ertak, latifa, qo‘shiq, lapar, askiya, dostonlar vositasida ommalashadi. SHu sababli ham, xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyot, asrlar davomida yaratib kelingan xalq latifa va qo‘shiqlari, lapar va askiyalari,
hikmatlari, maqollar va masallar, ertaklar va dostonlarida o‘zbek pedagogikasining zamini, fundamenti va yagona tarbiya vositasi bo‘lib kelmoqda.
Har bir jamiyatda yashagan xalq ruhi: do‘stlik, birodarlik, mardlik, vatan va xalqqa sodiqlik g‘oyalari ifodalangan, ulug‘langan; ota-onaning o‘zaro ahilligi, ular bilan farzandning o‘zaro mehr-muhabbati, qadr-qiymati, eng yaxshi insoniy fazilatlari tarannum qilingan.
Ma’lumki, o‘zbek xalq pedagogikasida farzandli bo‘lish, o‘z farzandini jasur, botir va barkamol inson qilib tarbiyalash alohida o‘rin tutadi. Masalan, “Oltin beshik”, “Ilimxon”, “Olmos botir”, “Dono qiz” ertaklarida va “Alpomish”, “Rustamxon”, “Murodxon”, “Oysuluv”, “SHirin va SHakar”, “Kuntug‘mish” dostonlarida farzand ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lishlik eng yuksak insoniy orzuhavas ekanligi, u ota-onaga baxt-saodat, quvonch va ma’naviy-ruhiy kuch-quvvat bag‘ishlashi bayon etiladi.
Darvoqe, bola ko‘rish va tarbiyalash baxtiga muyassar bo‘lgan onalarning “alla” aytmaganligini tasavvur qilish mumkin emas. Abu Ali ibn Sino ona allasining tarbiyaviy ahamiyatini quyidagicha ta’riflaydi: “Bolaning talabini qondirmoq uchun unga ikki narsani qo‘llamoq kerak. Biri – bolani sekin-sekin tebrating, ikkinchisi uni uxlatish uchun odat bo‘lib qolgan musiqa-allalashdir. SHu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolalarning tanasi bilan badan tarbiyaga va ruhiyoti bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi hosil qilinadi” Xalqimizda bolaning fe’l- atvori, badnafas, berahm bo‘lishi yoki insofli, diyonatli, mehr-shafqatli bo‘lishi uni tug‘dirishga yordamlashgan ena (doya)ga va onaning sehrli hamda mehrli allasiga bog‘liq degan naql borligi bejiz emas. Alla orqali chaqalloqqa singdirilgan insoniy fazilatlar sog‘lom avlod va barkamol shaxs kamolatida onalar va doyalarning mas’uliyati katta ekanligidan dalolat beradi.
Demak, har qanday tuyg‘uning alifbosi ona mehridan boshlanishini ko‘rsatmoqda. Onani homiladorlik davridan e’tiboran uni to‘g‘ri parvarish etish, tegishli shart-sharoitlar yaratish va onaning ruhiy – fiziologik sog‘lomligi tug‘iljak farzand salomatligini ta’minlashiga e’tiborni qaratish lozim.
Bola qalbida tuyg‘uning shakllanishi va rivojlanishi avvalo insondagi barcha yaxshi fazilatlar bilan bog‘liq holda amalga oshadi. Ona va bolani bir – biri bilan bog‘laydigan tarbiyaviy vosita – alla bo‘lib, unda chuqur milliy ruh, ohang va mungli tuyg‘u yashirinib yotadi. Ona qalbidan qalqib chiqayotgan haroratli alla o‘zining hissiy – emotsional ranglarga boyligi bilan bola ruhiyatiga ta’sir etadi. Unda bolani tarbiyalovchi, tinchlantiruvchi, dam oldiruvchi va uxlatuvchi sirli va va sehrli ohangdan tashqari, tuyg‘u uyg‘otuvchi ta’sir bor.
Ikkinchidan alla orqali bo‘ladigan ona-bola muloqoti bolaning oliy nerv faoliyatining shakllanishida, ayniqsa harakat va nutq faoliyatini tarkib topishida alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, tuyg‘uning shakllanishi bola o‘sayotgan oilaga, ya’ni ota-onasining insoniylik dunyoqarashi, mehnatsevarligi, madaniy va ma’lumot saviyasiga ham bog‘liq hisoblanadi. SHu bilan birga har bir shaxsning jismoniy va aqliy faolligini ham belgilab beradi.
Ayni paytda tuyg‘usizlik esa, shaxsdagi illatlar va qusurlarning ildiz otishini rivojlanishi bilan bog‘liq holda kechadi. Demak, tuyg‘u o‘ta murakkab jarayon bo‘lib, milliy va umuminsoniy tarbiyaning asosini tashkil etadi.
Bolaning kamolatida alladan keyingi tarbiya vositasi ovutmachoqdir. Ovutmachoqning alladan farqi shuki, alla chaqaloqni tinchlantirishga, uxlatishga yordam bersa, ovutmachoqlar, aksincha, bolani biron narsa bilan mashg‘ul qilishga, harakatli faoliyatga, uning fikrini nimagadir safarbar etishga yo‘naltiradi. Masalan, ona bolani beshikdan echib olar ekan, o‘ng bilagidan g‘oz ko‘tarib: “o‘so‘s!” deydi, yana chap bilagidan ko‘tarib: “o‘s, o‘s!” deydi. Bu o‘rinda og‘zaki aytilgan odatiy so‘zlar chaqaloqni bir qo‘lida ko‘tarib turish me’yorini belgilab beradi. YAna bir harakat bor: ona bolani yuzi bilan erga yotqizib, chaqaloqning o‘ng qo‘lini chap oyog‘iga, chap qo‘lini o‘ng oyog‘iga tekizadi va shu harakat paytida “Ettimi, ettimi” deb ikki marta aytadi.
Bolaga tish chiqishi bilan bog‘liq urf-odatlar va an’analar ham tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Masalan, yoshi ulug‘ onaxonlar qozonda bug‘doy qovurib, chaqaloqni ustidan sochadilar-da: “CHaqaloqning tishi xuddi bug‘doyga o‘xshab chiroyli chiqsin” deyishadi. Bu urf-odat marosimiga to‘plangan bolalarni bug‘doy qovurmochi bilan mehmon qilishadi. Ba’zan bu urf-odatni, ya’ni bug‘doy sochilishi “Nasibalik bo‘lsin” degan ma’noda tushuntiradilar.
Bola bo‘ynini tutib, tizzaga o‘tiradigan bo‘lganida bolaning fikrini bir nuqtaga to‘plashga odatlantiradigan mashqlar qilinadi. Bu birinchi navbatda bolaga o‘zining tana a’zolarini tanishtirishdan boshlanadi. Ota-ona bolasini tizzasiga o‘tqazib olib, uning jajji barmoqchalarini bir chekkadan sanaydi:
– bosh bodam barmoq (qoramaldoq), o‘rta tarak, hojimijik (hojimerak), mijiqlijik (kichkina chaqaloq). Oxirgi barmoqning nomi aytilganda “tugadi” ma’nosini anglatishi uchun ohangni o‘zgartirib birdaniga to‘xtaydi.
Bola o‘z tana a’zolarini “taniy” boshlaydi. Ota-ona u bilan mashg‘ulotni davom ettiradi: “bunisi-burnisi”, Bunisi nima? YAna o‘zi javob beradi: “qulog‘isi”. “Bunisi-qoshlari”, “Bunisi ko‘zlari” alohida – alohida qo‘l tegizib turib ta’kidlanadi. SHu yo‘sinda sochi, qo‘llari, oyoqlari tushuntiriladi va vazifalari ham sodda qilib aytib o‘tiladi.
Navbatdagi tanishtirish oila a’zolari bo‘ladi. Bunda odatda otadan boshlanadi: “Otaning vazifasi ishlab, bizga “nanna” (non) olib kelish” bilan izohlanadi. Ona chaqaloqning qornini to‘ydiruvchi va uni ko‘tarib yuruvchi, aka-singillar esa otaonaga ko‘makdosh…. Bola ulg‘aygan sari oilada, kishilar orasida va jamiyatdagi mehnat taqsimotini shu tariqa tushuna boshlaydi.
Ota-onalar bolalariga ovutmachoqlar aytib sog‘lom o‘stirish bilan birga, bola tilga kirishi bilanoq axloq-odobning alifbosi bo‘lgan salomlashishni ham o‘rgatishgan. CHunki xalqimiz o‘zining an’anaviy tarbiyaviy uslublarida bolalardan har doim kattalarga birinchi bo‘lib salom berishni talab qilgan. Bolalarni uyga kirishda, o‘zidan katta kishi bilan uchrashganda o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan holda “Assalomu alaykum” deb omonlashishga o‘rgatishgan.
Xalq pedagogikasi aqliy tarbiyaning tub – asosi odamlarning dunyoni bilish qobiliyatiga, yashab turgan borliqni bilish darajasiga borib taqaladi deb, yoshlarning olam sirlarini bilib, o‘zlashtirib olish masalasiga alohida diqqat qaratadi. Insoniyat hayot kechirishi uchun o‘zi yashashga mansub bo‘lgan tabiat yaratilishi, uning o‘ziga xos qonuniyatlari bilan xususiyatlarini bilishlari zarur ekanligini qadim davrlardanoq anglab etgan. Insonning dunyoni bilishga intilishi uning ongli bo‘lishi, dastlabki mehnat qurolini yaratish bilan barobar yuzaga kelgan Bu uzoq davom etgan tarixiy jarayon belgilari xalq urf-odatlari, folklori, tabiiy, matematik, astronomik bilim, tajribalarida bizning davrimizgacha saqlanib kelgan.
Xalq ko‘p asrlik kuzatish va tajribalari natijasida real borliq, tabiatni anglash va o‘rganish insonga sezgi a’zolari orqali beriladigan ma’lumotlar asosida shakllanishini tushunib etdi Ayniqsa, diqqat, sezgi, idrok, xotira, qiyosiy fikrlash kabi insondagi bilish faoliyatiga mansub hodisalarning borliqni o‘zlashtirish uchun asosiy vositalar ekanligi, inson bilimi shaxsga xos individual xususiyatga egaligi va sub’ekt uchun yuzaga kelgan qulay vaziyat, sharoit bilan aloqador ravishda shakllanishi xalqqa ma’lum edi. Hayotiy bilimlarning inson umrida ko‘rgani, kuzatgani va mehnat tajribalari orqali to‘plab kelingani, ushbu bilimlar odamdagi sezgi a’zolari bergan muayyan ma’lumotlar bilan boyib, takomillashuvini xalq yaxshi angladi. Ayniqsa, inson o‘z sezgi a’zolarini tevarak-atrofni tushunish va anglab etishda eng asosiy vositalar ekanligiga va insonning ravnaq topishiga asos ekanligiga alohida diqqat qaratdi. Sezgi a’zolari bergan ma’lumotlarga tayanish – xalqning yoshlarga olamni bilishga o‘rgatish usullaridan biri bo‘ldi. SHu sababli xalq pedagogikasida sezgi a’zolarining dunyoni bilishdagi xizmati haqida ko‘pgina fikrlar mavjud. Ertak, naql-maqol, xalq qo‘shiqlari va dostonlarda ko‘zning ko‘rish, quloqning eshitish, burunning hid bilish, qo‘lning qattiq-yumshoqni, issiqsovuqni ajratishi va boshqalar bilan bog‘liq ma’lumotlar g‘oyat ko‘p. Ayniqsa, har bir sezgi a’zosining o‘ziga xos xizmati, insonning aql, bilim egallashida o‘z o‘rni mavjudligi ulug‘lanadi.
Xalq pedagogikasida insondagi sezgi a’zolariga alohida diqqat qaratilishi ularning kundalik turmush tajribalari asosida sezish turlarini xillarga ajratishga, inson sezgila-rining bir-biridan farqlanishini tushunishga imkoniyat yaratdi.
Xalq dunyoni bilish, undagi narsa va hodisalarning farqli va o‘xshash jihatlarini aniqlashga intilish, umuman insonning bilish faoliyati avvalam bor uning ma’lum bir narsaga diqqat qaratishiga, e’tibor berib nazar solishiga bog‘liq deb hisoblagan. Diqqat odamning dunyoni bilishga kirishish jarayonidagi ilk bosqich bo‘lib, uni maqsad sari boshlab borishga yo‘nalish beruvchi xususiyatga ega deb tushungan xalq «Odam diqqatli bo‘lsa, ishi razbatli bo‘ladi», «Diqqatning yuqligi, aqlning bo‘shligi», «Diqqatsiz odam, aqlsiz nodon». «Diqqat bilan qarasang, so‘z aytishga yararsan» kabi nasihatlar qiladi. SHuningdek, «Qirq qiz», «SHahriyor» dostonlarida har bir ishning samarali tugallanishida, ayniqsa, olamni bilishga iitilib, u haqdagi tushunchalarni to‘plashda inson diqqatining, ziyrakligining ahamiyati alohida ta’kidlangan. Diqqat istagan narsani o‘rganishga kirishish uchun aqlni ishga solishda eng zarur hodisa deb e’tirof etilgan.
Kimningdir diqqati sust, past bo‘lsa, uning – bilimlilik darajasi, tushunuvchanligi, berilayotgan intellektual ma’lumotlarni qabul qilish sur’ati va sifati ojiz bo‘ladi. Xalq bundaylarni «anqov», «nazarsiz», «pandavaqi» sifatlari bilan ayblab, «Bilishga zehni yo‘qning aqli bilan fahmi yo‘q», «Diqqat o‘yni uyotar, o‘y bo‘yni uyg‘otar» deb e’tiborli bo‘lish, muayyan narsa xususiyatlariga diqqat qaratish inson aqlining ishga kirishishini, ma’lum faoliyat boshlashga olib kelishini uqtirgan va narsa yoki hodisaning aniq tushunarli bo‘lishiga yordam beradi deya izohlagan. Ayniqsa, yoshlarning ziyrak, kuzatuvchan, diqqatli bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan holda, bunday xosiyatlarni egallamagan kishilar ustidan «Ongi to‘qning aqli yo‘q» kim deb chiqargan (Bu o‘rinda «ong» so‘zi diqqat, e’tibor ma’nosida kelmoqda).
Xalq diqqat qaratilgan, e’tiborga olingan narsalarning inson shuuri tomonidan qabul qilinishini, bunga bog‘liq ravishda o‘ziga munosabat tug‘dirishini yaxshi payqagan. Xalqning qadim davrlarda mehnat qurollarini iste’molga olib kirishi va mehnat jarayoni inson sezgi a’zolari faolligining oshishiga erdam bergan Sezgi ma’lumotlarini idrok etish odamning dunyoni bilishida eng muhim hodisa sifatida e’tirof etilgan. Idrok etishni «quloq solish» bayon qilingan ma’lumotlarni tinglash odam bilimi va tushunchalarini takomillashtiradi. Aytilgan pand nasihatlarni inobatga olgan kishi, unga amal qilish orqali aqliga aql qo‘shib, bilimini boyitadi. Xalq «Aytuvchi oqil bo‘lsa, tinglovchi dono bo‘lar», «So‘zni aytgil uqqanga» – deb qabul qilish hodisasiga alohida diqqat qaratgan. Xalq qabul qilish muayyan darajada o‘sha narsani yoshlarning tushunishi, mavjud taassurotini konkretlashtirishi uchun intilishini ham o‘z tarkibiga oladi deb bilgan. Qabul qilishni bilishga, anglashga intilishning dastlabki bosqichlaridan biri sifatida izohlab: «Quyma quloqqa aytilgan so‘z qo‘yib olinadi», «So‘z qadrini oqil bilar, eshitgan so‘ziga amal qilar» deya eshitganini uqib oluvchi yoshlarni rag‘batlantiradi. Bu bilan o‘rganilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni o‘zlashtirishga qiziqadigan, qabul qiladigan, tushunadigan kishilarning olamni anglashi oson kechishini tushuntiradi.
Xalq pedagogikasi idrok etishning quloq vositasida ro‘y beradigan eshitish orqali amalga oshadigan shaklining faol istifoda qilinishini yaxshi anglagan.
Ayniqsa, «Oz so‘zlab, ko‘p tinglash» talab qilish natijasida ko‘p bilim olish mumkinligiga katta e’tibor qaratgan. SHuningdek, xalq «Quloq bilim eshigi, so‘z ko‘ngil beshigi», «Quloq eshitsa, yurak ishonadi», «So‘z otasi quloq», «Qulog‘ingga quyib ol», «Oqma quloq (eshitganini darhol esdan chiqaradigan) bo‘lma», «Quloq eshitmas, eshitsa kechikmas», «Eshitgan bilan quloq to‘ymas» singari naql-maqollarda olam va ijtimoiy hayot hodisalarini bilishda eshitish a’zosining o‘rni va vazifasi katta ekanligini, odamlar eshitish orqali zarur ma’lumotlarni o‘zlashtirishini, eshitish aqliy takomillashish jarayoniga ijobiy ta’sir etib odam bilim olish qobiliyatini o‘stirishini, quloq bayon qilingan, tushuntirilgan bilimni qabul qilish vositasi ekanligini, bilishning, eshitishning chegarasi yo‘qligini «Quloq tuymasligini» qayd qilgan.
Xalq ko‘rish a’zosi ko‘z yordamida olinadigan tushunchalar mazmuni va ko‘lamiga ham alohida diqqat qaratadi. Ko‘rish sezgisi bergan ma’lumotlar boshqa sezgilar vositasida olingan bilim-tushunchalarga chog‘ishtirganda ancha ko‘p va sifatli bo‘lib, insonning dunyoni bilishida muhim rol o‘ynaydi. Xalq yoshlarga doimo ko‘z bilan ko‘rilgan narsalarga ishonch bildirishini, ko‘z bilan ko‘rish narsa va hodisalarning chinligi, realligini isbotlovchi omil ekanligiga vasiyat qilgan. SHu sababli «Ko‘zi ko‘rmasning ko‘ngli sezmas». «Ko‘z ko‘rmay ko‘ngil ishonmaydi» deb qanday narsa bo‘lsa ham ma’lumotning asosli, ishonchli bo‘lishi uchun ko‘rish a’zosi xizmatiga alohida diqqat qaratilgan.
Xalq pedagogikasi. Xalq og‘zaki ijodi namunalari merganlik, kamondan otish, nayza sanchish, kurash, qilichbozlik, ot yoki tuyalar ishtirokidagi poyga hamda uloqning ommaviy tadbirlarning tarkibiy ko‘rinishi bo‘lganligi, ular vositasida yoshlarda mardlik, epchillik, chaqqonlik, uddaburonlik, matonat kabi sifatlar tarbiyalan-ganligi, jangovarlik kayfiyati hosil qilinganligi to‘g‘risida hikoya qilinadi. Turli davrlarda yigitlarning jismoniy chiniqqanligi, ularning mard va jasur bo‘lishlariga jiddiy e’tibor qaratilganligi “Alpomish” va “To‘maris” dostonlarida keltirilgan quyidagi lavhalar ham isbotlaydi:
- Balog‘at yoshiga etgan Barchinoy unga uylanish niyatida bo‘lgan yigitlar oldiga shart qo‘yib, otlar ishtirokidagi poygada g‘olib chiqqan, ming qadam masofada turib, yoy bilan tanga pulni mo‘ljalga ola bilgan va kurash tushib to‘qson alp (bahodir)ni yiqitgan yigitga turmushga chiqishini aytadi;
- “Vaqt alla – palla bo‘lganda kuyov bilan kelinni ular uchun belgilangan soyabon aravaga chiqarish oldidan kurashtirib ko‘rishadi(bo‘lg‘usi kelinkuyovlarning kuch sinashishi o‘zbeklar orasida yaqin kunlargacha saqlanib qolgan tortishmachoqning ibtidoiy shakli edi)”.
- Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, qadimdan “Qilich jangi”, “Tuya poyga”, “Tuyalar jangi”, “Otliqlar poygachi”, “Podachi”, “Poda to‘p”, “Jun to‘p”, “CHim to‘p”, “CHavgon” va boshqa o‘yinlardan yoshlarni jangovorlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda samarali foydalanilgan.
O‘zbek xalq pedagogikasida aqliy tarbiyaning amalga oshirilishi shuni ko‘rsatadiki, bu sohada o‘yin faoliyati muhim rol o‘ynagan. Zero, bolalar tug‘ilganidan boshlab, ularda atrof-muhitni anglashga qiziqish uyg‘otishga ahamiyat berilgan. Ularga o‘sgan sayin bu qiziqish ham rivojlanib borgan. Natijada, bolalarda aql, xotira, ko‘p narsani bilishga havas, fikrni bir nuqtaga qaratish, mantiqiy fikrlash qobiliyati kengayib borgan, ular asta-sekin murakkab o‘yinlarni o‘ynay boshlaganlar.
Qadimda o‘yin turlari, jumladan, qo‘shiq shaklida, qo‘z bog‘lash, o‘yinga da’vat etish, chek tashlash, og‘iz boylash, o‘rta qo‘limni top, sanoq kabi tarzda bo‘lgan. Qizlar juft-juft bo‘lishib, kaftlarini bir-biriga urib aylanishib “CHittigul” qo‘shig‘ini aytganlar: CHitti gul-o, chittigul, Hay-yu chittigul. CHittigulga gul bosay, Bir yonini yonbosay. Hay-yu chittigul, Hay-yu chittigul….
O‘g‘il bolalar esa:
Tomda tovuq qatormi, Ayroningdan tortaymi?
O‘yin yoqmas bolalar, Nomozshomdan qatormi? Kel – ho!
Qo‘shig‘ini aytishib, o‘rtoqlarini o‘yinga da’vat etganlar:
Bir, ikki o‘n olti,
O‘n olti deb kim aytdi?
O‘n olti deb men aytdim,
Ishonmasang sanab boq….
Qo‘shig‘ini aytib sanoqni o‘rganganlar.
O‘zbek xalq pedagogikasida tez aytish – bolalar aqliy faoliyatini, fikrlash qobiliyatini va nutqini o‘stirishda muhim ahamiyat kasb etadi:
Qizarib pishgan olmadi,
Olmadan nega olmadi
Olmagan xo‘p bo‘bdi, Endi kelsa, olma de…YOki:
G‘ani g‘ildirakni g‘izillatib g‘ildiratdi.
Olima olimdan olma oldimi,
Olima olimdan olma oldimi?
Eshik oldida buloq, buloqdan suv ichar uloq, uzun quloq.
To‘p-to‘p ko‘k koptok, har to‘p ko‘k koptokda bittadan katta koptok.15
O‘zbek xalqining uzoq yillar davomida aqliy tarbiyada qo‘llagan yaratilgan
“Bekinmachoq”, “Quvlashmachoq”, “Zag‘izg‘on”, “Aylanma darra”, “O‘rta qo‘limni top”, “Kim chaqqon”, “Ayyor tulki”, “Tortishmachoq”, “YOshlomyoshlom”, “Sarinchoq”, “Olma menda”, “CHumurdi – qochdi”, “Oq terakmi, ko‘k terak” va boshqa harakatli o‘yinlari yosh yigit-qizlarda harakat faolligini, mustaqillik, fikrlash, chaqqonlik, do‘stni himoya qilish, o‘hshatish, chamalash, so‘zlarni to‘g‘ri va bir vaqtda aytish, bir joyda turib turli harakatlarni bajarish kabi malaka va ko‘nikmalarni egallashga yordam berdi. Masalan, “Oq terakmi, ko‘k terak?” o‘yinida oralig‘i 10-12 metrli masofada 7-8 nafardan yoki undan oshiq bolalar saf tortib, ikki tomonda qo‘l ushlashib, zanjirsimon shaklda turishadi. Bir tomonda saf tortib turgan bolalar baravariga qo‘shiq qilib aytadilar: Oq terakmi, ko‘k terak, Bizdan sizga kim kerak?
Javob:
Oladigan jon kerak!
YAna javob:
Ol-o oladigan janingni!
Narigi tomonning bolalaridan bittasi o‘z to‘dasidan ajralib chiqib, to‘g‘ri biron bolaning qo‘liga uradi. Zanjirni uzadi yoki uzolmaydi, yo asir oladi yoki o‘zi asirlikda qoladi.
Xalq pedagogikasida yigit-qizlarni yoshligidan mehnatsevar-lik va kasbhunarga havas hissini tarbiyalashga alohida e’tibor berildi. Turli kasb egasi bo‘lgan ota-onalari, buva va buvilari bilim va tajribalarini bolalariga qunt bilan o‘rgatdilar, ularni ustoz-shogird sifatida dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dor-chilik, ovchilik, temirchilik, misgarlik, durodgorlik, o‘ymakorlik, zargarlik, to‘qimachilik, tikuvchilik, tabiblik va boshqa sohada kasbkor bo‘lib etishishiga ko‘maklashdilar. Bunda “Mehnatingni halol qilsang, huzurini ko‘rasan”, “Mushkulliklardan hayot emas, faqat tadbir va mehnat qutqazadi”, “Baxtli bo‘lish-mehnatni sevish va rohatni mehnatda ko‘rishdir”, “Mehnating – ziynating”, “Ota kasbi – davlat kasbi”, “Ustoz ko‘rmagan shogird, har maqomga yo‘rg‘alar”, “Avval o‘rgan, keyin o‘rgat”, “Aql
qo‘lga etka-zar, hunar-ko‘kka”, “Ustozsiz shogird-jonsiz kesak” kabi xalq maqollari yoshlar uchun asosiy tarbiya vositasi bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbek xalq pedagogikasida bolalarni mehnat tarbiyasida o‘z-o‘ziga xizmat qildirish, ishontirish, qiziqtirish, nasihat qilish, maslahat berish, amalda ko‘rsatish va rag‘batlantirish usullaridan samarali foydalanish yaxshi natija bergan. Bu usullar, namunali ishlar qilgan yigit-qizlarga nisbatan qo‘llangan: “Barakalla”, “Juda soz”, “Rahmat”, “Umringdan baraka top”, “Baxtli bo‘lgin” so‘zlari bilan yigit-qizlarning ko‘ngli ko‘tarilgan, kulib-erkalab boshi silangan va h.k.
SHuningdek, mehnat tarbiyasida ijtimoiy foydali mehnat qilishni istamagan, topshiriqni bajarmagan, dangasa-ishyoqmaslarga nisbatan esa jazolash usuli qo‘llangan.
O‘zbek xalq pedagogikasida iqtisodiy tafakkur bilan tijorat faoliyati uzviy birlikni tashkil etshgan. Xalq iqtisodiy tarbiyaning zarurligi va mohiyatini bilgan holda, bolalarni yoshligidan tijorat (savdo-sotiq) ishlariga jalb etadi. Bolalar otabobolarining yonlarida bo‘lib, hisob-kitobni, tarozida narsalarning og‘irligini aniqlashni, xaridorlar bilan qay tarzda muloqotda, muamalada bo‘lishni o‘rganadilar, shu zaylda ular o‘zlari ham mustaqil suratda tijorat (savdo-sotiq) ishlarini bilib oladilar. Natijada bolalarning yoshligidan savdo-sotiq ishiga jalb ettirilishi ularning iqtisodiy tarbiyasiga yordam beradi: bolalar mollarning sifatini aniqlash, bir molning boshqa moldan farqini ajratish malakasini egallaydilar.
Bozor iqtisodiy va xususiy mulk munosabatlari aks-sadosi xalqimizning ming yillik hikmatu asotirlarida, rivoyatu dostonlari va ertaklarida, maqolu matallarida mavjud “Otang-bozor, onang bozor…” so‘zining o‘zida qanchalar falsafiy ma’no bor, har bir tovushida bir hikmat sas jaranglaydi. Zero, “Bozor” – “Boz” degani “o‘yin” demakdir (“dorboz”, “masxaraboz” va h. k.). Axir bozor ham bir o‘yin emasmi? Molu mulkingni tikasan, goh foyda qilasan, goh – zarar – yutasan, yutqazasan…
Ilmga hech bir inson zoti birdaniga erishgan emas va erisha ham olmaydi. Inson zoti onasidan dono-yu donishmand bo‘lib tug‘ilmaydi. SHu bois boladagi bilim, odob-axloq olam, tabat va jamiyat haqidagi barcha tushuncha va tasavvurlar, dunyoqarash va bilimlar amaliy faoliyat jarayonida, xilma-xil ertaklar, dostonlar, badiy, tarixiy, siyosiy, falsafiy, iqtisodiy, huquqiy kitoblar, darsliklarni o‘qib-o‘rganish, mutolaa qilish, hayotdan saboq olish, ustozu muallimlardan ta’lim olish jarayonida hosil bo‘ladi, rivojlanib, boyib, takomillashib boradi.
Xalq pedagogikasi. Xalqimiz tomonidan yaratilgan maqollar va matallar, ertaklar va dostonlarda ta’riflanganidek, ilm-ma’rifatga ega bo‘lishining, bola qalbini ilm nuri bilan nurlantirishning, dilini pok va musaffo qilishning asosiy sharti va bebaho ma’naviy-marifiy boyliklar xazinasi bo‘lgan kitoblarni qo‘ldan qo‘ymay o‘qishdir. SHuning uchun kitob-hayot darsligi, barcha bilimlar asosi, dunyo voqea-hodisalari va elu elatlar hayotidan hikoya qiluvchi birdan-bir manba ekanligi haqida sonsanoqsiz naql-rivoyatlar, afsonalar, ertaklar, dostonlar, maqollar yaratilgan. Masalan; “Kitobsiz uy-quyoshsiz kun”, “Kitob-inson do‘sti”, “Oltin er tagidan kavlab olinadi, bilim kitobdan”, “Non to‘ydiradi, kitob kiydiradi”, “Qush don qidirar, olim kitob”, “Kiyim ustingni bezaydi, kitob aqlingni” kabi maqollarda kitobning qadriga etish ta’kidlanganligi bejiz emas.
“Ayoz”, “Moxistor”, “Orzusi ushaldi”, “Qorasoch pari”, “Kimyogar” kabi ertaklarida, dostonlarida xalqning yoshlarni o‘qitish-ilmli qilish borasidagi qarashlari, orzu-umidlari qadim zamonlardan beri umumiylikka ega bo‘lib kelganligidan dalolat beradi.
O‘zbek xalq ijodi materiallari tahlili ko‘rsatishicha, qadim zamonda oddiy xalq, ya’ni fuqarolar ham, shoh-u davlatmandlar ham o‘z farzandlarini o‘qitib, xatsavodli va ilmli bo‘lishlarini orzu qilganlar. Lekin, shu davrdagi ijtimoiy-tarixiy jamiyatda bir tipdagi maktablarda hamma ijtimoiy tabaqa bolalari teng huquqdagi o‘qitilganligini ko‘ramiz.
Xullas, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida podshoh, saroy ahli hukmron tabaqalarning bolalari uchun vujudga kelgan maxsus yuqori tipdagi yopiq maktablar va oddiyo fuqarolarning bolalari o‘qiydigan maktablar haqida ko‘pgina materiallar uchrasa-da, u maktablardagi ta’lim-tarbiya ishining mazmuni, ta’limni tashkil qilish shakllari va o‘qitish metodlariga oid materiallar uchraydi.
Xalq pedagogikasi.O‘zbek xalq pedagogikasida tushuntirish, namuna ko‘rsatish, odatlantirish (o‘rgatish, mashq qildirish) iltimos qilish, tilak-istak bildirish, maslahat berish, nasihat, undash, ma’qullash, rahmat aytish, duo qilish, olqish (oq yo‘l tilash), taqiqlash, ta’na qilish (gina, o‘pkalash), masxara (mazax) qilish, majbur qilish, po‘pisa qilish, qo‘rqitish, tanbeh berish, keyin, qarg‘ash, uzr so‘rash, la’natlash, urish, kaltaklash singari tarbiya usullaridan keng foydalanilgan.
Ota – onalarga, qariyalarga, ustoz va o‘qimishli kishilarga hurmat-e’tiborda bo‘lish, o‘z qadr qimmatini saqlash o‘zbeklarga xos qadimiy an’analardandir. “Otang ishga buyursa, nomozingni buzib bajar”, “Ota bo‘lmay, ota qadrini bilmas, ona bo‘lmay ona qadrini”, “Kattaga hurmatda bo‘l, kichikka izzatda bo‘l”, “Kelmaganni ketidan borma”, “Oriyatsiz odamdan qoch”, “Qadr bilmas qarindoshdan, qadr bilgan yot yaxshi”, “O‘z qadrini bilmagan, kishi qadrini bilmas”, “O‘limdan xo‘rlik yomon”, “SHuhrat bo‘lsa, davlat kelur, davlat bo‘lsa – savlat”, “Bilim davlatdan qimmat”, “Ilmsiz bir yashar, ilmli ming yashar”, “Ilmu hikmat suvni yondirar”.
O‘zbek halqining milliy qiyofasini, xarakter xususiyatlarini, ularga xos bo‘lgan sifat va fazilatlarni ifodalovchi o‘zbek xalq maqollarini cheksiz davom ettirish mumkin.
SHunday qilib, o‘zbek xalq pedagogikasi bola ko‘rish, uning ta’limtarbiyasini amalga oshirish, yoshlarni odob-axloq qoidalariga odatlantirish va uni amalga oshirishda foydalaniladigan usul va vositalarni qamrab oladi. SHuning uchun ham yosh avlod xalqimiz tomonidan tarixiy sharoitida yaratilgan ta’limtarbiyaga oid bilimlarini, ilg‘or an’analarini, tajribalarni o‘zlashtirishni, unga qat’iy rioya etish va boyitishi nihoyatda zarurdir.
Eng muhimi, hozirgi ta’lim tizimida pedagoglarning asosiy vazifasi bolalarni tarbiyalash amaliyotida xalq donishmandligining barcha taraqqiyparvar asoslaridan yanada muvaffaqqiyatliroq foydalanish vash u orqali shaxsni kamol toptirish, uning ijodiy imkoniyatlarini ochish, ularda milliy va umuinsoniy qadriyatlarga asoslangan dunyoqarashni va insonparvarlik munosabatlarini shakllantirishdan iboratdir.











