XIII – XIV ASRNING BIRINCHI YARMI ADABIYOTI.
XIII asr va XIV boshlari Markaziy Osiyo xalqlari hayotida qaygʻuli bir davrni tashkil etadi. Bu davr moʻgʻul istilosi bilan bogʻliq. Shuning uchun ham bu davrdagi tarixiy sharoit, madaniy hayot, san’at va adabiyot moʻgʻul bosqinchiligi bilan uygʻun holda oʻrganiladigan murakkab bir jarayon hisoblanadi.
Bu davr hayotini har tomonlama tasavvur qilish, oʻrganish uchun manba boʻluvchi asarlar anchagina. Jumladan, Rashididdinning «Jome ut-tavorix»,
Juvayniyning «Tarixi jahonkushoy», Banokatiyning «Ravzatul-asbob…», Hamdulloh Qazviniyning «Nuzhat al-qulub» (Nuzhat-huzur qilish, bezanish, qulub-qalblar) asarlari, shuningdek, Batuta, Vamberi, S.Tolstovlarning qaydlari ham xarakterlidir. Koʻpgina tarixchi olimlarimizning tadqiqotlari, yozuvchilarimiz Mirmuhsin va Muhammad Alining badiiy asarlari ham bu davr manzarasini tasavvur qilish imkonini beradi.
Tarixdan ma’lumki, Markaziy Osiyo XIII asrning boshlarida Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻul bosqinchilarining asoratiga tushib qoladi. XII asrning II yarmida vujudga kelgan Xorazm davlati XIII asr boshlarida, Muhammad Xorazmshoh (1200-1220) hukmronligi davrida tobora inqirozga yuz tuta boshladi.
1206-yilda Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻullarning ilk feodal istilochilik harakatlari avj olib ketdi… 1219-yili Chingizxon qoʻmondonligidagi 150 mingdan ziyod moʻgʻul askarlari Oʻrta Osiyoga bostirib kiradi. Muhammad Xorazmshoh oʻz qoʻshinini bir joyga toʻplash oʻrniga, boʻlib-boʻlib shahardagi qal’alarga joylashtirdi. Bu moʻgʻullarning osonlik bilan mamlakatni bosib olishga qulaylik tugʻdirdi. (B.Ahmedov. Tarixdan saboqlar. T.,1994. 418-bet).
Moʻgʻul bosqinining dahshatli oqibatlari haqida koʻp yozilgan. H.Vamberi Buxoro bosib olingandan keyingi holatni shunday tasvirlaydi: «Barcha uylar vayron qilindi, hamma sandiqlar buzildi. Behisob xazinalar talandi. Kitoblar yirtilib, hayvonlar oyogʻi ostiga somondek sochildi. Muqaddas kitoblar saqlangan sandiqlarni otlarga oxur sifatida ishlatdilar. Ilm yulduzlari boʻlgan mullolar, shayxlar qullar kabi, e’tiborli jangchilarga xizmatkor qilib, goho esa, moʻgʻul baxshilariga masxara uchun berildi… moʻgʻullarning ushbu birinchi hujumidan keyin, shubhasiz, Buxoro koʻp ziyon koʻrdi va dahshatlarni boshidan kechirdi». (H.Vamberi. Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi. T.,1990.23-bet).
Xalq moʻgʻul zulmiga qarshi, oʻz mustaqilligi yoʻlida jon berib jon oldi. Mahmud Torobiy, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi jasorati tillarda doston boʻldi. Ayniqsa, Muhammad Xorazmshohning oʻgʻli Jaloliddin Manguberdining mustaqillik yoʻlidagi mardona kurashi hammaga saboq boʻlarlidir. Shuning uchun ham Prezidentimiz I.A.Karimov Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi munosabati bilan soʻzlagan nutqlarida shunday degan edilar: «Sulton Jaloliddin siymosi nafaqat Xorazm, balki butun Oʻzbekistonning faxru gʻururidir. U bizning ozodligimizga, istiqlolimizga tajovuz qilmoqchi boʻlgan har qanday yovuz kuchga qarshi tik turib kurashishga, mardona zarba berishga qodirligimizning tasdigʻi va timsolidir». (I.A.Karimov. Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlangan nutq. 1999 yil 5 noyabr. Ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot pirovard maqsadimiz. 8-tom. Toshkent: Oʻzbekiston, 2000. 75-bet).
Shuning uchun ham hukumatimizning alohida e’tibori bilan 1999-yilda uning 800 yilligi zoʻr tantanalar bilan nishonlandi. Uning mahobatli haykali Urganchda salobat toʻkib turibdi…
Chingiz istilosining dahshatli oqibatlari, xalqning ularga munosabati, nafrati, bosqinchilarga qarshi kurash, bu yoʻldagi qahramonlik gʻoyalari badiiy adabiyotda, xalq ogʻzaki ijodida oʻz ifodasini topdi.
Professor N.Mallaevning «Oʻzbek adabiyoti tarixi» kitobida yozilishicha, bizgacha yetib kelgan ayrim afsona, ertaklarda bu narsa tasvirlanadi. Kitobda arxeolog S.Tolstovning Xorazm boʻylab olib borgan tadqiqotlari asosida Qoraqalpogʻiston hududidagi Guldursun xarobalarining topilishi va u bilan bogʻliq afsona keltiriladi. Unda xalq qahramonligi, mardona kurashi va ayni paytda xoinlarga munosabati oʻz ifodasini topgan. (Izoh: afsona tahlil qilinadi).
Chingizxon istilosi yozma adabiyotga ham salbiy ta’sir koʻrsatadi. Bosqinchilar madaniyat yodgorliklarini, san’at va adabiyot asarlarini yoʻq qilib yuboradilar. Ilmfan, san’at vakillarining bir qismi janglarda halok boʻladi, ayrim lari asir qilinadi. Ayrimlari boshpana izlab boshqa oʻlkalarga kyetib qolishga majbur boʻladi.
Buxorolik shoir, adib va adabiyotshunos Muhammad Avfiy, toshkentlik shoir Badriddin Chochiy, naxshablik (Qashqadaryo vodiysi) shoir Ziyo Naxshabiy va boshqalar bir muncha tinch boʻlgan Hindistonga borib, ijodiy ish bilan shugʻullanadilar. Ayrim olimlar, san’atkorlar va yozuvchilar Eron ga, Turkiyaga, Misrga va boshqa mamlakatlarga boradilar. Jumladan, shoir Kamol Xoʻjandiy, Nosir Buxoriy va boshqalar Eron ga borib, oʻsha erda turgʻun boʻlib qolgan.
Ayrim ijodkorlar bir necha tilda ijod etadilar. Masalan, asli balxlik boʻlgan Jaloliddin Rumiy Kichik Osiyoga borib, fors-tojik tilidagina emas, balki turk tilida ham asarlar yaratadi. Husomiddin Osimiy fors-tojik tilida, turkiy tilda va arab tilida ijod etadi. Muhammad as-Samarqandiy esa toʻrt tilni-turkiy, fors-tojik, arab va moʻgʻul tillarini mukammal bilgan. Bu davrda mulamma’-shiru shakar (ikki yoki undan ortiq tilda asar bitish) janri taraqqiy etadi. Masalan, shoir Purbahoi Jomiy misralari uch tilda-turkiy, fors-tojik va moʻgʻul tillarida bitilgan qasida yaratadi.
Bu davr adabiyotdagi boʻshliqni toʻldirishda mashhur «Ma’naviyi masnaviy» asarining muallifi Jaloliddin Rumiyning xizmatlari buyukdir. U Mavlaviya tariqatining asoschisi sifatida oʻz asarlarida tasavvufiy gʻoya, istiloh va timsollardan keng foydalandi. Shuningdek, Sa’diy Sheroziy asarlari, Rabgʻuziyning «Qisasi Rabgʻuziy», Qur’oni karim mavzulari asosida Ali degan shoir tomonidan 1233-yilda oʻgʻuz lahjasida yozilgan «Qisasi Yusuf» dostoni, Pahlavon Mahmud, Badriddin Chochiy merosi ham xarakterlidir.











