XIV asr o’rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat.

0
XIV asr o’rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat. 

XIV asr o’rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat. 

XIV asr o’rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat.

XIV asr o’rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat. Markazlashgan davlat, Amir Temur, «Loy jangi», Ilyosxo’ja, Sarbadorlar, Temur davlati, harbiy  yurishlar, Anqara jangi, suyurg’ol, devonbegi, arkbegi, tarxon, «Kuch adolatdadir», «Temur tuzuklari»,  Temur davri ma’naviyati.

XIV  asr  ikkinchi  yarmida  Movarounnahrdagi  ijtimoiy-siyosiy  vaziyat.  XIV  asr o’rtalarida  Chingizxon egallab olgan yerlar uning merosxo’rlari qo’l ostida bo’lsa ham, bu yerlar mayda bo’laklarga  bo’linib ketib, ularda toju taxt, hokimiyat uchun o’zaro nizolar kuchayib ketgan edi. 1348 yilga kelib  Sharqiy Turkiston yerlarida Mo’g’uliston feodal davlati tashkil topdi, uning xoni etib Chig’atoy avlodidan  Tug’luq Temur ko’tarildi. Tug’luq Temur dastlabki davrlardanoq o’z yerlarini kengaytirish maqsadida  Movarounnahr yerlariga bir necha harbiy harakatlar uyushtirdi. Mana shunday ichki o’zaro urushlar avj  olib, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy inqiroz kuchayib borgan davrda tarix maydoniga Mo’g’ul bosqinchilariga  qarshi kurashda nom chiqargan buyuk sohibqiron, mohir sarkarda Amir Temur kirib keldi.

Amir Temur Shahrisabz yaqinidagi Xo’ja Ilg’or qishloqida Barlos beklaridan Muhammad TaraQay  oilasida 1336 yil 8 aprelda dunyoga kelgan. Uning amakisi Hoji Barlos Kesh shahrining hokimi edi.  Temur yoshligidanoq harbiy mahoratga ega shaxs bo’lib, u o’z atrofiga barlos urug’idan chiqqan yosh  jangchilarni to’plagan edi. 1360-1361 yillarda Tug’luq Temur hech qanday qarshiliksiz Movarounnahr  yerlariga  bostirib  kirganida  Hoji Barlos  Xurosonga  qochadi. Vatanparvarlik,  milliy  g’urur  va  iftixor  hissiyoti  kuchli bo’lgan  yosh  Temur  esa  amakisi  hokimlik  qilib  turgan  yerlarini  dushman  qo’liga  bermaslik uchun Tug’luq Temur xizmatiga kiradi va tez orada uning ishonchini oqlab, Kesh viloyati  yerlariga hokimlik qilish uchun yorliq oladi.  Amir Temurning bu ishi Movarounnahrda siyosiy tarqoqlik, o’zaro kurashlar va boshboshdoqlik  hukm surgan davrdagi birdan-bir to’g’ri yo’l edi. Chunki Movarounnahr amirlarining Tug’luq Temurga  qarshi bosh ko’tarib chiqishi Mo’g’ul bosqinchilarining Movarounnahr yerlarini yana bir bor vayron  etishiga olib kelishi muqarrar edi.

Tug’luq  Temur  1361  yilda  Movarounnahr  yerlarini  boshqarishni  tajribasiz  o’g’li Ilyosxo’jaga  topshiradi. Lekin Temur Ilyosxo’jaga xizmat qilishdan bosh tortib, o’sha vaqtda Balx hokimi bo’lib  turgan  Amir  QozoQonning  nabirasi  Amir  Husayn  bilan  ittifoq tuzadi. Temur  o’z  hokimiyatini  mustahkamlash maqsadida Mo’g’ullarga qarshi kurash boshlaydi. Mahalliy hokimiyat uchun bo’lgan  janglarning  birida,  aniqrog’i  Seyistonda turkmanlarga qarshi  bo’lgan  janglarda  o’ng  qo’li  va  o’ng  oyog’idan yaralanib bir umrga oqsoq bo’lib qoladi.

1363  yilda  Tug’luq  Temurning  vafoti  Movarounnahr  uchun  bo’lgan  kurashlarni kuchaytirib  yuboradi. Lekin Mo’g’ul bosqinchilari osonlikcha Movarounnahr yerlarini bermasliklari ma’lum edi. Shu  munosabat bilan Amir Temur va Tug’luq Temur vafotidan so’ng Movarounnahrdan haydalgan Amir  Husaynning  birlashgan  qo’shinlari  1365  yilda Ilyosxo’ja  qo’shinlariga  qarshi  ittifoqlikda  kurash  boshlaydilar.  Toshkent  va  Chinoz oraliQida  bo’lgan  mashhur  «loy  jangi»  ittifoqchilar  o’rtasidagi  kelishmovchilik  tufayli mag’lubiyat  bilan  tugaydi.  Ushbu  voqealardan  so’ng Amir  Husayn  va Amir  Temur o’rtasida  dastlabki  ixtilof  boshlanadi.  «Loy  jangi»da  g’alabaga  erishgan  Ilyosxo’ja uchun  Movarounnahrga keng yo’l ochilgan edi.

U katta qo’shinlar bilan Samarqandga yurish boshlaydi. Bu paytda Samarqanddagi Mavlonzoda va  Abu Bakr Qalaviy boshliq sarbadorlar Ilyosxo’jaga qarshi chiqadilar. Mahalliy aholining vatanparvarlik  namunalarini ko’rsatib qarshilik qilganliklari tufayli Samarqandni bir oz qamal qilib turgan Mo’g’ul  qo’shinlari Movarounnahrni butunlay tark etishga majbur bo’ladilar.

Movarounnahrda Mo’g’ullar ustidan qozonilgan G’alaba haqida xabar eshitgach, Amir Temur va  Amir Husayn Movarounnahrga yo’l olib Samarqand yaqinidagi Konigil degan joyda sarbadorlarning  rahbarlari  bilan  uchrashadilar.  Bu  uchrashuvda  o’zaro  kelishmovchilik kelib  chiqib,  sarbadorlarning  rahbarlari hiyla yo’li bilan o’ldiriladi. Movarounnahrda Samarqand taxtini Amir Husayn egallab, uning  hukmronligi  tiklanadi.  Shu  vaqtdan  boshlab Amir  Husayn  va Amir  Temur  o’rtasidagi  munosabatlar  yanada keskinlashib ketadi.  Bu vaqtga kelib butun Movarounnahr yerlarida o’zaro urushlardan so’ng ijtimoiy-iqtisodiy ahvol  og’irlashib  ketgan  edi.  Mana  shunday  bir  vaqtda,  mamlakatda  o’zaro urushlarga  barham  beradigan  markazlashgan davlat tizimini barpo etish nihoyatda zarur edi. Buni birinchi bo’lib anglagan Amir Temur  Amir Husaynga qarshi zimdan kurash olib borib 1370 yilda Movarounnahr taxtini egallashga muvaffaq  bo’ladi.

Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatga asos solinishi. Vatan haqida qayg’urish, Vatan mustaqilligini tiklash haqidagi fikrlar shu yillar yuzaga chiqib, Amir Temur Balx shahrida chaqirilgan qurultoyda Movarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi. Temur o’z  tasarrufida markazlashgan davlatni yuzaga keltirish maqsadida Kesh shahridan Samarqandga ko’chib  o’tib, uni Movarounnahrning poytaxtiga aylantiradi. Sohibqiron aniq mulohazalari bilan xalqni zulmdan  ozod  qilish  va  uzoq  yillik boshboshdoqlik  hukmron  bo’lgan  yerda  markazlashgan  davlat  tuzish  mushkulligini sezganligi sababli dastlab mamlakatni tashqi xavfdan saqlash maqsadida asosini barlos  urug’lari tashkil etgan yengilmas va jangovor milliy qo’shin tuzadi, ularga katta imtiyozlar beradi.

Temur davlat boshqaruvida, ichki va tashqi siyosatda asosan o’z qo’shinlariga suyanganligi sababli  harbiy islohotga, ya’ni qo’shin boshliqlarini tanlash, lashkar qismlar, ularning joylashishi, askarlarning  qurollanishi va harbiy intizom masalalariga keng e’tibor bergan. U qo’shinlarini o’nlik, yuzlik, minglik  kabi askariy birikmalarga bo’lgan. Uning uchun har bir askar jang qilish uslublarini yaxshi bilishi farz  hisoblagan. Amir  Temur  lashkarlarga  ham katta  e’tibor  berib,  ular  nizomni  qat’iy  bajarishi,  jangda  ayovsiz va dovyurak bo’lishi, dushmanga yumshoq muomalali va adolatli bo’lishi lozim deb hisoblardi.  Ibn Arabshohning yozishicha, Temur askarlari ichida taqvodor, saxovatli, xudojo’y kishilar ko’p bo’lgan.  Ular bechoralarga  xayru  ehson  ko’rsatish,  boshga  og’ir  kunlar  tushganda  yordam  qo’lini cho’zish,  asirlarga yumshoq muomalada bo’lish va ularni ozod etishga odatlanganlar. Amir Temur doim jangda  jasorat ko’rsatgan amirlar va askarlarga alohida e’tibor bilan qaradi. Natijada Sohibqiron uyushqoqlik  hukm surgan yuz minglik qo’shinlari ichida intizomni mustahkamlash bilan o’z davlatining poydevori  bo’lgan qo’shin tuzishga muvaffaq bo’ldi.

Amir Temurning harbiy yurishlari.  Temur Movarounnahr taxtini egallagan vaqtdan boshlab, o’z davlati chegaralarini mumkin qadar  kengaytirishga kirishadi. Shu maqsadda u Amudaryo va Sirdaryo oraliQidagi yerlarni o’z tasarrufiga oladi. Xorazmga besh marotaba yurish qilib, 1388 yilda uni butunlay bo’ysundiradi, bu yerda hukmronlik  qilayotgan so’fiylar sulolasini tugatadi. Temur o’zining uch yillik (1386-1388), besh yillik (1392-1396),  yetti yillik (1399-1405) yurishlari davomida Ozarbayjonda jaloyirlar, Sabzavorda sarbadorlar davlatini,  Hirotda kurdlar davlatini tugatib, Eron va Xurosonni o’z tasarrufiga oladi. 1394-1395 yillarda Oltin O’rda  xoni To’xtamishga qarshi yurish qilib, uning ko’p sonli qo’shinini mag’lubiyatga uchratadi va Oltin O’rda  hududini egallaydi. Temurning bu G’alabasi Oltin O’rdaga juda katta zarba berish bilan birga Temur  qo’shinlarining Volga daryosi bo’ylarida bemalol yurishlariga ham keng yo’l ochdi. Ta’kidlash joizki,  Temurning bu G’alabalari tarix sahnasida ulkan ahamiyat kasb etdi.

Amir Temur 1398 yilda Hindistonga qilgan yurishida Dehli shahrini, 1400 yilda Suriyaga qilgan  yurishida Halab va Bayrut shaharlarini, 1401 yilda Damashq shahrini egallaydi.  1402   yilda   usmoniylar   imperiyasining   sultoni   Yildirim   Boyazidga   qarshi   yurishida  uni  mag’lubiyatga uchratdi. Bu G’alaba bilan Temur Yevropaning usmoniylar asoratiga tushishini bir necha  o’n yillar orqaga surib yubordi.  Temur 1404 yilda Kichik Osiyodan Samarqandga keladi va Xitoyga yurish uchun harbiy taraddud  ko’radi.  Shubhasiz,  Temur bu  yurish  uchun  uzoq  yillar  tayyorlanib,  jang uchun  kerakli  bo’lgan  ma’lumotlarni yillar davomida to’plagan edi. 1404 yilda Temur 200 minglik qo’shin bilan Xitoy safariga  otlandi. Ammo Temurning qattiq betobligi tufayli uning qo’shinlari 1405 yilning yanvar oyida Xitoyga  yaqin bo’lgan chegara shahar O’tror shahrida to’xtaydilar va shu yerda 1405 yilning 18 fevralida buyuk  sohibqiron Amir Temur vafot etadi.

«Siyosatda maslahat, mulohazakorlik, o’ylab ish qilish qurol kuchidan o’n baravar foydaliroqdir»,  degan dono so’zlar Amir Temurga mansubdir. Bu so’zlar hozirgi tilda nizoli masalalarni siyosiy muloqot,  ogohlantiruvchi diplomatiya yo’li bilan hal qilishni bildiradi.  Amir Temurning tarixiy xizmati yana shundan iboratki, uning harakatlari tufayli Osiyo va Yevropa  davlatlari  tarixda  birinchi  marta  yagona  –  jo’g’rofiy-siyosiy  makonda ekanliklarini  his  etdi.  Islom  Karimov.  XIV asr o’rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat.

Muallif:  U.S. To’pchiyev, B.N. Mirzayev.

Mavzular.

manba