XIX asrning 2-yarmi – XX asrda jahon pedagogika fanining rivoji.

IOGANN GENRIX Pestalotstsi (1746-1827) pedagoglik faoliyatini 1774 yilda «Neygof»da, «Kambag’allar muassasasi» ochib, etim va boqimsiz bolalardan 50 nafarini shu muassasada o’qitishdan boshladi. Uning fikricha, bolalarning o’zlari ishlab topgan pullar shu etimxonaning xarajatini qoplashi kerak edi. Etimxonada tarbiyalanayotgan bolalar dalada ishlar, shuningdek, to’quv va yigiruv dastgohlarida ip yigirib, mata to’qir edilar. Uning o’zi bolalarga o’qish, yozish va hisob o’rgatar, ularni tarbiyalash bilan shug’ullanar edi. Hunarmand ustalar esa bolalarga ip yigirish va to’qishni o’rgatardilar. Shu tariqa, Pestalotstsi o’z muassasasida bolalarni o’qitishni ularni unumli mehnatga o’rgatish bilan qo’shib olib borishga urindi.
Pestalotstsi o’sha davrning eng muhim masalasini: dehqon xo’jaliklarini qanday qilib tiklash, ularning turmushini qanday qilib yolchitish, mehnatkashlarning axloqiy va aqliy holatini qanday qilib yaxshilash masalasini hal qilishga jamoatchilik e’tiborini tortishga intilib adabiy faoliyat bilan shug’ullandi. U «Lingard va Gertruda» (17811787) degan ijtimoiy-pedagogik roman yozib, bu romanda xo’jalikni oqilona usulda olib borish va bolalarni to’g’ri tarbiyalash vositasi bilan dehqonlarning turmushini yaxshilash to’g’risidagi o’z g’oyalarini olg’a surdi.
Burgdorfda o’rta internat maktab ochildi; bu maktab huzurida o’qituvchilar tayyorlaydigan alohida bo’lim ham tashkil etildi, bu maktabga Pestalotstsi boshliq qilib taylnlandi. XIX asrning boshlaridayoq Pestalotstsining «Gertruda o’z bolalarini qanday qilib o’qitadi». «Onalar kitobi yoki onalar uchun o’z bolalariga kuzatish va gapirishni qanday o’rgatish haqida qo’llanma», «Quzatish alifbesi yoki o’lchash haqida ko’rsatmali qo’llanma», «Son to’g’risida ko’rsatmali ta’lim» degan kitoblari bosilib chiqdi, bu kitoblarda boshlang’ich ta’limining yangi usullari bayon qilindi.
Pestalotstsi hammani tarbiya va ilm olish huquqiga ega bo’lishi lozim, deb da’vo qilib, maktablar jamiyatni ijtimoiy jihatdan o’zgartirishning muhim vositalaridan biri bo’lishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, har bir kishining haqiqiy insoniy kuchlari harakatga kelib, mustahkamlanganidagina eng muhim ijtimoiy masalalar hal qilinadi, tubdan ijtimoiy o’zgarishlar ro’y beradi. Bunga tarbiya yo’lli bilangina erishish mumkin. Pestalotstsining fikricha, mehnat shaxsni tarbiyalash va o’stirishning zng muhim vositasidir, mehnat shaxsning jismoniy kuchlarinigina emas, shu bilan birga, aqlini ham o’stiradi, shuningdek, unda axloq ham tarkib toptiradi. Mehnat bilan shug’ullanastgan shaxsda mehnatning jamiyat hayotida juda katta ahamiyati bor degan ishonch tug’iladi, bunday ishonch esa shaxslarni ahil va mustahkam ijtimoiy ittifoq qilib, bir-biriga bog’lovchi eng muhim kuchdir.
Pestalotstsining fikricha, bilish sezgi organlari orqali idrok qilishdan boshlanadi va tasavvurlarni qayta ishlash yo’li bilan g’oyalar darajasiga ko’tariladi, g’oyalar esa, garchi ravshan bo’lmasa ham shaxsning ongida tarkib toptiruvchi kuch; tariqasida mavjud, lekin o’zining namoyon bo’lishi va jonlanishi uchun sezgilar etkazib beruvchi materialga muhtojdir
Pestalotstsining fikricha, tarbiyaning maqsadi shaxsning barcha tabiiy kuchlarini va qobiliyatlarini o’stirish, o’stirganda ham har tomonlama va bir-biriga uyg’un ravishda o’stirishdir. Tarbiyaning tarbiyalanuvchiga ko’rsatayotgan ta’siri uning tabiatiga uyg’un bo’lishi lozim.
Pestalotstsi tarbiyaning mohiyati to’g’risidagi tasavvuriga asoslanib, tarbiyaning yangi metodlarini shaxsning kuchini inson tabiati bilan muvofiqlashtirib o’stirishga yordam beradigan metodlarni yaratishga intiladi. Bolani tarbiyalashni deydi u, uning tug’ilgan kunidanoq boshlash lozim: «Bola tug’ilgan soat – unga ta’lim berishning birinchi soatidir». Shu sababli chinakam pedagogika onani to’g’ri tarbiyalash metodlari bilan qurollantirishi kerak. Pedagogika san’ati esa shu metodikani har bir ona, jumladan, oddiy dehqon ayol ham egallab oladigan qilib soddalashtirib berishi lozim. Oilada tabiatga muvofiq qilib boshlangan tarbiya maktabda ham davom ettirilishi lozim.
Barcha insoniy kuchlar va imkoniyatlar eng oddiy narsalardan rivojlana boshlaydi va sekin-asta murakkabroq darajaga jo’tarila beradi. Tarbiya ham ana shu yo’ldan borishi lozim. Har bir bolaga xos bo’lgan tug’ma kuch va qobiliyatlar kurtaklarini tabiiy tartibga muvofiq, inson kamolotining abadiy va o’zgarmas qonunlariga muvofiq holda muntazamlik bilan mashq qildirib, o’stirish kerak.
Pestalotstsi ta’lim nazariyasiga ko’ra tarbiyalash eng oddiy elementlardan boshlanib, asta-sekin tobora murakkabroq darajaga ko’tarilib borishi lozim.
Pestalotstsining elementar ta’lim nazariyasi jismoniy tarbiyani, mehnat tarbiyasini, axloqiy va estetik tarbiyani hamda aqliy tarbiya va o’qitishni o’z ichiga oladi. Tarbiyaning mana shu hamma jihatlarini Pestalotstsi bir-biriga bog’lab olib borishni taklif qildi, mana shunday tarbiyalash natijasidagina insonning hamma jihatlari bir-biriga uyg’un bo’lib kamol topishini ta’minlash mumkin, dedi.
Pestalotstsi shaxsning barcha jismoniy kuchlari va imkoniyatlarini o’stirishni ularni jismoniy jihatdan tarbiyalashning maqsadi deb, bolaning harakatga, o’ynashga, bir joyda o’tirib qolmaslikka, hamisha harakatda bo’lishga majbur qiluvchi tabiiy intilishini jismoniy tarbiyalashning asosi, deb hisobladi.
Pestalotstsi inson shaxsini kamolotga etkazishda jismoniy tarbiyaga juda katta ahamiyat beradi va uni shaxsning o’sishiga oqilona ta’sir ko’rsatishning birinchi turi, deb hisobladi.
Yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, o’qitishni unumli mehnat bilan qo’shib olib borish Pestalotstsining pedagogik tajribasi va nazariyasidagi asosiy qoidalardan biri bo’ldi. Pestalotstsining «Lingard va Gertruda» romanida yozilishicha, (maktabda bolalar kun bo’yi yigirish va to’qish dastgohlarida ishlash bilan vaqt o’tkazadilar; maktab huzurida er uchastkasi bo’lib, bu uchastkada har bir bola o’ziga ajratib qo’yilgan paykaldagi ekinlarni parvarish qiladi, chorva mollarini parvarish qiladi. Bolalar zig’irpoya tolasini va junni ishlashni o’rganadilar, qishloqning eng yaxshi xo’jaliklari bilan, shuningdek, hunarmandchilik ustaxonalari bilan ham tanishadilar. O’qituvchi ish vaqtida, shuningdek, ishdan bo’sh vaqtlarida bolalar bilan mashg’ulotlar o’tkazadi, ularga savod, hisob va turmush uchun zarur bo’lgan boshqa bilimlarni o’rgatadi. Pestalotstsi shaxsning kamolotga etishi uchun mehnat tarbiyasining ahamiyati katta ekanini uqtirib o’tdi. U ish vaqtida «bolalarning ko’nglini xushvaqt qilish va aqlini o’stirishga» intildi.
Pestalotstsi axloqiy tarbiyaning asosiy vazifasi kelgusida ijtimoiy hayotda qatnashib foyda etkaza oladigan va hamma jihatlari uyg’un bo’lib kamol topgan inson etishtirishdir, deb biladi. Bolani boshqalarga foyda keltiradigan ishlarda muttasil mashq qildirish yo’li bilan uning axloqi voyaga etkaziladi. Pestalotstsining fikricha, bola organizmining kundalik ehtiyojlarini qondirish asosida bolada onaga nisbatan tug’ilayotgan mehrmuhabbat axloqiy tarbiyaning eng oddiy elementidir. Bolaning axloqi uchun oilada zamin solinadi. Bolaning onaga bo’lgan muhabbati asta-sekin oilaning boshqa a’zolariga ham o’tadi.
Pestalotstsi axloqiy tarbiya diniy tarbiya bilan chambarchas bog’langandir, deydi. Pestalotstsi rasmiy dinni tanqid qiladi va tabiiy din to’g’risida gapirib, odamlarning yuksak ma’naviy xislatlarini o’stirishni tabiiy din deb tushunadi. Pestalotstsi «… xudoni odamlar bir-biriga mehr-muhabbat ko’rsatayotgan joydan qidirganligini» ochiq aytadi. Agar odam xudoni sevsa, u hamma odamlarni ham sevadigan bo’lib qoladi, chunki hamma odam bir otaning bolasi kabi aka-uka va opa-sin-gildir, deydi.
Pestalotstsining aqliy ta’lim to’g’risidagi ta’limoti boy va mazmunli ta’limotdir. U o’zining shaxsning hamma jihatlarining bir-biriga uyg’unlashib kamolga etishi to’g’risidagi asosiy g’oyasiga tayanib, aqliy ta’limni axloqiy tarbiya bilan bog’lab olib borish kerakligini ko’rsatadi.
Har qanday ta’lim kuzatishga va tajribaga asoslanishi hamda xulosalar va umumlashmalar darajasiga ko’tarilishi lozim, deydi. Uning fikricha, kuzatishlar natijasida bolada ko’rish, eshitish sezgilari va boshqa sezgilar hosil bo’ladi, bu sezgilar bolada fikrlash va so’zlash ehtiyojini tug’diradi.
Odamning sezgi a’zolari yordamida tashqi dunyo to’g’risida hosil qilgan tasavvurlari dastlab ravshan va aniq bo’lmaydi. Ta’limning vazifasi shundan iboratki, u mana shu tasavvurlarni tartibga solishi va aniqlashi, ravshan tushunchalar darajasiga etkazishi, «tartibsiz tasavvurlarni muayyan tasavvurlarga, muayyan tasavvurlarni ravshan tasavvurlarga va ravshan tasavvurlarni ochiq ko’rinib turgan tasavvurlarga» aylantirishi kerak. Ta’lim, birinchidan, o’quvchida o’zining sezgi a’zolari vositasi bilan hosil qilgan tajribalar asosida bilimlar zaxirasini to’plashga yordam beradi, ikkinchidan, bolaning aqliy qobiliyatlarini o’stiradi.
Pestalotstsi ta’limning har boskichi uchun maxsus ravishda tanlab olingav, har bir bolaning o’ziga xos aqliy kuchlarini hamda qobiliyatlarini tinimsiz va muntazam ravishda o’stirib boradigan tizim vositasi bilan bolalarga aqliy ta’lim berishga intildi.
Pestalotstsi ta’limni soddalashtirishga va psixologiya negiziga qurishga intilib, narsalar va buyumlar to’g’risidagi har qanday bilimning eng oddiy elementlari bor, odam shu elementlarni o’zlashtira borib, o’z atrofidagi olamni bilib oladi, degan fikrga keldi. U son, shakl va so’zni mana shunday elementlar deb hisobladi. O’qitish jarayonida bola o’lchash yo’li bilan shaklni, hisoblash yo’li bilan sonni, nutqni o’stirish yo’li bilan so’zlashni bilib oladi. Shunday qilib, elementar ta’lim avvalo o’lchash, hisoblash va nutqni o’stirishdan iborat bo’ladi. U o’z zamonidagi boshlang’ich maktabda o’qitishning mazmunini tubdan o’zgartiradi, o’qitiladigan darslar qatoriga o’qish, yozish, arifmetikani va geometriyaning boshlang’ich qismlarini, o’lchash, rasm chizish, ashula, gimnastika, shuningdek, geografiya, tarix va tibbiyotga doir eng zarur bilimlarni kiritdi.
Shunday qilib, Pestalotstsi boshlang’ich maktabning o’quv rejasinn ancha kengaytirdi va bu maktabda o’qitishning yangi metodikasini vujudga keltirdi. O’qitish metodikasi bolalarni bilimlar bilan boyitishga hamda ularning aqliy kuchlarini va qobiliyatlarini o’stirishga yordam beradi.
Pestalotstsi ko’rsatmalilik printsipini ta’limning eng muhim zamini deb hisoblaydi. Bu printsipni keng ravishda qo’llamasdan turib, tevarak-atrof to’g’risida aniq tasavvur hosil qilishga, tafakkurni va nutqni o’stirishga erishib bo’lmaydi.
Pestalotstsi maktab bolalarning qobiliyatlarini o’stirishi, ularga bilim berishi bilan bir qatorda, ularda ko’nikma va malakalar tarbiyalashi ham lozim, deb hisobladi.
Shaxsning kamolga etgan aqli va oliyhimmat qalbi talab qilgan narsalarni ro’yobga chiqarish imkoniyati, – deydi Pestalotstsi, – shaxsning shu narsani ro’yobga chiqarishi uchun harakat qila bilishiga bog’liqdir.
Pestalotstsi o’zining umumiy didaktik qoidalariga tayanib turib, boshlang’ich ta’limning xususiy metodikasi asosini yaratib berdi.
Pestalotstsi ona tili o’qitishning asosiy vazifasi bolaning nutqini o’stirish va uning so’z boyligini orttirishdan iborat bo’lishi lozim, deb hisobladi. U savod o’rgatishda tovush metodini birinchi o’ringa qo’ydi, bunday qilish harflarni qo’shib o’qitish metodi hukmronlik qilib turgan o’sha vaqt uchun g’oyat muhim edi.
Pestalotstsi ona tili o’qitishni ko’rsatmali printsip asosida olib borish va bolalarga tabiiyot, geografiya va tarixga doir elementar ma’lumotlar berib, shu tariqa bolalarning so’z boyligini orttirish to’g’risida qimmatli ko’rsatmalar berdi. Pestalotstsi zeriktirarli va bir xildagi mashqlar qildirish bilan bolalarda kuzatish, narsa yoki hodisaning belgilarini aniqlay olish malakasini o’stirishga, biror narsani aniq va to’la tasvirlab bera olish malakasini hosil qilishga intildi.
Bolalarda yozuv malakasini hosil qilmoq uchun Pestalotstsi dastlab to’g’ri va egri chiziqlarni – xatlarning elementarlarini chizdirib, mashq qildirishni tavsiya etdi. U yozuv o’rgatishni narsalarni o’lchash va suratini chizish bilan shuningdek, nutqni o’stirish bilan bog’lab olib borishni taklif qildi.
O’lchashni o’rgatmoq uchun Pestalotstsi dastlab to’g’ri chiziq chizishni, so’ngra burchak, kvadrat chizishni va bu kvadratni bo’laklarga (yarimta, chorakta qilib va hokazo) bo’lishni o’rgatishni taklif qildi. Tarbiyachi bolalarga turli geometrik jismlarni ko’rsatishi va ularning nomlarini aytib berishi lozim. Bolalar bu geometrik jismlarni kuzatib, ularning xossalari va nomlarini o’zlashtirib oladilar, ularni o’lchashni o’rganadilar.
Bola o’lchov natijalarini chizib va yozib olishi lozim; bunday mashqlar bolaga yozuv o’rgatishning asosidir.
Shunday qilib, Pestalotstsi jahon pedagogikasining ko’zga ko’ringan nazariyachisi va amaliyotchisi sifatida kambag’allarning bolalarini tarbiyalash ishiga o’zining butun kuchini va bilimini sarfladi. U odamning barcha tabiiy kuchlarini va qobiliyatlarini birbiriga uyg’un qilib o’stirishdek vazifani tarbiyaning asosiy vazifasi deb bildi va elementar ta’lim nazariyasini yaratdi, bu nazariya. XIX asrda xalq maktabini rivojlantirishga yordam berdi.
Robert Ouen (1771-1858) jahon pedagogika jarayonida birinchi bo’lib maktabgacha tarbiya muassasalarini (yasli, bolalar bog’chasi) va ishchilarning bolalari uchun keng umumiy ta’lim dasturida bilim beradigan boshlang’ich maktabni barpo etdi. U fabrikada ishlab turgan 10 yoshdan oshgan bolalar va o’smirlar uchun kechki maktab ochib, o’qitishni sanoatdagi unumli mehnat bilan bog’lab olib bordi, katta yoshdagi ishchilar uchun kechki klub ochib, bu klubda madaniy-oqartuv ishlari olib bordi.
1813 yilda Ouen o’zining «Jamiyatga yangicha qarash yoki Insonda xarakter tarkib toptirish to’g’risidagi tajriba» degan asarini nashr ettirdi. Bu asarda Ouen shaxsning xarakteri uning irodasidan mustaqil bo’lgan atrofdagi muhit sharoiti bilan tarkib topadi, deb ta’kidladi. Odamlarning illatlari va kamchiliklari, xatti-harakatlari ular yashab turgan vaziyatga bog’liqdir. Odam, – deydi Ouen, – o’z xarakterini hech qachon o’zi yaratgan emas va uni yaratish mumkin ham emas. Uning fikricha, agar biz muhit sharoitini va tarbiyani o’zgartirsak, har qanday xarakterni tarkib toptirishimiz mumkin. Shunday qilib, Ouenni fikricha, xalqni tarbiyalash va unga ma’rifat berish yo’li bilan jamiyatpi yangicha tashkil etishga muvaffaq bo’linadi.
Robert Ouen bolalarga bir yoshidan boshlab ijtimoiy tarbiya berish g’oyasini birinchi bo’lib asoslab berdi va amalga oshirdi hamda jahonda birinchi bo’lib kambag’allarning bolalari uchun maktabgacha tarbiya muassasasi barpo etdi. Uning ta’lim-tarbiya muassasalarida aqliy va jismoniy tarbiya berilar, bolalar jamoa ruhida tarbiyalanar edi. Ko’pgina ilg’or arboblar, jumladan, rus revolyutsion-demokratlari A.I.Gertsen va N.A.Dobrolyubovlar bu muassasalarga ijobiy baho berdilar.
Katta yoshdagi ishchilar uchun Ouen tomonidan ochilgan madaniy oqartuv muassasalari ham zo’r ahamiyatga ega bo’ldi.











