XORAZMIY HAYOTI VA IJODI HAQIDA.
Xorazmiy XIV asr oʻzbek adabiyotining vakillaridan biridir. Uning hayoti va ijodi haqida yetarli tasavvur beradigan manbalar hozircha ma’lum emas. Xorazmiy haqidagi ma’lumotlar uning oʻz asari «Muhabbatnoma» tarkibida uchraydi. Navoiy ham u haqida ijobiy fikrlar aytadi. Bizga ma’lum manbalardan koʻrinadiki, u shoir sifatida ham oʻz davrida keng shuhrat qozonadi. Koʻpgina lirik asarlar yozgani shubhasiz. Chunki «Muhabbatnoma»dagi bir necha janrlarda yozilgan asarlar uning shoirlik iste’dodidan dalolat beradi. Xorazmiyning merosi haqida, uni oʻrganish borasida bir muncha ishlar olib borildi. Bu jihatdan Samoylovich, Koʻprilizoda, Shcherbak, N.Mallaev, Solih Qosimov va boshqalarning ishlarini koʻrsatish mumkin. Shoirning toʻliq nomi, tarjimai holi aniq emas. «Muhabbatnoma»ning koʻp joyida «Xorazmiy» taxallus sifatida keltirilgan. Bu uning Xorazmdan ekanini koʻrsatadi. «Muhabbatnoma» asari tarkibida keltirilgan fors-tojik tilidagi hikoyat, uning sayohati, hayoti bilan bogʻliq ma’lumot olishda manba boʻlib xizmat qiladi.
Xorazmiy 1353 yilda Oltin Oʻrda xoni Jonibekning Sirdaryo muzofotidagi amaldorlardan biri Muhammadxoʻjabek bilan tanishadi. U fors-tojik tilidagi she’rlari bilan tanilgan Xorazmiyga oʻzbek tilida asar yozishni topshiradi. «Muhabbatnoma»da yozilishicha, Muhammadxoʻjabek (Muhammad Xoʻjabek) saroyida bazm boʻlib, majlis oʻtkaziladi va shoirga asar yozish buyuriladi:
Tabassum qildi, aydi: «Ey faloni,
Keturgil bizga loyiq armugʻoni.
Koʻngil bahrinda koʻp gavharlaring bor,
Ochunda porsiy daftarlaring bor.
Muhabbat nardini koʻplardin oʻttung,
Shakardek til bila olamni tutting.
Tilarmankim, bizing til birla paydo,
Kitobe aylasang bu qish qotimdo.
Kim, ush eltek kechar ayyomi foniy,
Jahonda qolsa bizdin armugʻone».
Xorazmiy kuchi etguncha harakat qilishini, asarni yozishni bajonidil qabul qiladi. 1353-1354 yillar atrofida ushbu «Muhabbatnoma» asari yaratildi. Ma’lumki, Xorazmiyga qadar Avhadiy Marogʻaviyning forsiy «Dahnoma»si, kirmonlik Xoja
Imodidin Faqehning «Muhabbatnoma»si boʻlgan. Xorazmiy turkiy tilda asar yozdi. «Muhabbatnoma»ning ikki – arab va uygʻur qoʻlyozmasi mavjud. Uygʻur yozuvidagi qoʻlyozma 1432 yil Mir Jamoliddin degan kishi topshirigʻi bilan Boqi Mansur (Boqir Mansur) baxshi nomli kotib tomonidan koʻchirildi.
Arab yozuvidagi nusxasi 1508-1509 yillarda koʻchirilgan. Bu nusxaga hikoyat ham ilova qilingan. «Muhabbatnoma» 473 baytdan iborat boʻlib, shundan 317 bayti oʻzbek tilida, 156 bayti fors-tojik tilida yozilgan.
«Muhabbatnoma»ning asosiy qismini oʻzbek tilidagi asarlar tashkil etadi. Asar hamd, shoirning Muhammadxoʻja bilan koʻrishgani bayoni, gʻazal, masnaviy, Muhammadxoʻja madhi, vasful holdan tashkil topgan.
Asarning asosiy qismini 11 noma tashkil etadi. 4-8-11-nomalar fors-tojik tilida, qolgan sakkiztasi oʻzbek tilidadir.
Xorazmiy oʻz «Muhabbatnoma»sida bir necha janrlarda ijod qilganini koʻrsata olgan.
«Muhabbatnoma»dagi janrlar Xorazmiyning fors va turkiy tilda ham ijod qila olganini, noma, gʻazal, masnaviy, qasida, fard kabi xilma-xil janrlarda asar yaratganligining dalolatidir. «Muhabbatnoma»ning asosiy mavzusi ishq, muhabbat, goʻzallik tasviridir. Bulardan tashqari, asarning quyidagi tuzilishi uning boshqa mavzuda yozganligining isbotidir.
Asardagi kirish qismi. Bu qism oʻz ichiga hamd, voqea bayoni, ya’ni asarning yozilishi sababi va oʻrni. Muhammadxoʻjabekning madhi hamda soʻz boshi va voqealar bayoni tarzida keltirilgan 3ta oʻzbekcha, 1ta forsiy gʻazallarni oʻz ichiga oladi.
Asarning asosini tashkil etadigan nomalar va ular bilan bogʻliq holda keltirilgan soqiynoma tarzidagi kichik masnaviylar.
Asarning xulosa qismi. Bu qism munojot, qit’a, xotimatul kitob va forsiy hikoyatni oʻz ichiga oladi.
«Muhabbatnoma» uning nomidan ham koʻrinib turganidek, muhabbat nomalaridan, oshiqning oʻz ma’shuqasiga yoʻllagan she’riy maktublaridan iborat. Nomalarning 10 tasi bevosita ma’shuqaga bagʻishlangan boʻlib, shu ruhda yozilgan boʻlsa,bitta noma – ikkinchi maktub tong nasimiga murojaat tarzida yozilgan. Bu noma oʻz uslubiga koʻra boshqa qismlardan ajralib turadi. Bevosita ma’shuqaga qaratilgan maktublarda mahbubaning tavsifi, va madhi yetakchi oʻrin egallab, oshiqning shikoyati, kechinmalari tasviri kam boʻlsa, ikkinchi nomada bu jihat ancha keng berilgan. Shoir oltinchi nomada shunday yozadi:
Ayo, boʻyi sanubar chehrasi oy,
Quyosh yanligʻ jamoling olamoroy.
Oʻtursang, oʻlturur fitna, kyetar gʻam,
Agar qoʻpsang, qiyomatlar qoʻpar ham.
Sumantek orazing guldur tikansiz
Manga doʻzax erur uchmoq sensiz
Bilursizkim erur ayyomi foniy,
Nechuk haddin oshirursiz jafoni.
Qachonkim shod esang, gʻamgina rahm et,
Agar sulton esang, miskina rahm et.
Suyurman koʻzni sizni koʻrmoq uchun,
Yururmen erda izni koʻrmoq uchun.
Quling ne qilsin oʻz haddini taqsir,
Koʻngul bir, qibla bir, jonona ham bir,
Chechaksen, banda sayrar bulbulungdur,
Necha borincha Xorazmiy qulungdur.
Asarda har bir nomadan keyin soqiynoma ruhida 3 baytli masnaviylar keltirilgan. «Muhabbatnoma» sadoqatli oshiqning chuqur kechinmalari, uning insoniy fazilatlari, pok muhabbati tasviridan iborat. Shoir oshiq kechinmalarini, ishq tasvirini insonga xos muhabbat nuqtai nazaridan yoritadi. Lirik qahramon shunday deydi: Oʻshul kunkim, seni xoliq yaratti Seni dilbar, meni oshiq yaratti.
Asarning boshidan oxirigacha asosiy tasvir ob’ekti bu ma’shuqa obrazidir.
Shoirning barcha ta’rifu tavsifi uni madh etishga yoʻnaltirilgan. U shunday deydi:
Shakardin totli soʻzli dilrabosen,
Darigʻokim, chechakdek bevafosen.
Sening yoding qilurmen koʻp gʻazalda,
Kim, erdim husnunga oshiq azalda.
Manga haddin oshirma bu jafoni,
Koʻzungdin solma bu miskin gadoni.
«Muhabbatnoma»da oshiq obrazi asosan ma’shuqasiga yoʻllagan maktublari asosida namoyon boʻladi. U ishq, vafo, sadoqat, oshiqlik mas’uliyatini chuqur anglaydi. Mana uning fikri:
Jafodin ingramas bu yoʻlda ushshoq,
Vafodin javringiz ming qatla xushroq.
Evurman yuz, nechakim kelsa mehnat,
Jafo sizdin, tagʻi bizdin muhabbat.
Ma’lumki, mavjud tadqiqotlarning aksariyatida «Muhabbatnoma» dunyoviy ruhdagi, undagi ishq esa hayotiy, insoniy ishq sifatida talqin etiladi. Bizningcha ham, asarda ushbu xususiyat yetakchilik qiladi. Ammo adabiyotshunos olim Yo.Ishoqov asardagi ba’zi baytlarga asoslanib, undagi ishqni ilohiy ishq tarzida talqin etadi. U shunday yozadi: «Asar tarkibidagi ayrim ishoralar bu asar mohiyatan tasavvuf ruhida ekanligini isbotlaydi. Quyidagi bayt esa uning tasavvufdagi e’tiqodini yanada aniqroq namoyon etadi:
Qadam dar nehki dar ishqi majoziy,
Ba maqsude rasi, gar pokboziy.
Mazmuni: Majoziy ishqqa qadam qoʻy. Sen agar pokravish boʻlsang, haqiqiy maqsadga erishasan.
Bu satrlardan muallif koʻzlagan asosiy maqsad, shubhasiz, ilohiy ishq… Xorazmiy bu masalada naqadar etukligi, majoziy ishq uning uchun haqiqatga olib boradigan yoʻl ustidagi koʻprik ekanligi agar xotimasi («iltimosin aytur»)dagi quyidagi baytdan ayon boʻladi:
Muni kim ishq birla bir oʻqigʻay,
Haqiqat olamini munda bilgʻay».
Xorazmiyning asarida vasfi hol, Muhammadxoʻjaga bagʻishlangan qasida, may mavzusi ham yoritilgan.
May-shodlik timsoli, hijron azoblaridan qutilish vositasi sifatida talqin etiladi.
«Muhabbatnoma» oʻz tili, badiiy tasvir vositalari bilan ham e’tiborlidir.
Xorazmiyning «Muhabbatnoma» asari ta’sirida Xoʻjandiyning «Latofatnoma», Amiriyning «Dahnoma», Said Ahmad Mironshohning «Taashshuqnoma» asarlari yaratildi.











