Ya.A.Komenskiyning pedagogik nazariyasi.

Yan Amos Komenskiy (1592-1670) o’zining pedagogik nazariyasida tarbiyaning tabiatga uyg’un bo’lishi to’g’risidagi tushunchani ilgari suradi. «Buyuk didaktika» asarida yozishicha, o’qitish tabiiylikka bo’ysunishi, o’qitish tabiat talabiga bo’ysunishi kerak. Bolaning aqliy va jismoniy o’sish jarayoni tabiatdagi o’sish jarayoniga o’xshagan bo’ladi. Masalan, bog’bon daraxtlarni parvarish qiladi, uning o’sish xususiyatlarini hisobga oladi. Xuddi shunday o’qituvchi ham bolani tarbiyalash bilan undagi xususiyatlarni hisobga oladi. Bog’bon o’sish qonuniyatini hisobga olar ekan, o’qituvchi tarbiyalash qonuniyatiga bo’ysunadi. O’qitish jarayoni tabiatga o’xshab sekinlik bilan amalga oshadi. Tabiiylik printsipida kishini tabiatning bir bo’lagi deb qarashi, (xudo tomonidan bunyod etilmagan) tabiat qonunlari uning o’sishiga ta’sir etadi deyishi o’z davrida ilg’or qarashdir. Lekin tabiat qonunini kishining o’sishiga olib kelishi noto’g’ridir. Kishi ijtimoiy borliq bo’lib, ijtimoiy qonun ta’sirida o’sadi. Lekin buni Komenskiy tushunmaydi.
Komenskiy tarbiyachi boladagi iste’dodni o’stirishi kerak. Agar bola pedagogik ta’sirsiz yashasa, bu iste’dod tasodifan o’sadi. Kishi dunyoga kelganda kishiga xos iste’dodga ega bo’ladi. Xuddi olmadagi urug’ga o’xshab ba’zida ko’proq, ba’zida kamroq bo’ladi.
Komenskiy yashagan davrda hammani o’qishga tortish kerak emas, qobiliyatli kishigina o’qishi kerak, degan g’oya mavjud edi. Komenskiy esa o’qishga hammaning tortilishini, hamma umumta’lim olishi kerakligini uqtiradi. Umumta’lim to’g’risida gapirganda ayollarni ham hisobga oladi. Bu davrda xotin-qizlar uchun o’qish juda katta muammo edi, shunga qaramay, u bu masalani ilgari suradi.
Komenskiy ta’limotining yana bir qimmatli tomoni o’quvchilar bilim olish tushunchasiga ega. Oynani qanchalik chang bosgan bo’lsa ham, baribir kishi o’z aksini ko’rishi mumkin, albatta, toza oyna kishi aksini toza ko’rsatadi. O’qituvchining vazifasi oynadagi changni artib tashlash, ya’ni bilimni bola ongiga etkazish, uni aqliy tomondan o’stirishdir, degan edi.
Komenskiy o’z asarlarida tarbiyaning maqsadini ko’rsatadi. Tarbiyaning maqsadi kishini mangulik dunyosiga tayyorlashdan iboratdir. Buni uch xil tarbiya orqali amalga oshirish mumkin:
- Aqliy tarbiya.
- Axloqiy tarbiya.
- Diniy tarbiya.
Bu maqsad bolaning tug’ilganidan to 24 yoshgacha amalga oshadi, bu davr ichida bola to’rt bosqichli maktabni o’qib tugatishi, har birida 6 yil o’qishi kerak, deb hisoblaydi.
Komenskiy tabiiylik printsipiga amal qilib, bola yoshini davrlarga bo’ladi:
- Tug’ilganidan 6 yoshgacha – ona maktabi. Bu davrda bolaning sezish organlarini o’stirishga, bolaning qabul qilishini atrofdagi dunyo bilan tanishtirishga katta ahamiyat beradi. Bolani mehnatga o’rgatish, o’z-o’ziga xizmat qilishga jalb etilishi kerak. Ona bolada axloqiy tarbiyaning asoslarini, to’g’rilik xaqqoniylik, quloq solish, mehnatni sevish va boshqalarni vujudga keltiradi. Ona maktabi bog’cha yoshidagi bola tarbiyasini ko’zda tutadi.
- 6-12 yoshgacha – xalq maktabi yoki ona tili maktabi. Bunda o’quvchi esda saqlashi, so’zlashga o’rganishi, yozish, boshlang’ich maktab ko’nikmasini hosil qilishi kerak bo’lib, buning uchun geometriya, geografiya, tabiiyot fanlarini o’rganishi lozim.
- 12-18 yoshgacha – gimnaziya. Bu o’quv yurtining vazifasi bola tushunchasini, tafakkur qobiliyatini o’stirishdan iborat. bo’lib, unda klassik tillar, tabiiyot bilimlari, axloq, xudogo’ylik o’qitilishi kerak.
- 18-24 yoshgacha universitet, akademiya. Bu o’quv yurtlari talabaning irodasini, shaxsini bir butun o’stirishi kerak.
Shunday qilib, maktab Komenskiy qarashicha o’quvchilarni o’ylashga, harakatlantirishga, masalalarni amalda mustaqil echa bilishga, so’zlashga, o’z fikrini to’g’ri ifoda qilishga va isbotlab berishga o’rgatishi kerak. Mehnat kishini ulug’laydi, deydi Komenskiy. Shuning uchun mehnatga ham yoshlikdan o’rgatish kerakligini ilgari suradi.





