Yordamchi so’zlar.Bog’lovchilar haqida ma’lumot.
Bog‘lovchilar gapdagi uyushgan bo‘laklarini va qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni birbiriga bog‘laydigan yordamchi so‘zlardir. Masalan: Haqiqat va to‘g‘rilikni sevuvchi odamlar doimo vijdon amriga bo‘ysunadilar.
Bog‘lovchilar qo‘llanishiga ko‘ra ikki turli bo‘ladi: 1) yakka bog‘lovchilar uyushgan bo’laklar va ayrim gaplar orasida yakka holda qo‘llanadi: va, hamda, ammo, lekin, biroq, balki, holbuki, vaholanki, yoki, yoxud, yo, gar, agar, agarda, basharti, chunki, garchi, go‘yo, go‘yoki, -ki, -kim; 2) takroriy bog’lovchilar bir gapda ikki yoki undan ortiq o‘rinda gap bo‘laklari bilan, shuningdek, qo‘shma gaplarda ayrim sodda gaplar bilan birga aynan takrorlanadi: dam…, dam, ba’zan…, ba’zan, ham…, ham, bir…, bir, yoki…, yoki, yo…, yo, goh…, goh, xoh…., xoh.
Takroriy bog’lovchilar takrorlangan gap bo‘lagi yoki ayrim gaplarning oldida qo‘llanadi. Takroriy bog‘lovchilarning bir qismi yakka holda ham qo‘llanishi mumkin. Masalan, yo, yoki bog‘lovchilari ana shunday bog‘lovchilardandir: Sen bu gaplardan xabaring yo‘q, yoki bilib bilmaslikka olayapsan.
Takroriy borlovchilarning ayrimlari faqat takrorlangandagina bog‘lovchi hisoblanadi, yakka qo‘llanganda esa o‘zi mansub bo‘lgan so‘z turkumiga taalluqli bo‘ladi. Masalan:bir…..bir bog‘lovchi, bir — son, ham… ham bog‘lovchi, ham— yuklama, ba’zan…. ba’zan bog‘lovchi, ba’zan — ravish kabi.
Bog‘lovchilar grammatik jihatdan o‘zgarmaydi va lug‘aviy ma’noga ham ega emas. Ular o‘zi bog‘lagan ayrim so‘zlar va sodda gaplarni o‘zaro qanday munosabatda ekanliklarini, shuningdek, shu munosabatlarning xilini ko‘rsatadi. Shunday vazifasiga ko‘ra bog‘lovchilar teng va ergashtiruvchi bog‘lovchilarga bo‘linadi.
- .Teng bog‘lovchilar gap bo‘laklari va sodda gaplarni teng munosabatda bog‘laydi. Ular quyidagicha turlarga bo‘linadi: 1) biriktiruv; 2) zidlov; 3) ayiruv; 4) inkor bog‘lovchilar.
- Biriktiruv bog‘lovchilarva, hamda so‘zlaridan iborat bo‘lib, ular gapning uyushiq bo‘laklarini yoki sodda gaplarni o‘zaro bog‘laydi.
Vabog‘lovchisi qo‘shma gan tarkibidagi sodda gaplarni bir- biriga bog‘laganda: a) o‘zi bog‘lagan sodda gaplarda ifoda qilingan ish-hrakat, voqea va hodisalarning bir vaqtda bo‘lganini ko‘rsatadi: Soy g‘o’villab oqar va uning suvi qirg’oqda o‘sgan o‘tlarni silkitar edi. (O.); b) ish-harakatning ketma-ket bo‘lganini ko‘rsatadi: Bahor keldi va daraxtlar gullay boshladi.
Hamda bog‘lovchisi sodda gaplar va uyushgan bo‘laklarni o‘zaro teng munosabatda bog‘laydi.Uyushgan bo‘laklarning oxirgisidan oldin kelganda, uyushgan bo‘laklar orasidagi tenglikni ko‘rsatish bilan birga, oxirgi uyushgan bo‘lakni ajratib ham ko‘rsatadi: Anvar, Qodir, G‘olib hamda Ruxsoralar guruhimiz a’lochilaridir.
Bulardan tashqari, bilan ko‘makchisi, –yu, -u, -da, ham yuklamalari shunday vazifada qo‘llanishi mumkin. Ushbu birliklar ana shu vazifasiga ko‘ra biriktiruv bog‘lovchilarga sinonim hisoblanadi: ota va ona, ota bilan ona, ota – yu ona kabi. Ham uyushgan bo‘laklarning oldida yoki oxirida takrorlanib kelishi mumkin. U faqat uyushgan bo‘laklarning oldida kelgandagina bog‘lovchi sanaladi: Ham qo‘rqaman, ham bilgim keladi.
- Zidlov bog‘lovchilar mazmunan bir-biriga zid bo‘lgan gap va gap bo‘laklarini o‘zaro teng bog‘laydi. Ularga ammo, lekin, biroq so‘zlari kiradi. Bundan tashqari, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni va undagi uyushiq bo‘laklarni zidlash asosida teng bog‘lashda – u, (-yu) yuklamalari ham zidlov bog‘lovchilarga sinonim sifatida qo‘llaniladi: O‘qidi, biroq yozmadi – o‘qidi – yu, yozmadi.
O‘zbek tilida lekin, ammo, biroq, balki, holbuki kabi zidlovchi borg‘lovchilardankeng foydalaniladi:Uy kichkina, lekin yorug‘ va toza edi. (O.) Tiniq osmonda yulduzlar miltirar, biroq oy ko‘rinmasdi. (O.)
Shuningdek, badiiy adabiyot tilida a zidlov bog‘lovchi ham uchraydi. Bu bog‘lovchi qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni bog‘lab, ular orasidagi zid munosabatlarni ifodalaydi: Men-ku boraman, a siz-chi?
Biriktiruv va zidlov bog‘lovchilar bilan grammatik sinonim bo‘ladigan –u, -yu, -da, ham, bilan yordamchilari vazifadosh bog‘lovchilar deb yuritiladi.
- Ayiruv bog‘lovchilar uyushiq bo‘laklarni yoki gap bo‘laklarini bir – biridan ajratib, ta’kidlab bog‘laydi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ko‘p qo‘llanadigan ayiruvchi bog‘lovchilar: yo, yoki, yoxud, yoinki, yo…, yo…, goh…, goh; dam…, dam; bir…, bir; ba’zan…., ba’zan; xoh., xoh.
Bulardan yo, yoki, yoxud, yoinki bog’lovchilari uyushgan bo‘laklarning birini ikkinchisidan, biror voqea, hodisa yoki ish-harakatni boshqasidan ayirib ko‘rsatish uchun ishlatiladi. U ham ko‘p o‘tmay yo injener, yoki o‘qituvchi bo‘lib ishlashi mumkin. (O.) goh…, goh; dam…, dam; bir…, bir; ba’zan…, ba’zan bog‘lovchilari esa, uyushgan bo‘laklarning yoki qo‘shma gan tarkibidagi sodda gaplarning oldida takrorlanib kelib, ularni ayiruv yo‘li bilan bog‘laydi: Dam qor yog‘adi, dam yomg‘ir tomchilaydi.
- Inkor bog‘lovchisina so‘zidan iborat bo‘lib, uyushiq bo‘laklarni yoki qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni inkor ma’nosi orqali bog‘lab, takrorlangan holda qo‘llanadi: U hozir na odamlarni, na ularning gapini pisand qilardi. Unda na insof bor, na diyonat.
2-§. Ergashtiruvchi bog‘lovchilar ergashgan qo‘shma gap tarkibidagi qismlarni ergashtirish, tobelash yo‘li bilan bog‘laydi. Ergashtiruvchi bog‘lovchilar quyidagi turlarga bo‘linadi:
- Aniqlov bog‘lovchilari (ya’ni, -ki(-kim) ergash gaplarni bosh gapga bog‘lash uchun ishlatilib, bosh gapda ifodalangan fikrni aniqlab, izohlab ko‘rsatadi: Deydilarkim, oyda ham dog‘ bor (U).
- Sabab bog‘lovchilari chunki, shuning uchun ergash gaplarni bosh gapga bog‘lab, sabab, natija ma’nolarini ifodalaydi. Masalan: Biz o‘z vatanimizni sevamiz, shuning uchun uning tarixini yaxshi bilmog‘imiz zarur.
- Shart bog‘lovchilari agar, gar, agarda, basharti, mabodo, garchi shart va to‘siqsiz ergash gaplarning bosh gapga bo‘lgan munosabatidagi shartni, shu bilan birga, to‘siqsizlik ma’nolarini anglatadi: Gar shu eshitganim bo‘lmasa ro‘yo, Sen ona emassan, dorsan tabiat (A.O).
- Chog‘ishtiruv bog‘lovchilari go‘yo, go‘yoki bosh gapda ifodalangan fikrni ergash gapdagi fikr bilan qiyoslab ko‘rsatadi: Oppoqqina nozik yuzi quyoshda shunday tiniq ko‘rindiki, go‘yo u nurdan yaratilganday (O.)
Bulardan tashqari, boshqa turkumga oid ba’zi so‘zlar ham bog‘lovchi vazifasida qo‘llanadi. Masalan: bordiyu shart bog‘lovchi vazifasida (Bordiyu hayotda uchratolmasam, uylab xayolimda yaratardim); deb maqsad bog‘lovchisi vazifasida (Hosilimiz mo‘l bo‘lsin deb, tinimsiz mehnat qildik) ishlatiladi. Bunday bog‘lovchilar ham vazifadosh bog‘lovchilar deb yuritiladi.












