YUSUF XOS HOJIB VA UNING “QUTADGʻU BILIG” ASARI.

0
YUSUF XOS HOJIB VA UNING “QUTADGʻU BILIG” ASARI.

YUSUF XOS HOJIB VA UNING “QUTADGʻU BILIG” ASARI.

YUSUF XOS HOJIB VA UNING “QUTADGʻU BILIG” ASARI.

X-XII asrlarda turkiy tildagi adabiyot ancha rivojlandi. Bir qator shoir va adiblar yetishib chiqdi. Ana shulardan biri Yusuf Xos Hojibdir. Muallifning ismi Yusuf. U haqdagi ma’lumotlar juda oz. «Qutadgʻu bilig»da ayrim  ma’lumotlar uchraydi. Bu asarini 50 yoshlarda ijriy 462 yili 1069-1070 yozib tugatgan. Yusuf oʻzi haqida  asar  muqaddimasida shunday ma’lumot beradi: «Bu kitobni tasnif qiligʻli Balasagʻun mavludligʻ parqiz idisi er turur. Ammo bu kitobni Qashgʻarda tugal qilib, Mashriq maliki Tavgʻachxon uskinga kechurmish, malik ani agʻirlab, ulugʻlab oʻz Xas Hojiblikni anga bermish turur, aning uchun Yusuf ulugʻ Xas Hajib teb atijavi yozilmish turur».

Kitobda tilga olingan xoqon Nasiriddin Tavgʻach Bugʻro Qoraxon 1075-1103 yillar davomida qoraxoniylar davlatini boshqargan. Asar unga bagʻishlangan. Qoraxoniylar davrida mamlakat mulklarga taqsim qilinib idora qilingan. Mana shu ulushlarning boshida turgan hukmdorlar Eligxon nomi bilan ataladi. Eligxonlar ustidan nazorat qiluvchi oliy hukmdor esa Tavgʻachxon nomi bilan yuritiladi. Markazlashgan, yagona feodal davlatni barpo etish, uni mustahkamlash, idora qilish, ulushlar va ulush ichidagi begliklar oʻrtasidagi nizolarga barham berish Tavgʻachxonlarning ezgu orzusi edi.

Xuddi ana shunday davlatni idora qilish usulini, siyosatini, qonun-qoidalarini, rasmu odatlarini, axloq me’yorlarini oʻzida mujassamlashtirgan nizomnoma, qomus sifatida «Qutadgʻu bilig» yuzaga keldi. Yusuf Xos Hojib mana shu masalalarga javob berib, oʻz asarini yaratar ekan, u bir tomondan, oʻz davrining yirik olimi, fozili, donishmandi, faylasufi, shoiri, tarix, tib, riyoziyot, nujum va shu kabi boshqa fanlardan xabardor boʻlgan barkamol kishi sifatida, ikkinchi tomondan, feodal sinfning vakili, yuqori tabaqa kishilarining himoyachisi sifatida namoyon boʻladi. Asar mazmuni muallifning arab va fors tillarini mukammal bilgan, bu tillardagi diniy, ilmiy, badiiy  adabiyot bilan chuqur tanishgan, ayni paytda turkiy yozma adabiyot, xalq ogʻzaki ijodi bilan ham yaxshi tanish boʻlganini koʻrsatadi.

Hajman katta, badiiy  jihatdan puxta boʻlgan «Qutadgʻu bilig» 6500 bayt yoki 13 ming misraga yaqin she’rdan iborat. Asar 18 oyda yozib tugatilgan. Muallif oʻz asariga «Qutadgʻu bilig» deb nom beradi. Bu baxt va saodatga eltuvchi bilim, ta’lim demakdir. Shoir shunday yozadi:

Kitab ati urdum «Qutadgʻu bilig»,

Qutadsu oʻqugʻlika tutsu elig

Kitob otini «Qutadgʻu bilig» qoʻydim,

Oʻquvchiga baxt keltirsin, qoʻlidan tutsin.

Shu sababdandirkim, kitobni chinliklar «Adab-ul-muluk»/’«Hukmdorlar odobi»/, mochinliklar «Oyin-ul-mamlakat» /«Mamlakatning tartib usuli», sharqliklar «Zainul-umaro»/, /«Amirlar ziynati»/, Eron liklar «Shohnomai turkiy», turonliklar «Qutadgʻu bilig», ba’zilar «Pandnomai muluk»/«Hukmdorlar pandnomasi»/ deganlar.

«Qutadgʻu bilig» haqidagi dastlabki xabar XIX asrning birinchi choragida paydo boʻldi. Bu asarning 1439 yilda Hirotda uygʻur yozuvi bilan Hasan Qara Sayil Shams tomonidan koʻchirilgan nusxasi Turkiyaning Tugʻot shahriga, bu yerdan esa, 1474 yilda Abdurazzoq Shayxzoda baxshi uchun Faxri oʻgʻli Qozi Ali tomonidan Istambulga keltirilgan. Uni sharqshunos olim Hammer Purgshtall Istambulda sotib olib Vena saroy kutubxonasiga keltiradi. 1870 yilda venger olimi Herman Vamberi

«Qutadgʻu bilig»ning eng muhim qismlarini «Uygʻur tili obidalari» va «Qutadgʻu bilig» nomi bilan nashr qildi. 1823 yilda fransuz sharqshunosi Jaubert Amedi ham nashr ettirgan. 1890 yildan boshlab bu asarni oʻrganishga V.Radlov kirishadi. 1896 yilda «Qutadgʻu bilig»ning arab yozuvi bilan koʻchirilgan ikkinchi bir nusxasi Qohirada topildi. Radlov 1910 yilda asarni rus alfavitiga asoslangan toʻliq transkriptsiyasini nemis tiliga tarjimasi bilan nashr qildiradi. Bu asarning arab yozuvi bilan koʻchirilgan uchinchi nusxasi 1913 yilda Namanganda topildi. 1924 yilda Fitrat namanganlik Muhammadhoji eshon Lolaresh ismli kishidan bu nusxani oladi va Toshkentga Asosiy kutubxonaga keltiradi.  «Qutadgʻu bilig» tarkibi quyidagicha: Uch bosqich muqaddima: Nasriy muqaddima 38 satr.

She’riy muqaddima 77 bayt.

Muqaddimaviy boblar 11 bob. 390 bayt.

Asosiy qism – doston mavzui 68 bobda rivojlanadi. Undagi sarlavhalar hisobiga ishtirok etuvchilarning savol-javoblarini ham kiritsak, 174 sarlavha ostida berilgan. Umumiy  hajmi 5896 bayt. Xotima qismi – 2 qismda va masnaviy bobdan iborat boʻlib, masnaviy bob mazmunigina dostonga aloqador.

Muqaddimada tangriga hamd, paygʻambar va chahoryorlarga na’t aytiladi. «Qutadgʻu bilig» 180 ga yaqin toʻrtlik, masnaviy va uch bob qasidadan iborat. Asar aruzda yozilgan. Mutaqorib bahrida.

«Qutadgʻu bilig» oʻsha davrda Qoshgʻardan Kaspiygacha boʻlgan keng maydonga yoyilgan barcha turkiy qabilalar uchun tushunarli boʻlgan «Bugʻraxon tili»da yozilgan.

«Qutadgʻu bilig»-adabiy asar, badiiy adabiyot numunasi. Asar qahramonlari 4 timsoldan tashkil topgan:

Biri toʻgʻrilikka tayanch-Adolat Biri Davlat erur, u qutli gʻoyat.

Uchinchi-ulugʻlik Aql ham Zako

Toʻrtinchi – Qanoat erur bebaho.

Birinchisi, Adolat-u bosh hukmdor, uning nomi Kuntugʻdi, u quyoshdek barchaga barobar nur taratadi. Ikkinchisi, Davlat-turkiyda  Qut, u bosh vazir, uning nomi Oytoʻldi. Asarning bosh qahramoni Oʻgdulmish-Aql va Bilimdir. Toʻrtinchi timsolQanoat. Uning ismi Oʻzgʻurmish. Olimlarimiz fikricha, bular islom ma’naviyatining bosh timsollari edi: Oʻzgʻurmish obrazi tarkidunyo qilgan, zohidlik va taqvoni yashash tarziga aylantirgan soʻfiylarni anglatadi. Asarda tasavvufiy gʻoyalar ham koʻzga tashlanadi.

Muallif Xudoni e’tirof etadi. Din va shariat yoʻlini unutmaslikka chaqiradi. Uning dunyoqarashida Farobiy, Ibn Sinolar dunyoqarashining ta’siri seziladi. U yetti planeta, oʻn ikki burj haqida gapiradi. Yusuf Xos Hojibning davlat, uning qurilishi, hokimiyatni boshqarish, moddiy, siyosiy, ijtimoiy qarashlari asardagi toʻrt obrazning oʻzaro munozara, bahs, savol-javoblari orqali namoyon boʻladi.

Muallif barcha ijtimoiy tabaqa, toifa va guruhlar, ularning jamiyatdagi mavqelari, oʻrni, yashash sharoitlari, ongi, ruhiyati, kasbu korlari kabilar haqida batafsil fikr yuritadi. U odamlarni ikki yoʻnalish asosida guruhlarga ajratadi:

1.Moddiy boylikning taqsimlanishi, mulkka egalik jihatidan. Bunga koʻra uchga ajratiladi: a) boylar, b) oʻrta hollar, v) chigʻaylar /kambagʻallar/.

2.Asosiy mashgʻulotlari, kasblari, ijtimoiy mehnatning jamiyat a’zolari oʻrtasida taqsimlanishi jihatidan. Bu jihatdan kishilar hukmronlar, amaldorlar, mansabdorlar, saroy kishilari, avom a’laviylar /Ali xonadoniga mansublar/, olim va donishmandlar, tabiblar, afsunchilar, azayimxonlar, tush ta’birlovchilar, yulduzchilar, shoirlar, lar, savdogarlar, chorvadorlar, hunarmandlar, qashshoqlar va boshqalarga boʻlinadi.

Muallif olimlar haqida alohida gapiradi. Ularni ulugʻlaydi. Ularga ozor bermaslikni, moddiy jihatdan quvvatlashni aytadi:

Yoʻq  ersa ajunda bu alim boʻgu,

Tikib unmagay erdi erda egu.

Ularni qattiq sev, agʻirla soʻzin,

Biliglarin oʻgran oʻgush azin.

Ular ilmi boʻldi buzunga yoʻla,

Yarusa yoʻla tunla azmas yoʻl-a.

Mazmuni:

Yoʻq ersa jahonda gar olim, dono,

Ekib unmagay erdi erda dona.

Ularni juda sev, qadrla soʻzin

Bilimlarin oʻrgan koʻpin yo ozin.

Ular ilmi xalqqa boʻladi chiroq,

Chiroq yonsa, tunda adashmas oyoq.

Shoirlar juda ulugʻ kishilar, ular kishilarni ham madh, ham fosh qiladilar.

Ularning tillari qilichdan oʻtkir, xotiralari nozik va chuqur:

Yana keldi shoir-bu soʻz terguvchi,

Kishin madh etuvchi yo fosh qilguvchi.

Qilichdan ham oʻtkir bularning tili,

Va qildan nozikroq xotirlash yoʻli.

Nozik soʻz, kalom kim eshitay desa,

Bulardan eshitsin, qilar zavq rosa…

Yusuf Xos Hojib dehqonlarga ham yuqori baho berdi. Ularning mehnati halol, sharafli, barchaga manfaatli ekanligini ta’kidlaydi:

Boʻlar dehqon ahli juda qoʻli keng,

Xudo berganidan erur koʻngli keng.

Qimirlaguvchidan er uzra hamon

Yuruvchiga osh, non, uchuvchiga don.

Ularga aralash, qoʻshilish oʻzing,

Shirin soʻzla tilda, ochiq tut yuzing.

Chorvadorlar haqida: Qimiz, sut, yungu yogʻ, qurut va qatiq,

Namat va kigiz ham toʻqima tutiq.

Bular manfaatli kishilar turur,

Bularni juda yaxshi tut, ey unur.

Yusuf Xos Hojib oʻz zamonasining donishmandi, turli ilmlardan bahs yuritishga qodir olim va fozil kishisi,, faylasufi edi. Shuning uchun ham u oʻz asarida ilm-fan, bilim-zakovat, ma’rifat targʻibotchisi sifatida namoyon boʻladi. U kishilarni tinmay ilm olishga, bu ilmni amalda tadbiq qilishga undaydi. U ilm ahlini qadrlashga chaqiradi:

Oʻquv qayda boʻlsa, ulugʻlik boʻlar,

Bilim kimda boʻlsa, buyuklik olar.

Bilimsiz kishilar boʻlar koʻr misol,

Bilimsiz, bilimdan kelib hissa ol.

Hamma xayrli ishlar bilim nafidur

Bilim hatto osmon sari yoʻl ochur.

«Qutadgʻu bilig»da muallif odob-axloq masalalariga alohida toʻxtaladi. U turli tabaqalar oʻrtasidagi munosabat, axloq, muomala, odamgarchilik, toʻgʻrilik,soflik, mehr-muhabbat, vafo, shafqat, adolat, insof, saxovat, aql, zakovat kabi xususiyatlarni gʻayri insoniy, yolgʻonchilik, insofsizlik, egrilik, bemehrlik, zulm, nomardlik, johillik kabi tomonlar bilan qiyoslaydi:

Yomonlikni qilma, e xulqi suzuk,

Bu kun ezgu ish qil, fe’ling qil tuzuk.

Yomon ishni qilma, u koni zarar,

Yomonlik ilon bir, seni u chaqar.

Barcha odob-axloqning boshi tildir. Tilning foyda va zarari behisobdir. Oz soʻzlash, koʻp tinglash kerak. Qizil til qora boshning yovi:

Kishin til ulugʻlar, topar qut kishi,

Kishin til tubanlar, yorilar boshi.

Soʻzing ehtiyot qil, boshing ketmasin,

Tiling ehtiyot qil, tishing sinmasin.

Talay soʻzlama soʻz, biroz soʻzla oz,

Talay sir-sinoatni oz soʻzda yoz.

Qora bosh yovi bu qizil til erur,

Talay bosh egan u, yana  ham eyur.

Muallif farzand tarbiyasi, oʻgʻil-qiz oʻstirish, ziyofatga borish, u erda oʻtirish, ovqatlanish odobi haqida oʻgit beradi.

«Qutadgʻu bilig»da yozma adabiyot va xalq ogʻzaki ijodining chuqur ta’siri seziladi. Muallif bu asarni yozishda epik asarlardan, tarixiy va diniy adabiyotlardan oʻrinli foydalangan. Asarda «Shohnoma»ning ta’siri seziladi. Asarda Iskandar, Kisra, Qaysar, Qorun, Shaddod, Od, Faridun, Zahhok kabi qirqqa yaqin obrazlar uchraydi. Asarda koʻpgina maqollar, hikmatli soʻzlar koʻzga tashlanadi. Alp Er Toʻnga  marsiyasi uchraydi.

Agar nafs tiyilsa-bu bosh sogʻligʻi

Fizo oz eyilsa-ogʻiz totligʻi.

Qorinda yaralgan qiliq, oʻrganik

Qora er tagida kyetar,ey tetik.

Uy olmoqchi boʻlsang soʻra qoʻshnisin

er olmoqchi boʻlsang soʻragin suvin.

Asarda koʻplab badiiy  tasvir vositalari uchraydi. Turli tashbehlar, omonimlar, oʻxshatishlar ishlatilgan.

Umuman, «Qutadgʻu bilig» bundan keyin ham oʻquvchilarimizni axloqli qilib tarbiyalashda ahamiyat kasb etaveradi.

Mavzular.

manba