Bosh sahifa Uncategorized O`zbek bolalar adabiyoti shakllanish va taraqqiyot yo`lida (1920-30-yillar) Elbek-bolalar shoiri.

O`zbek bolalar adabiyoti shakllanish va taraqqiyot yo`lida (1920-30-yillar) Elbek-bolalar shoiri.

O`zbek bolalar adabiyoti shakllanish va taraqqiyot yo`lida (1920-30-yillar) Elbek-bolalar shoiri.

O`zbek bolalar adabiyoti shakllanish va taraqqiyot yo`lida (1920-30-yillar) Elbek-bolalar shoiri.

O`zbek bolalar adabiyoti shakllanish va taraqqiyot yo`lida (1920-30-yillar) Elbek-bolalar shoiri.

20-yillarda chinakam shakllanish jarayoniga kirgan o`zbek bolalar adabiyotini Elbek ijodisiz tasavvur qilish qiyin.

Muallimlik uni ham badiiy ijod,  ham ilmiy ijod sari etakladi. Badiiy ijodga havas unda, o`z e`tiroficha hali Xoniy maktabida o`qib yurgan kezlarida – taxminan 14 yoki 15 yoshdaligida uyg`ongan esa-da, «1917 yildan boshlab yozuvga» chinakamiga berildi. Uning  asl ismi Mashriq, otasiniki Yunus bo`lsa-da, elga dardkashlikni ko`zlab, Elbek taxallusini qo`llab, «she`rlar va ba`zan hikoyachalar yoza boshladi». Shu zaylda birin-ketin uning

«Armug`on» (1921) masallar, «Ko`zgu» (1925), «Yolqinlar» (1927), «Sezgilar» (1927),

«Bahor» (1929), «Mehnat kuylari» (1930), «She`rlar» (1934), «Chirchiq bo`ylarida» (1935), «G`unchalar» (1935) she`rlar to`plamlari, «Qo`shchi Turg`un» (1925), «Dadamat» (1936) hikoyalar majmualari, «Tozagul» (1934), «Bog`bon», «Etik», «Mergan» (1935) poemalar alohida kitoblar tarzida arab va lotin alifbolarida bosilib chiqdi. Uning she`rlari «Chig`atoy gurungi» uyushmasi chop etgan «O`zbek yosh ijodkorlari» (1922) to`plamidan joy oldi. Yangi-yangi she`r, hikoya va maqolalari o`sha davr matbuotida tez-tez bosilib turdi, o`zi ham o`zbek matbuotining faol namoyandasiga aylanib «Inqilob», «Maorif va o`qitg`uvchi», «O`zbekiston Sovet adabiyoti», «Bilim o`chog`i», «Yangi yo`l», «Alanga», «Uchqun» (Buxoro Xalq Respublikasi Maorif nazorati organi) singari qator jurnallarni tahrir hay`ati ishida qizg`in qatnashdi, shu zaylda Respublika matbuotining yuzaga kelishi va shakllanishida, o`zbek jurnalistikasining qaror topishi va rivojlanishida munosib hissa qo`shdi.

Elbek o`zbek tilining xalqimiz milliy qiyofasini ifoda etish uchun astoydil kurashdi, bu tilni kamsituvchilarga qarata 1922 yilda shunday satrlarni bitgandi:

Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat:

Kimlar erur turk tilini sotuvchi! Bulbul kabi sayrab turg`on bu tilni Uyalmayin bu o`lkadan otuvchi.

Boldan totli, jondan tunuk turkchani

Tushunmaydi xo`rlab-xo`rlab yotg`uchi

Ochunlarda boyligini ko`rasdan

Kimdir bunga: «Yordi, yormas degan!»

Mungli qushim, ularni qo`y, sen sayra,

Turk tilining dong`in chiqar ko`klarga…

«Til» she`ridan keltirilgan parchadan anglashtirayotirki, unda ifodalangan g`oya istiqlol g`alaba qozonib, milliy tilimiz davlat tili maqomini olgan ayni zamonda ham o`z dolzarbligini yo`qotganicha yo`q. Til va imlo masalalarini yorituvchi «Til», «Imlo masalasi», «Imlo va til quriltoyi chaqirilishi oldidan» (1920), «O`zbek imlo qurultoyi va uning qoldirgan ta`siri», «Alifbe masalasi» (1921), «Turk tillarining qonunlari to`g`risida» (1922), «Til darsligi», «Otilmagan sopqon» (tilga oid darslik haqida, 1923), «Tilimizdagi yangiliklar» (1924), «YAna til – imlo masalasi» (1925), «Imlomiz ustida bir necha so`z» (1927), «Til imlomiz ustida» (1929), shuningdek, o`zbek folklor iva etnografiyasi yuzasidan to`plagan materiallari asosida «O`zbek folklori lug`ati» (1922), «O`zbek xalqining izohli lug`atiga oid materiallar» singari o`nlab maqolalarni yozdi. Elbek til taraqqiyotini  jamiyat  taraqqiyotidan  ayri tasavvur qilmadi.

Elbek o`zbek halqining boy og`zaki ijodiyotini to`plash va o`rganish ishiga ham tilshunos-muallim sifatida Turkiston Maorif Xalq Komissarligi qoshidagi O`zbek bilim hay`atida ishlagan kezlaridayoq kirishgan edi. U Bo`stonliq atroflaridan turli qo`shiqlar, laparlar, og`zaki drama, maqol va matallar, topishmoqlarni maroq bilan to`pladi. Shu kuzatishlari jarayonida xalq adabiyoti juda boy bo`lishi bilan birga o`z davri va o`sha zamon kishilarining turmushlarini o`z ichiga olgan qimmatli adabiy vasiqalardir, degan xulosaga keldi. Binobarin, ularni to`plash, nashr etish va o`rganishga jadal kirishishi zarurligini uqdirib, yoshlar ongini faollashtiruvchi o`zi to`plagan xalq topishmoqlari, maqollari va qo`shiqlarini jamlab «Topishmoqlar, maqollar va ashula to`plamim» nomi ostida 1923 yilda bostirib chiqardi. Bu kitob g`oyat qizg`in kutib olindi, unga O`zbekistonning boshqa joylaridagi folklor namunalarini qo`shish istagini ifodalovchi takliflar ham bo`ldi. Bu taklifni inobatga olib, Elbek Sirdaryo, Buxoro, Farg`ona, Xorazm va Samarqand shahar va qishloqlarini kezdi, folklor asarlarini yozib g`oyat yangidan to`plagan materiallarni qo`shgan holda 1928 yilda G`ulom Zafariy bilan hamkorlikda «Ashulalar» to`plamini nashrdan chiqardi, 1936 yilda yana yangi materiallarni qo`shib, shu to`plamni uchinchi nashrini amalga oshirdi.

Elbek xalq ertaklarini to`plar va o`rganar ekan, ularga o`zi o`zbekchaga o`girgan A.S.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqidagi ertak», «Oltin xo`roz», «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» tajribasi asosida yondashib, ertak syujetini nazmda bayon etish an`anasini o`zbek bolalar dostonchiligini yuzaga keltirishga tatbiq etdi. Bu jihatdan uning 1935 yilda nashrdan chiqqan «Ertaklar» to`plamini tashkil etgan «Kambag`al yigit va par dasturxon», «Erksiz folchi», «Omonat» she`riy ertaklari alohida ahamiyatga molik.

Garchi «Kambag`al yigit va par dasturxon» shu nomdagi o`zbek ertagi asosida yaratilgan esa-da, unda A.S.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqidagi ertak» asari bilan qator mushtarakliklar bor. Pushkin ertagi markazida kambag`al cholu kampir va oltin baliq obrazlariga daxldor epik sarguzasht tursa, Elbek asarida kambag`al kampiru o`g`li va turna orasidagi munosabatdan tarkib topgan syujet harakatdadir. Hatto tuzoqqa ilingan turnaning tilga kirib ovchi o`g`longa qilgan murojaati bilan oltin baliqning baliqchi cholga qilgan iltijosida mazmun o`xshashligi bor:

Turna: – Hoy yigit, meni so`yma,

Bo`shatib qo`yib yubor.

Buning uchun sen mendan

Ne so`rasang shuni ol!:

Oltin baliq: – Qo`yib yubor dengizga, bobo,

Katta to`lov to`layman senga,

Ko`ngling ne tilasa bergayman.

Syujetdagi tafovut shundaki, Pushkin talqinida bebiliska boylik qashshoq kampirni quturtiradi, Elbek talqinida xalq boyligini zo`ravonlik bilan tortib olgan ochko`z podshodan qasos olishga undalgan. Ochko`z podsho ovchi o`g`londan turna bergan par dasturxonni tortib olgach, turna ichidan askar chiqadigan qovoqni sovg`a qiladi. Shu askarlar zo`ravon, ochko`z podsho ta`zirini berib, kambag`al yigitga par dasturxonni qaytarishadi. Ertakda hakhuquq uchun kurash motivi ifodasini topgan.

«Erksiz folchi» she`riy ertagida ham ijtimoiy motiv ustuvor. Xalqning «soxta folbin» ertagi syujetini nazmda bayon etish asosida bitilgan bu she`riy ertakda nochorlikdan soxta fol ochish evaziga tirikchilik qilishga uringan, ammo kutilmagan omadi bilan podshoning yo`qolgan xachiri va qaroqchilar xazinadan o`margan bir qop oltinni topib nazarga tushgan, nihoyat yolg`oni chinga aylanib saroy folbini sifatida izzat-ikrom qozonsa-da, erkidan ayrilib tahlikada yashashga mahkum bo`lgan folbin qismati ko`rsatilgan. Folbin o`zining yolg`ondakam folchi ekanini har qancha takrorlamasin, na podshoh, na saroy ahli unga ishonishmaydi, uning yolg`on gapini esa rost o`rnida qabul qilishadi. Elbek bu bilan saroyning yolg`on va ig`volar maskaniga aylanganini, unda yolg`on rost o`rnini tamoman egallaganini fosh etadi.

Elbekning bu she`riy ertaklari badiiy saviyasiga ko`ra H.Olimjon, Mirtemir, S.Jo`ra, Q.Muhammadiy, Sh.Sa`dulla va Z.Diyorlarning 30-yillarda yaratgan she`riy-adabiy ertaklari darajasida turmasa-da, o`zbek bolalar dostonchiligini rivojlantirish yo`lidagi izlanish sifatida e`tirofga sazovor.

Elbek o`zbek bolalari xalq qo`shiqlarini to`plash va nashr etishning ham tashabbuskorlaridan bo`ldi. U o`zi to`plagan material asosida 1937 yilda chop ettirgan «Bolalar qo`shig`i» to`plami o`zbek folklorshunosligi tarixidagi dastlabki urinish samarasi sifatida ahamiyatlidir. To`plamda 18 ta bolalar qo`shig`i jamlangan.

Elbekning boshlang`ich maktab bolalari uchun darslik va o`quv qo`llanmalari tuzish tajribasi bolalar yoshi xususiyatlari va qiziqishlarini inobatga olgan holda badiiy asarlar yozish iqtidorini, demakki, bolalar shoiri va bolalar yozuvchisi sifatidagi iste`dodini shakllantirishda muhim omil bo`ldi. Bu jihatdan «Bilim» darsligining ikkinchi kitobida keltirilgan «Odamlarning kuchi nimada?» hikoyasi e`tiborga loyiq:

Odam miltiq, tuzoq, qarmoq, ketmon yasadi. Yirtqish hayvonlarni topib otdi. Tuzoq quyib, qushlarni ilintirdi. Qarmog`iga tiqish uchun ketmon bilan er kovlab, qurtni topdi va baliqni suvdan ilintirib oldi: odamning kuchi yasagan qurollarida.»

Adibning mahorati shundaki, hayotiy saboq bolalarga xos mushohadakorlik zaminida ifodalangan. Yoki 1922-1925-1927 yillarda 25 ming nusxada bosilgan «O`zbekcha o`qish kitobi»ning birinchisiga kirgan «Yo`ldoshning tegirmoni», «Totli sho`rvo» va «Jo`jalar» hikoyalari ham shu xildagi fazilatlarga ega. Chunki «Yo`ldoshning tegirmoni»da bolalar ijodkorligi o`yin jarayonida ochib beriladi:

«Qo`g`irchoq» to`rtligi esa parallelizm negizida bitilgan bo`lib, ahloqiy-didaktik mazmunga ega. Butun to`rtlikda «qanot» so`zi rang-barang ma`noda tovlanadi:  G`oz qanoti oq bo`lur, Er qanoti ot bo`lur.

Bolalarning qanoti –

Maktabda o`quv bo`lur.

She`rning voqeaband mazmunga ega bo`lishi – unda epiklik alomatini ta`minlabgina qoldirmaydi, balki uning bolalarbopligini, aniqrog`i, undagi mazmun va obrazlarning «ko`rimliligini» – bola idrokiga mosligini belgilaydi. Elbekning o`zi ham bu hodisani chuqur anglaganini «Armug`on» to`plami so`zboshisida shunday e`tirof etgan: «Zamon kishilari hozirgi turmushga hamda o`zlarining ko`ngillariga to`g`rilab yozilgan kitoblarni axtarmoqqa boshladilar. Mana, men ham shuning kabi elimizning istagan narsalariga, oz bo`lsa-da, ko`mak etmoq umidi bilan ushbu kitobchani el bolalarining qarashlariga otmoqqa botirlik qildim…»

«… el bolalarining qarashlariga» mo`ljallangan bu kitobcha faqat masallardan tartib berilgan shoirning ilk to`plami bo`lib, qisqa muddatda ikki marta (1921 va 1923 yillarda) nashr etildi. Shuni  ta`kidlash joizki, Elbek butun faoliyati davomida 30 dan ziyod masallar yozdi, ularni «Armug`on»dan boshqa «Ko`zgu» (1925), «Yolqinlar» (1925) va «G`unchalar» (1935) kabi to`plamlarida ham e`lon qildi va shu asosda o`zbek masalchiligini rivojlanishining yangi bosqichiga olib chiqdi. Elbek bu masallarni yaratishda xalq og`zaki ijodi, o`zbek mumtoz adabiyoti va I.A.Krillov masalchiligiga xos an`analardan ijodiy foydalandi. Chunonchi, «Sichqon xotinning qiz uzatishi», «Qora qushlar ila toshbaqalar» masallari uchun «Kalila va Dimna»da mavjud bo`lgan sichqon xotinning qiz uzatishi, qarg`a va toshbaqa syujetlaridan foydalangan. «Olaqarg`a va Qurbaqa» masalini esa I.A.Krillovning «Qarg`a va Tulki» masalidan ijodiy ta`sirlanib yozgan. Zotan, u

I.A.Krillovning «Fil va Laycha», «Ko`zgu va Maymun», «Tulki va uzum», «Eshak bilan bulbul», «Bo`ri bilan Turna» masallarini o`zbek tiliga o`girish jarayonida mahorat sirlarini o`zlashtirgan, lekin o`ziga xos ijod yo`lidan borgan.

«Olaqarg`a va Qurbaqa» masalida maqtovdan taltayib ketib, o`ljasidan ajralib qolgan Olaqarg`aning gumrohligidan kulinadi. Olaqarg`a Qurbaqani tutib olib, daraxt shoxiga qo`narkan, Qurbaqa undan qutilishni ko`zlab, Olaqarg`ani maqtay boshlaydi: Dedi: – Ey barcha qushning sen go`zali!

Dunyoda ko`rmadim men senday qushni… Senga teng yo`q yerda emas, ko`k ustida, Qani biroz sayrab bergil, men eshitay.

(«Armug`on», 1923, 22-bet) 

Olaqarg`a bunday maqtovdan erib ketib, sayramoqqa kirisharkan, og`zidan Qurbaqa tushib ketadi va suvga sho`ng`ib undan qutuladi.

Shoir maqtanchoqlik fojeasini boshqa bir asari – «Sholi va Kurmak» masalida ham ochib beradi. Masal Sholi va Kurmak orasidagi munozara asosida qurilganligidan mumtoz adabiyotimizdagi munozara janriga hamohang. Lekin undan keltirib chiqarilgan bosh g`oya – sholikorni qadrlash, shu asosda sholikorlik mehnatiga muhabbat uyg`otish motivi masalga xos mantiqiy yakun tarzida namoyon bo`ladi.

Elbek bolajonlar uchun talay quvnoq she`rlar yozib, «Ko`zgu», «Yolqinlar», «Bahor», «G`unchalar» singari to`plamlarida e`lon qildi. Bu she`rlarida kichkintoylarni tabiat bilan tanishtirishga, ularda hasharotlarga, o`simliklarga, qushlarga mehr-muhabbat tuyg`ularini uyg`otish evaziga Vatanni sevish sabog`ini berishga intildi. Chunochi, «Lolazorda» she`rining lirik qahramoni Lola dengiz yuzida sizib olgan taassurotini shunday ifodalaydi:

Chiqqan edim dalaga, Ko`zim tushdi bolaga. Bordim-da, uzdim-oldim, Oy, qiziq holga qoldim!

Mavzular.

manba