Sahifamizda Kitob haqida matn, Kitob haqida sher, Kitob ma’rifat chirog’i mavzusida insho.
Kitob haqida matn.
Reja:
1. Kitob ma’rifat chirog’i.
2. Kitob-inson ruhining tarbiyachisi.
3. Kitob — insoniyat qahramoni, ustozlar ustozi.
Kitob – insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘’tabar va muqaddas deb hisoblagan. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Kishining madaniyati uning kitobida aks etadi. Kitobxonlik oiladagi muhitga ham bog‘liq. Ma’rifatli oilalarda kitobga e’tibor farzandlar tarbiyasida qo‘l keladi. Inson o‘zining fikrlash qobiliyati, ma’naviyat dunyosi bilan tirik. Odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi omillardan biri ham uning ma’naviyati hisoblanadi.
Xo‘sh, biz insonlar ma’naviy ozuqani qaerdan olamiz? Albatta, “bilimlar manbai” bo‘lmish kitobdan. Kitob – bebaho boylik ekani barchamizga ma’lum. Birorta san’at turini televidenie va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi.
Kitob – moziy darakchisi, bugunning tarbiyachisi va muallimi, kelajakning yo`lboshchisi. Kitobni ma’naviy xazina, haqiqiy boylik, dedik. Uni chin dildan sevib qadrlagan Abu Ali ibn Sino og`ir betob bo`lgan Buxoro hukmdori Nuh ibn Mansurni davolagach, evaziga oltinu kumushlar to`la sandiqni emas, balki saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatini qo`lga kiritishni afzal ko`rgan edi.
Buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin duelda yaralanib, vafot etar chog`ida, unga “Do`stlaringiz bilan vidolashing”, deyishadi. Pushkin xonaning burchagidagi kitob javoniga termulib, “Xayr, mening do`stlarim!”, deya jon bergan ekan.
Kitob – bilim manbai, ilm shamchirog`i, ma’naviyat sarchashmasi. Kitobni quyoshga qiyoslash o`rinlidir: quyosh insonning jisman ulg`ayishi uchun qanchalik muhim o`rin tutsa, kitob ma’nan barkamollik uchun ham shunday ahamiyatga ega. O`qish davomida kitobni mutolaa qilish jarayonining o`zidayoq insonning ongi va dunyoqarashi shakllana boradi. Kitobning o`zi bir olam. Uni takror va takror o`qish davomida yangidan yangi ufqlar kashf etiladi, har gal uni qayta mutolaa qilgan odam undan o`zgacha taassurotlar oladi. Aytishlaricha, Forobiy Arastuning “Jon haqida” deb nomlangan asariga o`z qo`li bilan: “Men bu asarni 200 marta o`qidim”, — deb yozib qo`ygan ekan.
Kitobdan shunchaki ermak, zerikishda qo`l keladigan bir vosita sifatida foydalanish yaramaydi.
Kitob ong va qalb ehtiyojini qondiruvchi omil sifatida inson ruhini tarbiyalaydi, shaxsni shakllantiradi. Kitob odamdan mutolaada nafaqat ko`z va aql, shuningdek, ko`ngil ham birdek ishtirok etishini talab qiladi. Kitob o`qishdan maqsad aql-tafakkur bilan uni mantiqiy muhokama etishgina emas, balki chin yurakdan zavqlanish, ta’sirlanish, o`zlikni, haqiqatni izlab topish hamdir.
Faylasuf Yan Mindan do`sti so`radi:
— Kitob o`qigandan so`ng hech narsa yodda qolmasa nima qilmoq kerak?
Van Yan Min dedi:
— Uni tushunmoq kerak, yodlash shart emas. Tushunmoq zaruriyati ham ikkinchi darajali narsa. Eng avvalo, kitobning asosiy mohiyatini anglamoq joiz.
Kitoblarga ularni yozgan shaxslar o`z ruhiyati, tafakkuri, jismu jonini baxshida etadilar. Olamda neki alloma, donishmand, avliyolar, faylasuflar yetishib chiqqan bo`lsa, ularning barchasi kitoblar tufaylidir.
Kitob — insoniyat qahramoni, ustozlar ustozi.
Ilm-fan misli ko`rilmagan darajada rivoj topdi. Cheksiz bilimlar mohiyati, asriy sir-sinoatlar tilsimi hozirgi davrga kelib bashariyatga oshkor bo`lmoqda. Qadimda kitoblarni xattotlar ming bir mashaqqat bilan ko`chirishgan bo`lsa, bugungi kunda texnika yutuqlari tufayli ular millionlab nusxalarda chiqarilib, butun dunyo bo`ylab tarqatilmoqda.
Biroq tezkor zamonning tezkor sur’atlarida hayot kechirayotgan odamzod shunchalik shoshadigan, betoqat bo`lib qoldi-ki. uning bir muddat xotirjam tin olishga imkoniyati yo`q, eng qayg`ulisi, bunga uning xohishi yo`q. Vaqt ayni zamonda oltindan ham yuqori qiymatga ega bo`ldi. Insonning ongi fikrlar, ma’lumotlarga to`la, ammo u fikrlashga layoqatsiz bo`lib bormoqda.
Uning diqqati bir joyda jam emas, shoshganidan shoshadi-ki, kitoblar turfa xil va son jihatdan ko`p bo`lgani bilan uni mutolaa qilishga, teran fikrlashga fursati yo`q. Kitobning o`zini emas, uning syujeti, mohiyati to`g`risidagi qisqagina annotatsiya-ma’lumotlarni o`qish, aniqrog`i, ko`z yugurtirish afzal bo`lib qoldi.
Kitobning hayotdagi o`rnini axborot deb atalgan hissiz va ruhsiz ashyo egallab oldi, natijada odamzod tinimsiz axborot qabul qilishga moslashib qoldi. Axborot oqimi shu qadar shiddatli-ki, uni qayta ishlashga, fikr yuritishga ulgurib bo`lmaydi. Dunyo kitobdan uzoqlasha boshladi, vaholanki, dunyoni shu yuksak taraqqiyot pog`onalariga olib chiqqan bilimlar manbai o`sha — kitob edi.
Axborotlashuv omili global dunyo uchun birlamchi vazifaga, axborotga egalik hukmronlik belgisiga aylandi. Inson axborotga ega bo`lish ishtiyoqi tufayli kitobdan uzoqlashishi bilan birga tabiatdan, hayotning go`zalligidan, o`zligidan uzoqlasha boshladi.
Moddiy, nafsoniy ehtiyojlar beqiyos darajada ortib ketishi, qalb va ruhning ma’naviy ehtiyojlari qondirilishiga to`siq bo`ldi. Bu borada ma’rifat fidoiylaridan birining kuyunchaklik bilan aytgan gapi bor: “Bilim deb hikmatdan, axborot deb ma’rifatdan ayrildik!..”.
Texnikaviy taraqqiyotning eng yuksak cho`qqisiga chiqqan odamzod ko`rdi-ki, uning ortida ma’naviy qadriyatlar, ruhiy xotirjamlik va qalb istaklarining boy berilishi oqibatida vujudga kelgan tubsiz jarlik mavjud ekan.
Dunyodagi, ayniqsa, g`arb olamidagi taraqqiy etgan mamlakatlar jamiyatlarining ijtimoiy-ma’naviy hayotida sodir bo`layotgan “ommaviy madaniyat” niqobidagi axloqsizlik, vatanfurushlik, sotqinlik, jinoyatchilik, narkotrafika, korrupsiya kabi illatlarning keng urchishi, bu — ruhiy-ma’naviy inqirozning belgilaridir. Moddiy quyosh bilan birga ma’naviy quyosh hisoblanmish kitob ham bo`lmas ekan, dunyo zulmatga aylanadi.
Zamonamiz analiz-sintez — mushohada zamoni. U bizdan shiddat bilan kechayotgan lahzalarda oxir-oqibatda qayerga borishi va nimaga erishishini bilmagan holda tinmay shoshishni emas, balki insoniyat o`tmishi, sirlari va yutuqlarini chuqur o`rganish, teran fikrlash asosida o`zlikni anglash hamda kelajak tomon mas’uliyat bilan qadam tashlashni talab qilmoqda. Biz ruhiyatimiz, qalbimiz, ya’ni o`z olamimiz va tabiat bilan qayta til topishmoqchi ekanmiz, kitoblar mutolaasiga qaytishimiz zarur.
Shunisi ham borki, kitoblarning barchasi ham o`qib-o`rganilishi muhim bo`lgan bilimlar manbai sirasiga kirmaydi. Ular orasida ma’nisiz, maqsadsiz va yovuz g`oya-mafkuralarni targ`ib etadiganlari ham uchraydi.
Inson asl kitoblar, durdona asarlarning keraklilarini tanlay olishi, uni aqli va qalbi bilan idrok etib, zavqlanib, ta’sirlanib hamda qiziqib o`qishi darkor. Kitobni shunchaki o`qib qo`yish bilangina ruhning, qalbning pok bo`lishiga erishib bo`lmaydi. Har bir kitobxon kitobdagi bilimlarni ongiga jo qilib, uni hayotiy faoliyatida munosib qo`llay olsagina, bu chinakam muvaffaqiyatdir.
Kitob haqida matn sizga manzur bo’ldi degan umiddamiz.
Tavsiya etamiz: Boshqa mavzudagi insholar