Bayonlar to’plami 5-11-sinf uchun.

0
Bayonlar to'plami 5-11-sinf uchun.

Bayonlar to’plami.

O’quvchilarning yozma nutqini shakllantirish va fikr doirasini kengaytirish uchun bayon, ayniqsa, ijodiy bayonlar o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Maktab amaliyotida yozma ishning bu turidan ko‘p foydalaniladi. Bayonlar badiiy asarniyoki berilgan matnni yozma ravishda qayta hikoyalash xarakteridagi yozma ish turidir.

Bayonlardagi matnni qayta bayon qilish to‘liq bayon, qisqartirilgan bayon,kengaytirilgan ijodiy bayon tarzida o‘tkaziladi. Har uchala  xil bayonning ham maqsadi boglanishli nutq o‘stirishdir. Lekin kengaytirilgan bayonning inshoga tayyorlashdagi ahamiyati katta. U o‘quvchining fikrlash doirasini, fantaziyasi va bayon uslubini o‘stiradi va takomillashtiradi.

Ushbu bayonlar to’plamida o’quvchilar jamoasining imkoniyati, qobiliyati, iste’dodi inobatga olinib, turli qiyinlik darajasidagi matnlar to’plangan.

5-sinflar uchun bayonlar.

Go’zallik bayon.

Insonning aziz va mukarram qilib yaratilganligi ayon haqiqat va uning murakkab, tushunarsiz mavjudot ekanligi ham sir emas. Shu sababli bani basharo’z hayotida ko’p qoqinadi, aksar yaxshilig-u yomonliklar ichida surinadi.

Mirzakalon Ismoiliy bu nozik masalalar tegrasida nazokat va tabiiylik bilan qalam tebratadi. Binobarin, inson Olloh tomonidan yaratilgan jamiki suvrat-u siyratlarning mukammali ekan, u shunga monand ravishda fe’l-atvorga, go’zallikka ega bo’lmog’i lozim, lekin go’zallik deganda nimani tushunamiz? Shahlo ko’zlar,chiroyli kiyim-bosh, qimmatbaho taqinchoq-u bezaklarnimi? Menimcha, go’zallikning o’z qonunlari, qoliplari bor. Yuqorida sanalgan narsalar bilan ”chiroyli odam” bo’lish mumkin, lekin ”go’zal inson” bo’lish uchun esa uni
odamiylik fazilatlari to’ldirishi kerak. ”Go’zallik ham bamisoli daraxt. Yaprog’i axloq, ildizi ichki dunyo, mevasi-yaxshi fazilat. Xulosa qilib aytganda, odam bolasidagi go’zallik tabiat ato qilgan husn-jamoldan tashqari, yana eng yaxshi xulq-atvorni, insondagi eng yaxshi fazilatlarni o’z ichiga olgan odamiylikdan iboratdir. Mana shunda go’zallik insonga husn beradi. Bu xil go’zallik yaproqlarsiz, ildizlarsiz qurishi muqarrar bo’lgan daraxtga sira-sira o’xshamaydi,qurimaydigan, boqiy go’zallikdir,-deydi M.Ismoiliy.(127 so’z)

 Ustozlarni hurmat qilish bayoni.

Har bir inson uchun o’z muallimini va ustozini e’zozlash, hurmat va ehtiromini ado etish shartdir. Negaki, bu zotlar har qanday insonning ruhini tarbiyalaydi, ma’naviy boylik bilan to’ldiradi, har qanday ruhiy va maishiy kamchilik hamda illatlarni poklaydi, jaholat degan buyuk aybdan xoli va ozod qiladi.

Muallim va ustoz shunday zotki, u insoniyatni ilm bezagi bilan ziynatlaydi, ularga chiroyli va yoqimli fazilatlar bilan chiroy va oro beradi, tushuntirish bilan foydasiz narsalardan odamni xalos etadi, insonni haqiqiy komil inson darajasiga yetkazish bilan bilim xazinasini ularning qalblariga joylaydi.

Muallim va ustoz shunday zotki, u sening insonlik haq-huquqlaring nimadan iborat ekanini tushuntirib beradi, yaramas, yomon ishlardan qaytaradi va eng yaxshi ishlar va vazifalar sari yo’l ko’rsatadi. Ular sening yuksakliging va kamolga yetishingni o’ylashib, hamisha jon kuydirishadi, el ichida o’ylab, butun kuch va imkoniyatingni ishga solishadi.

Muallim va ustozning vaqatlari qimmatli ekanligini bilib, aytganlariga diqqat bilan quloq sol. Bordi-yu biron nimani tushunmay qolsang, odob va muloyimlik bilan qayta so’rashing zarur. Muallim va ustozing nima so’rasalar kulib turib, odob va ikrom bilan chiroyli so’zlarni saralab javob ber. Ilm maskanidan tashqarida yoki ko’cha-ko’yda ularni ko’rib qolsang, ta’zim bajo qil, qo’lingni ko’ksingga qo’yib salom ber. (140 so’z)

Vatan tuyg’usi bayoni.

Yotsam tushimda, uyg`onsam yonimda, ko`z yumsam, miyamda, ko`z ochsam, qarshimda mungli bir xayol kelib turardi! Ey mungli xotin, sen kimsan ? Ey g`amli ona, nechun mungdan ayrilmaysan ? Yonimda, ko`zimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechun ketmaysan? Qayg`u tutunlari ichra yog`dusiz qolgan ko`zlaring yosh yomg`ilarini nechun
to`kadur? Zulm zanjirlari bilan bog`langan qo`llaring nechun har yonga uzatiladi, nima tilaysan? Oh…bildim…angladim! Sen mening vatanimsan, vatanning mungli xayolisan. Yirtim, Turonim, sendan ayrilmoq mening o`limim. Sening uchun o`lmoq mening tirikligimdir.

Yo`q , sen kimsasiz emassan. Mana men. Borlig`im bilan senga ko`mak qilurga hozirman. Mana men, chin ko`ngil bilan sening yo`lingda o`lishga rozi. Qof tog`lari yo`limga tushsa, do’zax` olovlari qarshimdan chiqsa, yana sen sari ketaman.Men sening uchun tug`ildim, sening uchun yasharman, sen uchun o`larman.(100 so’z)( A. Fitrat)

Sadoqat.

Qadim zamonlarda shunday bir yurt bor ekanki, uning xalqi mehnatkash,podshosi odil, hayoti tinch ekan. Shu bois, boshqa bir mamlakat shohining g`ayirligi kelib, o`sha yurtni bosib olmoqchi bo`libdi. Biroq daf`atan hujum qilishga jur`at etolmay, o`sha yurtga o`z xufiyasini yuboribdi. Xufiya o`sha yurtga boribdi va mulozimlari safiga kiribdi. So`ng o`z mamlakatiga borib, shohiga bu yurtni olib bo`lmaslikni aytibdi.

”Qal`asi mustahkam emas, lashkari ham ko`p emas ”, deb o`zi guvoh bo`lgan voqeani aytib beribdi: Bir kuni o`sha podshoh shikorga chiqqan edi: Men ham, yigitlar ham birga bordik. Podsho uchqur bir kiyik ortidan ot qo`ydi. Shu bois, hammamiz unga ergashdik, biroq kiyik narigi cho`qqiga o`tib ko`zdan g`oyib bo`ldi. Terlab ketgan podsho ro`molcha bilan peshonasini artmoqchi edi, nogahon shamol kelib, ro`molchani daraga uchirib ketdi. Shu sababli qirq yigitning hammasi o`zini tubsiz jarlikka otdi.

Qanchasi mayib- majruh bo`ldi, ammo omon qolgan bir yigit ro`molchani olib chiqdi va podshoga topshirdi.. U yurtda bunday yigitlar ko`p, shuning uchun ham bunaqa yurtni yengib bo`lmaydi.

Vatan madhi. vatan nima? bayon.

Vatandan shirinroq narsa yo`q. Axir, odamlar nimaniki muqaddas deb
hisoblasa, nimaniki teran mazmun bilan sug`orilgan deb bilsa, bularning barini
ularga Vatan o`rgatgan emasmi? Mayli, ko`pgina odamlar o`zga yurtlarning
qudrati-yu ajoyibotidan zavqlansin, imoratlarning dabdaba-yu vasvasasiga qoyil
bo`lsin, lekin hamma Vatanini sevadi. O`zga yurtning behisob mo`jizalarini
ko`pchilik ko`rgan, ammo hech kim ularga mahliyo bo`lib o`z yurtini unutib
qo`ygan emas-ku?!
Barcha odamlar Ollohdan Vatanini farovonlikda boshqa shaharlarga teng
qilishni so`raydi-yu, lekin tanlashga kelganda har qancha faqir-u ko`rimsiz bo`lsada, faqat o`z Vatanini tanlaydi.
Vatan hamma odamlar uchun shu qadar azizki, qonun chiqaruvchilar hamma
joyda eng katta jinoyatlar uchun oliy jazo sifatida Vatandan badarg`a qilishni
belgilab qo`yishgan. Axir, janglarda safda turganlar uchun eng oliy, eng ulug`
xitob –Vatan uchun jangga undaydigan xitobdir. Bu xitobni eshitgan hech bir
odam undan bo`yin tovlashni o`ziga munosib bilmaydi-da . Negaki, ” Vatan” so`zi
hurkak odamga ham jasorat bag`ishlaydi.

Tavsiya etamiz: Diktantlar to’plami. 1-2-3-4- sinf uchun diktant

Vatan haqida bayon.

O‘zbeklarda “Mahallang – otang-onang” degan gap bor. Bu qadimdan shakllanib kelgan, boshqa davlatlarda uchramaydigan mahallachilik bilan bo‘g‘liq.Mahallada begonalar bo‘lmaydi. Hamma inoq, ahil yashaydi. Har xil masalalar bamaslahat hal qilinadi. To‘ylar, ma’rakalar mahalla ahlisiz o‘tmaydi. Ayniqsa, mahallaning keksalari bu ishlarga bosh-qosh bo‘ladilar, yoshlarga maslahatlar berib turishadi. Mahallamiz bizning kichik vatanimizdir. Shuning uchun unga tegishli har qanday yangilik, hodisalar menga ham tegishlidir.

Mahalla – tarbiya o‘chog‘i. U yerda nafaqat yoshlar, kerak bo‘lsa, kattalarga ham tarbiya berib qo‘yishadi. Mahalla kattalarining nasihatlari yoshlar uchun katta
boylik. Mahallalar hududini obodonlashtirish uchun xasharlar uyushtirib turiladi.
Unda katta-yu kichik birdek qatnashadi. Ariqlar, ko‘chalar tozalanadi, axlatlar olib
ketiladi. Mahalla obod bo‘ladi. Mahalla obodligi esa yurt obodligidir. (110ta so’z)

Yo’l qoidasi umr foydasi.

Shahrimiz ko‘chalari gavjum. Hamma biror ish bilan qayergadir shoshiladi.Ba’zan yo‘l qoidalariga bee’tibor ham bo‘lishadi. Kichik qoidabuzarlik katta ko‘ngilsizlikka olib kelishini unutmaslik lozim. Zero, bizni ko‘rib turgan kichik bolalar bizdan o‘rnak olishlarini hammamiz yaxshi bilamiz. Yo‘llarni belgilangan joylarda kesib o‘tish, svetofor ko‘rsatmalariga rioya qilish ko‘p ham vaqt talab qilmaydi-ku!? To‘xtab turgan avtobusni, trolleybusni orqa tomondan, tramvayni esa old tomondan aylanib o’tish kerak. Yo‘lni kesib o‘tishda avval chap, keyin o‘ng tomonga qaraladi.

Shu oddiygina qoidalarni bolalikdan bilamiz. Keling, ularga amal qilaylik. Toki yollarda baxtsiz hodisalar ro‘y bermasin. Do’stim, svetoforning ranglari qanday ma’no bildirishini bir eslab ko’ring va bayonni davom ettiring. Oq yo‘l sizga, azizim! (100 so’z)

Odob oltindan qimmat.

Odob keng qamrovli tushuncha. Har bir sohaning o‘z odob me’yorlari mavjud: nutq odobi, kiyinish odobi, ovqatlanish odobi. Ovqatlanish ham bir madaniyat. Unga ham odobga rioya etish zarur. Ovqatga kattalardan oldin qo‘l uzatmaslik, ovqat yeganda chapillamaslik, ovqat paytida gaplashmaslik lozim. Biror narsani uzatib yuborishlarini so‘rashdan oldin og‘zingizdagini yutib, salfetka yoki sochiqcha bilan og‘zingizni arting.

Dasturxon atrofida qattiq kulish, baqirib gaplashish ham odobdan emas. Taomni qoshiq yoki sanchqi bilan olib yeyish kerak.Umuman, ovqatlanayotib ham kishi o‘zining madaniyati darajasini namoyish etadi. Xalqda “Bola aziz, odobi undan aziz” degan naql bor. U bejiz aytilmagan.

Odobli bolalarnigina katta-yu kichik yaxshi ko‘radi, hurmat qiladi. Odobli bola, eng avvalo, xushmuomala bo‘ladi, o‘zidan kattaga salom beradi. Jamoat transportida, boshqa yerlarda o‘zidan kattalarga joy beradi. Biror keksa odamga yukini olib borib berish, yo‘lni kesib o‘tishda yordamlashish hamodobning bir ko‘rinishi. Odobli kishi izzattalab ham bo‘lmaydi. U katta-yu kichikka birdek yaxshi muomalada bo‘ladi. (130ta so’z)

Registon.

Samarqand ko‘hna tarixiy obidalarga boy shaharlardan biri. Shunday obidalardan biri – Registon uchta salobatli binodan tashkil topgan. Bular: Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori madrasalaridir.

Ulug‘bek madrasasi 1471 – yilda barpo etilgan. Bu bino Ulug‘bek qurdirgan madrasalarning eng kattasi va eng hashamatlisi edi. Uning monumental peshtoqlari yongumbazlari va minoralari hozir ham kishini hayratga soladi. Bu madrasa o‘z davrida ilm-fanning yirik markazi bo‘lgan. Madrasada yirik olimlar, jumladan, Ulug‘bekning o‘zi ham dars bergan.
Sherdor madrasasi 1619 – 1636 – yillarda Samarqand hukmdori Yalanto‘sh Bahodirning topshirig‘i bilan qurilgan. Bahaybat peshtoq tepasida sher va ohular rasmi solingani uchun Sherdor madrasasi deb atalgan.

Tillakori madrasasi 1647-1660 – yillarda qurilgan. U zarhal naqshlar bilan ishlangani uchun shunday nom olgan. Mazkur bino qurilishi bilan Registon maydonidagi ajoyib ansambl mukammal shakl olgan. Hozirda bu yerga minglab sayyohlar tashrif buyurishadi. Istiqlol davrida madrasalar qayta ta’mirlandi. Endilikda u yerda ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.
“Sharq taronasi” xalqaro musiqa tanlovi fikrimizning dalilidir. (146ta so’z)

Qadryatlar qadr topmoqda.

Xalqimizning bayramlari ko‘p: Navro‘z, Mehrjon, Hosil bayrami. Men bu bayramlarni yaxshi ko‘raman. Bu bayramlarda xalq sayllari o‘tadi. Navro‘zga bag‘ishlangan xalq sayllari,  ayniqsa, zo‘r o‘tadi. Katta-kattadoshqozonlarda osh, sumalak kabi taomlar tayyorlanadi.
Lekin muhimi bu emas. Shahar markazlari, dalalarda, bog‘larda xalq sirki artistlarining tomoshalari boshlanadi. Masxarabozlar, dorbozlar yig‘ilganlarga xushkayfiyat ulashadi.
Sayllar milliy o‘yinlarsiz o‘tmaydi. Uloq, qizquvdi kabi o‘yinlar hech kimni befarq qoldirmasa kerak…

Polvonlar ham shu kuni o‘zlarining nimaga qodirligini ko‘rsatish uchun gilamga chiqishadi. Dunyoga yuz tutayotgan o‘zbek milliy kurashisiz sayl bo‘larmidi axir. Saylda hamma xursand. Har kim miriqib dam oladi. Bayramlar ertangikunimizga ishonchimizni mustahkamlaydi.

Xullas, ozod yurtga bayramlar yarashadi. Ona O‘zbekistonimizning har kuni bayram bo‘laversin. (107ta so’z).

6-sinf bayonlar.

Ona haqida bayon.

Ey farzand, qara, agar kishi qo’lida arzimas yukni biror soat ko’tarib tursa, qanchalik qiynaladi. Endi esa, tasavvur qil, agar u shu yukni to’qqiz soat ko’tarib yursa nima bo’ladi? Agar to’qqiz kun ko’tarib yursa-chi? Shundan xulosa chiqarib olaverki, seni onang to’qqiz soat yoki to’qqiz kun emas, balki to’qqiz oy ko’tarib yurgan.

Agar sen go’daklik zamoningda onang sen bilan qanday hayot kechirganini, o’zingning esa osmon bilan yerning farqini bilmaydigan bir chaqaloq bo’lganingni bilishni istasang, atrofingdagi onalarga qara, ularning qo’llaridagi chaqaloqlarga nazar sol, shunda o’z go’dakligingni yorqin tasavvur qilasan, bundan esa o’zingga yarasha xulosa chiqarib olasan.

Aqlli, ziyrak, zehnli har bir farzand onaning haq-huquqini joyiga qo’yadi, qo’lidan qancha yaxshiliklar kelsa, onasi uchun ado qiladi, rizoligi yo’lida esa barcha imkoniyatini ishga soladi. Hech bir narsada onaning jahlini chiqarmaydi, onaning quvvati yetmaydigan narsani talab qilmaydi. Onaning shafqatiga jafo bilan, mehribonligi evaziga xafa qilish bilan javob
qaytaruvchi farzand naqadar razil farzand. Ona aytganlariga quloq solmaydigan, buyurganining aksini qiladigan, har bir ishda onaning jig’iga tegadigan farzandni ota yomon ko’rishidan tashqari, odamlar ham yomon ko’rishi shubhasizdir.

Har bir farzand ona nasihatlarini jon qulog’i bilan eshitishi, to’g’ri yo’lga targ’ib etsa, qarshilik qilmasligi ota yoki onadan birortasi ish buyurganda, shu buyurilgan ishda xatolik borligini bilsa ham, yuragini tor qilib, qattiq gapirmasligi, kulib turib, bu ishda xatolik borligini yumshoqlik bilan isbot qilib, ularniko’ndirishi lozim. (168 so’z)

Ibrat bayon.

Bir ota o‘smir o‘g‘lini uyidan olib chiqib, ko‘chaning o‘rtasida ayamasdan savalayotgan emish. Bu sirni kim qanday tushunadi, degan ma’noda ana shu usulni tanlagan ekan. Shu payt qo‘shni darvozadan bir qiz chiqib qolibdi. Qarasa, tuppa tuzuk yigitchani otasi urayotganmish. Qiz bunga chiday olmay so‘rabdi:
-Amaki, bu kimingiz bo‘ladi?
-O‘g‘lim bo‘ladi. – debdi otasi.
-O‘g‘lingiz nima gunoh qildiki, ko‘chaga chiqib urasiz.
-Gunohi shuki, – debdi ota, – aytganimni qiladi.
Qiz hayron qolibdi. Qanaqa ota bu, o‘g‘li aytganini qilsa-yu, rahmat eshitish o‘rniga kaltak yesa. Qizning ko‘z yosh qilayotgan bolaga rahmi kelibdi. “Mushtumzo‘r” otadan xafa bo‘libdi. Ota qizning holatini ko‘rib, ichida debdi: “Hoy qizim, sendan yaxshi kelin chiqmaydi. Sen sirning nimaligiga tushunmading…”
Qiz yo’liga ketibdi. Ota yon-veriga qarasa, uzoqdan ko‘hlikkina bir qiz kelayotganmish. Qiz yaqinlashishi bilan ota yana o‘g‘lini do‘pposlay boshlabdi.
Qiz to‘xtab otadan so‘rabdi:
-Amakijon, o‘g‘lingiz nima gunoh qildiki, uyda emas, ko‘chaga chiqarib
uryapsiz?
-Nima desam, aytganimni qiladi, qizim. Shuning uchun adabini beryapman,
– debdi ota.
-Qattiqroq uring, aqli kirsin, ana o‘shanda o‘z aqli bilan ish qiladigan
bo‘ladi,- deb qizcha yo‘lida davom etibdi. Buni ko‘rgan ota: “E, farosatingga balli-ey, ona qizim”,- deb izidan termulib qolibdi,- albatta, bir kuni seni kelin qilaman”,- deb ko‘ngliga tugibdi. (196ta so’z)

Navro’z haqida.

Navro‘z Yaqin va O‘rta Sharq xalqlarining yangi yil bayrami sanalib, 21- mart kuni nishonlanadi. Bu bayram O‘rta Osiyoda Islom dini o‘rnatilmasidan oldin ham nishonlangan. Navro‘z haqida ko‘plab afsona va rivoyatlar, shuningdek, ilmiy asarlar ham mavjud.
Jumladan, Umar Hayyomning (1048-1132) “Navro‘znoma” asarida quyidagilarni o‘qiymiz: “Navro‘zning joriy qilinishi sababini aytsak, u shundan iboratki, oftobning ikki aylanishi mavjud, ulardan biri quyidagicha: Oftob har yuz oltmish besh kun – kecha – kunduzning  to‘rtdan birida Hamal burjining birinchi daqiqasiga chiqib ketgan paytining o‘zida yana qaytib keladi va har yili bu davr kamaya boradi. Jamshid bu kunni tushunganidan keyin Navro‘z deb atadi va bayram qilishni odatga aylantirdi…

Aytishlaricha, birinchi Ajam podshosi Kayumars podshoh bo‘lgandan keyin yilining kunlari va oylariga nom berishga hamda odamlar bilsin deb yilnoma joriy qilishga qaror qilgan, u tongda oftob Hamal burjining avvalgi daqiqasida kirgan kunni aniqlab, Ajam mubadlarini yig‘di va yil hisobini shu paytdan boshlashni buyurdi”.

Mana shunday qadimiy bayram sobiq sho‘rolar tuzumi davrida deyarli unutildi. Uni ta’qiqlab ham qo‘yishdi.Shukurki, istiqlol bu ajoyib bayramni xalqimizga qaytarib berdi. Endilikda u O‘zbekistonda bahor, mehr-muruvvat, do‘stlik bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. (177ta so’z)

Zahiriddin Muhammad Bobur haqida bayon.

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek mumtoz adabiyotida Navoiydan keyin eng katta meros qoldirgan shoir sifatida tan olinadi. Shoir, davlat arbobi, shoh, sarkarda Bobur 1483- yilda Andijonda dunyoga keldi. Otasi Umar shayx mirzo vafotidan keyin 12 yoshida Bobur Andijon taxtiga chiqadi. Bobur juda mazmunli va ayni paytda og‘ir hayot kechiradi. Taqdir taqozosi bilan Hindistonga borib, u yerda ulkan davlat qurdi. Bobur she’riyatida ona yurtga muhabbat mavzusi yetakchi o‘rin tutadi.

Shuningdek, u chin insoniy fazilatlarni ulug‘laydi. Sevgi, oliyjanoblik, sadoqat kabi tuyg‘ularni tarannum etadi. Bobur o‘zbek adabiyotida birinchi memuar asar yozgan adib hamdir. “Boburnoma”da muallif o‘z ko‘rgan- kechirganlarini haqqoniy aks ettiradi. Bobur kishilarni ma’rifatli qilish orzusi bilan yashagan, u “Xatti Boburiy” nomli yozuvni ham ishlab chiqqan. Bobur ijodida g‘azal, ruboiy, tuyuq, fard, chiston kabi janrlarni ko‘rish mumkin. Bobur she’riyatining tili sodda, xalqchilligi bilan diqqatga sazovor.

Shoh va sarkarda, buyuk shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi
xalqimizni ezgulikka, ilm – ma’rifatga chorlaydi:
Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,
O‘rgangani ilm tolibi ilm kerak,
Men tolibi ilm-u, tolibi ilme yo‘q,
Men bormen ilm tolibi, ilm kerak. (170ta so’z)

Sabr-qanoat haqida bayon.

Sabr-qanoat insonlar uchun buyuk bir fazilat. Inson har bir ishni sabr va qanoat bilan olib borsa, maqsadiga erishadi. Tinch va rohatda yashashni istagan kishi har ishda oshiqmay ohista harakat qiladi, nafsini falokatdan, g’ururdan saqlaydi. Sabr boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli bo’lishimizni talab etadi, shuning uchun ham, birinchidan, har bir ishda sabr bilan harakat qilish lozim.

Islom dinida sabr yuksak fazilatlardan biri bo’lib, mo’min-musulmon kishining ruhiy tayanchi va hidoyatga boshlovchi omildir. Sabr haqida “Qur’oni Karim” da yetmish marotaba zikr qilingani ham bejiz emas. Boshqa hech qaysi fazilat bu miqdorda zikr etilmagan. Shuning uchun ham “Qur’oni Karim” ning “Anfol” surasining 46-oyatida “Sabr-toqat qilingiz! Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadur”,-deyilgan.“Qur’on” sabrli kishilarda uch xislat borligini, bu xislatlar ulardan boshqalarda bo’lmasligini aytadi.

Birinchisi, ularga Allohning mag’firati bo’ladi. Bu ular uchun maqtov bo’lib, bu dunyoda ham, u dunyoda ham sharafdir. Ikkinchisi, Allohning rahmati. Musibat uchun Alloh lutf va ehson qiladi. Uchinchisi, ular hidoyatda yurgan kishilar hisoblanadi. Haq va to’g’ri yo’lda
ekanliklari uchun musibat chog’ida o’zini qanday tutish kerak bo’lsa, shunday tutganliklari bois, ularga xafagarchilik va dard-u hasrat o’z hukmini o’tkaza olmasligi ta’kidlanadi.

Sabr-toqatli kishi har bir ishda diyonatli, adolatli bo’ladi. U boshqalarning kamchiligidan kulmaydi, aksincha, unga yaqindan yordam beradi. Sabr-qanoatli odamda atrofdagilarga huzur bag’ishlaydigan odatlar paydo bo’ladi. Sabr-toqat qanchalik og’ir bo’lmasin, keyinroq shodlik keltiradi. Shu bois, sabr bilan zafar bir-biriga qadimdan do’st bo’lib kelmoqda. (165 so’z)

Zulfiyaxonim bayonlar to’plami.

Dunyo qadim-qadimdan sharq ayoli, turkiy ayollarni yaxshi tanigan. Tarixning barcha bosqichlarida ular dunyoga o’zining borligini goh mardlik, jasorat bilan, goh tadbir-u oqilalik bilan, goh she’riyat bilan bildirib, tanitib, tan oldirib kelganlar. Ana shu zotlardan biri Zulfiyaxonim bo’lib, u el muhabbatiga, ayollar ishonchiga tasodifiy bir holatda muyassar bo’lgan emas. Opaning huzuriga olis qishloqlardan yuzlari quyoshda qorayib ketgan, ajinlari bolalagan ayollar qo’llarida go’dagi bilan madad so’rab kelardi. Ustoz ularning boshini silar edi, yupatar edi. ”Sakson yil lovullab, so’nmagan o’tman” deydi Zulfiyaxonim she’rlarining
birida.

Men dengizning labida turdim,
Dengiz to’lib chayqaldi yurak.

Xalqning og’riqlariga, quvonchlariga joni bilan tutashmagan shoira bunday yoza olamaydi.
Biz shoiraning ovozlarini, chiroyli qarashlarini, issiq qo’llarini sog’ingan edik. Ular xonaga kirganda bir qalqib tushib, o’zimizni o’nglab olar edik. Balki, Prezidentimiz Farmoni bilan adabiyotimizga kirib kelayotgan yangi Zulfiya qizlarining kuchli ovozlari bu sog’inchimizni bosar. Balki, ustozni ko’rgan ko’zlarimiz bilan bir-birlarimizga termulib, bu sog’inchga malham toparmiz. Nima bo’lganda ham biz: Bu bog’lar bir bog’lar bo’ladi hali” degan taskin bilan yashaymiz.

7-sinf bayonlar to’plami.

  • She’riyatning cho’g’i.
  • Xatoni anglamoq – xalos bo’lmoq
  • Kamolliddin Behzod
  • Yaxshi so’z – muxtasar
  • Suvning tomchisi ham suv.
  • Temur boboga murojaat
  • Tabiat bilan oshnolik
  • Eng yaxshi dori.
  • Assalom kelajak
  • Amir Temur
  • Qalb go’zalligi inson ziynati
  • Alisher Navoiy
  • Oftob oyim. onam haqida.

8-sinf bayonlar.

  • TURSUNBOYGA AYTAR SO`ZLARIM !
    (Said Ahmadning ”Ufq” romanidagi Tursunboyga maktub)
  • Karvon qo’ng’irog’i.
  • Ismoil Somoniy maqbarasi.

9-sinf bayonlar ro’yxati.

  • Husayn Koshifiy.
  • Baxt kaliti.
  • Chekishning zararli oqibatlari bayon.
  • Farzand burchi.
  • ish bilganga bir tanga gap bilganga ming tanga.
  • ota ona haqida.

Bayonlar to’plamini PDF shaklida yuklab olishingiz mumkin.

Diktant-va-bayonlar-toplami-4

5-sinf-diktant

Bayonlar to’plami 5-9 sinf

 

Tavsiya etamiz: Turli mavzudagi insholar