Sahifamiz orqali Giyohvandlik umr zavoli haqida matn, insho keltirilgan.Giyohvandlik haqidagi matnni o’qib foylanishingiz mumkin.
Giyohvandlik – umr zavoli.
Keyingi yillarda yer yuziga keng tarqalgan bir illat borki hammani tashvishga solmoqda. Bu illat – giyohvandlikdir.
Xalq maqollarining birida: “Yomon bilan yo‘ldosh bo‘lma, Nodon bilan sirdosh”, deb bejiz aytilmagan.
Darhaqiqat, bu ro‘yi zaminda inson degan nom va shu bilan birga uning sha’ni, qadr-qimmati, or-nomusi har narsadan aziz! Biroq ana shu ulug‘ va qutlug‘ nomga dog‘ tushirayotganlar ham oramizda borligini aslo inkor etib bo‘lmaydi. Zero, inson taraqqiyoti yo‘liga tahdid tug‘diruvchi eng salbiy illatlar hali-hamon davom etmoqda. Shuni alohida, ta’kidlash joizki, transmilliy jinoyatchilikning uchta eng havfli turi insoniyat taqdiriga havf solib kelmoqda.
Ayniqsa, xalqaro terrorizm, din niqobi ostidagi ekstremistik, fundamentalistik va separatistik xurujlar, narkotik moddalar bilan savdo qilish, odam savdosi kabi ko‘rinishlarga ega bo‘lib, bularni barchasi o‘ta og‘ir jinoyatlar tasnifiga kiradi.
Giyohvandlik – asr vabosi.
So‘ngi paytlarda olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqotlarga qaramay zahri qotil moddalar tuzog‘iga ilinib, unga asir bo‘layotgan shaxslar tabora avj olib borayotganini ortiqcha izohlashga aslo hojat yo‘q.
Uzoq yillardan buyon hali-hanuz davom etib kelayotgan o‘sha zahri qotil domiga tushib qolganlar orasida har xil yoshdagi erkak va ayollarning borligi achinarli.
Giyohvandlikka qarshi kurashish, ularning zararli oqibatlaridan kishilarni xabardor qilish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish doimiy va muhim faoliyat turlaridan biridir.
Chunki asr vabosi – giyovandlikka chalingan kimsalar oilasining tinchi buzilayotgani, farzandlarining qarovsiz qolayotgani, o‘zlari esa salomatligini yo‘qotib, bevaqt o‘lim topayotgani hech kimga sir emas.
Odatda, narkotik moddalarning salbiy ta’siri turli a’zolarning shikastlanishi, hayot uchun muhim funksional tizimlarning izdan chiqishi, xastalikning psixik va fiziologik alomatlari rivojida ko‘rinadi. Narkotik modda iste’mol qilayotgan shaxs asta-sekin psixik jarayonlar faolligini oshiruvchi vositalarsiz xissiy idrok etish layoqatini yo‘qotadi.
Achinarlisi, hayot lazzatini giyohvand moddalarsiz tasavvur eta olmay qoladi. Bu esa giyohvandlikka chalingan shaxslarni jinoyat ko‘chasiga boshlaydi.
Giyohvand moddalar inson organizmini butunlay ishdan chiqarib, uning ma’naviy ruhiy dunyosiga jiddiy putur etkazadi. Unday zahri qotil narsalarga duchor bo‘lgan, ya’ni ruju qo‘ygan kimsalar o‘z hayot tarzi o‘zgarib, odamlar orasida obro-etiborini yo‘qotib, ko‘pchilik nazdida va nazarida o‘ta havfli shaxs bo‘lib ko‘rinaveradi.
Biz giyohvandlikka qarshimiz.
Inson uchun eng bebaho boylik – bu sog‘lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Islom dinida ham inson joni, aqli va sihat-salomatligini saqlash, muhofaza etish eng muhim maqsadlardan bo‘lib hisoblanadi.
Giyohvand moddalarni iste’mol qilish inson kamolotiga, imon-e’tiqodiga xavf xatar solish bilan bir qatorda mustaqil mamlakatimiz rivojlanishi va taraqqiyotiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Insonning e’tiqodi kuchli, mustahkam bo‘lishi bilan birga tani, jismi ham sog‘, chiniqqan, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarga bardosh bera oladigan bo‘lmog‘i lozim.
Bugun giyohvandlik girdobiga mubtalo bo‘layotganlarga qarata bir og‘iz gap aytish kerak. Hayot go‘zal, yashash yaxshi. Har qanday muammoni hal qilish mumkin. Shu sababli o‘zingizni chohga tashlamang.
Agar siz o‘lim suyuqligi solingan shpritsni qo‘lingizga olar ekansiz, kelajagingizni umrbod qorong‘ulik qa’riga tashlashingizni unutmang. Unutmang qo‘lingizga giyohvand modda berilar ekan, siz yo‘q degan qatiy so‘zni ayting. Shundagina tirik qolasiz.
Inson hayoti, yosh avlod kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlik-bangilikka qarshi kurashish mustaqil yurtimizning har bir fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan bo‘lib hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotidagi mavjud har qanday zararli illatni yo‘q qilish va uning oldini olish har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir.
Tavsiya etamiz: Jaholatga qarshi ma’rifat insho.