Ulug’bek xazinasi insho.
Reja:
I.Kirish.Buyuk munajjimning kashfiyotlari.
II.Asosiy qism:
a) Ma’rifatparvar shoh;
b) Mirzo Ulug‘bek va Ali qushchi o‘rtasidagi chin insoniylik munosabatlari.
d) Padarkush o’g’il taqdiri.
III. Xulosa.»Ulug’bek xazinasi» asari nodir tarixiy asardir.
Buyuk munajjimning kashfiyotlari.
Iste’dodli yozuvchi Odil Yoqubov o’zbek romanchiligining taraqqiyotiga sezilarli hissa qo’shgan ijodkorlardan biridir. Ayniqsa, tarixiy romanlari bilan o’tmish voqeligini, o’sha davr hayotini, tarixiy shaxslar siymosini asosli tasvirlagan. Odil Yoqubov “Ulug’bek xazinasi” romanining bosh qahramonlari etib real tarixiy shaxslarni olar ekan, ularning xilma-xil to’qnashuvlarida nutqning dialog shaklidan, ruhiy kechinmalar, o’z olamidagi ziddiyatlarda esa monologlardan unumli foydalanadi. Shuning uchun bu asarda til xarakterga, xarakter esa tilga o’tadi. Bunday dialektik qonuniyat romandagi dialog va monologlarda, personajlarning o’zaro to’qnashuvlarida yanada yaqqolroq ko’zga tashlanadi.
Mana oradan qariyb 650 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda Mirzo Ulug‘bek siymosi ulug‘lanib kelinmoqda. Uni butun dunyo faqatgina shoh yoki sarkarda deb emas shu bilan birgalikda tarixchi, olim va buyuk munajjim sifatida ham yaxshi biladi. Ulug‘bek 1394 yilning mart oyida Eronning g‘arbidagi Sultoniya shahrida, bobosi Temurning harbiy yurishi paytida tug‘ildi.
Tavsiya etamiz: Menga yoqqan g’azal insho
Ma’rifatparvar shoh.
«Ulug’bek xazinasi» romanida Odil Yoqubovni birgina Ulug’bek taqdiri qiziqtirmaydi (garchand u yirik tarixiy shaxs bo’lsa-da), Ulug’bekning ulug’ligi ma’rifatli shoh va ajoyib insonligidagina emas, u yaratgan ilmiy adabiy merosda aks etgan…
Tarixiy janrning asosiy belgilaridan biri shundan iboratki, yozuvchi kitobxon ko’zi o’ngida o’sha davr ruhiyatini tiriltira olishi kerak. Buning uchun u e’tiborni tarixiy shaxslar taqdiriga qaratadimi, davrning suronli kurashlari manzarasini chizadimi yoki e’tiborni ko’proq qahramonlar tiliga qaratadimi, bu harakatlar yuqoridagi bosh maqsadga yo’naltirilishi hamda shu kunga daxldor ma’naviy masalalarga ham munosabat bildirilishi kerakki, ana shundagina tarixiy asar xalq ma’naviyatini xazinasidan joy oladi.
Padarkush o’g’il taqdiri.
Yozuvchi tarixiy shaxslar siymosini yaratar ekan, davr muhitining murakkab, ziddiyatli qirralarini obrazlar tizimi orqali ochib beradi. Toju taxt kurashlarining avj olishi natijasida Ulug’bek Mirzoning istirobli hayoti yorqin lavhalarda o’z aksini topgan.
Asarda faqat toju taxt kurashlari emas, ota va o’g’il o’rtasidagi ziddiyatlar, adolat va adolatsizlik, haq va haqsizliklar ham jiddiy ifodasini topgan. Insonni shakillanishida muhit yetakchi rol o’ynaydi. Shaxs xarakteriga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Bu jihatdan o’rta asrdagi jaholat bag’rida yorqin yulduz bo’lib porlagan Mirzo Ulug’bek hayotining so’nggi damlarida, uning nodir ilm xazinalaridan, bitgan asarlari-yu, suyukli shogirdlaridan, rasadxonasi-yu, buyuk temuriylar paytaxt etgan Samarqanddan benasib bo’lish arafasida o’g’li Abdullatif bilan qilgan quyidagi dialogi xarakterlidir:Sohibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi, butun umri e’zozda o’tgan, buyuk alloma Mirzo Ulug’bek “bir burda non, bir qumg’on sovuq suvga” rozi bo’lib, qolgan umrini ilmga, asarlarini tugatishga sarflamoqchi bo’lganida noqobil o’g’il otasining bu oliyjanob, pok niyatini o’zicha masxara qiladi. Ota ilm-fandan, rasadxonadan gap ochsa, ochko’z farzand bobosi Amir Temur tillalarining yashiringan joyini otadan dag’dag’a bilan so’rashga jur’at etadi.
Bu dialog davomida Mirzo Ulug’bek obrazining yana boshqa bir qancha tipik xususiyatlari kitobxon ko’z o’ngida namoyon bo’ladi. Bu o’rinda Ulug’bekning o’ziga xos otalik burchi, farzandiga aytmoqchi bo’lgan nasihatlari, ilm yo’lidagi zahmatkashligi uning donishmand keksalarga xos quyidagi nutqi orqali namoyon bo’lganligini alohida ta’kidlashni istardik: “ – Bu suhbatdan yolg’iz muddaom – otalik nasihatimni bermoq edi.
Taassuflar bo’lg’aykim, senga padar nasihati emas, oltin kerak ekan!.. – Shahzoda gapini bo’lmoqchi ekanini ko’rgan Mirzo Ulug’bek keskin qo’l siltab: “To’xta!” deb buyurdi. – Ota so’zi amri vojib, deb bilursenmi, yo’qmi – ixtiyor senda. Va lekin so’nggi nasihatimni eshit, xohla o’z padaringni qatl et, xohla Movarounnahr sarhadidan haydab, darbadar qil – boz ixtiyor sendadur. Lekin yolg’iz tilagim: ilm yo’lida otang qilgan ishlarga, uning shogird va ustodlariga tegmagaysen. Tegsang… ota qarg’ishiga uchrab toabad badnom bo’lursen!.. Ota rozi – xudo rozi, yodingda bo’lsing: al qasosil minalhaq! Hech bir yomonlik intiqomsiz qolmaydur! Senga aytadurg’on boshqa so’zim yo’q! Chaqir yasovulingni!”
Tavsiya etamiz: 14-yanvar vatan himoyachilari kuni ssenariysi
Ko’rinadiki, bu dialogning oxiri Mirzo Ulug’bekning monologik nut qiga aylanib ketgandek tuyuladi. Ulug’bek o’zi bilan o’zi gaplashgandek, yuragini kemirayotgan zardali so’zlarni nobakor o’g’liga to’kib tashlaydi. Farzandiga amrimni, nasihatimni eshit, deb da’vat qiladi. Ayni vaqtda taxtga o’tirgan shahzoda o’g’lining mavqeiga mos holda “boz ixtiyor sendadur, deydi. Bu o’rinda alamzada otaning dil so’zlarini o’g’liga aytishdan boshqa ilinji qolmagan edi.
Ulug’bek xarakterini tpiklashtirishga xizmat qiladi. Chunki hech bir ota o’z jigarbandi, farzandiga yomonlikni ravo ko’rmaydi, uni nohaq qarg’amaydi. Lekin Abdullatif toifasidagi farzandlar o’z otasining ilmini, ustozlariyu shogirdlarini oyoq-osti qilar ekan, bu nobakor farzandlarning qilmishlari intiqomsiz qolmasligi ota bilan o’g’il o’rtasidagi dialogda real aksini topgan.
Yozuvchi Odil Yoqubov “Ulug’bek xazinasi” romanida ana shunday real va tipiklashgan ota va o’g’il obrazlarining ruhiy holatlarini shundaygina ko’rsatib qo’ya qolmay, balki dialoglar vositasida, shiddatli tortishuvlarda ularning qalbini kitobxonga yaqqol ochib ko’rsatishga muvaffaq bo’lgan. Bu romandan olingan qaysi bir dialogning jumlasiga e’tibor bermang, ular asar g’oyasini ochishga, personajlarning xarakteridagi tipiklik xususiyatlarini to’liq gavdalantirishga bo’ysundirilgan. Yozuvchining bu tarixiy romanida dialoglarga juda ko’p o’rin berilganligini alohida ta’kidlash zarur.
Adabiyotshunos Y. Solijonov badiy asardagi dialog va monologlar haqida so’z yuritib shunday yozadi: «Yozuvchi o’z qahramonini yaratar ekan, unga ma’lum ma’noda munosabat bildiradi: uni yo yoqlaydi, yoki inkor qiladi, uchunchi yo’l yo’q!
Bunday munosabat avtor nutqi orqali qahramon portiretini yaratishda, uning xatti harakatlarini tasvirlashda, yon-atrofdagi narsa buyumlarni ifodalashda, ruhiy dunyosini tahlil etishda ko’rinadi». Shunisi muhimki, asarda faqat Mirzo Ulug’bek, Abullatif, Ali Qushchi kabi tarixiy shaxslargina emas, Salohiddin zargar, Qalandar Qarnoqiy singari to’qima obrazlar ruhiyatini yoritishda dialog va monologlar ham kuchli uslubiy vosita bo’lib xizmat qilgan.
Tavsiya etamiz: Farhod va Shirin dostoni haqida insho.
Odil Yoqubov romanlarida qahramonlarni faqat qora bo’yoqlarda ko’rsatmaydi, aksincha, obrazlarning qiyofasi kelishgan, xushsurat, kishini o’ziga rom qiladigan odamlar sifatida ularni xolislik bilan ob’ektiv tasvirlaydi. Yozuvchi bunday obrazlarning qora, jirkanch qilmishlarini qalamga olar ekan, bu xushsurat, kelishgan odamlarning qilmishi bilan qiyofasi o’rtasidagi nomutanosiblikka kitobxon diqqatini tortishga muvaffaq bo’ladi.
Xulosa
Yozuvchining “Ulug’bek xazinasi”, “Ko’hna dunyo” kabi tarixiy romanlari, yangi asari– “Osiy banda”ni ko’zdan kechirar ekanmiz, bu asarlarda yozuvchi qahramonlarni ruhiy olamini, qalb dialektikasini ochishga harakat qilsa, ba’zi qahramonlar tasvirida ularning tashqi ko’rinishini xolisona turib chizishga intiladi.
Ulug’bek, uning hayoti va bu unga bag’ishlangan roman personajlar ruhiy dramasi tasviri jihatdan adabiyotimizda muhim yangilik bo’lganini aytish mumkin. Biz yosh avlod mana shunday mahorat bilan yozilgan asarlar orqali o’tmishda naqadar buyuk ajdodimiz yashab o’tganini bilamiz va kelajak aqlod uchun faxr-iftixor bilan ayta olamiz.
Tavsiya etamiz: Alisher Navoiy buyuk o‘zbek adibi haqida insho
manba.