Menejerning etikasi.
Menejerning etikasi. Menejmentning nazariyasi va amaliyotiga bag’ishlangan ilmiy adabiyotlar o’rganildi, tahlil qilindi. Ushbu manbalarda, menejerning qanday tavsiflarga ega bo’lishi standart talablar va qoliplarda ko’proq berilgan. Ya’ni, menejer o’zidagi barcha xislatlari (odobi, muomalasi, bilimi, madaniyati, ko’rinishi, kiyimi, nutqi va boshq..) bilan
boshqalardan ajralib turishi lozim. Aslida faqat menejer emas, hamma ham
insonni bezaydigan, uning komilligini ko’rsatadigan insoniy xislatlarga
ega bo’lishni hohlaydi albatta.
Shu o’rinda M.Sharifxo’jaev va YO.Abdullaevlar yuqorida qayd qilingan standartlarga
e’tibor bermasdan, bo’lg’usi menejerning qanday bo’lishligini maslahat, tavsiya tariqasida
juda mukammal yoritgan. Aslida ham shunday bo’lishi kerak. Biz ham odob, etika va
boshqalar haqida standart ko’chirmalarni olmasdan, menejmentni o’rganuvchilar va bo’lg’usi menejerlarga olima Sabrinaning tavsiyalarini keltiramiz.
Menejer tushunchasi va menejerning vazifalarini o’rganishdan ma’lum
bo’ldiki, menejer ko’proq uddaburronlik bilan tavsiflanmoqda. Uddaburronlik
insonning bilimi, zakovati, har qanday vaziyatdan ijobiy natija va taassurot
bilan chiqib ketishi, o’ziga bo’lgan ishonchni atrofdagilarga ham yetkaza olishining umumiy nomi.
Bundan tashqari, har bir kishining o’z tashqi ko’rinishini risoladagidek ta’minlashi, gap-so’zi,
muomala madaniyati, zamon bilan hamnafasligi uning jamoat orasidagi
mavqe’ini belgilaydi. Menejerning faoliyati birinchi navbatda kishilar bilan
uchrashishdan boshlanganligi uchun o’zi haqidagi yaxshi taassurot qoldirilishi uchun
salomlashishga e’tibor berishi kerak.
Salomlashish. Har qanday suhbat salomlashishdan boshlanadi. Salomlashish imo-ishoralar va harakatlar, qo’l bilan ko’rishish, qo’lni ko’ksiga qo’yish, ta’zim qilish kabilar bilan
bajariladi. Birinchi uchrashuvda salomlashish so’zini aytish va yuzdagi ifoda muhim ahamiyatga ega. Istalgan sharoitda va holatda, qisqa tanishuv va tasodifiy
uchrashuvlarda ham salomlashish kerak. Salom berilganda kechiktirmasdan
alik olinadi. Salomga alik olmaslik manmanlik, kibr va qo’pollik hisoblanadi. Uzoqdan turib salomlashish odob tartiblariga kirmaydi. Jamoat joylarida, teatr, yig’ilish, restoranda uchrashib qolganda jilmayib, bosh irg’ashning o’zi yetarli deb yozishgan. Kim birinchi bo’lib salom berishi kerak degan savolning javoblari quyidagicha:
-yoshi kichiklar yoshi kattalarga birinchi bo’lib salom
beradi;
-erkak ayolga hamisha birinchi bo’lib salom beradi;
-kim binoga kirayotgan bo’lsa, ichkaridagilarning barchasiga birinchi bo’lib salom beradi;
-biror jamoat joyga kirgan kishi birinchi bo’lib salom beradi;
-mehmon birinchi bo’lib eshikni ochgan kishiga, so’ngra unga peshvoz chiqqan kishilarga navbati bilan salom beradi;
Bir-biri bilan salomlashayotganda odatda qo’l berib salomlashadi. Bu qadimda erkaklarning qurolsiz ekanligi va toza ko’ngil bilan kelganligini bildirgan. Hozirgi kunga kelib, tanishuvda, bir-biriga minnatdorlik izhor qilganda, xayrlashuvda qo’l berishadi.
Qo’l berib salomlashishning bir necha qoidalari bor:
-sizga uzatilgan qo’lni qismang bu qo’pol haqorat;
-uzatilgan qo’l bitta qo’l bilan ushlanadi;
-qo’l bilan ko’rishish qisqa bo’lishi kerak;
-qo’l berib ko’rishayotganda unga bo’lgan hurmatingizni ifodalamoqchi bo’lsangiz, yengil ta’zim qiling;
-ostona, stol va boshqa turli narsalar ustidan qo’l uzatmang.
– Ayol kishi bilan salomlashganda birinchi bo’lib qo’l berib ko’rishish tavsiya etilmaydi.
Sinchkov kishilar salomlashishingizdan sizning kimli- gingizni sezib oladi.
Suhbat. Suhbat kishilik jamiyatining hamma vaqtida ham katta ahamiyatga ega
bo’lgan. Suhbat fikrlar almashuvi bo’lib, o’tkir aqlingiz, gapga chechanligingiz va notiqligingizni ko’rsatish uchun emas. Suhbatdoshlar munosabatida fikrlarni
oddiy va aniq qilib ifodalashda yetakchilik qilish kerak. Ko’pchilik suhbat boshlashdan qo’rqadi, ovozi qaltiraydi, gapini yo’qotib qo’yadi. Buni yo’qotish uchun kitoblar o’qish va vaqti-vaqti bilan ziyoli odamlar davrasida ham ishtirok etish o’rinli. Teatrlarga tushib turing, shunda siz o’z-o’zingizni boshqarish emas, jonli hayotdan, teatrdan, hayotdan o’rganasiz.
Nutq madaniyatini o’rganish uchun mashhur yozuvchilarning badiiy asarlarini, she’riyatni, xalq og’zaki ijodini o’rganish talab qilinadi.
Hamisha suhbat mavzusini yaxshi anglash, o’z vaqtida suhbatga jon bag’ishlab yuborish va qachon gapirishni bilish kerak. Suhbatdoshga ko’rsatilgan eng yaxshi hurmat uni diqqat bilan eshitishdir.
Har qanday suhbat bu axborotlar almashinuvidir. Yaxshi suhbat esa kishilarning tanishuvi va kelajakda munosabatlarni davom ettirishning garovi hisoblanadi. Axborotlar
almashayotganda uning eng muhim tomoniga e’tibor qiling. Gapirayotganda baland ovozda so’zlamang. Ayniqsa, bu suhbat ko’chada, jamoat joylarida kechayotgan bo’lsa. Ovozingiz
boshqalarning e’tiborini tortmasligi kerak. So’zlovchi amal qilish kerak bo’lgan qoidalar:
1. Birovning sha’niga yomon so’z aytmang.
2. Xushmuomilalikni qo’ldan bermang. Nutqingizni yumshatibroq ifodalang, qat’iy fikrlarni bildirmang.
3. Gapirayotganda o’z shaxsiy “men”ga urg’u bermang.
4. Suhbat davomida, o’z fikringizni ifodalayotganda, suhbatdoshni ham tinglashni, uning qiziqishlari, shaxsiyatini unutib qo’ymang.
5. Suhbatdoshingiz uchun ahamiyatli, qiziqarli, jonli, tushunarli bo’lgan mavzuda gapiring.
6. Qisqa va lo’nda gapiring.
7. Suhbatdoshingizning imo-ishorasiga e’tibor qarating.
Suhbatlashish qoidalari:
1. Odatda kam biladigan kishilar ko’p gapiradi. Ko’p
biladigan kishilar kam gapiradi. Shuningdek, gapirish mumkin bo’lmagan narsalar haqida
so’zlamang.
2. Suhbatda har qanday o’ta jiddiy munozaradan qoching. Ayniqsa siyosat va din borasidagi bahslarda siz ming karra haq bo’lsangizda, buni tortishuv va bahslarga aylantirib yubormang.
3. Boshqalardan oldin gap boshlamang, o’z navbatingiz kelganda gapiring. Nutqingiz ravon, o’zingiz xotirjam holda so’zlang. O’zingizning qanchalik bilimdon ekanligingizni ko’rsatib qo’yishga urinmang, aksincha suhbatdoshlar darajasida turib gapiring.
4. Jamoat oldida o’zingiz haqida umuman gapirmang. Eng
yaqin do’stlargina bir-birining shaxsiy hayoti bilan qiziqishlari mumkin.
5. Ko’ngli toza kishilar boshqalar haqida hamisha iliq
so’zlaydi, xolis fikrlaydi.
6. Hech qachon biror narsaga qancha to’laganingiz haqida
gapirmang va boshqalardan “Bu uchun qancha to’ladingiz?” deb so’ramang.
7. Muallifdan yozgan asari, artistdan o’ynagan roli,
rassomdan chizgan asari uchun qancha haq olishini surishtirish qo’pollik va tarbiyasizlikni
bildiradi.
8. Latifa aytmoqchi bo’lsangiz, u qisqa va o’tkir so’zli
bo’lsin. Ammo aslo odobsiz emas.
9. Garchi ko’pchilik gapirganda, jim o’tirish afzalroq
bo’lsada, ko’pchilik oldida so’zsiz va beparvo o’tirmang.
10. Ba’zi odamlar o’z nutqini maqollar va matallar bilan
bezashni xush ko’rishadi. Ammo maqollar va matallarni ishlatishda ehtiyotkor
bo’lishni tavsiya etamiz. Chunki ularning ko’pchiligi kamida ikki ma’noni yoki ko’p ma’noni
anglatadi.
Nutq madaniyati. So’z va uning talaffuzi suhbatdoshga bo’lgan munosabatni ifodalaydi. Keskin, qo’pol talaffuz boshqalarning dilini siyoh qiladi. Tarbiyali inson baland ovozda gapirmaydi, so’zlarni ravon ifoda qiladi. Hech qanday sabab-ijtimoiy ahvoli, uyda yoki ishda tutgan o’rni, sog’ligining yomonligi atrofdagilarga dag’al muomala qilish huquqini bermaydi. Hatto buyruqni ham muloyim ovozda berish mumkin. Suhbat va so’zlarning ohangi insonning dunyoqarashi va o’zgalarga munosabatini ifodalab turadi. Bugungi jamiyatda rahbar va uning qo’l ostidagilar munosabatida ham buyruq ohangi noo’rin hisoblanadi. Ishga oid uchrashuvlardagi suhbat rasmiy munosabatlar chegarasidan chiqmasligi, unda xushmuomala ohang ustun bo’lishi kerak. Menejerning etikasi.
Muallif: Pardaev. O. M.