Abdulla Avloniy –ilk bolalar shoiri va islohotchi pedagogi.
Abdulla Avloniy –ilk bolalar shoiri va islohotchi pedagogi.Addulla Avloniy (1878-1934) arab va fors tillarini yoshlikdagi mustaqil mutolaa vaqtida egallagan. U matbuot ishlarida faol ishtirok etish bilan birga “Adabiyot yoxud milliy she`rlar” nomli to`rt qismdan iborat to`plamning birinchi kitobini “Birinchi muallim” va “Ikkinchi muallim” deb nomlaydi. Bu asarlardagi o`nlab she`rlar, she`riy hikoya va masallar o`zbek bolalar she`riyatining ilk sahifalarini tashkil qiladi. Jumladan, shoirning “Ikkinchi muallim”dagi “Maktabga da`vat” she`rida muallif bevosita yosh kitobxonga murojaat qilib yozadi:
Boqdi Gunash panjaradan bizlara,
Yotma deyur barcha o`g`il qizlara.
Nolayi faryod qilib barcha qush:
Maktabingiz vaqti,-deyur sizlara.
Boshladi har kim o`z ishin ishlara,
Siz-da turing, maktabingiz izlara.
Siz-da kitoblarni(ng) oling shavq ila,
Tez yuguring ilm yo`lin gezlara.
Shoir ta`kidida tong otishi, uyqudan ko`z ochish vaqti yetganligi o`z va ramziy ma`no kasb etgan. Avvalo, saharda chiqqan quyosh panjaradan mo`ralab, uxlab yotgan bolakayni o`z nurlari bilan erkalab uyg`otishi, shuningdek, tong qushlaru chug`urchuqlar, bolariyu buzoqlarni erta uyg`otib, kundalik “mashg`ulot”iga undagani kabi kichkintoy o`g`ilqizlarga ham kitob-daftarni qo`lga olib, ilm yo`lini izlashga da`vat etayotgani anglashiladi. Bundan tashqari, she`r mazmunida jaholat va g`aflat uyqusidan uyg`onish, o`zligini anglash tuyg`usi ham mavjud. Shoirning “Ikkinchi muallim”dagi “Maktab” she`rida ham yosh kitobxonlar-maktab o`quvchilariga murojaati seziladi:
Maktab uyi-dorul-omon,
Maktab hayoti jovidon,
Maktab safoyi qalbi jon,
G`ayrat qilib o`qing, o`g`lon!
She`rda maktab tinchlik, omonlik uyi, hayot manbai, qalblarga yaxshilik, ravshanlik keltiruvchi joy sifatida tasvirlanishi bilan birga, u axloq-odob uyi, Allohning ehsoni va bir ajib gulshan sifatida talqin etiladi. Muallifning “Maktab gulistoni” kitobidagi “Maktab” she`rida ham ushbu fikrlar mantiqan davom etadi:
Firdavsi jinon maktab, nodonlara jon maktab,
Bilgan kishiga qadrin, bir dorulomon maktab.
Johillara g`am maktab, yalqovlara kam maktab,
Husnixat kishilarga chin ruhi ravon maktab.
Jonim, o`qungiz maktab, boru yo`qingiz maktab,
Sizlar uchun, avlodim, bog`u guliston maktab.
Shunga o`xshash, “Maktab” nomli she`r A.Avloniyning “Adabiyot yoxud milliy she`rlardan 2-juzv” kitobida ham uchrashi bejiz emas. Unda maktab ta`rifining yanada yangi qirralari bo`rtib turadi:
Maktabdur oftobi jahon, saodating,
Maktabdur osmoni zamon, sabovating…
Maktab nasimi subh kabi fikra jon verar,
Maktab hayoti ziynatidur odamiyating…
Ko`rinadiki, she`rlar mavzu jihatdan bir, ammo ularnin talqini, badiiy ifodasi murakkablasha borgan. Birinchi she`rda shoir yosh kitobxonni o`qishga, ilm-ma`rifatga targ`ib qilsa, ikkinchi she`rda maktabning kimlarga foyda-yu qanday kishilarga zarar ekani qiyoslanadi; uchinchi she`rda esa maktabning alohida manfaatlari xususida emas, umummillat va yurtga keltiradigan foydalari tilga olinadi.
A.Avloniy bolalarga samimiy fikrlarini o`ynoqi satrlarda tasvirlash bilan birga, Vatan va uning qismati bilan bog`liq jiddiy mulohazalarni-da bayon etadi. Jumladan, “Vatan” nomli she`rida ona-yurtning noz-ne`matlari, boyliklari ta`rif-tavsif etiladi. Shu bilan birga, onaday aziz , mushfiq go`sha haqidagi qayg`uli nola yangraydi:
Onamizsan! Bizning mushfiq onamizsan!
Javlon urib yashaydurgon xonamizsan!
Seni sotmoq mumkinmidur, o`zing o`yla,
Tiling bo`lsa, hasratlaring tuzuk so`yla!..
Sotib-sotib qoladurmiz g`amga botib,
Boyqush kabi vayronada yotib-yotib.
Shoir o`tmishda ma`rifat gulshani bo`lgan yurtimizning jaholat botqog`iga botganidan afsuslar chekib, vatanimiz tobora vayronaga aylanayotgani, ilm-ma`rifatga oshno bo`lishgina kishilarni bu g`amdan qutqazishini ta`kidlaydi. Shu ma`noda shoirning “Ilma targ`ib”, “Jaholat”, “Istiqboldan orzularim”, “Millatga salom” she`rlari millat farzandlariga xitob tarzida bitilgan. Umuman, A.Avloniy “Birinchi muallim” va “Ikkinchi muallim” kitoblarida yosh kitobxonlar tafakkuriga mos ilm xosiyati va ilmsizlik oqibati to`g`risida pandnoma tarzidagi satrlarni bitgan bo`lsa, “Maktab gulistoni”dagi she`r, hikoya va masallarda ijtimoiy dolzarb muammolarni ham qamrab olishi oydinlashadi. Zero, bunday she`rlarda orqali yosh avlodni ma`rifatga da`vat etish bilan birga, ularni vatanparvar, o`z millatiga, yurtiga sadoqatli qilib tarbiyalash maqsadi ham ko`zlangan.











