Домой mavzular Alisher Navoiyning gumanistik-pedagogik qarashlari.

Alisher Navoiyning gumanistik-pedagogik qarashlari.

Darsni interfaol metodlarda tashkil etish.

Alisher Navoiyning gumanistik-pedagogik qarashlari.Alisher Navoiyning gumanistik-pedagogik qarashlari.

Alisher Navoiyning gumanistik-pedagogik qarashlari.Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy (1441-1501) ilm-fan va san’atning turli sohalari: adabiyot, tarix, til bilimlari, musiqa, hattotlik, tasviriy san’at, me’morchilik va boshqalarni rivojlantirish bilan birga, ta’lim-tarbiyani takomillashtirishga ham katta e’tibor bergandi. U o‘zining “Xamsa”, “Mahbub ulqulub” kabi yirik ta’limiy-axloqiy asarlarida, shuningdek, “Munojot”, “Vaqfiya”, “Majolisun nafois”, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarlarida, hamda Abdurahmon Jomiyning “Arba’iyn” nomli asari tarjimasi “CHi-hil hadis” (“Qirq hadis”) kabi asarlarida komil inson obrazlarini yaratib, ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi fikrlarini ifodalagan bo‘lsa, ta’limiy-axloqiy asarlarida esa komil insonni shakllantirishning mazmuni, yo‘llari, usullarini bayon etdi.

Alisher Navoiy o‘z davrining ilg‘or, ma’rifatparvar allomasi sifatida islomdagi ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi o‘gitlarni, aqidalari, o‘zidan ilgari o‘tgan mutafakkirlarning pedagogik qarashlarini an’anaviy tarzda davom ettirdi. Ayniqsa, inson kamolotida ilm-fanning o‘rni aql-idrokning ahamiyati, aqliy tarbiyaning mohiyatini yoritib beradi.

Alisher Navoiy ilmni inson kamoloti uchun eng zarur fazilatlaridan deb biladi. U ilmni insonni, xalqni nodonlikdan, jaholatdan qutqaruvchi omil sifatida ta’riflaydi. SHunga ko‘ra o‘z asarlarida kishilarni ilm-ma’rifatli bo‘lishga undaydi. Ilm olish har bir kishining, insoniy burchi, deb hisoblaydi. CHunki ilm egallashdan maqsad ham xalqining, o‘z mamlakatining baxt-saodatli, farovon hayot kechirishi uchun xizmat etishdan iboratdir, deb ta’kidlaydi.

Alisher Navoiy hayotda o‘z ilmiga amal qilish, o‘rganganlarini hayotga tadbiq etish masalasiga alohida e’tibor beradi. Masalan, u “Mahbub ul-qulub” asarida ilm o‘qib uni ishlatmagan kishi, shudgor qilib dehqonchilik qilmaganga yoki urug‘ sochib hosildan bahra olmaganga o‘xshaydi:

Ilm o‘qib qilmag‘on amal maqbul, Dona sochib ko‘tarmadi mahsul.

Alisher Navoiy bilim olishda barcha fanlarni o‘rganishni targ‘ib etadi. Bunda u olimu fozillarni yig‘ib, ular orqali ilm-fanni taraqqiy ettirishga e’tibor beradi. Masalan, Alisher Navoiy o‘zining “Ixlosiya” madrasasi yonida maktab ochib, o‘z vaqfidan mablag‘ ajratgan. Madrasada ta’lim olayotgan har bir talabadan ilmda qattiq intizomga rioya qilish talab etilgan. SHuningdek, u ilm-fanni mustaqil holda o‘rganish, etuk ilm sohiblaridan dars olishga ham undaydi.

Alisher Navoiy bilimlarni tinmay uzluksiz o‘rganish zarur, deydi. Bunday har qanday qiyinchilikni engib o‘tish muhimligini, qunt bilan ishlash, tirishqoqlik bilan harakat qilish, izchillik bilan ish ko‘rish, uni oxirigacha etkazish, chidam va sabot

bilan o‘rganishni ta’kidlaydi. Demak, buyuk alloma ilm olish tamoyillarini o‘z davrida to‘g‘ri ifodalab, hatto ta’lim tizimini ham belgilab beradi: ya’ni Alisher Navoiy ta’lim tizimini o‘z davrida maktab, madrasalarda o‘qish, olim, hunarmand, san’atkorlarga shogird tushib yoki mustaqil holda ilm olish imkoniyatlaridan foydalanishni tavsiya etadi.

Alisher Navoiy yoshlarga chuqur bilim berishda muallimlar, mudarrislar hamda ustoz-murabbiylarning o‘zlari ham bilimli va tarbiyali bo‘lishi zarurligini uqtiradi. U nodon, mutaassib, johil domlalarni tanqid etadi va o‘qituvchi ma’lumotli, o‘qitish yo‘llarini biladigan muallim bo‘lishi zarur, deydi. Masalan, “Mahbub ul-qulub” asarida maktabdorlar haqida fikr yuritar ekan, ularning o‘ta qattiqqo‘l, johil va ta’magirliklarini. “Maktab tutuvchi gunohsiz yosh bolalarga jafo qiluvchidir. U yosh bolalarni azoblashga rag‘batlangan. Ularni kaltaklashga o‘rgangan o‘zi rahmsiz, miyasi po‘lat va ko‘ngli toshdir. G‘azabli qoshi chimirilgan, gunohsizlarga achchiqlanishga odatlangandir. Ularning ko‘pchiligida ko‘ngil qattiqligi va ta’ma kasalligi oshkor va o‘zlari aql kamligiga giriftor. Ammo yosh bolalar tabiatidagi qaysarlikni qiynalib rom qiluvchi va kichkinalarning olazarak harakatini do‘q bilan tartibga soluvchidir. Agarchi qiliqlarining qo‘polligi namoyondir, ammo o‘zlari yosh bolalar kelishmaganliklarini silliqlashtirishga yirik egovdir”, – deb qoralash bilan birga, o‘qituvchi mehnatining og‘irligi, murabbiylik haqqini xolisona baholaydi. “Uning ishi odam qo‘lidan kelmas, odam emas balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashga ojizlik qilardi, u esa bir to‘da bolaga ilm va adab o‘rgatadi, ko‘rkim bunga nima etsin”.

SHunisi ham borki, u to‘dada fahm-farosati ozlar bo‘ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo‘ladi. Har qanday bo‘lsa ham yosh bolalarga uning haqqi ko‘pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (muallimga) qabul qulluq qilsa arziydi.

Haq yo‘lida kim senga harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila

Alisher Navoiy o‘qituvchining hurmatini qanchalik joyiga qo‘ysa, unga bo‘lgan talabni ham shunchalik oshiradi. Ayniqsa, madrasa mudarrislarining bilimli, fozil va dono, kamtar, ma’naviy pok bo‘lishlarini talab etadi: “mudarris kerakki, g‘arazi mansab bo‘lmasa, va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko‘rgazmasa va olg‘irlik uchun gap-so‘z va g‘avg‘o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo‘lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o‘rin bo‘lmasa… YAramasliklardan qo‘rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o‘zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni qilmoq undan sodir

bo‘lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida va odat bo‘lib qolsa. Bu mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir”.[1]

Alisher Navoiy o‘zi barpo etgan “Ixlosiya” madrasasida o‘z zamonasining etuk mudarrislarini yig‘di va ilm izlagan talabalar ana shu madrasalarda ilm peshvolaridan tahsil oldilar.

Demak, Navoiy har bir yoshning aqliy kamolotga etishida ilmu fanning ahamiyatini ko‘rsatib o‘tish bilan birga jamiyat taraqqiyotining asosi sanalgan ilm ahli, ilmni tarqatuvchi olimu fozillarni hurmat qilishga va ularning turmush darajasini yaxshilash masalalariga ham e’tiborni qaratadi.

Alisher Navoiy orzu qilgan komil inson faqat ilmli bo‘lish bilan qanoatlanib qolmasligi, balki u yana sabr-toqat, sahiylik, himmatli, to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, tavoze’, adab, ishq va vafo shu singari fazilatlarga ham ega bo‘lishi lozimligini bir necha bor ta’kidlagan edi.

Alisher Navoiy tarbiyada insonning o‘z-o‘zini tarbiyalashiga, xato va kamchiliklarini anglab, tuzatishga e’tibor beradi: yanglish va xato kishilikning shartidir. Xato va yanglishni anglab, ogohlangan baxtli kishidir. Kimiki, e’tirof tomon qaytar ekan, xatosi yo‘qoladi. Kimiki, dalil keltirib aljiray bersa, xatosini bir karra oshiradi. Mubolag‘asi qancha ko‘proq esa, yanglishishi shuncha ko‘rimliroq bo‘lur va o‘zini katta ko‘rsatib, tortishuvi qancha esa, ortiqroq o‘zi xalq o‘rtasida shuncha rasvoroq ko‘rinur.

Xatog‘a tadoruk nedur bexilof,

Ayon qilmoq o‘z sahviga e’tirof,

Vagar qilsa sahviga ijro dail,

Ki yaxshidur aylar iki bil.

YA’ni kishi xato qilganda yanglishganini bo‘yniga olsa – bu yaxshi. Agar o‘z xatosiga dalil ko‘rsata bersa, uning xatosi yana ikki barobar ortadi, deydi alloma.

Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiyning komil insonni shakllantirishga oid fikrlari, uning ta’limiy-axloqiy qarashlari pedagogik fikr taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Allomaning pedagogik qarashlari o‘zidan oldin o‘tgan salaflarining bu boradagi ilg‘or ta’limotiga, shuningdek, komil insonni tarbiyalashga oid an’anaviy SHarq xalqlari ta’lim-tarbiya yo‘riqlariga asoslanadi.

Alisher Navoiyning ta’lim –tarbiyaviy qarashlarida komil inson aqliy, axloqiy, ilm-ma’rifatga intilgan ijodkor, qobilyatli, bilimdon, oqil va dono kishi, sofdil, insonparvar, saxovatli, sabr-qanoatga ega bo‘lgan, adolatli, muruvvatli, kamtar, sog‘lom va jismonan baquvvat, mard va jasur barkamol  insonni shakllantirishdan iboratdir.

Alisher Navoiyning gumanistik-pedagogik qarashlari.

Mavzular.

manba