ANATOMIYA FANINING QISQACHA TARIXI.

ANATOMIYA FANINING QISQACHA TARIXI. Anatomiya fani juda uzoq rivojlanish yo`lini bosib o`tdi. Qadimiy Misrda va Vavilonda eramizdan III-II ming yil avval murdalarni mumiyolash odat bo`lganligi sababli, ba’zi bir a’zolarning tuzilishi to`g`risida yuzaki bo`lsa ham ma’lumotga ega bo`lingan.
Anatomiyaning haqiqiy taraqqiyoti qadimiy yunonlar (Gretsiya) mamlakatidan boshlangan. Yunonistonning Kos va Knidos tibbiyot maktablari tashkil qilingan. Qadimiy Yunonistonning ko`p olimlari, jumladan Gippokrat, Pifogor, Alkmeon va boshqalar shu maktablarda tarbiyalanganlar.
Pifagor (eramizdan avvalgi 580-500- yillar yashagan) mashhur faylasuf, matematik bo`lib, tirik mavjudotning kelib chiqishini o`rgangan. Pifogor birinchilar qatorida „hamma mavjudot (borliq) urug`lardan paydo bo`ladi» — degan tushunchani aytgan.
Alkmeon (taxminan eramizdan avvalgi 500- yilda tug`ilgan) Galen yozib qoldirgan tarixiy ma’lumotlarga qaraganda Pifagorning shogirdi bo`lib, murdani yorib ko`rib, odam anatomiyasi sohasida bir qancha ilmiy asarlar yozgan. Alkmeon a’zolarning tuzilishini va fiziologiyasini hayvonlarda tajribalar o`tkazish usuli bilan o`rgangan.
Empidokl (eramizdan avvalgi 473- yilda tug`ilgan) birinchi bo`lib organizm evolutsiyasi to`g`risida tushuncha berib, hayvonlar yer yuzida birinchi paydo bo`lganlarida oddiy tuzilishga ega bo`lganligini taxmin qilgan. Bu olim hayvonlar pushtini (embrionini) o`rganib, uni kindik orqali yo`ldoshdan oziqlanishini aniqlagan.
Tibbiyot fanining asoschisi (otasi) bo`lib hisoblangan Qadimgi Yunon olimi Gippokrat (Buqrot) anatomiya fani rivojiga katta hissa qo`shgan. Gippokrat (eramizdan avvalgi 460-377- yillar yashagan) Yunonistonning Kos tibbiyot maktabida tahsil olgan.
Gippokrat o`zigacha bo`lgan tibbiyot sohasidagi ma’lumotlarni to`plab, bu fan rivojiga katta hissa qo`shgan. Uning aytishicha, „shifokor o`z burchini bajarishni xohlasa, odamning tabiatini o`rganishi kerak — odam bilan uning ovqati, ichimligi o`rtasidagi munosabatini, ta’sirini sinchiklab tekshirmog`i lozim». Gippokratning tibbiyotga oid 72 ta asaridan bir necha asrlar davomida foydalanib kelingan. Uning „Qadimiy tibbiyot», „Havo, suv va boshqa zaminlar to`g`risida», „Suyaklarning sinishi to`g`risida’ kabi asarlari shular jumlasidandir. Bundan tashqari yurak va qon tomirlarning tuzilishi uning bir qancha asarlarida o`z aksini topgan. Gippokrat yurakda mushak qavati mavjudligini aniqlagan. U kalla suyaklarining ba’zi birlarini (ayniqsa tepa qismlardagi suyaklarni) o`rganib, bu suyaklar o’zaro choklar yordamida birlashganliklarini yozib qoldirgan. Arteriyalarni o`rganib, ular ichida havo yuradi deb tushuntirgan (aer — havo, tereo — olib boradi). Gippokrat embriologiya va fiziologiya bilan ham shug`ullanib, hujayraning takomil etishini, tovuq pushtidan (embrion) allantoisning paydo bo’lishini aniq kuzatgan. U yetti oylik tug’ilgan bola yashab ketishi mumkinligini birinchi marta aniqlab bergan.
Gippokrat to`rt xil „suyuqlik»: qon , shilliq o`t va qora o`t organizm hayotini ta’minlaydi degan. Uning fikricha, bu suyuqliklarning miqdoriy o`zgarishi odamning tabiatini aniqlaydi va mizojdagi holat: sangvinik, fiegmatik, xolerik. melanxolik hosil bo`ladi.
Platon (eramizdan avvalgi 427 347- yillar yashagan) hayvonlarning taraqqiyot davridagi pushtini (embrionni) tekshirib, orqa miyaning oldingi qismidan bosh miya hosil bo`lishini aniqlagan.
Aristotel (Arastu eramizdan avvalgi 384 322- yillar yashagan).
Yunonistonning atoqli olimi, faylasuf Platonning shogirdi, Aleksandr Makedonskiyning tarbiyachisi bo’lgan. U qon tomirlarni—qon tizimining markaziy a’zosi yurakdan boshlanishini aniqlagan. Aristotelning fikricha, qon o`pkadan keladigan havo bilan birgalikda yurakdan siqib chiqariladi, U birinchi bo`lib organizmning embirional davridagi holatini (hayvonlarda) uning anatomiyasi bilan taqqoslagan: shu bilan embriologiya va taqqoslash anatomiyasiga asos solgan. Aristotel, shuningdek, nervlarning paylardan farqli ekanini aniqlagan, ba’zi arteriyalar aortadan boshlanishini aniqlagan, organizm qon, yog`, tog`ay va suyak to`qimalaridan iborat ekanligini ta’kidlagan. Uning fikricha, nervlarning ichi bo`shliqdan iborat (kovak) bo’lib, bosh miyada hosil bo’ladigan hayvon ruhi shu nervlar ichidan tarqaladi. Hayot ruhi esa yurakning chap qismida qon bilan havodan hosil bo`lib, aorta va uning tarmoqlari orqali organizmga tarqaladi deb tushuntirgan va yurakni uch xonaga (aslida yurak to`rt kameradan iborat) ajratgan.
Gerofil (eramizdan avvalgi 304- yilda tug`ilgan) — Ptolomey II ning maxsus saroy shifokori vazifasida ishlagan. Murdalarni yorib, qanday kasallikdan o`lganini aniqlagan va odamning ba’zi a’zolari tuzilishini ham o`rgangan. o`sha davrgacha ma’lum bo`lgan tushunchalarni tartibga solgan. A’zolarning tuzilishini, ularni kesib o`rganishi natijasida o`zining „Anatomiya to`g`risida» degan kitobini yozgan. U anatomiyani xirurgiyadan ajratib, mustaqil fanga aylantirgan. Malum bo`lishicha Gerofil bosh miyaning tuzilishini, uning qorinchalarini, pardalarini, tomir chigallarini, vena bo`shliqlarini va nervlarni tekshirgan. Qon tomirlarni paylardan, arteriyani venadan tafovut qilgan va mayda qon tomirlar borligini aniqlagan. Bulardan tashqari o`n ikki barmoq ichakni (bu nomni Gerofilni o`zi qo`ygan), prostata bezini, ichak charvilaridagi limfa tomirlarini, ko`zdagi shishasimon tanani, qon tomirli va to`rsimon pardalarni aniqlagan.
Gerofil ko`ruv nervining bosh miya bilan ko`z soqqasiga munosabatini o`rgangan. Miya venalarininig kalla suyagining ensa qismida to`planishini, qon tomirlarning pulsatsiyasini (urib turishini)—yurakning bir me’yorda qisqaribkengayib turishiga bog`liq ekanligini aniqlagan. Urug` bezlari to`g`risida tushunchaga ega bo`lgan.
Erozistrat (eramizdan avvalgi 350-300- yillar yashagan) — birinchi bo`lib nervlarning sezuvchi va harakat qiluvchi turlari borligini aniqlagan hamda ularni qon tomirlardan farqlagan. Jigarni va o`t yo`llarini birinchi marta to`liq o`rgangan. Hayvon va odamlarning yuragini tekshirib, ichida to`siqlar, qopqoqlar (klapanlar) borligini topgan va ularning vazifalarini aniqlagan, aorta; kovak vena va boshqa katta tomirlar haqida ma’lumot bergan. Mushaklarning qisqarish holatlarini o`rganish natijasida Erozistrat tuzgan harakat nazariyasi XVI-XVII asrlarga qadar fanda qo`llanib kelingan.
Ruf (II asrda yashagan) qadimgi Rim imperiyasining taniqli shifokori bo`lgan. Anatomiya fanini boshqa tibbiyot fanlariga bog`lab o`rganish sohasida ko`pgina ishlar qilgan. Ruf hayvonlar anatomiyasini o`rganib, ularda amaliy tajribalar o`tkazish yo`li bilan o`ng va chap ko`ruv nervlarining tolalari bir-biri bilan kesishganligini va ko`z gavhari pardasini birinchi marta aniqlagan. U o`z kuzatishlari asosida „Odam gavdasi qismlarining nomlari to`g`risida» nomli ilmiy asar yozgan.
Klavdiy Galen (Jolinus Hakim) — taxminan 129-201 – yillarda yashagan. Qadimgi Rim davlatining mashhur olimi — anatomiya, fiziologiya, falsafa va biologiya fanlariga oid ko`p asarlar yozib qoldirgan. Olimning fikricha odamni uchta ruh boshqaradi: birinchisi jigarda bo`lib—venalar orqali; ikkinchisi yurakda bo`lib—arteriyalar orqali tarqalsa; uchinchisi miyada vujudga kelib — nervlar vositasida organizmning hamma qismlariga boradi deb tushuntirgan.
Galenning anatomiya sohasidagi xizmatlari juda katta. Uning suyaklar tasnifi va ularning boylamlari (birlashmasi) haqidagj ko`rsatmalari hozirga qadar saqlanib qolgan.
Galenning „Anatomik tekshirish usullari», „Gavda qismlarining ahamiyati», „Gippokrat hamda Platon ilmlari va tushunchalariga doir» degan asarlaridan malum bo`lishicha, u bir qancha mushaklarni o`zi tekshirgan va ularning qisqarishlari nervlarga va bosh miyaga bogliq ekanligini aniqlagan. Galen bosh miya bo’laklarini, uning venasini va orqa miya tuzilishini o`rgangan. Olim 12 juft bosh miya nervlaridan 7 jufti haqida yozgan. Bular ko`ruv nervi, ko`zni harakatlanuvchi nerv (g`altaksimon nerv bilan), uch shoxli nerv, tanglay nervi, eshitish nervi, yuz nervi, adashgan (til osti nervi bilan)nervlardir.
Galen hayvonlar yuragini embrionda tekshirib, bo`lmachalar orasidagi ovalsimon teshikni, aorta bilan o`pka arteriyasi o`rtasidagi yoyni aniqlagan va arteriyalarda havo emas, balki qon oqishini birichi bo’lib isbotlagan.
Jahon fani va madaniyatining deyarli barcha’ sohalarida chuqur iz qoldirgan ensiklopedist olim Abu Ali ibn Sino, ayniqsa tabobat sohasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan. Bu muvaffaqqiyatlarning asl mohiyati, Ibn Sino o`zidan oldin o`tgan olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy ishlarni va mulohazalarni izchillik bilan bir tizimga sola oldi.
Buyuk olim Abu Ali ibn Sino (980-1037) tarixga „Al-shayx ar-rayis» (olimlar ustozi, raisi) nomi bilan ham mashhur. Nizomi Aruzi Samarqandiy (XII asr) Ibn Sinoni „Haqiqat isbotchisi» („Hujjat al-xaqq») deb ta’riflagan. Yevropa va Amerikada Abu Ali ibn Sinoni Buqrot (Gippokrat eramizdan avval 460-377- y.), Arastu (Aristotel eramizdan avval 384-322- y.), Jolinus (Galen 129-201- y.),Leonardo da Vinchi (1452-1519), Andrey Vezaliy (1514-1564) kabi olimlar bilan bir qatorda qo`yishadi.
ANATOMIYA FANINING QISQACHA TARIXI.










