Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi,uning tuzulishi va tarkibi.
Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi, uning tuzulishi va tarkibi. Fuqarolik jamiyati tushunchasi – kishilik jamiyatining asrlar mobaynida shakllangan tafakkur mahsuli bo‘lib inson huquqlari va erkinliklarining holati bilan belgilanadi. Fuqarolik jamiyatining poydevorini yaratish va uni amalda shakllantirish uchun avvalo u haqdagi g‘oyalar genezisini,asoslarini bilish lozim. Fuqarolik jamiyati ma’lum asoslar (iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, ma’naviy) yaratilgandagina shakllanishi mumkin. Bular quydagilardan iborat:
iqtisodiy asos – shaxs va jamiyat manfaatlarining umumiyligiga asoslangan mulk shakllarining xilma-xilligi, iqtisodiy plyuralizm, ko‘p ukladlilik, erkin bozor munosabatlari. Qaysiki jamiyatda uning har bir a’zosi, qandaydir mulkka ega bo‘lishi, o‘z xohishi bilan tasarruf etish, sarflash huquqiga ega bo‘lishi, xususiy mulk daxlsizligi, davlat tomonidan kafolatlangan tadbirkorlik, mexnat va iste’mol faoliyati erkinligining ta’minlanganligi. ijtimoiy-siyosiy asos – mustaqil davlatlarning tashkil topishi, iqtisodiy va siyosiy hokimiyatning ajratilishi. Insonlarning o‘z maqsadlarini himoya qilish maqsadida ma’lum tashkilotlarga birlashishi,Hokimiyatlar turli-tuman markazlar, tashkilotlar, siyosiy institutlar qo‘lida jamlangan bo‘lsa, ular bir-birini cheklaydi va muvozanatga solib turadi. Siyosiy plyuralizm, davlat hokimiyati funksiyalarining sekin-asta fuqarolik jamiyati institutlariga berib borilishi. ―Kuchli davlatdan – kuchli jamiyat sari‖
tamoyilining namoyon bo‘lishi. Prezident I.A. Karimov ta’kidlaganidek, ―Fuqarolik jamiyati qurish bir qancha vakolatli vazifalarni davlatdan mahalliy hokimiyat organlariga, jamoat tuzilmalariga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich topshirishni ko‘zda tutadi‖1.
huquqiy asosi – inson uchun ahamiyatli bo‘lgan ozodlik, tenglik, adolat qadriyatlarining qaror topishi yuridik tenglikning ta’minlanishi va ularga huquq va erkinliklar berish orqali qonun yo‘li bilan tan olinishi. ―Qonun hukumron bo‘lgan joyda erkinlik ham bo‘ladi‖ (A.Temur). ―Adolat – qonun ustuvorligida‖ tamoyilining amal qilinishi. …―Fuqarolar bilan davlat o‘zaro huquqlar va burchlar orqali uzviy bog‘liqdirlar. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari daxlsiz bo‘lib,hech kim ularni sudning qarorisiz mahrum etishi yoki cheklashi mumkin emas.Ayni vaqtda fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishlari bshqa fuqarolarning,davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlariga zid bo‘lmasligi lozim‖2.
ma’naviy asos – insonlar o‘z qadr-qimmatiga, jamiyatning asosiy qadriyatlari himoyasiga tura oladigan zaruriyat tug‘ilganda ular uchun kurasha oladigan bo‘lishlari, vijdon erkinligi, ahloqiy normalarga rioya qilish, yagona mafkura dunyoqarashning yakka hokimligining mavjud emasligi, ijtimoiy jarayonlarni demokratlashtirishda bevosita va bilvosita ishtirok etishlari,fuqarolik pozitsyasiga ega ekanligi. ―Tafakkur ozod bo‘lmasa,ong va shuur tazyiqda, qullikdan qutulmasa,inson to‘la ozod bo‘lolmaydi.Taraqqiyot taqdirini ma’naviy jihatdan etuk odamlar hal qiladi.
O‘zbekistonda yangi jamiyatni rivojlantirish islohotlari jarayonida jahondagi turli mamlakatlarda fuqarolik jamiyati asoslarining yaratilishi turli darajada va davrlarda amalga oshirilganligining nazariy va amaliy jihatlarini, tajribalarini o‘rganish muhim ahamiyatga egadir. CHunki, fuqarolik jamiyatining buprogressiv jihatlari (tamoyillari va belgilarini) sinalgan tajriba sifatida o‘tish davrini o‘z boshidan kechirayotgan mamlakatlarda fuqarolik jamiyati qurishda e’tiborga olishga imkon beradi.
―Fuqarolik jamiyati‖ va ―huquqiy davlat‖ tushunchasi birgalikda XVIII asrda paydo bo‘lgan. Odamlar hayoti va faoliyatining ikki tomoni: ularning shaxsiy manfaatlari, tashabbusi, ixtiyoriy faoliyati jabhasi va odamlar xulq-atvori davlatning xohish-irodasiga bo‘ysunuvchi xalq hokimiyati jabhasi shu tushunchalar bilan ifodalandi.
Fuqarolik jamiyati hokimiyatning oqilonaligi va odilonaligi, shaxs erkinligi va farovonligi haqidagi g‘oyalarning huquqiy ustunligi, huquq va qonunning birligi, davlat hokimiyatining turli tarmoqlari faoliyatini huquqiy chegaralash g‘oyalari bilan mushtarakdir.
Huquqiy davlatni fuqarolik jamiyati rivojlanishining natijasi va uning o‘zini o‘zi yanada takomillashtirishi omili deb hisoblash mumkin. Huquqiy davlatchilikning shakllanish jarayoni, hech shubhasiz, ancha uzoq vaqt davom etadi. U fuqarolik jamiyati shakllanishi bilan birga takomillashib boradi. Har bir davlatda bo‘lganidek, huquqiy davlat hokimiyatining suverenligi ham mamlakat ichida uning barcha fuqarolarga va ular tashkil etuvchi nodavlat tashkilotlariga nisbatan ustunligida va undan tashqarida davlatning tashqi siyosatni yuritish, boshqa davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatishda va mustaqilligida namoyon bo‘ladi.
Etuk fuqarolik jamiyatisiz huquqiy demokratik davlat qurish mumkin emas, chunki ongli erkin fuqarolargina kishilik jamiyatining eng oqilona shakllarini yaratishga qodirdirlar. SHunday qilib, fuqarolik jamiyati erkin individ va markazlashgan davlat xohish-irodasi o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblansa, davlatning vazifasi parchalanish, tartibsizlik, tanglik, tanazzulga qarshi ish ko‘rish, erkin shaxsning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Huquqiy davlat – bu shunday bir davlat hokimiyatdirki, u huquq normalariga binoan, va ularning doirasida ish ko‘radi, bu normalarni buzish, bekor qilish yoki cheklashga jur’at etmaydi, fuqarolar va ularning birlashmalarining uzviy tabiiy-tarixiy huquqlarini e’tirof etadi.
Totalitar davlatda xavfsizlikni ta’minlash huquqiy tartibotni muhofaza qilish, odamlar xulq-atvori davlat belgilagan huquqiy qoidalarga muvofiqligini ta’minlash faoliyatidan iborat bo‘ladi, davlathokimiyatiga tatbiqan xavfsizlikni davlat xavfsizligi va fuqarolik jamiyati xavfsizligiga ajratish muammosi yuzaga kelmaydi.
Fuqarolik jamiyatining xavfsizligi (jamoat xavfsizligi) quyidagi ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanishi mumkin:
-ijtimoiy adolat;
-davlat bilan o‘zaro munosabatlarda fuqarolarning va umuman jamiyatning huquqlari;
– qonuniylik tartibi;
– fuqarolarning iqtisodiy farovonligi;
– demokratik plyuralizm;
– jamiyatning ochiqligi;
– fuqarolik jamiyatining milliy jihatdan muayyanligi.
Fuqarolik jamiyatining yuzaga kelishi inson huquqlari va fuqaro huquqlarining farqlanishini belgilab berdi.
Inson huquqlarini fuqarolik jamiyati, fuqaro huquqlarini – davlat ta’minlaydi. Ikkala holatda ham shaxs huquqlari to‘g‘rsida so‘z yuritiladi, biroq birinchi holatda ayrim inson sifatidagi shaxsning yashash, erkinlik huquqlari nazarda tutilsa, ikkinchi holatda – uning siyosiy huquqlari nazarda tutiladi.
Inson huquqlari va fuqaro huquqlari o‘rtasidagi farq muayyan asoslarga ega bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
1) inson huquqlari davlat tomonidan e’tirof etilgani va qonun yo‘li bilan mustahkamlanganidan, ularning egasi – inson u yoki bu davlatga mansubligidan qat’i nazar mavjud bo‘lishi mumkin. Fuqaro huquqlari esa mazkur shaxs qarashli bo‘lgan davlat tomonidan himoya qilinadi;
2)dunyoda hali anchagina odamlar umuman fuqarolik maqomiga ega emas (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, apatridlar). Binobarin, ular rasmiy darajada fuqaro huquqlariga emas, balki inson huquqlariga egadirlar. Fuqarolik jamiyatining vazifasi ijtimoiy hayotning rivojlanishini ta’minlashdan iborat. SHu sababli, uning asosiy tarkibiy qismlarini vazifalari qatoriga bu jarayon normal kechishi uchun shart-sharoit yaratib beruvchi institutlar faoliyati tashkil etadi.
Fuqarolik jamiyatining asosiy qadriyatlarini oila, mulk, shaxs, erkinlik, huquq, ma’naviyat, tartib, davlatchilik tashkil etadi. Bunda hammani va majburiy tartibda mulkdorlarga aylantirish nazarda tutilmaydi – ularning ko‘pchiligi buni xohlamaydi, biroq bunday imkoniyat har kim uchun saqlanishi lozim. Mulk har doim shaxs va butun jamiyat erkinligining bosh omili sifatida amal qiladi. Mulkka nisbatan hurmat mavjud bo‘lmagan joyda shaxsga nisbatan hurmat ham mavjud bo‘lmaydi.
Fuqarolik jamiyati tuzilmalari «yuqoridan» turib emas, balki «quyidan», fuqarolarning tashabbusi bilan, ixtiyoriy asosda, tabiiyki, muassislarning manfaatlari, qiziqishlari va moyilliklariga muvofiq tuziladi. Ularning erkinligi davlat tuzilmalariga qaram emaslikda, ichki qoidalar bilan nazarda tutilgan vazifalarni hal qilishga qaratilgan o‘zini o‘zi boshqarish faoliyatida namoyon bo‘ladi.
Fuqarolik jamiyatining asosiy belgilari mavjud bo‘lib ular quyidagilardir:
– erkin individlar uyushmasi;
– o‘zaro hamkorlikka asoslangan ijtimoiy tuzilma;
– murakkab tuzilishga ega bo‘lgan plyuratilstik tizim;
– o‘zini o‘zi rivojlantiradigan va o‘zini o‘zi boshqaradigan tizim.
Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi, uning tuzulishi va tarkibi.
Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.












