IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish haqidagi g’oyalar.

0
IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish haqidagi g‘oyalar

IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish haqidagi g‘oyalar

IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish haqidagi g’oyalar.

IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish haqidagi g’oyalar. Inson tabiatan erkinlikka, ezgulikka intilib yashaydi. Bunday ehtiyojlarning barcha uchun  umum bo‘lgan qoidalarini va ularning tartibotlarini tashkil etishda davlatga bo‘lgan ehtiyoj vujudga  keladi. Mana shunday ehtiyoj umuminsoniy qadriyatlarning nazariy mezonlarini shakllantirgan.  Ayni  paytda,  kishilik  jamiyatining  o‘zaro  urushlar  va  ixtiloflar  bilan  bog‘liq  davrlarida  yangi  ma’rifiy ta’limotlar xaloskor g‘oya sifatida ham vujudga kelgan. Aynan IX va XII asrlar O‘rta  Osiyo tarixida shunday murakkab davr bo‘lgan. Xalqning  o‘z mustaqilligi uchun kurashi va bunda   hurriyat va inson erkinligi bilan bog‘liq g‘oyalar millatni ma’naviy yuksalishga chaqiradi.

Dunyoga  mashhur  Xorazmiy,  Farg‘oniy,  Abu  Nasr  Forobiy,  Ibn  Sino,  Beruniy,  YUsuf  Xos  Hojib,  Nizomulmulk kabi faylasuf, siyosatchi, tarixchi olimlar, shu davrda yashab ijod etdilar. Bu davr o‘z  mazmuni, salmog‘i jihatidan O‘rta Osiyo Uyg‘onish davri deb tarixga kiradi. Uyg‘onish davri  madaniyatining o‘ziga xos tomonlari mavjud bo‘lib, ular davlatchiligimiz nazariyasining vujudga  kelishida quyidagilarga asoslangan holda talqin etiladi:

  1. Dunyoviy ma’rifatga intilish, bu yo‘lda o‘tmish va qo‘shni mamlakatlarning madaniyati yutuqlaridan keng  foydalanish,  ayniqsa  tabiiy-falsafiy,  diniy,  tarixiy  hamda  ijtimoiy  ilmlarni  rivojlantirish.

Tabiatga qiziqish, tabiatshunoslik ilmlarining rivoji, ratsionalizm, aql kuchiga ishonish, asosiy  e’tiborni haqiqatni topishga qaratilgan fanlarga berish, haqiqatni inson tasavvuri, ilmining asosi deb  hisoblash. Insonni   ulug‘lash,   uning   aqliy,   tabiiy,   ruhiy   badiiy,   ma’naviy   fazilatlarini   asoslash,  insonparvarlik, yuqori axloqiy qonun va qoidalarni namoyon etish, komil insonni tarbiyalash.

Universallik  –  qomusiylik,  barcha  tabiat  hodisalari  bilan  qiziqish  va  uning  mohiyatiga  intilish. Davlat qurilishi va boshqaruvining nazariy negizlari adolat, axloq tamoyillarida shakllantirish,  ularning huquqiy hamda amaliy asoslarining rivojlantirilishi.

Davlat  rahbari  va  xizmatchilarining  faoliyat  darajalari  tasniflari,  mas’uliyati  mezonlari  tizimining nazariy negizlarining yaratilishi.

Milliy  davlatchilik negizlari  haqida  fikr  yuritar  ekanmiz,  qadimgi  Turon,  Movarounnahr,  Turkiston hududida dastlabki davlatlar vujudga kelgan muqaddas makonlardan biri sifatida hattoki  qadimgi dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilgan. Masalan, bundan 2000 yil avval yashagan rimlik  tarixchi Pompey Trog Turkiyzabon xalqlarning eng qadimgi ajdodlari haqida shunday yozgan:  «Baqtriyaliklar, so‘g‘dlar va xorazmliklar kelib chiqishining qadimiyligi bo‘yicha misrliklar bilan  bemalol  bellasha  oladi».  Bunday  fikrni  yunon  tarixchilari  Strabon,  Herodat,  Hikatiylar  yozib  qoldirgan ma’lumotlarda ham uchratish mumkin. 

IX-XII asrlarda yashagan O‘rta Osiyo mutafakkirlarining qarashlarida davlatni boshqarish va  adolatli jamiyat qurish g‘oyalari o‘zining o‘ziga xos ilmiy mazmun kashf etishi bilan bog‘liq. Bu  g‘oyalar Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, YUsuf Xos Hojib, Nizomulmulk, Amir  Temur, Navoiy va boshqa buyuk zotlar ijtimoiy-siyosiy qarashlarida chuqur bayon etilgan. Al- Xorazmiy “Algebra” faniga asos solib, dunyo ilmiga aniq fanlarni har tomonlama rivojlantirdi.

MUSO AL-XORAZMIY (783-850). Buyuk matematik, astronom va  geograf.  U algebra  fanining  asoschisi. «Algebra» so‘zi uning «Al-kitob al-muxtasar  fi hisob al-jabr va al-muqobala»  asaridan olingan. Bizgacha etib kelgan «Hind hisobi haqida kitob», «Qo‘shish va ayirish haqida  kitob», «Kitob surat-ul-arz», «Zij», «Asturlob bilan ishlash haqida kitob»  kabi o‘nga yaqin asari  mashhurdir.

Beruniy o‘zining “Hindiston”, “Geodeziya”, “Mineralogiya”, “Qadimgi xalqlardan qolgan  yodgorliklar” kabi asarlarida jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash zarurligini, qonun ustuvorligini  talqin   etgan.   Beruniy   davlat   shakli   mamlakatni   shohlar   –   mutloq   hokimlik   emas,   balki  ma’rifatparvar shohlar boshqarishi tarafdori edi.

ABU NASR FOROBIY (873-950). «Sharq Aristoteli» nomini olgan qomusiy olim. 160 dan  ortiq asar yaratgan. «Mantiqqa kirish kitobi». «Isbot kitobi», «Falsafaga izohlar», «Musiqa haqida  katta kitob», «Inson a’zolari  haqida kitob». «Lug‘atlar haqida kitob», «Shaharni boshqarish»,  «Fazilatli hulqlar» kabi asarlari jahon madaniyatiga qo‘shilgan katta hissadir.

Shu davrning yirik namoyondalardan biri Abu Nasr Forobiy o‘zining “Fozil odamlar shahri”  asarida  insoniyat  jamiyatining  vujudga  kelishi  va  rivojlanishining  muayyan  tabiiy  –  davlatga  bo‘lgan  ehtiyojlarning  paydo  bo‘lishini,  unda  adolat  va  axloqning  shakllanishi  qonuniyatlarini  nazariy tamoyillarini yaratganligi bilan mashhurdir. U – «Madaniy jamiyat va madaniy shahar (yoki  mamlakat) shunday bo‘ladiki, shu mamlakatning aholisidan bo‘lgan har bir odam kasb-hunarda  ozod, hamma bab-barobar bo‘ladi, kishilar o‘rtasida farq bo‘lmaydi, har kim o‘zi istagan yoki  tanlagan kasb-hunar bilan shug‘ullanadi. Odamlar chin ma’nosi bilan ozod bo‘ladilar. Odamlarning  tinchlik va erkinliklariga xalaqit beruvchi sulton bo‘lmaydi.

Ular orasida turli yaxshi odatlar, zavq- lazzatlar  paydo  bo‘ladi».  Shu  tariqa  olim  bugun bizning  tasavvurimizdagi  demokratik  davlat  shakllari  va  unda  boshqaruvning  siyosiy  va  falsafiy  mohiyatini  yaratishga  erishadi.  Masalan,  fozillar  shaharining  (davlat  nazarda  tutilgan)  tarkib  topishi  va  unda  qanday    axloqiy  sifatdagi  shaxsning  rahbar  bo‘lishi  tasniflari  bugungi  demokratik  jamiyat  qurishning  bevosita  nazariy  talablari bilan uyg‘un keladi. Bu borada Abu Nosir Forobiy – «Ularning o‘zlaridan saylangan rahbar  yoki boshliqlar hokimi mutloq bo‘lmaydi. Ular odamlar ichidan ko‘tarilgan, sinalgan eng oliyjanob,  rahbarlikka loyiq kishilar bo‘ladilar. SHuning uchun bunday rahbarlar o‘z saylovchilarini to‘la  ozodlikka chiqaradilar, ularni tashqi dushmandan muhofaza qiladilar», deb davlat boshqaruvida

demokratik tamoyillarni ta’minlash bilan bog‘liq axloqiy va madaniy qadriyatlarni tizimlashtiradi.  E’tiborli  jihati  shundaki,  Forobiy  qarashlaridagi  «hokimi  mutloq  bo‘lmasligi»,  «saylovchilar  irodasi», «ozodlik» kabi fikrlari nafaqat shu davrda, balki, bugunda ham insoniyat madaniyati  noyob mahsuli hisoblangan – demokratiyaning bosh g‘oyasi bo‘lib xizmat qiladi.

FOROBIY “Shaharni boshqarish”, “Fazilatli hulqlar”, “Fozil odamlar shahri” kabi bir qancha  asarlarida  yangi  ideal  jamiyati  elementlari,  fazilatlari  haqida  gapirib  o‘tgan.  Forobiy  jamiyat  boshqaruv san’atini 2 ga: 1) nazariy (boshqaruvning asosiy usuli va qonun haqida), 2) amaliy  (davlatni idora etish) haqida gapirib o‘tadi. Forobiy jamoani 3 turga bo‘ladi: buyuk, o‘rta va kichik  jamoalarga ajratadi. Forobiy shahar davlatini 2 toifaga: fazilatli Madina shahri va fazilatsiz Madina  shahriga bo‘lib, ularning har biriga izoh berib o‘tadi. Forobiy davlatning asosiy vazifasini 2 ga  bo‘ladi: 1. Davlatning ichki vazifasi fuqarolarning baxtli hayotini ta’minlash, 2. Tashqi vazifasi  bosqinchilardan  himoya  qilishdir,  deydi.  Forobiy  taxt  otadan  bolaga  meros  bo‘lib  o‘tishini  qoralaydi, davlat boshlig‘i 12 fazilatga ega bo‘lishini asoslab beradi.

Davlat va uning boshqaruviga daxldor masalalar Yusuf Xos Hojib ijodida ham katta o‘rin  tutgan. U “Qutadg‘u bilig” dostonida davlatni boshqarish amallari, qoidalari va siyosiy – axloqiy  munosabatlarni  jamiyatda  qaror  toptirishga  qaratilgan  qarashlari  bilan  e’tiborlidir.  U  davlat  boshqaruvi va xizmatini tashkil etish turlarini hamda shu darajalarga muvofiq sifatlarini tasniflaydi.  Jumladan, «Shohlikka da’vogarlar onadan ajib bir iste’dod bilan tug‘iladilar va ular darhol yaxshi- yomonni ajratish fitratiga ega bo‘ladilar. Bundaylarga Xudo idrok, farosat va yumshoq bir ko‘ngil  ato etadi, qolaversa yaxshi ish yuritish o‘quvi bilan ham siylaydi»deb ko‘rsatgan. Shuningdek  Yusuf Xos Hojib o‘z asarida ko‘rsatgan barcha ishlarda tajribali, yomonlikni darhol sezuvchi,  oqillik bobida ibratli, zakovatli, ma’rifatga tashna, kichiklarga tayanuvchi, adolatparvar, sadoqat  kabi sifatlarning sohibi bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

Buyuk alloma faqat bu bilan chegaralanib  qolmaydi, balki jamiyat rivoji va taqdiri uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning davlat boshqaruvidagi  sifatlari tasnifini rivojlantirishning adolatli tamoyillarining muhimligiga qaratgan. Ayni paytda, u  jamiyatda  ilmiy  va  madaniy  salohiyatni  adolatli  davlat  asoslarini  yaratuvchi  omil  deb  bilgan.  Masalan, u, ziyolilar to‘g‘risida shunday deydi: – «Haqiqiy ziyoli haqiqat tayanchi bo‘ladi. Agarki  olamda donishlar bo‘lmaganda, erda rizq-ro‘z unmas edi. Ularning ziyosi xalq yo‘lini yorituvchi  mash’aldir. Donishlarga shirin so‘z bilan bahra ber, moddiy manfaatini qodirishga harakat qil».  Zero, agar biz demokratiyani jamiyatning yuksak madaniy shakli deb qaraydigan bo‘lsak, unda  ajdodlarimiz yaratgan meros bevosita adolatli davlatning poydevoriga asos bo‘la oladi.

ABU ALI IBN SINO (980-1037). Ibn Sino 57 yil umr ko‘rgan. “Tib qonunlari” kitobi X11  asrda arab tilidan lotin tiliga o‘girilgandan so‘ng butun dunyoga tarqaldi. 1493 yilda fransuz tiliga,  1593 yilda italyan tiliga, XV asrda rus tiliga o‘girildi. XII asrdan XVIII asrgacha u 40 marta qayta  nashr  etildi.  1X-X1  asrlarda  “Tibbiyot  qonunlari”ni  yaratganligi  boisdan  ham  uni  G‘arbda  Avitsenna nomi bilan tan olishadi. Ibn Sino jamiyat aholisini 1) boshqaruvchilar – ma’muriy ishlar  bilan  shug‘ullanuvchilar,  2)  mehnatkashlar  –  ishlab  chiqaruvchilar,  3)  harbiylar  –  jangchilarga  ajratadi. Uning fikricha, davlatsiz qonun-qoidalar bo‘lmaydi.

Ibn  Sino  O‘rta  Osiyo  tabiiy-ilmiy  va  ijtimoiy-falsafiy  fikrlarning  buyuk  namoyondasi,  tibbiyot,  falsafa,  ijtimoiy-siyosiy,  axloqiy  ta’limot  tarixiga  ulkan  hissa  qo‘shgan  mutafakkirdir.  Uning “Ishorat va Tanbixot”, “Risolatu tadbiri manzil”, “Qush tili” kabi asarlari bevosita davlat  boshqaruvining adolatparvar va axloqiy asoslariga bag‘ishlanadi.

Ibn sino yozgan 450 dan ortiq asardan: «Tib qonunlari», «Donishnoma», «Najot kitobi»,  «Turar  joyning  tuzulishi»,  «Insof  kitobi»,  «Tibbiy  ko‘rmatmalar  haqida»  kabi  160  ga  yaqini  bizgacha  etib kelgan.

Adolatli davlat boshqaruvi, uning mukammal nazariy asoslarini yaratish borasida ulkan ilmiy  meros qoldirgan o‘rta asrlar mutafakkiri, davlat arbobi Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asari  muhim manba hisoblanadi. U amaldorlarni axloqiy fazilatlariga  qarab tanlash, adolat va insofni oyoq osti qiladigan  kishilarni davlat ishlariga aralashtirmaslikni, davlatni boshqarishda kengash bilan  olib  borish,  faoliyatlarni  muntazam  nazorat    qilish,  itoat,  ijro  va  sifatlari  to‘g‘risidagi
qarashlari bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, Nizomulmulkning  «Ko‘pchilik bo‘lib qabul qilingan tadbir eng  savobli  bo‘ladi  va  shunday  yo‘l  tutish  kerak»   degan  fikrlari  ajdodlarimizning  davlat qurilishining adolatli tartibotlariga  katta e’tibor berganligidan dalolatdir.  IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish haqidagi g’oyalar.

Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.

Mavzular.

manba