Jahon Otin Uvaysining otinlar maktabi haqida.

0
Jahon Otin Uvaysining otinlar maktabi haqida.

Jahon Otin Uvaysining otinlar maktabi haqida.

Jahon Otin Uvaysining otinlar maktabi haqida.

 

Markaziy Osiyoda otinlar maktabining asoschilaridan biri, ayollar ta’limida katta xizmat qilgan, o’ziga xos maktab yaratib shuhrat qozongan mashhur otinlardan biri Jahon Otin Uvaysiy (XVIII  asrning 80-yillarida  tug’ilib, 65 yoshlarida vafot etgan) ma’rifatparvar shoira va murabbiy sifatida  mashhurdir.

Umarxon Marg’ilon hokimi (1800-1809 yillar) bo’lib, Nodiraga o’ylangan paytda Uvaysiy shoira sifatida tanilgan  edi. Shuning uchun ham Nodiraning  tashabbusi bilan ular o’rtasida do’stona aloqa o’rnatilgan va ikki shoira opa-singil tutindilar.  Umarbek

(1809-1822) Qo’qon xoni bo’lgach, Nodira poytaxtga ko’chib kelgandan keyin maxsus yorliq bilan Uvaysiyni ham o’rdaga olib kelib murabbiylikka  tayinlaydi. Uvaysiy o’rdada yosh bolalar va kanizaklarni she’r san’ati va musiqasiga o’qita boshlaydi.

Uvaysiyning muallimlik faoliyatini o’rganar ekanmiz, uning o’qitish usullari haqida, o’sha davrdagi qizlar maktabi, ularning mazmunida otinlarning o’rni haqida muayyan ma’lumotga ham ega bo’lamiz.

Jahon otin Uvaysiy faoliyat ko’rsatgan qizlar maktabi ham ana shunday ibrat olsa arziydigan bilim o’choqlaridan sanalgan. O’zining butun faoliyati davomida xalqimiz orzu-umidlarini ro’yobga chiqarishga harakat qilgan Jahon otin xalqimizning oqila qizlarini tarbiyalash, go’zal hayotga erishishning birdan-bir yo’li deb o’ylab, o’zining butun umrini yosh qizlarga ta’lim va tarbiya berishga bag’ishladi. O’zbek ayollarining ma’naviy ozodligi ularning nazm dunyosiga kirib, baralla kuylashida muhim o’rin tutdi.

O’z maktabida qizlarga boshlang’ich ta’lim berar ekan, Jahon otin ularning zehnini o’stirishga katta ahamiyat beradi. U o’z shogirdlariga savod o’rgatibgina qolmay, ular orasidan iqtidorli qizlarni tanlab Sharq she’riyati bilan tanishtiradi. Qizlarni nazm bo’stoniga etaklaydi.

G’ulom Zufariyning quyidagi lirik hikoyasi fikrimiz dalili bo’la oladi:

«Andijon hokimi Rahmonquliboy qizi Mohlaroyimni Umarxonga hadya qilib yuboradi. Umarxon she’riyatga qattiq berilgan kishi bo’lganidan, mening hamxonam, albatta shoira bo’lishi lozim, deb yurarkan. Mohlaroyim esa yuqori tabaqa oilaga mansub sohibjamol qiz edi, ammo, she’riyatdan uzoqda edi, shu «nuqsoni» uchun Umarxon Mohlaroyimni o’z nikohiga olmaydi: tahqirlanga« qiz kundan-kun so’lib boradi. Uvaysiy voqeadan xabar topib, qizga achinadi, kelib u bilan suhbatlashadi. Qarasa, Mohlaroyim juda fozila, aql-farosatli qiz ekanligi ma’lum bo’ladi. Shu kundan boshlab Uvaysiy Mohlaroyimga adabiyotdan nazariy va amaliy dars bera boshlaydi. Mohlaroyim she’r yozishni mashq qiladi. Shu tariqa oradan bir yil o’tadi, bu davrda, Mohlaroyim o’zbek va fors tillarida etuk she’rlar yoza boshlaydi, bu ustozi Uvaysiyga manzur bo’ladi. Mohlaroyim Uvaysiy imtihonidan o’tadi, lekin Umarxonga qay yo’sinda imtihon berish ustoz va shogirdning bosh»ni qotiradi.

Yoz kunlarining birida, asr bilan shom orasida, Uvaysiy Mohlaroyimga harir liboslar kiydirib, Umarxonning bog’iga olib chiqadi. Bog’dagi marmar hovuz atrofida rango-rang gullar ochilib, bulbullar xonish qilardi. Marmar hovuzda esa oltin baliqlar suzardi. Uvaysiy Mohlaroyimni hovuz bo’yidagi kursiga o’tqizib, haram xonimlaridan biriga: «Mening shoh hazratlarida zarur ishim bor, shahanshohim iltifot qilib, bir sayri bog’ qilmasmikinlar, kamina bu fursatdan istifoda bo’lib, ul hazratga arzi niyoz qilsam», deydi va o’zi darhol qaytib, hovuz atrofidagi bir gul ostiga yashirinadi.

Oradan andek fursat o’tmay, bog’da Umarxon  paydo bo’ladi.

U viqor bilan, ohista marmar hovuz tomonga qarab yuradi. Yaqinroq kelib qarasa, odatda Umarxon o’tiradigan hashamdor kursida sohibjamol bir qiz o’tiribdi. Umarxon bu gulchehraga mahliyo bo’lib, unga fors tilida she’r bilan savol beradi va qiz unga munosib javoblar qaytaradi:

Umarxon — Zeri domoni tu chist, ey gulperoxan?

Mohlaroyim — Naqshi sumi oxum Chin ast dar bargi suman.

Umarxon — Boz tashbehi digar kun to bigardam az sarat!

Mohlaroyim — Gunchai serobro monandi nashkufta daxan.

Tarjimasi:

Umarxon — Nedur ey gulbadan, gul domaning ostida pinhondir?

Mohlaroyim — Suman bargida Chin ohusi solgan iz namoyondir!

Umarxon — Boshingga sadqa jon, yana bir o’zga tashbeh ayt!

Mohlaroyim — Udir bir g’unchai serob, og’iz ochmoqqa hayrondir.

Bunday javoblardan hayratta tushgan Umarxon qizning husni jamoligagina emas, fazlu kamoliga ham maftun bo’lib, unga yaqin kelib, qo’lidan ushlaydi. Xuddi mana shu asnoda «Shohim» deb bir gul orasidan Uvaysiy paydo bo’ladi. Umarxon Uvaysiyga murojaat qilib:

Bu qiz kim?—deb so’raydi.

Bu qiz sizning rafiqangiz va mening shogirdim, — deb javob beradi Uvaysiy. Shundan so’ng Umarxon katta to’y-tomoshalar qilib, Mohlaroyimni o’z nikohiga oladi.

Umarxon va Mohlaroyim huzurida Uvaysiyning izzat-hurmati yuz chandon oshib uni Jahon otin, deb ataydilar.

O’zbekiston xalq artisti Yusufjon qiziqning hikoya qilishicha, — deb yozadi T.

Jalolov, Umarxon Uvaysiyga Marg’ilonda muhtasham bir imorat solib bergan. Bu imorat Marg’ilondagi ipakchilik fabrikasi mavzesida bo’lib, 1941 yilgacha unda shoiraning avlodlari yashab kelganlar.

Yuqoridagi hikoyalar Jahon otinning murabbiylik faoliyati nimadan iborat

bo’lganligiga bir misol va bu faoliyatning kichik bir lavhasi, xolos.51

Jahon otin o’z shogirdlariga ta’lim-tarbiya berar ekan, ularga hayotni faol harakatda deb tushuntiradi. Bilim olishga intilish har bir insonning burchi ekanligini uqtiradi, ilmma’rifat kishini go’zal qiluvchi muhim fazilat, deb ta’kidlaydi.

O’zining ravon va nafis g’azallari bilan Umarxon saroyida «man-man» degan shoirlar bilan bahslashgan Jahon otin Uvaysiyning bizga qoldirgan merosida qator chistonlar mavjudligi e’tiborga molikdir. Tajribali murabbiya o’zining muallimlik san’ati shogirdlari izehnini o’stirishga harakat qilgan. Xuddd ana shu she’riy topishmoqlar orqali qancha-qancha yosh qalblarga ziyo oqib kirgan. Chunki, bular shogird qizlarning mushohada kuchini tarkib toptirishda narsalarga e’tibor bilan qarash, san’atkor ko’zi bilan kuzatishga o’rgatishda Jahon otinning o’ziga xos uslubi bo’lganligiga yaqqol misoldir.

Quyidagi chistonlar shoiraning aql-zakovatidan dalolat beradi:

 

Men ikki mahbubni ko’rdim, ikkisin kindigi bir,

Gar alar orasiga tushsang, bo’ladursan kasir (Qaychi).

Ul nadurkim, sabz to’nlik, yoz yog’ochning boshida,  Qish yalang’och aylagay barcha xaloyiq qoshida.

Barcha qushlarning so’ngoki ichida,

Ul na qushdurkim so’ngoki toshida (Yong’oq).

 

Ikki mahbubni ko’rdim, bir-birisin ko’rmagan,

Ikkisining o’rtasiga do’stlar, qil sig’magan (Kun va tun).

 

Ul nadurkim, poyi yo’q, yursa boshi birla yurar,  Yurganimda xok surmay, ancha ustolik qilar (Suv).

Uvaysiy o’z davrining peshqadam ma’rifatparvar shoiralaridan bo’lgan. Shu bois qizlarga she’r san’atidan dars berganda, o’sha davr shoirlari bilishi zarur bo’lgan nazirago’ylik, radifgo’ylikni ham o’rgatgan. Har bir shoir mushohada kuchiga ega bo’lishi zarurligini ko’rsatgan. Bu narsa uning «Devon»larida o’z aksini topgan. U hayotga haqiqiy san’atkor darajasida qarash lozimligini uqtiradi:

Bu na gumbazdur eshigi, tuynugidin yo’q nishon,  Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdur makon.  Sindirib gumbazni qizlar holidan olsam xabar,

Yuzlarida parda tortug’lik turarlar bag’ri qon. (Anor).

Bunda anor eshik-tuynuksiz gumbazga, donalari bokira qizlarga, dona ustidagi yupqa qatlam ‘qizlar yuzidagi pardaga va anor donalaridagi qizil sharbat bag’ri qon qizlarga o’xshatilgan.

Uvaysiy she’riyat san’atiga oid mashg’ulotlarida Sharq adabiyotiga xos radifgo’ylik kabi she’riy musobaqalarga ham katta z’tibor berganki, bunda ham shogirdlarning zehni, nafis ta’bi, shakllangan san’atkor sifatida tarkib topishiga yordam bergan.

Ammo uning shogirdlari o’rtasida nazirago’ylik yo’li bilan yozilgan radifgo’ylikka oid musobaqalari haqida materiallar bizgacha etib kelmagan.

Uvaysiy muammo va muvashshax san’atini ham o’rgangan, masalan shoira quyidagi baytda so’zlar, harflar va mazmun yordamida o’z ismini (Jahon) chiqargan. Jimu, xoyu alifkim men kimu, darding yuki birla,

Dilda nuqtasi bag’rimda dog’im loyiqi xun men.

Bu muammoning birinchi misrasidagi oldingi uch so’z (jim, alif, ho jaho bo’lsa, ikkinchi misradagi «dilida nuqtasi, bag’rimda dog’im» so’zlari (N–shakli tasviri bo’lib, bag’ir dog’i ko’ngil russasini ifodalagan.

Demak, chiston, muammo, muashshax kabilar qizlarning she’riy qobiliyatini, zehnini, falsafiy mushohadasini chuqurlashtirishda ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan. Uvaysiy ijodida uning ma’rifiy-ta’limiy qarashlarini ifodalovchi g’azallar ko’p. Uning she’rlarida ona qalbi, insonga mehr-muhabbat, yaxshilik kabi pokiza yuraklarning aks sadosi eshitiladi. Jahon otinning ko’pchilik asarlari insoniy muhabbatni, go’zallikni ifoda etadi Uning she’rlaridagi asosiy lirik qahramon hayotni butun go’zalligi bilan sevuvchi, unga maftun bo’lib, uning ijobiy hodisalaridan shodlanuvchi, jabr-zulmga qarshi ma’naviy kurashuvchi, do’stlik, vafodorlikka sodiq, chin oshiq, aqlli, bilimdon ayol. Ana shu olijanob insoniy fazilatlar kishilardagi vafosizlik, bemehrlik, yolg’onchilik, subutsizlik kabi salbiy illatlarga qarama-qarshi qo’yiladi:

Mehnatu olamlarga mubtalo Uvaysiyman,

Qayda dard eli bo’lsa, oshna Uvaysiyman.

Istadim bu olamni, topmadim vafo ahli,

Barchadin yumib ko’zni muddao Uvaysiyman.

Kechalar fig’onimdin  tinmadi kavokiblar, Arzi to samo uzra mojaro Uvaysiyman.

To ko’rib xarobotin ta’n etma, ey zohida

Bir nafas emas xoliyy iqtido Uvaysiyman.

Uvaysiy o’zbek xalqining til boyligidan maqol, matal, atamalaridan unumli foydalangan holda o’z shogirdlarini ezgulikka, vafodorlikka da’vat etadi: Uvaysiy yuz jafo ko’rsang haqiqat yoridan doim, 

Ugurma yuzni andin, solma ko’zni o’zga dildora.

Insonning yurish-turishi, suhbati, muomalasi, jamoli, vafosi, sadoqati, ixlosi kabi fazilatlarni ulug’laydi.

Uvaysiy haqiqiy muhabbatni, insonning muhabbatini kuylaydi. U hayotga muhabbatni, uning latofatini kuylar ekan, yoshlarimizda hayot hadya etgan ne’matlardan bahramand bo’lish, tabiatning go’zalligidan zavqlanish kabi shukronalik va hayotga muhabbat tuyg’ularini tarbiyalaydi:

Dunyoni bukun davrila davron g’animat,  Kelturdi xaloyiqniki mehmoni g’animat. 

To bulbuli mastona suxarezini bo’ldim,  Ayvoni jahon bog’u gulistoni g’animat, – deb hayot lazzatini qadriga etishga chaqiradi.

Uvaysiy haqiqiy do’stni «sohibi idrok» aqli raso bo’lishi lozimligini ta’kidlash bilan yoshlarning aqliy tarbiyasiga ham e’tibor beradi. U o’z asarida xalqning ongi, tili, dilida yod bo’lib ketgan hikmatli so’zlar, maqollar, iboralardan keng foydalanadiki, bular ham uning asarlarining tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshiradi. Masalan, quyidagi baytlarda sir saqlash, insonga e’tiborli bo’lish kabi muhim ma’rifiy-axloqiy g’oyalar xalq maqollari vositasida ustalik bilan bayon etiladi:

Buni derlar bordur devor keynida quloq, Ul makon davrida ko’z etguncha devor uymagay, («Devorning ham qulog’i bor» maqoli) yoki:

Muyassar bo’lsa vasling kim na hojat holimi aytmak, Ki xolam purs, rangam bin, sog’indim men, sog’indingmu?

(«rang ko’r,hol so’r» maqoli) va hokazo.

Demak, Jahon otin Uvaysiy o’zbek pedagogikasi maktablari tarixida o’z o’rniga ega bo’lgan buyuk shaxs. U o’zining maktabdorlik va ijodiy faoliyati bilan yoshlar ta’limida yuksak o’ringa ega. Uning ma’rifiy faoliyatida uning ayollar savodxonligini oshirish, aqliy tarbiya, musiqa san’ati, qobiliyatli qizlar bilan ish usullari alohida o’ringa ega. U o’z davrining yosh tolibalariga hayotga muhabbat tuyg’ularini singdirib borgan, tez fikrlash, chiroyli so’zlash va boshqa tarbiya vositalari bilan bog’liq bo’lgan chistontopishmoq usullarini yaratishni o’rgatgan. Shuning uchun ham Uvaysiy ijodiy merosini o’rganish va uni hozirgi davr milliy ta’lim-tarbiya tizimi mazmuniga kiritish muhim ahamiyatga ega.

Mavzular.

manba