Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Movarounnaxr tarixi.

0
Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Movarounnaxr tarixi.

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Movarounnaxr tarixi.

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Movarounnaxr tarixi.

Mazkur davrga oid yana bir muhim manba, bundan ming yil oldin yozilib, bizning kunlargacha etib kelgan nodir qo‘lyozma asar – Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari. Narshaxiy Buxoro viloyatida Narshax qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning to‘la ismi Abu Muhammad ibn Ja`far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik (899-960 i) dir.

Bu asar asosan O‘rta Osiyoda arablar istilosi natijasida islom dinining tarqalishi va undan bevosita oldingi davrlar hamda VIII-XII asrlardagi Buxoro va unga yaqin shahar va qishloqlarining tarixi haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, shu erda yashagan xalqlarning iqtisodiy,siyosiy, madaniy, ijtimoiy tarixiga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan va bu xol “Buxoro tarixi” ning qimmatli manba sifatida tarix fanida zo‘r shuxrat topishiga olib keldi. Asarning hozirgi davrgacha etib kelishi tarixi boshqa ko‘p yozma manbalarga nisbatan o‘zgachadir.

“Buxoro tarixi” ning so‘z boshida aytilganidek, uni dastlab Buxoroning Narshax qishlog‘idan bo‘lgan Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy tomonidan 943-944 yillarda arab tilida yozilgan. Hozirda Narshaxiyning nomi O‘rta Osiyoning VIII-XII asrlar tarixiga oid deyarli barcha ilmiy tadqiqotlarda keltiriladi. Lekin uning hayotiga oid ma’lumotlar keltirilmaydi. Bunga sabab uning o‘z asarida ham va unga yaqin davrlarda yashagan boshqa mualliflar asarlarida ham bunday ma’lumotlar keltirilmagan. Faqat Sam’oniyning “Kitob ul-ansob” asarida uning to‘la nomi va u Buxoroda 899 yilda tug‘ilgan hamda 959-960yillari vafot etganligi eslatiladi.

Asarning bizgacha etib kelgan nusxasining so‘z boshida aytilishicha, 1128 yilda asli hozirgi Quva shahridan bo‘lgan Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr Kuvobiy Narshaxiyning kitobini “ko‘pchilik kishilar arab tilida yozilgan kitobni o‘qishga rag‘bat ko‘rgazmaganliklari” sababli o‘z do‘stlari iltimosiga binoan arabchadan fors tiliga o‘girgan. U “arab tilidagi nusxada so‘zlangan keraksiz va buning ustiga o‘qiganda malollik orttiradigan narsalarni” tarjimaga kiritmay qisqartirib yuborgan.

Tarjimon Abu Nasr Axmad Narshaxiyning arab tilidagi nusxada mavjud bo‘lgan ba’zi mavzularni tashlab ketish bilan birga asarga katta tarixiy qiymatga ega bo‘lgan ko‘pgina ma’lumotlarni qo‘shgan va bunda u o‘z davridan ilgarigi voqealarni yoritish uchun boshqa tarixiy manbalardan foydalangan. Bu manbalardan biri Abu Nasr Ahmad o‘zi ko‘rsatib o‘tgani Abu-l-Xasan Abduraxmon Muhammad Nishopuriyning “Xazoyin ul-ulum” nomli asaridir. Bu asarning bizning davrimizgacha etib kelgan-kelmaganligi hozircha ma’lum emas. Ammo asarda keltirilgan parchalar o‘zidan ko‘rish mumkinki, ayrim satrlarning o‘zi ham Abu-Xasan Abduraxmonning kitobi naqadar muhim tarixiy manba bo‘lganligini so‘rsatadi.

Undan yarim asr o‘tgach asar yana tahrirga uchragan,1178-1179 yillar mobaynida Muhammad ibn Zufar ibn Umar fors tilidagi tarjimani ikkinchi marta qisqartirib bayon qilgan. Ammo asarni o‘qir ekanmiz, biz unda mazkur 1178-1179 yildan keyingi to 1220 yilgacha bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar haqida ham qisqa ma’lumotlar uchratamiz. Bu xol shuni ko‘rsatadiki, Muhammad ibn Zufardan keyin ham bir yoki bir necha noma’lum kishilar asarni tahrir qilganlar.

Kitobning 1939 yilda Tehronda nashr etilgan nusxasidan ko‘rinadiki, «Buxoro tarixi»ga keyinroq ham boshqa mualliflar tomonidan qo‘shimchalar kiritilgan. Bu haqda eronlik olim Muhammad Toqi Bahor o‘zining 1958 yili Tehronda nashr etilgan «Malik ush-shuaro» kitobida guvohlik beradi. Ular ham asarni qisqartirganlar deyishga asos bo‘lmasa-da, lekin qo‘shimchalar kiritganliklari voqealar mazmunidan ko‘rinib turibdi

Tarixchi O. A. Suxareva, Eron olimi Muhammad Toqi Bahorlarning ma’lumotlariga qaraganda, «Buxoro tarixi» biz yuqorida tilga olganimizdan boshqa ko‘p kishilar tomonidan qisqartirilgan, qo‘shimcha kiritilgan va izohlangan. Shunga qaramasdan, hamma tarjimon va sharhchilar kitobning asl muallifi Narshaxiy ekanligini bir ovozdan tasdiqlaydilar.

Bu asarning nomi haqida bir necha so‘z. O‘z asariga Narshaxiy qanday nom bergani haqida ma’lumot yo‘q. Shuning uchun uning nomi turli yurt tarixshunoslik adabiyotlarida turli shakllarda ishlatiladi: «Tarixi Narshaxiy», «Narshaxiy tarixi», «Tarixi Buxoro» «Tahqiq ul-viloyat» («Viloyat haqiqatini aniqlash»), «Axbori Buxoro»  («Buxoro haqida xabarlar») va hokazo.

Shunga qaramay, u hozirgi tarix fanida «Tarixi Buxoro» bo‘lib qat’iy o‘rin oldi. VIII-XII asr Buxoro davlati tarixiga oid tarixshunoslik asosan «Buxoro tarixi» kitobidan olinganligini alohida ta’kidlash lozim. Bu asarga bo‘lgan katta qiziqish uning jahon xalqlari tillariga ko‘p marta tarjima qilinishiga va ketma-ket nashr etilishiga sabab bo‘ldi. Masalan, frantsuz sharqshunosi Ch. Shefer 1892 yilda Parijda «Buxoro tarixi»ni nashr etdi.

Bu asarni Samarkand uezdining sobiq boshlig‘i, polkovnik N. Likoshin rus tiliga tarjima qilib, 1897 yilda Toshkentda, o‘zbek ma’rifatchisi Mulla Sulton so‘zboshi bilan 1904 yili Buxoroda, Eron olimi  Mudaris Rizaviy 1939 yilda Tehronda, Angliya sharqshunosi R. Fray 1954 yilda Kembrijda nashr etgan. Nihoyat, 1966 yilda o‘zbek tilida Sodiq Mirzaev tarjimasida Toshkentda nashr etildi.

Shunday  qilib,  asl  muallif Muhammad ibn Ja’far,  uning tarjimoni va davomchisi Ahmad ibn Muhammad, shuningdek, keyingi mutarjim va sharhlovchi Muhammad ibn Zufar «Buxoro tarixi»da VIII-XII asrlarda yuz bergan tarixiy voqealarni bayon qilarkan, musulmon tarixshunosligi nuqtai nazaridan kelib chiqib, islom asoslari va fiqhni himoya qiladilar. Shu tufayli xalqning ahvoli va arab bosqinchilariga qarshi harakat (masalan, Muqanna boshchiligidagi xalq harakati) qoralanadi.

Hukmron sinflarning unga qarshi harakati ma’qullanadi. Ammo shunga qaramay, tarixiy voqealarining xolisona bayoni uni qimmatli manba darajasiga ko‘taradi. Busiz O‘rta Osiyo xalqlarining arablar hukmronligi davridagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy ahvoliga, keng xalq ommasining bosqinchilarga qarshi qurashiga baho berish mushkul. «Buxoro tarixi»ning hozirgi tarixshunoslik uchun qimmatli manba ekanligi shubhasizdir.

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Movarounnaxr tarixi.

Mavzular.

Manba