O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri.
O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi, Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi hamda hukumatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolaydi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazirning o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, davlat va xo‘jalik boshqaruvining Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish talab etilmaydigan masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini tayinlash hamda lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazir taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.
Bosh vazir o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi. Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi. Bosh vazir yo‘qligida uning vazifasini Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri bajaradi. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri.
Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.







