O’zini o’zi boshqarishning huquqiy normalari va institutlari.

0
O'zini o'zi boshqarishning huquqiy normalari va institutlari.

O'zini o'zi boshqarishning huquqiy normalari va institutlari.

O’zini o’zi boshqarishning huquqiy normalari va institutlari.

O’zini o’zi boshqarishning huquqiy normalari va institutlari.O‘zini o‘zi boshqarish organlarini tashkil etish jarayonida va ularning faoliyatida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlaydigan va tartibga soladigan huquqiy normalar o‘zini o‘zi boshqarish huquqi normalari, deb ataladi.
O‘zini o‘zi boshqarish huquqi normalari majmuasi O‘zbekiston Respublikasi huquqining bir
tarmog‘i sifatida o‘zini o‘zi boshqarish huquqini hosil qiladi. O‘zini o‘zi boshqarish huquqi
tamoyillari, institutlari va normalari ushbu tizimning tarkibiy qismlaridir.
Odatda, huquqiy normalar davlat va uning organlarining huquq ijod qilish faoliyati natijasida yuzaga keladi. Davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydigan o‘zini o‘zi boshqarish organlarining normativ hujjatlarida bayon etilgan va hammaga majburiy bo‘lgan xulq-atvor qoidalari o‘zini o‘zi boshqarish huquqi normalarining kattagina qismini tashkil etadi.
«Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining o‘z qaramog‘idagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish huquqini mustahkamlaydi (19-modda).
O‘zini o‘zi boshqarish huquqini hosil qiluvchi normalarning xususiyati yana shundan
iboratdirki, o‘zini o‘zi boshqarish huquqi-ayni vaqtda huquqning asosiy tarmoqlari, chunonchi Konstitutsiyaviy (davlat) huquqi, fuqarolik huquqi, moliya huquqi kabilarning normalari ham hisoblanadigan huquqning kompleks tarmog‘idir.
O‘zini o‘zi boshqarish huquqi normalari xususiyatlarini tushunib olish uchun ularni
quyidagicha tasniflash zarur:
– huquqiy tartibga solish ob’ekti bo‘yicha, ya’ni tartibga solinadigan munosabatlar qoidasi
bo‘yicha huquqiy normalar:
– xalq hokimiyati tizimida o‘zini o‘zi boshqarishni (o‘zini o‘zi boshqarish tushunchasi,
tamoyillari, funksiyalari);
– o‘zini o‘zi boshqarish faoliyatining asoslarini (hududiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy
asoslarini);
– o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yuritish va ularning vakolatlari predmetlarini,
o‘zini o‘zi boshqarish kafolatini;
– o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining mas’uliyatini mustahkamlaydigan qoidalarga bo‘linadi.
Yo‘l-yo‘riqlarning xarakteri bo‘yicha ular:
– boshqaruv vakolatlari (normalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari nimalar qilishi lozimligini
belgilaydigan, masalan, bu sohadagi ishlarni aniqlaydigan ijozatlar)ga;
– majburiyat yuklaydigan normalar (nimalar qilish kerakligi haqidagi yo‘l-yo‘riqlar)ga;
– ta’qiqlovchi normalar (nimalar qilish kerak emasligini belgilaydigan ta’qiq normalari)ga
bo‘linadi.
So‘nggi ikki normani quyidagicha izohlash mumkin: o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning
mansabdor shaxslari aholi oldida hisob berishlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan tuman, shahar va viloyat hokimliklari rahbarlarining hisobotlarini tinglashlari lozim. Majburiyat yuklovchi deb atalgan mazkur normalarda davlatning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xususidagi majburiyati, o‘zini o‘zi boshqarish huquqi sub’ektlarining majburiyatlari ham belgilab qo‘yiladi. O‘zini o‘zi boshqarish huquqini cheklash,
o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatiga aralashish hollarini man etuvchi normalar
ta’qiqlovchi normalar hisoblanadi.

O‘zini o‘zi boshqarish huquqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida e’lon qilingan va
«Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonunda ifodalab berilgan qoidalarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin:
– O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi shaharcha, qishloq, ovullarda, shuningdek
shahar va tumanlarning mahallalarida o‘zini o‘zi boshqarish organlari tashkil etiladi (105-modda). O‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z maqomini va o‘z organlarining maqomini mustaqil ravishda belgilaydilar (5,7,10-moddalar);
– o‘zini o‘zi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarining aholi huzurida hisobot berishi
va mas’uliyati (24,25-moddalar);
– o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari fuqarolar
va yuridik shaxslar (tegishli hududda joylashgan muassasalarning mansabdor shaxslari) tomonidan bajarilishi majburiydir; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qarorlarini bajarmaslik yoki ularning qarorlari davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan bekor qilinishi mumkin emas, bu qarorlar faqat sud qaroriga ko‘ra haqiqiy emas, deb topilishi mumkin (19-modda).
O‘zini o‘zi boshqarish huquqi tarmog‘iga jamlangan huquqiy institutlar o‘zini o‘zi
boshqarishning turli jihatlari bilan bog‘liq bo‘lgan bir turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar guruhlaridan iborat. O‘zini o‘zi boshqarish huquqi institutlari jumlasiga quyidagilar kiradi: o‘zini o‘zi boshqarishning hududiy asoslari; o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari; mahalliy ahamiyatga molik masalalar va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining saylovlari va mahalliy referendum, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mol-mulki va shu kabilar.
Shunday qilib, o‘zini o‘zi boshqarish huquqidagi huquqiy institut o‘zaro bog‘liq ijtimoiy
munosabatlarning muayyan doirasini tartibga soluvchi va o‘zini o‘zi boshqarish huquqi predmeti doirasida alohida, mustaqil guruhni tashkil etuvchi huquqiy normalarning majmuasidan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida» gi
Qonuni davlat boshqaruvi tizimida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining maqomini (7-modda)
belgilaganda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi, deb ta’kidlaydi. O‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslarining davlat organlari va ular mansabdor shaxslari bilan o‘zaro munosabatlariga asos qilib olingan bu qoidada ko‘zda tutilishicha, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tuzilishi, nomlanishi, vakolat doirasi davlatning aralashuvisiz mustaqil ravishda, mahalliy manfaatlarga javob beradigan tarzda belgilanadi.
O‘zini o‘zi boshqarishning tabiati, uning davlat hokimiyati bilan o‘zaro munosabatlari haqida
turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. O‘zini o‘zi boshqarish mustaqilligi naqadar demokratik bo‘lmasin, u mutloq mustaqillik bo‘lishi mumkin emas, chunki o‘zini o‘zi boshqarish yagona davlat doirasida ommaviy hokimiyat munosabatlari tizimida mavjud bo‘ladi va amal qiladi. Darhaqiqat, mahalliy masalalarni hal etishdagi muayyan mustaqillikni inkor qilib bo‘lmaydi, ammo u yagona davlat iqtisodiy, ijtimoiy, mafkuraviy siyosatining yo‘nalishidan tashqarida o‘tkazilishi mumkin emas. Odamlarning hayotiy manfaatlarini shaharcha, qishloq ovul va mahallalar aholisining kundalik ishlarini davlat manfaatlaridan tashqarida tasavvur etib bo‘ladimi, axir. Davlatning o‘zi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida «inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat» deb e’lon qilgan.
O‘zini o‘zi boshqarish davlat tizimidan – hokimiyat munosabatlaridan tashqarida bo‘lishi va
davlatdan mutlaqo mustaqil bo‘lishi mumkin emas. Davlat mexanizmida o‘zini o‘zi boshqarishning hozirgi holatiga xos bo‘lgan ko‘pgina ob’ektiv tamoyillar shundan dalolat beradiki, davlat manfaatlarini mahalliy manfaatlarga qarama-qarshi qo‘yib bo‘lmaydi, chunki bu manfaatlar bir-biriga zid bo‘lishi mumkin emas. Davlat manfaatlari ham, mahalliy manfaatlar ham aslida mamlakatning umumiy manfaatlaridir. «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasida bu organlar davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi.  degan qoida, bizning fikrimizcha, o‘zini o‘zi boshqarish organlarini davlat organlaridan ajratishga,
o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ijtimoiy tabiatini ta’kidlab ko‘rsatishga intilishdir. Bu qoida ko‘proq siyosiy xarakterda bo‘lib, aniq huquqiy voqelik tilida uni ifodalash juda qiyin. Qonunning birinchi moddasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishi-fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlanadigan, ularning o‘z manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek milliy va ma’naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilish borasidagi mustaqil faoliyatidir, degan qoida ham shu fikrning isbotidir.
Ayni vaqtda davlat hokimiyati bilan o‘zini o‘zi boshqarish munosabatlarida ba’zi bir
muammo va chigalliklar bor. Mustaqillik va markazlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish va davlat
hokimiyati bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalardir, buning ustiga o‘zini o‘zi boshqarish
sohasidagi davlat siyosatini o‘tkazishda davlat organlari va mansabdor shaxslar yo‘l qo‘yayotgan xato va kamchiliklar ularning o‘rtasidagi munosabatlarni chigallashtirmoqda, shuning natijasida ba’zi bir qiyinchiliklar kelib chiqmoqda.
Afsuski, qonunchilik faoliyatiga qo‘yiladigan majburiy talablarga hamisha ham rioya
etilmayotganligini qayd qilishga to‘g‘ri keladi. SHuning oqibatida bu sohadagi ayrim qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq kelmay qolmoqda. CHunonchi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolati bo‘lgan va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni tartibga solishga intilish, mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda aholining bevosita ishtiroki shakllarini belgilash tartibi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov o‘tkazish qoidalari puxta ishlab chiqilmaganligi o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilik sohasida tez-tez uchraydigan kamchiliklardir. Bu sohadagi qonunlarda uchraydigan kamchiliklarning xarakteri va mazmuni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mustaqilligi va tashabbusiga oid qoidalarga zid
bo‘lib, bu organlarni tuzish va takomillashtirish yo‘lida qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib
chiqarmoqda.
Masalan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida o‘zini o‘zi boshqarish organlarini jamoat
jamg‘armalariga, («Mahalla» xayriya jamg‘armasiga, hokimliklar huzuridagi xotin-qizlar
qo‘mitalariga) bo‘ysundirish xolatlari, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yo‘riqnomalar, ko‘rsatmalar ishlab chiqilishi, saylov o‘tkazish sanalari belgilab qo‘yilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Surxondaryo viloyatida viloyat va tuman hokimlarining qarori bilan yig‘in raislarini lavozimidan chetlashtirishi, aholining fikrini hisobga olmay turib o‘zini o‘zi boshqarish tuzilmalarini tugatishga, chegaralarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilishi – shular qatoridan.
Bularning hammasi mazkur organlarning vakolatlariga aralashuvdir.
O‘zini o‘zi boshqarishning davlat hokimiyatiga xos bo‘lgan bir qancha belgilari ham bor:
jumladan, o‘z hududida hokimiyatni amalga oshiradigan alohida apparati bor, ularning faoliyati uzluksiz va universal tarzda davom etadi, qonunlarga va normativ hujjatlarga asoslangan bo‘ladi, boshqaruvni muayyan hududda amalga oshiradi, aholidan ixtiyoriy yig‘im to‘plash haqida qaror qabul qiladi, o‘z byudjetini shakllantiradi.
Ayni vaqtda o‘zini o‘zi boshqarish hududi davlat hududi bo‘lib, unda yashaydigan aholi shu
davlatning fuqarolaridir. YAna bir qancha holatlar hisobga olinishi zarur: o‘zini o‘zi boshqarish maqomi davlat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va davlat hokimiyati organlari qabul qiladigan qonunlarda belgilab beriladi; ularning maqomi davlat hokimiyati organlari tomonidan himoya qilinadi; mahalliy ishlar mustaqil ravishda bo‘lsa ham, ammo yagona davlat siyosati yo‘nalishida hal etiladi; mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari barcha tegishli shaxslar va muassasalar tomonidan ijro etilishi majburiydir; o‘zini o‘zi boshqarish organlariga davlatning ayrim vakolatlari o‘tkazilishi mumkin va xokazo.
Bundan tashqari o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z qonunchilik hokimiyatini amalga
oshirish huquqiga ega emas. O‘z hududi uchun bu masalalar yuzasidan umumiy qonunlar o‘rnini oladigan qonun chiqarish huquqining yo‘qligi o‘zini o‘zi boshqarishni davlat hokimiyatidan ajratib turadigan muhim mezondir. O‘zini o‘zi boshqarish organlari umumiy xarakterdagi harakat qoidalari bayon etilgan normativ hujjatlar chiqarishi mumkin, albatta. Ammo bu hujjatlar, o‘z tabiatiga ko‘ra, qonun emas, balki qonun – osti hujjatlari hisoblanadi.
O‘zini o‘zi boshqarish organlarining nodavlat xarakterini asoslaganda ularning tizimida qat’iy tabaqalashuv va o‘zaro bo‘ysunish yo‘qligi; ular davlat nomidan ish ko‘rmasligi; mahalliy ahamiyatga molik masalalarni o‘z hududining rivojlanish xususiyatlariga asoslanib hal etishi ularning moddiy-moliyaviy negizini o‘zini o‘zi boshqarish mulki va byudjeti tashkil qilishi; ular aholiga juda yaqinligi kabi belgilar dalil qilib ko‘rsatiladi.
Shunday qilib, o‘zini o‘zi boshqarish hokimiyati – o‘ziga xos hokimiyat munosabatlari
tizimidan iborat ekanligini, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish vazifalari uning o‘z apparatlari orqali amalga oshirilishini ta’kidlab o‘tmoq kerak. U ijtimoiy va ayni vaqtda ommaviy hokimiyatning bir turi (jamiyat ustidan hokimiyat) bo‘lib, o‘zini o‘zi boshqarish tuzilmalari doirasida faoliyat yuritadi. Bu faoliyat mahalliy tuzilma nomidan va huquq normalari asosida o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zini o‘zi boshqarish hokimiyatini mahalliy tuzilma maqomini belgilovchi normalarga mos keladigan ijtimoiy munosabatlar shakli deb ta’riflash mumkin. O’zini o’zi boshqarishning huquqiy normalari va institutlari.

Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.

Mavzular.

manba