Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar.

0
Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar.

Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar.

Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar.

Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar. Huquqiy  demokratiyaga  asoslangan jamiyatda  qonun  ustuvorligi  prinsipini  ta’minlovchi  asosiy shartlar quyidagilardan iborat.

Birinchidan, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipining real joriy etilganligi. Bu prinsipga ko‘ra  qonun  chiqaruvchi,  ijro  etuvchi  va  sud  hokimiyati  bo‘g‘inlari  o‘zlarining  Konstitutsiyada  va  qonunda belgilangan vakolatlari doirasida faoliyat yuritadilar.

Konstitutsiya va qonunlarga nafaqat fuqarolar, uni qo‘llovchi davlat idoralari va mansabdor  shaxslar  ham,  shuningdek,  qonunlarni  yaratuvchi  hokimiyat  organi  ham  itoat  etishga majbur.  Hokimiyatlarning oqilona taqsimlanishi davlat tuzilmalarining samarali ishlashi, suiste’mollarning  bartaraf etilishi, inson huquq va erkinliklari amalda ta’minlanishi, umuman, demokratiya va qonun  ustuvorligining muhim garovidir.

Ikkinchidan,  O‘zbekiston  Respublikasi  Konstitutsiyasi  93-moddasining  birinchi  bandiga  muvofiq, O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidenti  fuqarolarning  huquqlari   va  erkinliklariga,  O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiya va qonunlariga rioya etilishining kafilidir. Prezident  o‘z    farmonlari  va  huquqiy  qarorlari   bilan  Konstitutsiyaviy  tamoyillarning   qonunlarda  mustahkamlangan qoidalarining hayotga to‘la joriy etilishi uchun yo‘l ochadi, tegishli huquqiy  mexanizmlarni yaratadi. Prezidentning o‘zi qonunlarga qat’iy amal qilishi bilan davlat idoralari va  mutasaddi  shaxslar  uchun  ibrat,  namuna ko‘rsatib,  ularni  ham  Konstitutsiya  va  qonunlarga  og‘ishmay  rioya  etishga  safarbar etadi. O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidenti  2002  yilning  4  yanvarida ―O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida‖  farmoyish qabul qilinganligi jamiyatda aholining huquqiy bilimdonligi va madaniyatini oshirish  bilan birga Konstitutsiyaning mavqei va nufuzini ko‘tarishga qaratilgan siyosiy-huquqiy tadbirdir.

Uchinchidan, joriy qonunlar va barcha normativ huquqiy aktlar Konstitutsiyaga tamomila  mos  va  unga  muvofiq  yaratilishi  lozim.  Bu  esa  mamlakatda  qonuniylik  va  huquqiy tartibot,  taraqqiyot va barqarorlik hukm surishiga olib keladi.

Asosiy qonunimizning 16-moddasi ikkinchi bandida ―Birorta ham qonun yoki boshqa normativ  huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas‖ deb qat’iy qilib  belgilab    qo‘yilgan.  O‘zbekiston  Respublikasi   Konstitutsiyaviy    sudi  ana  shu  muhim  Konstitutsiyaviy-huquqiy prinsipiga rioya etishni ta’minlashga intilib kelmoqda.

Konstitutsiyaning  ustuvorligini  ta’minlash  uchun  alohida  muhofaza  mexanizmi  bo‘lishini  taqozo etadi. Bunday mexanizmning asosiy va markaziy bo‘g‘inini – Konstitutsiyaviy sud tashkil  etadi.  Konstitutsiyaviy  sud  o‘z  vazifalarini  bajarishda mustaqildir  va  o‘z  faoliyatida  faqat  Konstitutsiya  normalari  hamda  qoidalariga  amal qiladi.  Uning  zimmasiga  qonun  chiqaruvchi,  hukumat va davlat hokimiyati mahalliy organlarining qarorlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga  doir ishlarni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan. Konstitutsiyaga sodiqlik, mustaqillik, oshkoralik va  sudyalar huquqlari-ning tengligi Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplaridir.

To‘rtinchidan,  qonun  ustuvorligini  ta’minlovchi  va  mustahkamlovchi  vositalardan  biri  kodekslashtirishdir. Kodekslar huquq tarmog‘ining bosh qonuni sifatida Konstitutsiya prinsiplarini  rivojlantirish yo‘lida  yaratiladi va ular konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonunlardan keyingi maqeni egallaydi. Kodekslar  o‘zining mantiqiy mukammalligi, pishiqligi, ichki barqarorligi huquqiy qoidalarga amal qilganligi  tufayli kodeks normalari hayotda o‘zining amalini oson topadi.

Beshinchidan,  qonun  ustuvorligini  ta’minlashning  asosiy  omillarini  quyidagicha  e’tirof  etish mumkin:

– qonun chiqaruvchi jarayonni muttasil demokratlashtirib borish – insonparvar, adolatli xalqchil  qonunlar yaratilishining garovidir;

– qonunning sifatini mukammallashtirish, uning ichki mexanizmi puxta, yuridik texnika nuqtai  nazaridan benuqson bo‘lishiga erishish;

–  qonunchilikni  isloh  qilish  va  takomillashtirishda  ―qonunda  ta’qiqlanmagan  hamma narsaga  ruxsat  beriladi‖  (fuqarolar  uchun).  ―Faqat  qonunda  mustahkamlangan narsalargagina  ruxsat  beriladi‖ (mansabdor shaxslar va davlat idoralari uchun) degan prinsipga qat’iy amal qilinishiga  erishish;

– qonunchilik faoliyatining yaqin yillar va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyasini hamda qonun  ustuvorligini ta’minlash konsepsiyasini yaratish;

– qonunlar amal qilishining ijtimoiy mexanizmiga e’tibor qaratish. Bu sohadagi ijtimoiy omillar (ta’sir etuvchi kuchlar, vositalar) ni sinchiklab o‘rganish;

– aholining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish.

Oltinchidan,  qonun  osti,  idoraviy  normativ  hujjatlarga  havolalar,  ya’ni  ilovalar  (shior  va  deklaratsiyalar tarzidagi normalar) ko‘p bo‘lishining oldini olish zarur. Bunday ilovalar haddan  ziyod ko‘p bo‘lishi keyinchalik amaliyotda qonun chetda qolib, uning o‘rnini idoraviy hujjat egallab  olishi bilan qonun ustuvorligiga ziyon etishi xavfini keltirib chiqaradi.

Ettinchidan, qonunlarning barqaror va ustuvor bo‘lishiga erishish. Ularga tez-tez qo‘shimcha va  o‘zgartirishlar kiritish, pirovard natijada qonunning ahamiyati va nufuzi tushib ketishiga olib keladi.   Sakkizinchidan, jinoiy jazolarni liberallashtirish qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim sharti  bo‘lib hisoblanadiki, biz mavzuni bayon qilish jarayonida bunga alohida to‘xtalamiz.

To‘qqizinchidan,   Konstitutsiya   va   qonunlarning   ustuvorligini   ta’minlashda  prokuror  nazoratining  roli  katta.  Prokurorlik  nazorati  faoliyatida  qo‘llaniladigan taqdimnoma,  amrnoma,  ogohnoma, qaror va arizalarning sifati va ta’sirchanligining yanada yuqori bo‘lishida 2001 yil 29  avgustda  qabul  qilingan  yangi  tahrirdagi  ―Prokuratura  to‘g‘risida‖gi  Qonunda  ko‘zda  tutilgan  qonuniylik, odillik, mustaqillik va oshkoralik prinsiplari huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bundan  maqsad, xalqimiz ham, prokuratura xodimlari ham ushbu tamoyillarni aniq tasavvur etishlari kerak.  Holbuki, fuqarolar har bir prokuratura xodimidan ushbu tamoyillarni ro‘yobga chiqarishni talab  qilish huquqiga  ega.  Prokurorlik  nazorati  olib  borayotgan  prokurorlar  esa  o‘z  faoliyatida shu  prinsiplarga og‘ishmay rioya etishi shart. SHunday qilib, O‘zbekistonda huquqiy davlat barpo etish  va  fuqarolik  jamiyatini  shakllantirish  maqsadida  Konstitutsiya  va qonunlarning  ustuvorligini  ta’minlash uchun kompleks tashkiliy huquqiy kafolatlar yaratildi. Albatta, konstitutsiyaviy huquqiy  kafolatlar  va  yuridik  mexanizmlarni  muttasil takomillashtirib,  ularning  samaradorligini  oshirib  borish lozim. Shu o‘rinda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlashning iqtisodiy, siyosiy,  ma’naviy-axloqiy, ruhiy kafolatlari ham mavjudligini esdan chiqarmaslik lozim.  Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar.

Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.

Mavzular.

manba