Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlari.
Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlari. 1995-2004 yillar Oliy Kengash o‘rniga O‘zbekiston Respublikasining bir palatali parlamenti — Oliy Majlis shakllantirildi. Birinchi chaqiriq (1995-1999 yillar) Oliy Majlis tarkibida O‘zbekiston Xalq- demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan 69 nafar, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan 47, «Vatan taraqqiyoti» partiyasidan 14 va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan 7 nafar deputat bo‘lib, deputatlarning qolgan qismini hokimiyat vakillik organlaridan ko‘rsatilgan shaxslar tashkil etdi.
Ikkinchi chaqiriq (2000-2004 yillar) Oliy Majlisga saylov hokimiyat vakillik organlari bilan bir katorda beshta siyosiy partiya va saylovchilar tashabbuskor guruhlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisda 11 nafar deputatni birlashtirgan «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraktsiyasi, 10 nafar deputatdan iborat «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraktsiyasi, 20 nafar deputatga ega bo‘lgan «Vatan taraqqiyoti» partiyasi fraktsiyasi, 34 nafar deputat tashkil etgan Fidokorlar milliy-demokratik partiyasi fraktsiyasi, 49 nafar deputatdan iborat Xalq- demokratik partiyasi fraktsiyasi, 107 nafar kishidan iborat hokimiyat vakillik organlaridan saylangan deputatlar bloki va 16 nafar saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bloki ro‘yxatga olindi. Keyinchalik «Vatan taraqqiyoti» va «Fidokorlar» partiyalari bitta «Fidokorlar» partiyasiga birlashganligi munosabati bilan ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning ikkinchi sessiyasida ularning parlamentdagi fraktsiyalari a’zolari ham birlashib, 54 nafar deputatni birlashtirgan bitta fraktsiyani tashkil etdilar.
Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis tarkibida siyosiy partiyalarning fraktsiyalari va deputatlar bloklaridan tashqari quyidagi 13 ta qo‘mita ham faoliyat ko‘rsatdi:
– Byudjet, bank va moliya masalalari qo‘mitasi;
– Iqtisodiyotni isloh qilish masalalari va tadbirkorlik qo‘mitasi;
– Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi;
– Sanoat, qurilish, transport va aloqa masalalari qo‘mitasi;
– Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi;
– Matbuot va axborot qo‘mitasi;
– Ijtimoiy masalalar va bandlik qo‘mitasi;
– Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va oziq-ovqat qo‘mitasi;
– Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi;
– Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi;
– Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi;
– Yoshlar ishlari qo‘mitasi;
– Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi.
Parlamentda, shuningdek 3 ta doimiy komissiya ishlagan: Reglament, odob va deputatlar faoliyatining ta’minoti komissiyasi; Oila va ayollar muammolari komissiyasi; Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi.
Mazkur bosqichda qonun ijodkorligi deputatlar ishining bosh yo‘nalishiga aylandi. 1995-2004 yillarda Oliy Majlis 240 ta qonun, 778 ta qaror qabul qildi, amaldagi qonun hujjatlariga 1573 ta o‘zgartish va qo‘shimcha kiritdi, 130 tadan ziyod xalqaro shartnoma va bitimni ratifikatsiya qildi. Mamlakatning qonun chiqaruvchi oliy organi mazkur bosqichda davlat suverenitetini, fuqarolar tinchligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga, jamiyatda demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga ko‘maklashadigan qonunlar ishlab chiqish va qabul qilishga intildi. Natijada parlament mamlakatning demokratik va taraqqiyot yo‘lidan mustaqil rivojlanib borishining huquqiy negizini anchagina kengaytirdi va mustahkamladi. Misol uchun, birinchi chaqiriq Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunlarda, boshqa qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida asos solingan normalar yanada rivojlantirildi.
Parlament nazorati ham Oliy Majlis faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalari qonunlar, konventsiyalar, milliy dasturlar ijrosini nazorat qilish tartibida har yili 60 ga yaqin masalani ko‘rib chiqdilar. Bunday nazorat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, mamlakatning barcha viloyatlari, shuningdek Toshkent shahrini qamrab oldi. Bir palatali Oliy Majlisning nazorat faoliyatini tahlil etish bir qator qonuniyatlarni namoyon etdi. Birinchidan, mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini va huquqni tatbiq etish amaliyotini hisobga olgan holda muqaddam qabul qilingan qonunlarni takomillashtirish tamoyili yil sayin kuchaya bordi. Ikkinchidan, qonun ijodkorligi ishi borgan sari tarmoq tusini kasb etib, ayrim sohalardagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga intildi. Uchinchidan, bir necha qo‘mita va komissiyalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan tayyorlangan hamda muhokamaga kiritilgan huquqiy hujjatlarning soni ortib bordi.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylov va ikki palatali parlamenta o‘tish (2004 yil dekabr — 2005 yil yanvar). Ikki palatali parlamentga o‘tish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish asosida amalga oshirilgan konstitutsion islohotlar, shuningdek asosiy konstitutsiyaviy qonunlar qabul qilinishi natijasida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazilib, u ikki bosqichdan iborat bo‘ldi. Saylov o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, saylov uchastkalariga bo‘lingan 120 ta saylov okrugi tashkil etdi. Saylovning birinchi bosqichi 2004 yil 26 dekabr kuni o‘tkazilib, 62 nafar xalq noibi, 2005 yil 9 yanvarda bo‘lib o‘tgan ikkinchi bosqichda Qonunchilik palatasiga 58 nafar deputat saylandi. Saylovlar ham O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, ham saylovchilarning tashabbuskor guruhlari ko‘rsatgan deputatlikka nomzodlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Saylovda quyidagi siyosiy partiyalar ishtirok etdi:
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Fidokorlar» milliy-demokratik partiyasi (2000 yilning iyunida «Fidokorlar» partiyasi «Vatan taraqqiyoti» partiyasi bilan birlashgan), O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, shuningdek O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi.
Milliy parlamentarizm rivoj topishining uchinchi davri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2005 yil 28 yanvardagi qo‘shma majlisidan boshlanib, bunda yangi ikki palatali Oliy Majlis deputatlari va senatorlari amalda o‘z ishlariga kirishdilar. Mamlakatimiz qonun chiqaruvchilarining ana shu tarixiy anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov dasturiy ma’ruza qilib, unda jamiyatimizni demokratlashtirish hamda yangilashning aniq va teran asoslantirilgan kontseptsiyasini, shuningdek mamlakatimizni 2005 yilda va uzoq muddatli istiqbolda isloh etish hamda modernizatsiya qilishning asosiy vazifalarini ilgari surdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning davlatimiz boshlig‘i tomonidan olg‘a surilgan ustuvor yo‘nalishlari hamda aniq maqsadli vazifalari asosida ishlab chiqilgan 2005-2009 yillarga mo‘ljallangan qonunchilik faoliyati dasturini qabul qildi.
Ikki palatali parlament tashkil etilgach, O‘zbekiston Respublikasida qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘z taraqqiyotida yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Eng asosiysi, garchi qonunchilik jarayoni ancha murakkablashgan bo‘lsa-da, qabul qilingan qonunlarning sifati sezilarli darajada oshdi. Qonunlarni qabul qilishda siyosiy partiyalarning roli kuchaydi. Qonun loyihalarini partiyalarning fraktsiyalarida oldindan ko‘rib chiqish, Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilishda ularning fikrlarini albatta eshitish amaliyoti shakllandi.
Qonunchilik palatasi (quyi palata) bir yuz ellik deputatdan iborat. Qonunchilik palatasining bir yuz o‘ttiz besh deputati hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Qonunchilik palatasining o‘n besh deputati O‘zbekiston ekologik harakatidan saylanadi
Qonunchilik palatasining ishi palata barcha deputatlarining professional, doimiy faoliyat ko‘rsatishiga asoslanadi. Qonunchilik palatasi faoliyatining tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish tartibi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Qonunchilik palatasining vakolat muddati — besh yil.
Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Qonunchilik palatasining deputati bo‘lishi mumkin. Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.
Qonunchilik palatasi deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Qonunchilik palatasining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi deputatining maqomi qonun bilan belgilanadi. Oxirgi 2014-2015 yillar saylovlarida Qonunchilik palatasi deputat urinlari kuydagicha taqsimlangan:
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi – 52 joy,
O‘zbekiston „Milliy Tiklanish“ Demokratik partiyasi – 36 joy,
O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi – 26 joy,
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi – 20 joy,
Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlari.
Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.







