Ta’lim usullarining mazmuni va shakllari haqida ma’lumotlar.
Ta‘limning og’zaki usullari.
O’qitishning og’zaki usullari ta‘limda doimo eng ko’p qo’llanib kelinmoqda. Didaktikada o’qitishning og’zaki usullari uch turga: o’qituvchining hikoyasi, suhbat va maktab ma‘ruzasiga ajratiladi. Og’zaki bayon qilish usulida ikki faoliyatning, ya‘ni bir tomondan o’qituvchining o’quv materiallarini mohirlik bilan og’zaki bayon qilib berishi va ikkinchi tomondan, bayon qilinayotgan materiallarni o’quvchilar diqqat bilan tinglab, ongli va mustahkam o’zlashtirishlari birligiga amal qilinadi. Og’zaki bayon qilishda (tushuntirishda) o’qituvchi o’quvchilarning psixologik va yosh xususiyatlarini yaxshi bilishi, tushuntirishda ularning diqqatini tez jalb etishi va bilishga doir ishlarni faollashtirish zarur.
Hikoya. Bu usul maktab ta‘limining hamma bosqichlarida qo’llaniladi. Boshlang’ich sinflarda bu juda qisqa va aniq, yuqori sinflarda esa katta materiallarni bayon qilishda to’liq hikoyadan foydalaniladi. Hikoya yakunlangach, u suhbat va tushuntirishlar bilan to’ldiriladi.Hikoyada o’qituvchining nutqi yorqin, aytgan so’zlari bolalarga tushunarli bo’lishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, hikoya qilish – o’qituvchi tomonidan yangi o’tilayotgan mavzuga oid omil, hodisa va voqealarning yaxlit yoki qismlarga bo’lib, obrazli tasvirlash yo’li bilan ixcham, qisqa va izchil bayon qilinishidir.
O’quv materiallarini tushuntirish – o’qituvchi tomonidan o’tilayotgan mavzuning mazmunini xarakterlaydigan tushuncha, ta‘rif, qonun va qoidalarni uqtirishdir.
O’quv ma‘ruzasi. Ushbu usuldan yangi bilimlarni o’zlashtirish va mustahkamlash, ko’nikma va malakalar hosil qilish uchun foydalaniladi. Agar hikoya darsning bir qisminigina egallasa, ma‘ruza odatda, ularni to’la qamrab oladi. Ma‘ruza asosan, umumiy o’rta ta‘lim maktablarining yuqori sinflarida, o’rta maxsus kasb-xunar kollejlari va akademik litsey hamda oliy o’quv yurtlarida o’qiladi.
Suhbat. Suhbat ta‘limning keng tarqalgan usuli bo’lib, darsning istalgan bosqichida qo’llanishi mumkin. Ko’pincha, bu usul savol-javob usuli deb ham yuritiladi. Suhbatning to’rt xil turi mavjud bo’lib, ular: yangi bilimlar berishda, bilimlarni mustahkamlashda, olingan bilimlarni tekshirishda, o’tilgan materiallarni takrorlashda qo’llanadigan suhbatlardir. O’qitish jarayonida o’rganilayotgan mavzu yuzasidan kirish, asosiy va yakunlovchi suhbatlar ham qo’llaniladi. Suhbat mustahkamlovchi metod sifatida bilimlarni tekshirish va baholashda ham o’tkaziladi.
Ta‘limhning ko’rgazmali usullari.
O’qitish jarayonida ko’rgazmalilik usulidan foydalanishning muhimligi o’qituvchining o’rganilayotgan narsa va hodisalarni hissiy idrok etishga, ularni kuzatib mushohada qilishga o’quvchini undash, mantiqiy va nazariy elementlarning birligiga ishonch hosil qilishga, Shuningdek, nazariy bilimlarni amaliyotda qo’llay olishga o’rgata bilishi bilan izohlanadi.
Ta‘lim jarayonida ko’rgazmalilik usuli namoyish etish, illyustratsiya va ekskursiya tariqasida olib boriladi.Ta’lim usullarining mazmuni O’qitishda namoyish etish usulidan foydalanish materiallarning xarakteriga – mazmuni, shakli va hajmiga bog’liqdir. Ko’rgazmali materiallar xarakter e‘tiboriga ko’ra ikki turda bo’ladi:
- Aslicha ko’rsatilishi mumkin bo’lgan buyum va narsalar: o’simliklar, hayvonlar, ma‘danlar, kollektsiyalar, asbob va mashinalar, modellar va h.k.
- Tasviriy-ko’rgazmali materiallar: buyum, narsa va hodisalarning tasvirini ifodalovchi materiallar: rasm, surat, diafilm, kinofilm, jo’g’rofiya va tarix kartalari, chizmalar, jadvallar, diagrammalar va h.k. Tasviriy – ko’rgazmali materiallar – illyustratsiya materiallari deb ham ataladi. Ta‘lim jarayonida tasviriy – illyustratsiya materiallaridan foydalanish keng qo’llaniladi.
Ekskursiya ta‘lim va tarbiya ishlarining Shunday turidirki, bu usul bilan o’rganilayotgan narsa va hodisalarni tabiiy sharoitda (tabiatni kuzatish, zavod, fabrika) yoki maxsus muassasalarga (muzey, ko’rgazmalar) tashkiliy ravishda boriladi.
Ta‘limning amaliy usullari.
O’qitishning amaliy usullariga yozma mashqlar (masalalar yechish, chizmalar tayyorlash), tajriba – laboratoriya tipidagi mashqlar (frontal tajribalar, laboratoriya ishlari, amaliyot, o’qitishning texnik vositalari va boshqalar); mehnat topshiriqlarini bajarish usullari kiradi. Amaliy metodlar o’qitishning og’zaki va ko’rsatmali metodlari bilan uzviy birlikda qullaniladi. O’qitishning amaliy usullaridan foydalanishning ijobiy tomoni o’quvchilarni tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarni mustaqil kuzatishga bo’lgan qiziqishini kuchaytiradi, ularda mustaqillik, faollik va tashabbuskorlik ortadi. Amaliy ish tajribalari – ko’nikma, malakalari, hosil qilinadi va mehnat madaniyati rivojlanadi.
Ta‘limning muammoli-izlanish va reproduktiv usuli.
O’qitishning reproduktiv va muammoli-izlanish usullari o’quvchilarning yangi tushuncha, hodisa va qonunlarni bilishdagi ijodiy faolliklari darajasini baholash asosida qismlarga ajratiladi.
Reproduktiv usullar birinchi navbatda, o’quvchilarning o’quv materiallarini mustahkamroq eslab qolishlarini ta‘minlash, bilishga doir faoliyatni bevosita boshqarish, kamchiliklarni tez aniqlash uchun amaliy ko’nikma va malakalarni tarkib toptirish maqsadida qo’llaniladi.Ta’lim usullarining mazmuni Reproduktiv tipidagi amaliy mashqlar Shunisi bilan farqlanadiki, bu ishlarning davomida o’quvchilar namunaga ko’ra ilgari yoki yaqindagina o’zlashtirilgan bilimlarni qo’llaydilar.
Muammoli vaziyat – o’quvchining ma‘lum psixik holatidir. Bunday holat ma‘lum topshiriqni bajarish jarayonida ziddiyatni anglash tufayli vujudga keladi. O’quvchilarning fikrlash faoliyatida muammoli vaziyatlarning shakllanishi ularning shaxsida qiziquvchanlik, o’tkir zehnlilik, mustaqillik, o’qishga qiziqish va mustaqil izlanish kabi fazilatlarni tarbiyalaydi.
Ta‘limning induktiv va deduktiv usuli.
O’qitishning induktiv va deduktiv metodlari o’quv materiali mazmunining xarakteri va mantig’ini yoritish usulidir. Induktiv metodda o’qituvchi avval faktlarni tushuntiradi, tajribalarni, ko’rsatmali qo’llanmalarni namoyish qiladi va umumlashtiradi.
Deduktiv metod – o’qituvchining avval umumiy qoidalarni, ta‘riflarni aytishi, keyin astasekin xususiy hollarni, muayyan vazifalarni keltirib chiqarish usulidir. Induktiv yoki deduktiv usullarni qo’llash o’rganilayotgan mavzu mazmunini ochishda xususiydan umumiyga yoki umumiydan xususiyga o’tishning qaysi birini tanlashni anglatadi.
O’qitishda nazorat va o’z-o’zini nazorat qilish usuli.
O’qitish tizimida barcha ta‘lim muassasalarida ta‘lim jarayonining samarali bulishi uchun nazorat ta‘lim jarayonining ajralmas qismi bo’lib, nazorat qilish tufayli o’qitishdagi o’zaro muloqot, o’qitishning borishini jadal boshqarish va kamchiliklarni o’z vaqtida tuzatish, yangi darsga aniq vazifalar qo’yish imkonini beradi. Nazorat ham bir qancha turlarga: og’zaki, yozma va laboratoriya turlarga bo’linadi.
O’qituvchi yoshlarni o’z-o’zini nazorat qilishga o’rgatishda o’z-o’zini to’g’ri baholay bilishga, hayotda o’zi intilishi lozim bo’lgan idealni aniq tushungan holda o’zidagi ijobiy sifatlarni va mavjud kamchiliklarni ko’ra olish mahoratini shakllantirmog’i lozim. Nazorat va o’z-o’zini nazorat qilish uslublarini o’zaro mohirona biriktirish barcha o’quv fanlari bo’yicha ta‘lim samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Ta’lim usullarining mazmuni












