TANOSIL A`ZOLARI HAQIDA MA’LUMOT.
Tanosil a`zolari erkak va ayol tanosil a`zolarga bo`linadi. Har ikkala jinsda ham tanosil a`zolari, ichki va tashqi qismlarga ajraladi.
Erkaklar tanosil a`zolari.
Erkaklar tanosil a`zolari: ichki va tashqi qismlarga bo`linadi. Ichki tanosil a`zolariga: moyaklar, urug` chiqarish yo`li, urug` pufaklari, prostata bezi, Kuper bezlar kiradi.
Tashqi tanosil a`zolar: erlik olati va yorg`oqdan iborat.
Erkaklarda siydik chiqarish kanali 2 ta tizim uchun umumiydir, shu bois uning tuzilishi tanosil a`zolariga qo`shib o`rganiladi.
Moyak.
Moyak – juft a`zo bo`lib, yorg`oq ichida joylashadi va oval shaklida bo`ladi. Moyak yorg`oqning ichki pardasi, qinsimon qavati ichida joylashadi. Qinsimon qavat seroz pardadan hosil bo`ladi. Moyak tashqi tarafdan oq rangdagi fibroz to`qima bilan o`ralgan bo`ladi. Bu qavat moyakning orqa qirrasidan moyak ichiga kiradi, bo`laklarga bo`ladi. Natijada moyak 250-300 bo`lakchalarga ajraladi.
Moyakning har bir bo`lakchasi ichida 2-3 ta urug` burama naychalar bo`ladi.
SHu naychalarda spermatozoidlar etishadi. Moyak ortig`i ichida bu naychalar birlashadi.
Urug` tizimiga quyidagilar kiradi:
- urug` olib ketuvchi nay
- moyak arteriyasi
- s) nay arteriyasi
- moyak venasi
- nay venasi
- nerv tolasi
- tashqi fassiyasi
- ko`taruvchi mushak
- mushak fassiyasi
- ichki fassiyasi
Urug` pufakchalar.
Urug` pufakchalari – siydik qopchasining tubi bilan to`g`ri ichak orasida joylashadi. Pufakchalar ekstretor bez bo`lib, erkak urug`ining suyuq qismini ishlab chiqaradi. Pufakning suyuqlikni o`tkazuvchi nayi urug` olib keluvchi nayga ochiladi. Bu 2 naydan urug` o`tuvchi nay hosil bo`lib, u siydik chiqaruv yo`lining boshlanish qismiga ochiladi.
Urug` pufak 3 qismdan iborat:
- biriktiruvchi to`qima
- mushak to`qima
- shilliq qavat
Yorg`oq
Moyakning taraqqiyoti qorin bo`shlig`ida boshlanadi va tug`ilish oldidan, chov kanali orqali tushib,yorg`oq ichida paydo bo`ladi. Yorg`oq devorlari: teri, go`shtdor qavat, tashqi fassiya, moyak ko`taruvchi mushak, ko`taruvchi mushak fassiyasi, ichki fassiya, moyak xususiy pardasidan iborat.
Go`shtdor qavat har moyakda alohida bo`ladi. U qorin old devorining teri osti biriktiruvchi to`qimalardan hosil bo`lib, unda silliq mushak tolalari mavjud. Prostata bezi
Prostata bezi – erkaklar siydik chiqarish nayining boshlang`ich qismida joylashadi. Bez sifatida erkaklar urug`ining suyuq qismini hosil qilishda qatnashadi. Prostata bezi endokrin bez sifatida garmon chiqarib, qon tarkibiga o`tkazadi. Bezning bir qismi silliq mushakdan iborat.
Prostata bezi chanoq diafragmasiga tegishli fassiyasi bilan o`ralgan. Uning ostida biriktiruvchi to`qima va silliq mushakdan iborat. Prostataning asosiy qismi bezsimon hujayralardan va silliq mushakdan iborat.
Erlik olati
Erlik olati yorg`oq bilan birgalikda erkaklarning tashqi jinsiy a`zolarini hosil etadi. Uning ildizi qov suyagiga birikadi va oldingi sohada erkin holda boshchasi bilan yakunlanadi. Boshcha va ildiz orasida olat tanasi joylashadi. Boshchaning o`rtasida siydik chiqaruv kanalining teshigi joylashadi. Boshcha yuzalari bo`rtib chiqqan, tashqi yuzasini teri o`rab olgan va yugancha vositasida g`ovak tana bilan birlashadi. Teri ichki yuzasida bezlar joylashadi. Olat boshchasi – boshcha toji, bo`yin, boshcha to`sig`idan iborat.
Erlik olatini hosil qilishda 3 ta g`ovak tana ishtirok etadi: juft holdagi, toq va o`rta g`ovak tana.
G`ovak tanalar silliq mushak va elastik fibroz tolalaridan vujudga kelib endoteliy hujayralari bilan to`lib turadi.
Uchta g`ovak tana umumiy fassiya bilan o`ralgan. G`ovak tanalar ichidagi bo`shliqlar qon bilan to`lishi natijasida erlik olatining hajmi o`zgaradi.
Ayollar tanosil a`zolari
Ayollar ichki tanosil a`zolariga: tuxumdon, bachadon naylari, bachadon, qin kiradi.
Tashqi tanosil a`zolariga: katta va kichik lablar, klitor, qizlik pardasi kiradi.
Tuxumdon
Tuxumdon – juft a`zo bo`lib, quyidagi qismlardan: bachadon nayiga qaragan uchi, lateral va medial yuzalar, erkin qirra, tutqichli qirradan tuzilgan. Tuxumdon, bachadon bilan xususiy boylam vositasida birikib, uning bachadon nayiga qaragan uchiga nayning hosilasi va boylami birikadi. Tuxumdonning tashqi yuzasi oqsil parda bilan qoplangan. Tuxumdon ichida follikula pufaklari bo`lib, unda tuxum hujayralar etiladi.
Follikula pufaklari rivojlanib, yorilib va undagi tuxum hujayralari tuxumdon yuzasiga chiqadi.
Agarda tuxum hujayra urug`lanmasa, sariq tana atrofiga uchrab, so`riladi va oq tanaga aylanib, yo`qolib ketadi. Har 28 kunda bitta follikula etishadi. Tuxumdon qorin parda bilan o`ralmaydi. SHu sababli tuxum hujayra tuxumdon yuzasidan bachadon nayiga yo`naladi.
Bachadon nayi
Bachadon nayi tuxumdonga etilgan tuxum hujayralarni bachadonga o`tkazish vazifasini bajaradi. Bachadon nayining tashqi seroz pardasi qorin parda to`qimasidan hosil bo`ladi. Bu parda ostiga uzunasiga yunalgan va halqasimon mushaklar joylashgan, ichki shilliq qavat bo`lib, kiprikli epiteliy hujayralari bilan qoplangan va burmalar hosil bo`ladi.
Bachadon
Bachadon homila taraqqiy etadigan mushakli a`zodir. Bu a`zo siydik qopchasi bilan to`g`ri ichak orasida joylashgan.
Bachadon 5 qismdan: tubi, tanasi, bo`yin qismi, bachadon shoxi, bachadon chetidan iborat.
Bachadon bo`shlig`i ichki anatomik teshik vositasida bachadonning qismiga davom etadi. Bachadon bo`yni qinga teshik holida ochiladi. Uning ichki yuzasida burmalar, bezlar bo`ladi. Bachadonning tashqi tarafini yog` moddali klechatka o`rab turadi. Uning devori 3 qavatdan iborat.
- Tashqi tarafdan seroz qorin parda bilan qoplangan.
- O`rta qavat – silliq mushak qavat.
- Ichki – shilliq qavat
Qorin parda bachadonni o`rab, ikki yon tarafga yo`nalishidan bachadonning keng boylami hosil bo`ladi. Bachadonning bo`yin sohasida ko`ndalang boylam bo`ladi.
Qin
Qin bachadon bo`yni bilan tashqi tanosil a`zolari oralig`ida joylashgan.
Uzunligi 8 sm gacha bo`lgan qin devorining ichki shilliq qavatida juda ko`p ko`ndalang burmalar ko`rinadi. O`rta qavatda ko`ndalang va uzunasiga yo`nalgan mushak mavjud. Mushaklarni tashqi tomondan fibroz parda o`raydi. Qizlarda qinning tashqi teshigi halqa shaklida shilliq qizliq parda bilan bekilib turadi. Pardaning o`rtasida kichkina teshik bo`ladi.
Ayollarning tashqi tanosil a`zolari katta va kichik uyatli lablar hamda ular orasida joylashgan klitorlardan iborat.
Katta uyatli lablar – tanosil yorig`ining ikki yonboshida teri burmasidan iborat bo`lib, ichida biriktiruvchi yog` to`qima ko`p. Lablar oldingi va orqa tomonda o`zaro qo`shma hosil qilib birlashadi. Qov bilan katta uyatli lablar terisining oldingi yarmi (13-15 yoshdan boshlab) tuk bilan qoplangan bo`ladi. Katta uyatli lablar terisi ichkarisiga qarab yo`nalgan sari yupqalashib, shilliq pardaga o`tib ketadi.
Kichik uyatli lablar katta uyatli lablar ostida sagittal bo`lib joylashgan teri burmasidan iborat. Kichik uyatli lablarning ichki yuzalari shilliq pardadan tuzilgan bo`lib, bir-biriga tegib turadi, tashqi yuzalari esa teridan tuzilgan bo`lsa ham, birmuncha qizg`ish ko`ringani uchun shilliq pardaga o`xshab ketadi. Katta va kichik uyatli lablar oralig`ida klitor (shahvoniy do`ng) joylashgan. Klitor tuzilishi va shakli jihatidan erlik olatini eslatadi. Lekin klitorni faqat ikkita g`ovak tana tashkil etadi. Klitor sezuvchi nerv oxirlariga boy. Undan pastrokda siydik chiqarish nayining tashqi teshigi va undan xam pastroqda qin teshigi joylashgan.






