Hayvonlar va hasharotlar haqida sherlar

0
Hayvonlar va Hasharotlar haqida sherlar.

Bolalar uchun hayvonlar haqida sherlar: ilon,mushuk, bo’ri, echki, qushlar kabi haqida sherlar to’plamini havola etyapmiz. Hasharotlar haqida sherlar : kapalak, asalari, ninachi haqida sherlar. Uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar haqida.

Hayvonlar haqida sherlar.

Hayvonot bog’i.

Hayvonot bog’ida jayronni ko’rdim,
Tutqunlikda dili vayronni ko’rdim.
Ko’rdim, quruq shoxda sayrar to’tilar,
Yig’lamsirab tovush qayrar to’tilar.

Qanotdan ayrilib, qilar pardozlar,
Osmonida endi ucholmas g’ozlar.
Burgutlarning boshi egilgan yerga,
Bulbullarning yoshi to’kilgan yerga.

Kaklikning to’shi qon, tumshuqlari qon,
Qumrilarning ma’yus ko’zlari – doston …
Bu dunyo aslida hayvonot bo’gi,
Mushtoq – zorlikka kon boshdan-oyog’i.
Bir-bir barin sanab netarman, bas-da,
Neki go’zal bo’lsa, bari qafasda!..

 ILON.
— Ajdar asli amakim,
Anakonda xolamdir.
Haqiqatni aytganda,
Zuluk kenja bolamdir.

JO’JA:
— Men hozircha jo’jaman,
Bir kun bo’laman xo’roz.
Har tong qichqirganimda,
Deysiz: – Yashavor, shovvoz!

ZAG’IZG’ON:
— Taqinchoqqa juda o’chman,
To’ymayman.
Ko’rib qolsam sovunni ham
Qo’ymayman.

BAQA:
— Balchiq mening makonim,
Erta-yu kech sakrayman.
Yemishim pashsha, chivin,
Ovlashni hech qo’ymayman.

MUSHUK:
— Arslon avlodi,
Chapdast botirmiz,
Pisib sichqonni
Poylab yotirmiz.

KARKIDON:
— Teringiz qalin bo’lsa,
Rosa qilasiz huzur.
Aksi bo’lsa-chi buning,
Aytamiz sizga uzr.

HO’KIZ:
Shataloq otib goho,
Hamma yoqni buzaman.
Kim meni «ho’kiz» desa,
Uni boplab suzaman.

KAKKU:
— Daraxtdagi qurtlarni
Tashlayman qirib.
Shu boisdan yuraman,
Ko’kragim kerib.

MUSICHA:
— Tog’am burgut
Ekanligin bilasizmi?
Bilsangiz ham
– Soddasan, – deb kulasizmi?

BO’RI.
Yurardim Bo‘riman dеb,
O‘rmonning zo‘riman, dеb.
Bugun esa ochman, hoy,
Madorim yo‘q butunlay.

Do‘st-u yor boqar zimdan,
Madad so‘rayman kimdan?
Xiralashgan ko‘zlarim,
Og‘riydi oyoqlarim.

Holim yo‘q, rangim – somon,
Shu qishdan chiqsam omon,
Bosh olib kеtar edim,
Qishi yo‘q yurtlar tomon.

ECHKI:
— Taka o’g’lim suruvga
Bosh bo’ldi-ku, og’ayni.
Menga bo’yin egmaydi,
Chaqir, qo’chqor tog’angni!

OLMAXON:
— Nomim qiziq — Olmaxon,
Olmani xush ko’rmayman.
Lekin xushta’m yong’oqni
Chaqib sira to’ymayman.

AKULA:
— Nahang, – dedi kimdir bilmay,
Aslida akulaman!
Nahanglarning oldida men,
Ip esholmay qolaman.

TOSHBAQA:
— Demang meni toshbaqa,
Menda ham bordir yurak.
Yugurishda birinchi
Bo’lsam, yig’lasam kerak.

Hashoratlar haqida sherlar.

BOLARI.
Nima uchun arilar,
Qo’nar gul yaprog’iga,
Ashulalar aytishar,
Gullarning qulog’iga.

NINACHI.
Bog’da uchar ninachi,
Gulni quchar ninachi.
Biram chiroyli qarang,
Qanotlari rang-barang.
Shisha kabi yuzi bor,
Yum-yumaloq ko’zi bor.

KAPALAK.
Kapalagim, kapalak.
Uchgin osmon-u falakka.
Sakrayver guldan-gulga,
Raqsing yoqar ko’ngilga.

TILLA QO’NG’IZ.
Tilla qo’ng’iz
Deydi “g’iz-g’iz”.
Birovga sen,
Berma ozor.
Qo’yvor meni,
Ishim tig’iz.
Bekorchidan
El ham bezor.

KAPALAK.
-Kapalakjon beri kel,
Buncha parvoz etasan.
-Meni quvma, Erkinjon,
Gulni bosib ketasan.

Tavsiya etamiz: Mevalar haqida sherlar