Ramazon muborak she’rlari

0
Ramazon muborak she'rlari

Ramazon muborak she’rlari. Ro’za oyi uchun tabrik she’rlar to’plami.

Ramazon muborak she’rlari.

Xar bandaga bir sinov, bir imtixonsan,
Gunohlardan poklanishga bir imkonsan,
O‘z vaqtida yo‘qlaydigan qadrdonsan,
Hush kelibsan, qutlug‘ kelgin Ramazonim.

Yurtga tinchlik tilab shomu saharlarda,
Qanoat berar olloh so‘rsang agarda,
Diydoring kutadi xar bir mumin banda,
Xush kelibsan, qutlug‘ kelgin Ramazonim.

Farahli oy, sharafli oy, muboraksan,
Payg‘ambarlardan merossan taboraksan,
Tanni, dilni poklash uchun sen keraksan,
Xush kelibsan, qutlug‘ kelgin Ramazonim.

Jannatlarda yorug‘ yuzli diydor uchun,
Tavba uchun, uzr uchun, iqror uchun,
Islom asli bebahodir sen bor uchun
Hush kelibsan, qutlug‘ kelgin Ramazonim.

Qabul et ro’zamizni Allohim.

Yemadik, ichmadik

Tutdik tilimiz
Qabul et ro’zamizni, Allohim
Faqirning, yo’qsilning
Bildik holini
Qabul et ro’zamizni, Allohim

Qo’shnimiz och bo’lsa
Beramiz yordam
Qabul et ro’zamizni, Allohim,
Yetimning boshini
Silaymiz har dam
Qabul et ro’zamizni, Allohim.

Gunoh qilmaslikka
Bo’lamiz ogoh
Qabul et ro’zamizni, Allohim,
Istab rizoliging
Yashaymiz har chog’
Qabul et ro’zamizni, Allohim.

Laylat-ul Qadr haqida sher.

Quvonchdan ko‘zimdan yog‘moqdadir sel,
Seni uzoq kutdi eng bag‘rikeng el.
Ey manim ming oydan yaxshirog‘im kel,
Xis qilay baxt nadir, sakiynat nadir?
Tashrifing muborak Laylat-ul qadr!
Sevmadi pok qalbim cherkov bongini,
Masjid band qilgan-chun mo‘min ongini,
Ramazon to‘kkandek qalbim zangini,
Seni intiq kutdim, libosim sabr,
Tashrifing muborak Laylat-ul qadr!
«Rojdestvo»ni deya dard yutganim yo‘q,
Yohud «Xelluin»ni zor kutganim yo‘q.
Menga sanchilguncha ajal degan o‘q,
Qalbimni xushnud qil yutguncha qabr,
Tashrifing muborak Laylat-ul qadr!
Xaqning marxamati bunchalar xam keng,
Barokatli oqshom qilmish seni eng.
Sakson uch yil birla bo‘libdirsan teng,
Baxtliman, bildimku Xaq ishqi nadir,
Tashrifing muborak Laylat-ul qadr!

O’rgandim Ro’za ila.

Och va suvsiz qolmoqni,
Sabr-toqat qilmoqni,
Allohga yetishmoqni,
O’rgandim ro’za ila.Bandaga marhamatni,
Ro’zadagi rahmatni,
Minglab minglab hikmatni,
O’rgandim ro’za ila.Yo’qsillikning ma’nosin,
Solihlarning taqvosin,
Sahovatning bahosin,
O’rgandim ro’za ila.Shukr mohiyatini,
Zikr fazilatini,
Taqvodor hayotini,
O’rgandim ro’za ila.
Tavsiya etamiz: Ramazon duosi

Xayr endi Ramazon.

Yorishtirib osmonni,
Qo‘lga tutib Qur’onni,
Sayqallatib iymonni,
Kelgan eding, Ramazon.

Mana endi bildirmay,
Diydoringga to‘ydirmay,
Hajr o‘tini so‘ndirmay,
Xayr, deding, Ramazon.

Ko‘ngillarni yayratib,
Bulbullarni sayratib,
G‘animlarni qiyratib,
Kelgan eding, Ramazon.

Ko‘ngilni vayron etib,
Bulbulni hayron etib,
Yuraklarni qon etib,
Xayr, deding, Ramazon.

Birlashtirib saflarni,
Soz etib hadaflarni,
Eslatib salaflarni,
Kelgan eding, Ramazon.

To‘zimasin bu saflar,
Buzilmasin hadaflar,
Yodda tursin salaflar,
Kelguningcha, Ramazon,
Xayr, endi, Ramazon.

Ramazonga yetganim haqqi.

Ramazonga yetganim haqqi
Muhammadsiz ko‘ngillar qora,
Yo‘l bermasang topolmam chora,
Yo, Zuljalol, tavbamga qara-
Ramazonga yetganim haqqi.

Volidamning aybini o‘chir,
Padarimning gunohin kechir,
O‘zing rahmat sharobin ichir-
Ramazonga yetganim haqqi.

Nomahramdan burgin ko‘zimni,
Yolg‘onlardan asra so‘zimni,
Hisob qilay toki o‘zimni-
Ramazonga yetganim haqqi.

Qay go‘shada mo‘min dili qon,
Go‘daklari o‘q yeb berar jon,
Qil ularning mushkulin oson,
Ramazonga yetganim haqqi.

Oson qilgin sabr kechasin,
Armon qilma Qadr kechasin,
Borsam… nur qil qabr kechasin-
Ramazonga yetganim haqqi.

Yana bizni yo‘qlab kelgin Ramazon.

Sen sabab tiyildi yolg‘on so‘zlar ham,
Nomahramdan qochar bo‘ldi ko‘zlar ham.
Ibodatda sergak turdik bizlar ham,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Iymonda zabardast bo‘moqlik uchun,
Kun-u, tun duoda yurmoqlik uchun.
Savobli amallar qilmoqlik uchun,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Xayr-u, saxovatlar ulashib takror,
Yaxshilik yo‘lida kurashib takror.
Eng ezgu niyatlar tilashib takror,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Tunlari «qoim»lik qilmoqlik uchun,
Ibodatni aziz bilmoqlik uchun.
Allohga suyukli bo‘lmoqlik uchun,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Har oning g‘animat, har fursat aziz,
Yaxshilikdan qolar dilda go‘zal iz.
Kelishingni qumsab yo‘ling poylaymiz,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Nomingni ulug‘ deb, bilmaylik nechun?
Har bergan ne’mating ezgulik uchun.
Hamisha ko‘rsatib «sof Islom» kuchin,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

O‘zing oylar ichra ulug‘, tanhosan,
Daholardan o‘tar buyuk dahosan.
Fursat o‘tganda ham takror-takror san,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Qalbda qolar bo‘ldi mehringdan izlar,
Yil bo‘yi yurak chin nomingni so‘zlar.
Vafot etmay tursak agarda bizlar,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Dillarga yovuzlik yetmay turib sen,
Qalblarni gunohlar chertmay turib sen.
Iymonning quvvati ketmay turib sen 
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Jannatga savobdan qo‘rg‘on quramiz,
Shu sabab hamisha duo qilamiz.
Nasib qilsa seni kutib turamiz,
Yana yo‘qlab kelgin bizni «Ramazon»!

Tavsiya etamiz: Ramazon taqvimi 2025