Muhammad Yusuf Vatanim sheri

0
Muhammad Yusuf Vatanim sheri

Muhammad Yusuf Vatanim sheri. Muhammad Yusuf she’rlari eng saralari.

Muhammad Yusuf Vatanim sheri.

Muhammad Yusufning «Vatanim» she’ri — bu shoirning yurtiga bo‘lgan cheksiz sevgisi va ona zaminiga bo‘lgan muhabbatini ifodalovchi asar. She’rda shoir O‘zbekistonning go‘zalligini, uning boy tabiati va xalqining ezguligini tasvirlaydi. «Vatanim» she’ri uning vataniga bo‘lgan chuqur hurmatini, ona yurtiga sadoqatini va o‘z xalqiga bo‘lgan ishonchini aks ettiradi.

Men dunyoni nima qildim,
O’zing yorug’ jahonim,
O’zim xoqon,
O’zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg’izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O’zing mening ulug’lardan
Ulug’imsan, Vataiim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o’zing mehri —
Ilig’imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirni duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko’ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog’i ochilmagan
Qo’rig’imsan, Vatanim.

Sen Xo’jandsan,
Chingizlarga
Darbozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig’i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko’rgan cho’pon
Cho’lig’imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin — Kurdistonda,
Boburing — Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig’ deb,
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to’qson olti
Urug’imsan, Vatanim…

O’g’lim, desang osmonlarga
G’irot bo’lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo’lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug’beging quchgayman,
G’ichir-g’ichir tishimdagi
So’lig’imsan, Vatanim…

O’tgan kuning — o’tgan kundir,
O’z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo’lin bog’lab,
Dilin dog’lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug’imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig’lagan bir
Shoiringga qarab qo’y,
Gar Qo’qonga yo’ling tushsa,
Detdomlarni so’rab qo’y.
Hech bo’lmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qo’y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug’imsan, Vatanim…

Sen — shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O’g’lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo’ynimdagi iftixorim,
Bo’ynimdagi tumorim,
O’zing mening ulug’lardan
Ulug’imsan, Vatanim!

Tavsiya etamiz: Muhammad Yusuf – Yurt dardini kuylagan shoir insho

Muhammad Yusuf O’zbekistonim she’ri.

O, ota makonim, onajon o’lkam
O, ota makonim, onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘lay soyangga.
Senday mehribon yo‘q, Seningdek ko‘rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga.

Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar,
Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Tog‘laring ortimdan ergashib yurar.

Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin,
Yo xudbinman men, yo bir sodda kasman men –
Parijning eng go‘zal restoranlarin,
Bitta tandiringga alishmasman men.

Na gapga ko‘nayin, Na til bilayin,
Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan halovat –
Uch kunda sog‘insam nima qilayin,
Chala qolar bo‘ldi hamma sayohat.

Bildimki, baridan ulug‘i o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan o‘tgan har kun bayramdir – bazm,
Sensiz bir on qolsam, vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.

Tavsiya etamiz: Abdulla Oripov sherlari