Abdulla Oripov sherlari. Abdulla Oripovning Vatan haqida, Ona tilim, O’zbekiston sherlari to’plami.
Abdulla Oripov sherlari.
Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol.
Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u,
Oniy umri bilan sollanib chechak.
Bahor- eng pokiza shabbodadir bu,
Bahor- eng pokiza shamoldir demak .
Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni,
Ko‘zimga ko‘ringan dilbar diyorim.
Go‘dak nafasiday yupatar yuzni,
Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim.
Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,
Mayli, o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.
Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,
Umring shamollari muattar bo‘lsin.
Sen bahorni sog’inmadingmi sheri.
Uyg’onguvchi bog’larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog’ingdan rang olgan dedim
-Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o’zingni,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?
Uzoqlarda zalvorli tog’lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog’lar,
Vasling menga bo’lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g’arib,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?
O’ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?
Mana, bugun navro’zi olam,
Do’stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam…
Qo’limda gul, seni kutarman,
Umrim bo’yi chorlab o’tarman,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?…
Ona tilim.
Ming yillarkim bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman!
Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Tuprog’in ko’zimga aylab to’tiyo?
Nechun Vatan deya yeru osmonni,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida, dunyoda tanho nima bor,
Paxta o’smaydimi o’zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku butun Osiyo.
Tavsiya etamiz: 21-mart Navro’z bayrami haqida sherlar
Abdulla Oripov sherlari O’zbekiston.
Men nechun sevaman O’zbekistonni?
Bog’larni jannat deb ko’z-ko’z etaman,
Nechun ardoqlarkan tuprog’ini men,
O’paman: “Tuprog’ing bebaho, Vatan”
Aslida tuproqni odil tabiat
Taqsim aylagan-ku yer yuziga teng.
Nechun bu tuproq deb yig’ladi Furqat,
O, Qashqar tuprog’i, qashshoqmiding sen?
Xo’sh nechun sevasan O’zbekistonni,
Sababini aytgin, desalar men ga,
Shoirona, go’zal so’zlardan oldin
Men ta’zim qilaman ona xalqimga.
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan bo’lsaydi.
Qorliklarni makon etgan bo’lsayding,
Mehrim bermasmidim o’sha muzlarga.
Muallim – Abdulla Oripov sheri.
Muallim haqida soʻzim ushbudir:
Muallim kamolot ichra koʻzgudir.
Oʻqidim Gerodot, tarixni koʻp bor,
Forobiy, Danteni takror va takror.
Barini oʻqidim, lol qoldi aqlim,
Bariga ustozsan oʻzing, muallim.
Alisher qalbiga solgan sehr-fayz
Sensan,ey muallim, ustoz Abul-Lays.
Qutlugʻ xonadonda qutlugʻ kalom bu,
Hamid Olimjon bu, Gʻafur Gʻulom bu.
Buyuk Temur sendan topgandir taʼlim,
Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.
Rost aytsam, oʻzingsan eng avval daho,
Sen hayot ganjida durri bebaho.
Ulugʻ ayyomingda sheʼriy kalom bu,
Shogirdlar nomidan qutlugʻ salom bu .
Ogohlik she’ri.
Qora kunlar keldi ko’hna diyorga,
Ustoz yig’lay-yig’lay ayladi xitob:
– Mayli suvga oqsin, singsin devorga,
Nodonning qo’liga tushmasin kitob.
Yengdi ma’rifatni manfur jaholat,
O’zbekda qatag’on davri boshlandi.
Qodiriy muxlisi qilindi g’orat,
Cho’lponni o’qigan otib tashlandi.
Yillar o’tib ketdi, ozodmiz shukur,
Lekin sen ogoh bo’l, ma’rifatli jon.
Hali tirik yurar kalamush qurg’ur,
Ko’zlari yiltillab turibdi sichqon…
Namoyish.
Osmoni falakda chiqdi farmoyish:
“Somonchi yo‘lida o‘tsin namoyish!
Qatnashsin katta-yu kichik davlatlar,
Barcha qit’alardan barcha millatlar”.
Chindan ko‘rik bo‘ldi g‘oyatda katta,
Olam yig‘ilgandi axir paradda.
Nayzasin ko‘tarib Afrika o‘tdi,
Tam-tam ovozlari samoni tutdi.
Ular kiyib olgan turfa libosin,
Biri filin mingan, biri qo‘tosin.
Osiyo yetaklab bolalarini,
Aravaga ortgan bombalarini.
Biznikilar o‘tdi xushnud va g‘olib,
Paxta chanog‘ini qo‘liga olib.
O‘tdilar, deyishib akani opa,
Jinsni farqlay olmay qolgan Yevropa.
Turli o‘yinning ham borligi durust,
Raketasi bilan qo‘rqitdi o‘ris.
Hamma yoqni bosgan turli shtablar,
Rejissyorlik qildi o‘zi — Shtatlar.
Tomosha oxirlab qoldi-ku qariyb,
Oh, hech kim o‘tmadi kitob ko‘tarib.
Xaloyiq xoxishi.
Quduq qazding cho‘l o‘rtasida,
Suvi shirin, albatta, tekin.
Tengi yo‘qdir uning aslida,
Birov ichmas bu suvni lekin.
Shiddat bilan oqadi daryo,
Ko‘prik qurding ba haqqi savob.
Biror kimsa o‘tmadi ammo,
Qolib ketdi go‘yoki sarob.
Qora tunda yoqding-ku gulxan,
Kelgaymi, deb biror yo‘lovchi.
Biroq hechkim o‘tmadi yo‘ldan,
Na bir hayvon va na bir ovchi.
She’rlar yozding bamisli olov,
Yaxshilarni kuylading rosa.
Qiziqmadi va lekin birov,
O‘qimadi she’ringni kimsa.
Tilla do‘kon ochding bir kuni,
Birdaniga o‘zgardi olam.
Kutgan ekan xaloyiq shuni,
Bosib ketdi tumonat odam.
Umr – Abdulla Oripov sherlari.
Abdulla Oripov sherlari.
Dunyoda har ishning bordir o’z gali,
Olis xotiralar hamroh ishimga.
Shoirlik yodimdan chiqqan mahali
Cho’ponlik yillarim tushar esimga.
Qo’ylar suruvini haydayman barho,
Sibazg’a chalaman bazida beg’am.
Suruvim ichida ko’raman goho
Meni cho’pon degan kimsalarni ham.
Deydilar.
Deydilar, it hurar
— O’tadi karvon,
Ranju balolardan
Yonmasin joning
Lekin alam qilar,
Bir umr giryon
Itlar to’dasidan
O’tsa karvoning.
Avliyolar.
Dedilar, qaydadir, Shambala yoqda
Aziz avliyolar ruhi yasharmish.
Ular qo’llar emish bizni yiroqda,
Tibet tog’laridan gohi osharmish.
Gohida Yassaviy, Naqshband gohi
Namoyon bo’larmish biror makonda.
Nechog’lik keng erur Alloh dargohi,
Sir-u sinoat ko’p vaqt-u zamonda.
Deysan, ular ruhi kezarkan beshak,
Bilmasmi, to hanuz kutmoqda xalqi.
Oh, buyuk tilsimga keltirmagil shak,
Ular yonginangda yuribdi balki.
Xush kelibsan, Yangi yil!
Yana kelding hadyaga to‘lib,
Kutmoqdaydik seni intizor.
Qadamingdan minnatdor bo‘lib
Zarra-zarra to‘kiladi qor.
Xafamasmiz bobo yildan ham,
Quvontirdi u bizni qancha:
Konfetini ko‘rishdik baham
Va qo‘shiqlar o‘rgandik ancha.
Nihol o‘sdi, qurildi qasr,
Fazolarga qildik safarlar.
O‘sha yili tug‘ildi axir
Bizning qancha o‘rinbosarlar.
Seni aslo unutmagay dil,
Xayr endi, xayr, yil bobo.
Simobdayin tipirlar ko‘ngil,
Yangi yilga endi marhabo,
Endi uni qutlab ziyoda
Manziliga jadal eltamiz.
Kirmoq uchun kechki kinoga
O‘n oltiga tezroq yetamiz.
Yo‘l olamiz maktabga qator
Bu yil endi birinchi karra.
Maktab yo‘li, do‘stlar, fazokor
Parvozidan kam emas zarra.
Bog‘chalarga emaklab oz-oz
Yana kelar yangi qismimiz.
Ulg‘ayadi yoshimiz bir oz,
O‘zgarmaydi ammo ismimiz.
Vaqt.
Sen birovga yaxshilik qilsang,
Qaytishini kutmagil aslo.
Abadiyat yonida, bilsang,
Unitilish bordir doimo.
Vaqt go’yoki qilko’pirik, undan
Ikki emas, bir o’tiladi.
Seni eslab unitmay yurgan
Odamlar ham unitiladi.
Xatolar.
Vaterlooda xato qildi Napoleon —
Jahongirning qaytdi shu kun omadi.
Mana o‘tsa hamki necha bir zamon,
U haqda gapirmagan odam qolmadi.
Bobom payg‘ambarlar qasosi uchun
Goho osiylarning oldi boshini.
Uni qarg‘adilar xatosi uchun,
Hamon otmoqdalar ta’na toshini.
…Xato qilgan bo‘lsam kechirgin, bolam,
Yuz yil davomida cho‘zaverma, bas.
Ko‘rib turibsan-ku, men oddiy odam,
Napoleon emasman, Temur ham emas!
Bemor.
Bemor sho’rlik ko’nikkan butun
Og’riqlarning sherikligiga.
Tongda ko’zin ochganda har kun
Shukur qilar tirikligiga.
Ko’rib ketar o’nta shifokar,
Har tomandan tekshirar qarab.
Bitta gapni eshitib o’n bor.
O’n xil tashxis qo’yarlar, ajab.
Hamshira qiz uh tortar sekin,
Balki uning sabri ham bitdi.
Dardi sinov derdilar, lekin
Bu galgisi cho’zilib ketdi.
O’zbek qomusi.
Men bechora bir odamman,
Ertangi kunim,
Ne bo‘lishin bilmaydigan ojiz bandaman.
Yeru osmon o‘rtasida topmagan qo‘nim,
Botinimda botmon toshu zohir xandaman.
Yolg‘izlikning rutubatli ko‘chalarida,
Ne-ne oltin fasllarim o‘tdi junjikib.
She’riyatning tund qorong‘u ko‘chalarida
Yiroq-yiroq yulduzlarga boqdim entikib.
Ig‘vo, hasad, fitna bilan to‘lgan bu hayot,
Har onimda mingta etdi bir hasratimni.
Xira tuman orasida butkul koinot,
G‘ira-shira ilg‘ar edim mamlakatimni.
Eslar edim Buxoriyni, Yassaviyni ham,
Ha, ha, ayri tushmagandi xotirotimdan,
Faqat ular chalinardi ko‘zimga mubham,
Lekin sira ketmas edi xayolotimdan.
Ham Temurbek, ham Ulug‘bek, Alisher, Bobur,
Sizlar tuzgan ul saltanat — Saltanat bo‘ldi.
Ulug‘ tarix Turkistonga cho‘ng guvoh erur,
Davlat edik, davlat edik, u davlat bo‘ldi!
Emikdoshim, ay, qardoshim, quloq tut menga,
Ushbu ko‘hna kahkashonda mag‘rur tutgin bosh
Sen zaminga loyiqdirsan, zamin ham senga,
Senikidir endi bu yer, seniki quyosh.
Qo‘lingda erk, boshda yalov, tilingda surur,
Vataning bor, bola-boqchang, or-nomusing bor,
O‘zbekiston deb atalgan muqaddas hudud,
O‘z Davlating, Mamlakating, o‘z Qomusing bor.
Tavsiya etamiz: Amir Temur haqida sherlar bolalar uchun
Menga xushxabar ayt – Abdulla Oripov sherlari.
Menga xush xabar ayt, yolg‘on bo‘lsa ham…
Dardu mashaqqatlar o‘tgaydir bari,
O‘ksima, oyoqqa turgaysan, deb ayt.
Umringning farahbaxsh, totli onlari
Hali oldindadir, ko‘rgaysan deb ayt.
Menga xush xabar ayt, yolg‘on bo‘lsa ham…
Do‘stlaring bordir-ku hali dunyoda,
Seni kulfatlarda qoldirmas deb ayt.
Yovuzlik bo‘lsa ham haddin ziyoda
Seni changaliga oldirmas, deb ayt.
Menga xush xabar ayt, yolg‘on bo‘lsa ham…
Olis muhabbating yuribdi degil.
Sarg‘aygan daftarin varaqlab pinhon,
U seni tushida ko‘ribdi degil.
Tabiat – Abdulla Oripov she’ri.
Uzoqlarda qoldi tug‘ilgan uyim,
Ajib bolaligim qoldi uzoqda.
Qoldi hammopishga ko‘milgan o‘yim,
Qoldi singillarim bari yiroqda.
Endi men eslayman ko‘zlarimda nam,
O‘sha yillarimning otash sehrini.
Qo‘msab talpinaman gohi-gohi dam
Munis singillarim mayus mehrini,
Shunday paytda o‘zing aylagil shafqat,
Singil bo‘la qolgil, menga, tabiat.
Aqlim tanidimu qoshimda shu kun,
Jasur akalarim safini ko‘rdim.
Ularning bari ham botir va durkun,
Men ular safiga sher bilan kirdim.
Endi men eslayman ko‘zlarimda nam,
O‘sha davralarning otash sehrini.
Qo‘msab talpinaman gohi-gohi dam,
Jasur akalarim ajib mehrini.
Shunday paytda o‘zing aylagil shafqat,
Aka bo‘la qolgil, menga, tabiat.
O‘tgan kunlarimga boqib muntazir,
Sog‘inchdan yonadi yongan bu jonim.
Afsuski, yonimda emassiz hozir,
Donishmand ustozim – siz, Otajonim.
Endi men eslayman ko‘zlarimda nam.
Hikmatli so‘zlarning otash sehrini.
Qo‘msab talpinaman gohi-gohi dam,
Donishmand otamning shafqat, mehrini.
Shunday paytda o‘zing aylagil shafqat,
Ota bo‘laqolgil menga, tabiat.
Men aziz onamni tuproqqa qo‘ydim,
Hali tingan emas ko‘zdagi yoshim.
Olis kechalari hijronda kuydim.
Endi qay siynaga qo‘yaman boshim.
Endi men eslayman ko‘zlarimda nam,
Ona degan so‘zning qaytmas sehrini.
Qo‘msab talpinaman har zum, har qadam
Onam og‘ushini, onam mehrini.
Shunday payt ham o‘zing aylagil shafqat,
Ona bo‘la qolgil menga, tabiat.
O’zbekiston madhiyasi.
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
O’zbekiston bayrog’i she’ri.
Har qanday lashkarning ham
O’z tug‘i, yalovi bor,
Sen qaysi saltanatdan,
Sen qaysi davlatdan kam.
Qo‘rg‘onlar qatorida
Bir qo‘rg‘onsan ustuvor,
Vallamat, tug‘dor yurtim,
Muhtasham Respublikam.
O’ylayman, ha, olamda
Nisbiy erur ko‘p holat,
Zamona g‘alviridan
Har narsa o‘taverar.
Tarix uchun va lekin
Kim ham bergay kafolat,
Yakka inson bir yo‘lchi:
Kelaru ketaberar.
Qadim-qadim zamonda
Yunonlik haykaltarosh,
Bir san’at yaratibdi,
Maqsadi – bir burda non.
Haykal esa asrlar
Sinoviga bermish dosh,
Bugun uni ko‘klarga
Ko‘tarar butkul jahon.
Ko‘zni kattaroq ochib
Boqsang bu muammoga,
Alam qilgulik qadar
Kam yashar inson zoti,
Faqatgina xalq sohib
Bardavom bu dunyoga,
Asragay har kas nomin
Faqat xalqning hayoti.
Sanasang hodisot mo‘l
O’zbekning tarixida,
Har biriga bir noma
Yoki doston bitgulik.
Ne zotlar oqmagan bu
Asrlar arig‘ida,
Har biri bitta xalqning
G‘ururiga yetgulik.
Barchaga ayon erur
Men aytgan ushbu gaplar,
To hanuz asablarni
Ezg‘ilar bu shum o‘tmish.
Moziyga o‘qtin-o‘qtin
Sochsak hamki g‘azablar,
Lekin ayting, o‘zbekning
Qo‘lidan kim ham tutmish?
Bir kuni yovqur shoir
Ya’ni Turdi Farg‘oniy,
Bo‘ltak bo‘lgan bu xalqqa
Birlash deb qildi xitob.
Bejavob qolaberdi
Uning dardli so‘rog‘i,
O’sha-o‘sha zamin kar,
O’sha-o‘sha gung oftob.
Bugun zimdan nazar sol
Sen mana bu bayroqqa,
Mayliga bir daqiqa
Unutgin turfa kekni.
Shu bayroq nomimizni
Eltdi yiroq-yiroqqa,
Shu bayroq birlashtirdi
Parokanda o’zbekni.
SHarof Rashidov xotirasiga atab she’r.
Marhumlar hayotdan erurlar yiroq,
Demakki, yiroqlar xushomaddan ham.
Makru nayranglarin qo‘ymaydi biroq,
Toki hayot ekan Nobakor Odam.
Ularning turfa xil odatlari bor,
Avval ganjlarini ko‘mgay tuproqqa.
So‘ng birdan o‘zlarin his etib nochor,
Gavharim qayda deb tushgay titroqqa.
Dunyoda har kimga qismat yor emish,
Kimdir toj kiygaydir, kimlardir kuloh.
Go‘yoki Alisher sizga ham dermish:
Siyrating darveshu suvratingdir shoh.
Ezgulik niqobin yuziga tortgan
Manfur bir maydonda surgandingiz ot.
Kimdir o‘z padarin bir pulga sotgan,
Qo‘l-oyoq kishanda, talangan bisot.
O’ychan ko‘zingizda ne g‘am bor edi,
Kelajakmidi yo moziyning shoni?
O’zbek-ku, bir erkka intizor edi,
Sizni ado qildi ming bir armoni.
Erksevar ellarning orzusin yoqlab,
Xayol dengizida tunlar suzgansiz.
Istiqlol so‘zini yurakda saqlab,
Siz qafas ichida gullar tuzgansiz.
Shoirman, bo‘ynimda she’rning gunohi,
Sohibin asraydi Saltanat makkor.
Ochko‘z, amalparast kimsalar gohi
Adolat menman deb topgay e’tibor.
Ularning dastidan notinch el, zamon,
Tanimay qolursan oq-qorani ham.
Chalg‘itib kelganlar topganda imkon,
Hattoki Temuru Boyqaroni ham.
Odildir – kim elni boshlagan baxtga,
O’zi o‘tda yonib, yo‘lni ochganlar.
Lekin intilarkan toj ila taxtga,
Vo ajab, ko‘pincha dordan qochganlar.
Qulluq, Sharof ota, ming bora qulluq,
Boqiy O’zbekiston sizga ham yodgor.
Bugun u istiqlol shavqiga to‘liq,
Xizmatingiz eslar takror va takror.
Ilohi, har kimga bersinu to‘zim,
But bo‘lsin Vatanning metin qo‘rg‘oni.
Sizni qo‘llab turar O’zbegim – o‘zim,
Va, yurtning posboni – jasur o‘g‘loni!
Sulton bo‘lmasangiz, Sharof ota, gar,
Yashardingiz qalam qo‘ldoshi bo‘lib.
Poklikka, vafoga timsol muqarrar,
Xursanoy ayaning yo‘ldoshi bo‘lib.
Tavsiya etamiz: Ota, ona haqida sherlar
Ushbu she’rlar ijtimoiy tarmoqlardan olindi.