Zahiriddin Muhammad Bobur g’azallari

0
Zahiriddin Muhammad Bobur g'azallari

Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub quyidagi g’azallari va ruboiylaridan to‘liq holda topishingiz mumkin. Bobur sheriyati, g’azallari.

Bobur g’azallari.

1483-yil 14-fevral buyuk shoir, tarixchi va geograf Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo tavallud topgan kun.

Z.M.Bobur o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda hisoblanadi. Bobur g’azallari haqida  adabiyotshunos olim   “Ibrohim Haqqulov mana bunday fikrlarni bayon etgan: “Boburda o‘ziga xos bir gulparastlik zavqi bor. Shoir ba’zan gul timsolini shunday tashxislantiradiki, xayolingizda gulday nozik, gulday sehrli bir sanam jonlanib ketishini sezmay qolasiz. Bobur she’rda gulning muattar bo‘yi, rangin bo‘yoqlari va betakror jozibasini mujassamlantirgan shoir. Chunki qalamni u qachon fikr, qachon ruh va tuyg‘u yoki hol va ehtiros “qo‘liga” tutqazishni juda yaxshi farqlaydi” deydi.

Topmadim g’azal.

Jonimdin o’zga yori vafodor topmadim,
Ko’nglumdin o’zga mahrami asror topmadim.

Jonimdin o’zga jonni dilafkor ko’rmadim,
Ko’nglum kibi ko’ngulni giriftor topmadim.

Usruk ko’ziga toki ko’ngul bo’ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.

Nochor furqati bila xo’y etmisham, netay,
Chun vaslig’a o’zumni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko’ngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.

Bobur, o’zungni o’rgatako’r yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.

Yaxshilig’.

Kim ko’rubtur, ey ko’ngul, ahli jahondin yaxshilig’,
Kimki ondin yaxshi yo’q, ko’z tutma ondin yaxshilig’.

Bu zamonni nafi qilsam ayb qilma, ey rafiq,
Ko’rmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshilig’.

Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko’ngluma,
Kelmadi jonimg’a hech oromi jondin yaxshilig’.

Ey ko’ngul, chun yaxshidin ko’rdung yomonlig’ asru ko’p,
Emdi ko’z tutmoq ne ya’ni har yomondin yaxshilig’.

Bori elga yaxhshilig’ qilg’ilki, mundin yaxshi yo’q
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig’.

Yaxshilig’ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim ko’rubtur, ey ko’ngul, ahli jahondin yaxshilig’.

Tavsiya etamiz: Bobur ruboiylari.

Ko’rgamen.

Ne vafo umrumda ul jonu jahondin ko’rgamen,
Kim vafo jondin ko’rubdurkim, men ondin ko’rgamen.

Ko’z yo’lidin ul sari husnun nazar aylar edim,
Qon yoshim ul yo’lni tutti, emdi qondin ko’rgamen.

Yorab, ul kun shum toli’din manga bo’lg’aymukim
Jonima orom ul oromi jondin ko’rgamen.

Ko’z ko’rar, lekin solur meni balog’a bu ko’ngul,
Bu baloni necha chashmi xunfishondin ko’rgamen.

Bartaraf qilg’il vafo istarni eldin, Boburo,
Ul g’alatdurkim, vafo ahli jahondin ko’rgamen.

Topilmas g’azali.

Sendek menga bir yori jafokor topilmas,
Mendek senga bir zori vafodor topilmas.

Bu shaklu shamoyil bila xud huru pariy sen
Kim, jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas.

Ag’yor ko’z ollidaku ul yor ayon yo’q,
G’amxore ko’ngul ichrayu g’amxor topilmas.

Ey gul, meni zor etmaki, husnung chamanida
Ko’zni yumub ochquncha bu gulzor topilmas.

Bobur, seni chun yor dedi, yorlig’ etgil,
Olamda kishiga yo’q esa yor topilmas.

Soching g’azali.

Ko’ngulga bo’ldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta ko’ngluma ermish qaro balo soching.

Muyassar o’ldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.

Soching shikastida bordur shikasta ko’ngullar,
Ko’ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.

Ochildi ko’ngli, chu ochting sochingni, Boburning,
Ne ayb, agar desa dilbandu dilkusho soching.

Mushkuldur.

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,
Sening birla chiqishmoqlik dag’i bisyor mushkuldur.

Mizojing nozik-u sen tund, men bir beadab telba,
Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur.

Ne osig’ nola-u faryod xobolud baxtimdin,
Bir unlar birla chun qilmoq ani bedor mushkuldur.

Manga osondurur bo‘lsa, agar yuz ming tuman dushman,
Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngul, beyor mushkuldur.

Visolinkim tilarsen nozini xush tortg’il, Bobur,
Ki olam bog’ida topmoq guli bexor mushkuldur.

Necha davron g‘ussasi bo‘lg‘ay mening jonimg‘a xos.

Necha davron g‘ussasi bo‘lg‘ay mening jonimg‘a xos,
Koshki o‘lsam, dog‘i bu g‘ussadin bo‘lsam xalos!

Ohu vovaylo – surudum, dardu g‘am – hamsuhbatim,
Boda – ashkim qoni, kim ko‘rdi muningdek bazmi xos?

Gar shikastim bo‘lsa sust ag‘yordin, ta’n etmangiz –
Kim, shikastig‘a sabab almosning bordur rasos.

Oshiq o‘lg‘och, bexudu devona bo‘ldum, bilmadim –
Kim, pari ruxsoralar ishqiga bu ermish xavos.

Xublarni ko‘z ko‘rub, qon qildi Bobur bag‘rini,
Emdi ko‘zdin qon to‘karmenkim, budur anga qasos.

Tavsiya etamiz: Alisher Navoiy ruboiylari

Borida – Bobur g’azali.

Ne ko‘ray to‘boni* qaddi* xushxiroming borida?!
Ne qilay sunbulni* xatti* mushkfoming* borida?!

Kim Xizr suyin og‘izlag‘ay labingning qoshida?
Kim Masih alfozidin* degay kaloming borida?!

Oshiqingni davlati vasling bila qil muhtaram,
Xusn ahli ichra muncha ehtiroming borida.

Bizdin ayru doim el birla icharsen bodani*
Bizni ham gohi sog‘in shurbi* mudoming borida.

Ey ko‘ngul, gar g‘ayr so‘zi zahri qotildur, ne g‘am,
Lablaridin sharbati yuhyil-izoming borida.

Tarki nomus aylabon badnom bo‘lg‘il ishq aro,
Kim seni oshiq degay nomusu noming borida?!*

Bobur, ul gul ko‘yida bulbul kibi topting maqom,
Bir navoye rost qil mundoq maqoming borida

Balo manga.

Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga,
Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga!

Netgaymen ul rafiq* bilakim, qilur base,
Mehru vafo  raqibg‘a, javru jafo  manga.

Begona bo‘lsa aql meni telbadin, ne tong,
Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga.

Ohu yoshimdin ortadurur za’f, ey tabib,
Bildim: yarashmas emdi bu obu havo manga.

Dardim ko‘rub, muolajada zoye’ etma umr 
Kim, jonda dardi ishqdurur bedavo manga.

To yor kimni iyetaru ko‘ngliga kim yoqar,
Tashvish bejihatdurur oxir sango, manga.

Bobur, bo‘lubturur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt,
Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.

Aylagil.

Telba ko‘nglumkim, sening changingdadur, yod aylagil,
Bir navozish birla ko‘nglumni mening shod aylagil!

Ishrat ichra har qachonkim, chang olsang ilginga,
Furqatingda qolgon egri qomatim yod aylagil.

Soz aylab bir nishotangez chang, ey dilrabo,
Benavo ko‘nglumni g‘am changidin ozod aylagil.

Majlis ichra chang birla tortib ovoz, ey pari,
Sabru hushim juzvu avroqini barbod aylagil!

Changda har kun cholur yoring chu yo‘qtur, Boburo,
Yerga bosh chalmoq bila o‘zungni mu’tod aylagil

Bilsa kerak.

Yor yuzumni ko‘rub, dardu g‘amim bilsa kerak,
Yuz ko‘rub, dardu g‘amim chorasini qilsa kerak.

Ey sabo, jonu ko‘ngulni o‘zining chun qildi,
Ko‘ngli birla degasen, joni uchun kelsa kerak.

Vaslini ne qilayin  g‘ayrdin ayrilmadi hech,
Yor vasli menga, u ag‘yordin ayrilsa kerak.

Vaslining qadrini chun bilmadi bu telba ko‘ngul,
Hajrining tig‘i oning yuragini tilsa kerak.

Shukr, Boburni bilurmen, degan ermish ul oy,
Lojaram, bandalarin shohlari bilsa kerak.

Chun falak qo‘ymas meni bir laxza vasl ayyomida.

Chun falak qo‘ymas meni bir laxza vasl ayyomida,
Tong yo‘q, ey bemehr, agar o‘lsam firoqing shomida.

Ey ko‘ngul, yuzin ko‘rub, zulfi parishonin sog‘in,
Shomi xijrondin tavahhum* ayla vasl ayyomida.

Zulfidakim maskan etting, ko‘r zanaxdon* choxini,
Voqif o‘lg‘ilkim, erursen ajdahrning komida.

G‘unchadek og‘zing g‘ami ko‘nglumda gar yo‘q, bas nedur
Chok ko‘nglum xay’ati gul g‘unchasi andomida?

Yorning payg‘omi yetkach, topti jon farsuda tan,
Iso e’jozi* magar muzmardurur* payg‘omida?

Bobur, ul gul zulfi ostinda emastur xollar,
Jon qushin saydi aylar uchun donalardur domida.

Tavsiya etamiz:  Z.M.Bobur haqida to’liq.

Anga – Bobur g’azallari

Yog‘lig‘ingkim, jon bila men xastadurmen, zor anga,
Xasta jonlar rishtasidindur magar xar tor anga?

Evrulur boshingg‘ayu gox,i yuzunga yuz qo‘yar,
Bu jihattin ot emish «gulpech»u gax, «gulzor» anga.

Bir chamandur saxnikim, bo‘lg‘ay binafsha sarbasar,
Tegrasi gulzordurkim, bo‘lmag‘ay bir xor anga.

Yog‘lig‘ing tokim yuzu ko‘zushta tegmish, bordurur
Yuz meningdek zoru yuz ming men kibi bemor anga.

Ey ko‘ngul, yuz pora qilsa yor tig‘i, g‘am yema,
Lutf etib, gar bog‘lar o‘lsa yog‘lig‘ini yor anga.

Ko‘nglum istar yog‘lig‘ingni, bapki andin bir nasim
Yetsa Boburg‘a erur jon birla minnatdor anga!

Ul parining tig‘idin qo‘rqutma meni, ey raqib,
Ishqida boshimg‘a mening har ne kelsa, yo nasib!

Evrulub boshingg‘a, ey oy, qilmisham tarki vatan,
Rahm qilg‘il mangakim, sargashtadurmen, ham g‘arib.

Telba bo‘lmoqlig‘din o‘zga choraye yo‘qtur manga,
Ul pariro‘ nogahon ar* chiqsa uydin yosanib.

Jonda berkitgan o‘qin chekmak4 manga ranjedurur,
Qo‘yg‘il ul o‘qni, chekay deb ranj chekma, ey tabib!

Boburo, xargiz quloq she’ringg‘a ul gul solmadi,
Gulga ne parvoye, yuz faryod qilsa andalib.

G’animat tut!

G‘ofil o‘lma, ey soqiy, gul chog‘in g‘animat tut!
Vaqti aysh emas boqiy, ol chog‘ir, ketur, bot tut!

Bu nasihatim tingla: ne bo‘lur kishi yongla,
Ne bo‘lur ekin tongla, sen bu kun g‘animat tut!

G‘ofil o‘lma davlatta, o‘zni solma mehnatga,
Tangri berur albatta, davlat ista, himmat tut!

Xushturur visoli yor, anda bo‘lmasa dayyor,
Bo‘lsa vasl beag‘yor davlatu saodat tut!

G‘am cheriki behaddur, chorasi budur, Bobur:
Bodani ko‘mak keltur, jomni himoyat tut!

Ey yuzi nasrin, qomati shamshod.

Ey yuzi nasrin, qomati shamshod,
Necha qilursen jonima bedod?

Sen kibi purkor, shevasi* bisyor,
Bilmadi, ey yor, hech kishi yod.

Javrda nodir, zulmda mohir,
Ishvada qodir, g‘amzada ustod.

Yor g‘amidin, hajr alamidin,
Sabr kamidin nolayu faryod!

Boburi bedil, ey buti qotil,
Javrunga moyil, zulmunga mu’tod.

Qaro zulfung firoqida parishon ro‘zgorim bor.

Qaro zulfung firoqida parishon ro‘zgorim bor,
Yuzungnung ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.

Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zumdin qon ravon qildi,
Nega holim yamon qildi, men ondin bir so‘rorim bor.

Jahondin manga g‘am bo‘lsa, ulusdin gar alam bo‘lsa,
Ne g‘am yuz muncha xam bo‘lsa, seningdek g‘amgusorim bor.

Agar muslixmen, ar mufsid va gar oshiqmen, ar obid,
Ne ishing bor sening, zohid, meningki ixtiyorim bor.

Fig‘onim oshti bulbuldin, g‘ami yo‘q zarra bu quldin,
Base, Bobur, o‘shal guldin ko‘ngulda xorxorim bor.

Tavsiya etamiz: 14-fevral Boburxonlik ssenariy

Ermas g’azali.

Qo‘y, ey oqil, nasihat so‘zlarinkim, dilpisand ermas,
Mening devona ko‘nglumga nasihat sudmand ermas.

Necha devona ko‘nglumni qilursen nafy, ey oqil,
Agarchi telbadur, bori seningdek xudpisand ermas.

Qilursen talx ayshim komini behuda so‘zlardin,
Sarosar so‘zlaring zahredur, ey nosihki, pand ermas.

Bo‘lubmen bir parining anbarin sochig‘a vobasta,
Meni telbaga emdi hojati zanjiru band ermas.

Jahonda ko‘p gado garchi lavandatvorliq bordur,
Va lekin, Boburo, hargiz seningdek shah lavand ermas.

Qilg’udek g’azali.

Bir pari men telbani husnig‘a moyil qilg‘udek,
Ko‘zum ichra yer tutub, ko‘nglumda manzil qilg‘udek.

Ko‘nglumu ko‘zum yuziga volayu hayron bo‘lub,
Jonima yuz ming g‘amu mehnatni hosil qilg‘udek.

Notavon ko‘nglumg‘a ishqi qayg‘uni kelturgudek,
Ayshu ishratni ko‘nguldin qayg‘u zoyil qilg‘udek.

Qilmadi Farhodu Majnun o‘zni rasvo men kibi 
Kim, bu nav’ ish  ish emastur hech oqil qilg‘udek.

Ul pari ishqida Bobur jon berib, ey ahli ishq,
Ishq atvorini ishq ahlig‘a mushkil qilg‘udek.

Ey maxi tobon.

Xurshid yuzung birla bu kun, ey maxi tobon,
Da’vo gar etar bo‘lg‘usi kun, so‘ngra pushaymon.

Sen gul kibi to g‘amzadasen x,usnunga mag‘rur,
Bulbul kibi men g‘amzadamen husnunga hayron.

Gul yuzung erur lola, vale, lolai xudro‘y,
Tor og‘zing erur g‘uncha, vale, g‘unchai xandon.

Gohi qulog‘ing to‘lg‘adi, gah yuzunga keldi,
Zulfungni yig‘ishturki, base bo‘ldi parishon.

Chun bo‘ldi sochi torig‘a jon rishtasi payvand,
Bobur, ko‘ngul uzmak sochidin emdi ne imkon?!

Z.M.Bobur g’azallari PDF shaklida yuklab oling

<<Yuklab olish>>

Tavsiya etamiz: Alisher Navoiy haqida qiziqarli malumotlar

manba.